17.01.2024

TERMIZIYLAR IZIDAN

Termiz shahri IX asrda Movarounnahrning eng yirik va obod shaharlaridan biri sifatida mashhur boʻlgan. Shaharda ilm-fan va madaniyat yuksak darajada taraqqiy etgan. Islomiy ilmlar boʻyicha Termiz shahridan yetishib chiqqan koʻplab allomalar at-Termiziy nisbasi bilan butun dunyoda mashhur boʻlgan. Termiz shahridan yetishib chiqqan benazir olim va ulugʻ mutafakkir Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy haqida fikr yuritamiz. Bu ulugʻ zotning tarjimayi holiga oid maʼlumotlar oʻrta asr arab mualliflaridan Tojuddin as-Subkiy, Al-Xatib al-Bagʻdodiy, Ibn Hajar al-Asqaloniy, As-Sullamiy va boshqalar asarlarida, shuningdek, uning qalamiga mansub “Badʼu shaʼni Abu Abdulloh” (“Abu Abdulloh ishining boshlanishi”) nomli avtobiografik risolasida keltirilgan. Al-Hakim at-Termiziy tavallud topgan sana xususida ham yozilgan manbalar va adabiyotlarda turli yillar keltirilgan. Odatda Oʻrta asrlarga oid yozma manbalarda aksar hollarda muallifning faqat vafot etgan yili koʻrsatilib, tavallud etgan sanasi keltirilmaydi. Jumladan, taniqli olim Hoji Xalifa oʻzining “Kashf uz-zunun” nomli mashhur asarining bir necha oʻrinlarida al-Hakim at-Termiziy vafotini hijriy 255 (milodiy 869) yil deb koʻrsatgan. Shuningdek, allomaning Termiz shahri yaqinida joylashgan maqbarasi ustida oʻrnatilgan qabrtoshdagi bitiklarda ham uning hayoti haqida baʼzi maʼlumotlar keltirilib, vafot etgan sanasi hijriy 255 (milodiy 869) deb yozilgan. Boshqa baʼzi manbalarda ham uning mazkur sanada vafot etganligi qayd etiladi. Al-Hakim at-Termiziyning uzoq – 116 yoinki 120 yil umr koʻrganligini eʼtiborga olsak, alloma VIII asrning oʻrtalarida (taxminan 750–760-yillar oraligʻida) tavallud topgani ayon boʻladi. Ayni vaqtda baʼzi zamonaviy tadqiqotchilar uning tavalludi va vafoti haqida batamom boshqa sanalarni koʻrsatgan. Jumladan, Al-Hakim at-Termiziyning hayoti va uning taʼlimotini chuqur oʻrgangan misrlik taniqli olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka Al-Hakim at-Termiziyni hijriy 205 (milodiy 820) yilda Termiz shahrida tavallud topib, uzoq umr koʻrib, hijriy 320 (milodiy 932) yilda 112 yoshida vafot etgani haqida yozadi. Uning maqbarasi Termiz shahrining yaqinida Amudaryo boʻyida joylashgan. Al-Hakim at-Termiziyning ota-onasi haqidagi baʼzi xabarlardan maʼlum boʻlishicha, uning otasi Ali ibn al-Hasan oʻz davrida hadis ilmining koʻzga koʻringan olimlaridan biri sifatida mashhur boʻlgan. Arab tarixchisi al-Xatib al-Bagʻdodiy oʻzining mashhur “Tarixi Bagʻdod” (“Bagʻdod tarixi”) nomli asarida yozishicha, u musulmon olamining eng yirik markazlaridan sanalgan Bagʻdod shahrida boʻlib, oʻsha davrning mashhur olim-u ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari boʻyicha qizgʻin bahs va munozaralarda ishtirok etgan. Al-Hakim at-Termiziy oʻzining avtobiografik risolasi “Badʼu shaʼni Abu Abdulloh” va “Ar-radd aʼlol-muattila” kabi asarlarida yozishicha, uning onasi va bobosi ham oʻz davrida hadis ilmining yetuk bilimdonlaridan boʻlgan. Termiziyning ilmiy kamolotida uning otasi Ali ibn al-Hasanning xizmatlari benihoya katta. U oʻz farzandi uchun nafaqat mehribon va gʻamxoʻr ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va maʼrifatli ustoz maqomida ham boʻlgan. Otasi vafotidan keyin Al-Hakim at-Termiziy oʻz shahridagi yetuk olimlardan asosan tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladi. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr At-Termiziy, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan hadis ilmini oʻrgangani haqida manbalarda aniq maʼlumotlar keltirilgan. Shu bois komil ishonch bilan aytish mumkinki, u oʻzini yoshlikdan ilm-u maʼrifatini chigal soʻqmoqlarni yengib oʻtadigan murakkab imtihonlarga maʼnaviy va ruhiy jihatdan har tomonlama tayyorlay boshlagan edi. Ikkinchi bosqich – Al-Hakim at-Termiziyning sakkiz yoshidan to yigirma yetti yoshigacha boʻlgan umrini qamrab oladi. Bu davrda uning bir ustozi boʻlib, u bor imkoniyati va mahoratini Al-Hakimni turli ilmlardan chuqur bilim olishiga sarflaydi, shunga astoydil rahnomalik qilib, oʻz inoyatini koʻrsatadi. Ushbu shayx (ustoz) haqida aniq maʼlumotlar boʻlmasa-da, u oʻz shogirdini faqat ilm yoʻliga, xususan, ilm al-asor (arxeologiya, qadimshunoslik) va ilm ar-ray (diniy masalalarda oʻz fikrini bildirish) kabi ilmlarni chuqur egallashiga qaratadi. Bu vazifa oson vazifalardan emas edi. Uchinchi bosqichi – Al-Hakim at-Termiziyning Qurʼoni karimni yod olish va uni chuqur oʻrganish bilan bevosita bogʻlangan. U Ollohning kalomini yod olishga alohida ishtiyoq bilan kirishadi, bu mashgʻulotdan uning qalbi halovatu zavq-shavqqa toʻladi. U endi rabboniy ruhdagi asarlarga gʻoyatda berilib, ulardagi ibratli mavʼizalar, oxirat ishlariga doir maʼlumotlar, tariqatga boshlovchi piri murshidlarning hikoyatlarini alohida qiziqish bilan oʻrganadi. Mana shu fikr-mulohazalarni jamlab, bu bosqichni Al-Hakim at-Termiziy hayotidagi burilish davri (fitrat at-tahavvul) deb atasak, ayni haqiqat boʻlar edi. Binobarin, shu davrda u roʻza tutish, namoz oʻqish, Qurʼon tilovat qilish kabi ibodatlarga batamom berilib ketadi. Lekin shu bilan birga bu davrda u muayyan bir usul, yoinki biron-bir xos tariqatga ega emasdi. Uning oʻz taʼbiri bilan aytganda, toki uning qoʻliga Al-Antokiyning kitobi tushgunga qadar shu yoʻsinda hayot kechirgan, keyin esa Al-Antokiyning fikrlaridan taʼsirlanib oʻz nafsini riyozat (riyozat an-nafs) chekishiga yoʻl qoʻygan. Mana shu paytdan eʼtiboran uning hayotida uzoq va mashaqqatli boshqa bir davr boshlanadiki, bunda u oʻzini hech bir ayamasdan riyozat chekishga, xilma-xil imtihonu sinovlarga mubtalo qiladi. Uzlat va xilvatni, odamlardan oʻzini chetga olib, uzoq tutishni ixtiyor qiladi. Mana shu jarayonlar oqibatida u oʻz tariqatini yaratdiki, natijada, kechalari uning atrofida koʻplab izdoshlari va maslakdoshlari toʻplanib, bahs-u munozaralar uyushtiradilar, duo va tazarruʼlar bilan oʻz shuurlarini izhor qiladilar. Aftidan, mana shu bahsu munozaralar paytida oʻzining chuqur mazmunga ega boʻlgan soʻfiylik tajribalari haqidagi oshkora bayonotlari tufayli diniy masalalarning baʼzi jihatlari, xususan, ilm ar-raʼy, yoinki ilm al-osor, hatto tasavvuf ilmlariga doir fikrlari bilan oʻz zamonidagi qator olimlarning qahri-gʻazabini qoʻzgʻab, ularning shiddatli hujumlariga duchor boʻladi. Natijada, Al-Hakim at-Termiziy ustida gap-soʻzlar koʻpayib, uni havoyi gaplarga berilishda va bidʼatda ayblay boshlaydi. Ahvol shu tariqa davom etmadi. Unga nohaq tuhmatlar qilib, aziyat yetkazganlar oʻz muddaolariga yeta olmadi. Mana shu paytdan eʼtiboran Al-Hakim at-Termiziyning hayotida yangi bosqich boshlanadi. Bunda u xilvat va uzlatdan chiqib, odamlar tomon yuzlanadi. Uning fazl-i fazilati toʻla namoyon boʻlib, nomi tillarda zikr qilina boshlaydi. Atrofida toʻplanadiganlarning soni kundan-kunga ortadi. Ana shundan keyingina odamlar u haqida tarqatilgan mish-mishlar, tuhmatlar nohaq boʻhtonlardan boshqa narsa emasligini tushunib yetdi va unga nisbatan oʻz hurmatu ehtiromlarini namoyon qildi. Mazkur bosqichdagi faoliyati davrida baʼzi olimlar tomonidan “Al-hakimiyya vat-termiziyya” degan nom bilan atalgan oqimga asos solingan boʻlsa kerak. Ehtimol, shu bois at-Termiziyning oʻzi ham bu davr haqida toʻxtalib, unda shogirdlari va izdoshlari paydo boʻlgani haqida taʼkidlaydi. Chunonchi, ushbu davrda uning shogirdlarining soni koʻpayib, mavʼizayi maʼruzalari yuksak kamolotga yetishdi, obroʻ-eʼtibori oshib, shonu shuhrati chor atrofga tarqaldiki, hatto yaqin oʻtmishda unga qarshi fitna uyushtirgan guruhlar ham unga oʻz hurmatini bildira boshlaydi. Abu Muhammad Yahyo ibn Mansur Qoziy Hasan ibn Ali Juzjoniy, Mansur ibn Abdulloh ibn Xolid Hiraviy, Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar ibn Haysam, Abu Bakr Muhammad ibn Umar Varroq Hakim Termiziy, Ahmad ibn Muhammad ibn Iso va boshqalar. Hakim Termiziyning ijodi juda serqirra boʻlib, u koʻplab ilm sohalarini qamrab olgan, jumladan: tafsir, hadis, fiqh, kalom, tasavvuf va hokazo... Baʼzi tadqiqotchilar asarlari sonini 400 ga yaqin deb aytsa, boshqalari 80 ta asar taʼlif etgan deb yozadilar. Abulfattoh Barakaning yozishicha, Hakim Termiziy 400 dan ortiq asar yozgan boʻlib, ulardan 60 ga yaqini haqida bizgacha aniq maʼlumotlar yetib kelgan. Baʼzi tadqiqotlarda esa allomaning 60 ta kitob va 200 ta risola yaratgani haqida xabar qilinadi.

– “Navodir al-usul fiy maʼrifat axbor Rosul” (“Rasullulloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) Bu asar, shuningdek, “Salvat al-orifiyn va boʻston al-muvahhidiyn” (“Oriflar ovunchogʻi va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar boʻstoni”) nomi bilan ham ataladi.

–  al-Amsol minal kitob vas-Sunna”

– “Kitob us-Solat va maqosiduha” (“Namoz va uning maqsadlari”)

– “Kitob ul-haj va asrorihi” (“Haj va uning sirlari”)

– “Kitob ul-ihtiyotot” (“Ehtiyotkorlik yoʻllari”)

– “Kitob ul-jumal al-lozim maʼrifatiho” (“Bilish lozim boʻlgan jumlalar”)

– “Kitob al-furuq va manʼ ut-taroduf” (“Farqlar va taroduf (ketma-ketlik) ni man qilish”)

– “Kitob haqiyqat ul-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati toʻgʻrisida kitob”)

– “Kitob urs ul-muvahhaddin” (“Yakka Xudoga eʼtiqod qilganlarning zavqi”)

– “Kitob ul-aʼzo van nafs va yusammo kazalika gʻavr ul-umur” (“Aʼzolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob”)

– “Kitob manozil al-Ibod min al-ibadati” (“Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Ollohga intiluvchilarning manzillari haqida kitob”)

– “Kitob ul-aql val havo” (“Aql va havoyilik haqida kitob”)

– “Kitob ul-amsol min al-Kitob vas sunna” (“Qurʼon va sunnatdagi masallar kitobi”)

– “Kitob al-manohiy” (“Raddiyalar haqida kitob”)

– “Kitob ul akyos val mugʻtariyn” (“Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob”)

– “Javob Kitob Usmon bin Saʼiyd bin ar-ray” (“Raylik Usmon bin Saʼiydning maktubiga javob”)

– “Bayon ul-kasb” (“Kasb hunarning bayoni”)

– “Masoil suila anho” (“Savol berilib soʻralgan masalalar”)

– “Al-Masoil al-maknuna” (“Yashirilgan masalalar”)

– “Tahsiyl nazoir al-Qurʼan” (“Qurʼon ibratlarini oʻrganish”)

– “Kitob raddʼalal Muʼattila” (“Al-Muattiliylarga raddiya kitobi”)

– “Kitob ul-furuq” (“Farqlar haqida kitob”)

– “Kitob ur-riyozat” (“Riyozat haqida kitob”)

– “Muxtarot min kitob as-safo” (“Kitob as-safo asaridan tanlab olingan qismlar”)

– “Ilal ash-sharia yoki kayfiyyat as-solat val-vuzu va-ssivak”

– “Adab un-Nafs” (“Insonning odobi”)

– “Masalat ul-iymon va islom val-ihson” (“Iymon, islom va ehson masalalari”)

– “Al-farq baynal oyat val karomat” (“Moʻjiza va karomat orasidagi farq”)

– “Ilal al ubudiyya” yoki “Ilal ash-shariʼa” (“Shariat dalillari”) “Kitob us-solat” ning qisqartirilgan shakli.

– “Ad-dur al-maknun” (“Bekitilgan marvarid”)

– “Odob ul-muriydiyn” (“Muridlar odobi”)

– “Kitob ut-tavhiyd” (“Ollohning yagonaligi haqida kitob”)

– “Azob ul-qabr” (“Qabr azobi”)

– “At-tafsir” (“Qurʼon tafsiri”)

– “Kitob un-nahj” (“Yoʻl-yoʻriqlar kitobi”)

– “Kitob ul-mashoyix av at-tabaqot as-sufiyya” (“Mashoyixlar va soʻfiylar haqidagi kitob”)

– “Ar-raddu al ar-rofiza”

– “Isbot al-ilal fil-amr van-nahy”

– “Bayon ul-ilm”

– “Huquq”

– “Nahaj”

– “Anvo al-maorif”

– “Ar-risola fil-futuvva”

– “Xatm ul-avliyo”

– “Bayonul-farqi baynas-sadr val-qalb val-fuad val-lubb”

Al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlari uning ilmiy merosining muhim qismini tashkil qiladi. Paygʻambar alayhissalomning hadislariga bagʻishlangan “Navodir al-usul fi maʼrifat axbor Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) nomli asari ular orasida muhim sanaladi. U “Salvat al-orifiyn va boʻston al-muvahhadiyn” (“Oriflar ovunchogʻi va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar boʻstoni”) nomi bilan ham ataladi. Hijriy 1294 (milodiy 1876) yilda Qustantiyniyada chop etilib, oʻzi tanlab olgan 291 hadisdan iborat ushbu kitobda Al-Hakim at-Termiziy oʻz mazhabiy qarashlarini mufassal holda sharhlagan. Qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston musulmonlar idorasining kutubxonasida saqlanadi. Yana bir qoʻlyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (№ 10842).Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki kitobini koʻrish mumkin. Ulardan biri “Kitob haqiyqat al-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati toʻgʻrisida kitob”) va ikkinchisi “Adab un-nafs”(“Nafs odobi”) nomli asaridir. Allomaning asarlari Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Istanbul va London kabi shaharlardagi qoʻlyozmalar jamgʻarmalarida saqlanadi. Parij Milliy kutubxonasida (arab boʻlimi, 5018 raqamida) Al-Hakim at-Termiziyning quyidagi oʻn ikkita asari qoʻlyozmalari saqlanadi:

1. “Kitob us-salot va maqosiduho” (“Namoz va uning maqsadlari”);

2. “Kitob ul-hajj va asrorihi” (“Haj va uning sirlari”);

3. “Kitob ul-ihtiyotot” (“Ehtiyotkorlik yoʻllari”);

4. “Kitob ul-jumal al-lozim maʼrifatiho” (“Bilish lozim boʻlgan jumlalar”);

5. “Kitob ul-furuq va manʼ ut-taroduf” (“Farqlar va taroduf (ketma-ketlik)ni man qilish”);

6. “Kitob haqiyqat ul-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati toʻgʻrisida kitob”);

7. “Kitob urs ul-muvahaddiyn” (“Yakka xudoga eʼtiqod qilganlarning zavqi”);

8. “Kitob ul-aʼzo van nafs va yusammo kazolika gʻavr ul-umur” (“Aʼzolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob”);

9. “Kitob manozil al-ibod min al-ibodati” (“Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Allohga intiluvchilarning manzillari haqida kitob”);

10. “Kitob ul-aql val-havo” (“Aql va havoyilik haqida kitob”);

11. “Kitob ul-amsol min al-Kitob vas sunnat” (“Qurʼon va sunnatdagi masallar kitobi”);

12. “Kitob al-manohiy” (“Raddiyalar haqida kitob”).

Damashq (Az-Zohiriya kutubxonasi, Tasavvuf 104 raqamida) majmuasi ikki kitob va beshta risoladan iborat. Ulardan biri “Kitob ar-riyazat” yoinki “Kitob haqiyqat ul-odamiyya” deb nomlanadi. Uning qoʻlyozmasi, yuqorida zikr qilganimizdek, Parij va Istambul majmuasida ham mavjud. Ammo ikkinchi qoʻlyozma – “Kitob ul-Akyos val-mugʻtariyn” (“Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob”) – asarning yagona qoʻlyozmasi hisoblanadi. Misr Arab Respublikasining yirik shaharlaridan biri Iskandariyya (Maktabat al-Baladiyya) majmuasida Al-Hakim at-Termiziyning uchta risolasi saqlanadi:

1.“Al-masoil al-maknuna” (“Yashirilgan masalalar”);

2.“Tahsiyl nazoir al-Qurʼon” (“Qurʼon ibratlarini oʻrganish”);

3.“Kitob radd aʼlol-muattila” (“Al-Muattiliylarga raddiya kitobi”).

Al-Hakim at-Termiziyning London majmuasiga kirgan asarlari quyidagilardan iborat:

– “Kitob ur-riyozati” (“Riyozat haqidagi kitob”). Ushbu asarning boshqa nusxalari Parij, Damashq va Istanbul majmualarida ham saqlanadi;

– “Muxtarot min kitob as-safo” (“Kitob us-safo asaridan tanlab olingan qismlar”);

–  “Adab un-nafs” (“Insonning odobi”);

– “Masalat ul-iymon va islom val ihson” (“Iymon, islom va ehson masalalari”).

Qohiradagi “Dor ul-kutub al-ilmiyya”da saqlanadigan qoʻlyozma Al-Hakim at-Termiziyning “Ilal al-Ubudiyya” yoinki “Ilal ash-shariyʼa” (“Shariat dalillari”) nomli asarining nusxasi boʻlib, aslida, bu risola allomaning “Kitob us-salot” (“Namoz haqidagi kitob”) kitobining qisqartirilgan shaklidir. Leypsig majmuasida saqlanadigan atiga yagona kitob Al-Hakim at-Termiziyning “Ad-dur al-maknun” (“Bekitilgan marvarid”) asari boʻlib, u hayotda yuz bergan va yuz berishi ehtimoli boʻlgan voqealarga bogʻliq hadislar majmuasidan iborat. Uzoq yillar davomida yoʻqolgan kitoblardan hisoblangan “Xatm ul-avliyo” 1965-yili Livanning poytaxti Bayrutda Parij ilmiy tadqiqotlar markazi islomiy madaniyat boʻlimining aʼzosi Usmon Ismoil Yahyo tomonidan nashr etildi. Valiylikning haqqoniyligi, shuningdek, uning nubuvvat va risolat bilan bogʻliq boʻlgan jihatlari “Xatm ul-avliyo” kitobining bosh mavzusidir. Muqaddima va 29 faslda murid va shayx oʻrtasida boʻlib oʻtgan savol-javob tarzida taʼlif etilgan. Bu kitob valoyat masalasini birinchi marotaba mukammal nazariya va ajoyib maqolalar turkumi shaklida tasavvufga taqdim etishi bilan alohida ahamiyatga molik. U tasavvuf tarixida “hakimiy”lar deb atalmish bir guruh mashhur soʻfiylar, xususan, Termiz va Balx atrofida shakllangan tasavvuf ahli uchun maʼnaviy vasiyatnoma yoxud taʼlim dasturi sifatida xizmat qilgan. Bu asarning ovozasi oʻsha davr islom olamiga, Misr-u Tunisdan, Eron-u Movarounnahrgacha, Halab-u Shomdan Kichik Osiyogacha yetgan edi. Yuqoridagi maʼlumotlardan maʼlum boʻladiki, Al-Hakim at-Termiziy oʻz zamonalarining diniy ilmlari bilan birga dunyoviy ilmlarda ham chuqur ilmga ega boʻlgan. U zotning mukammal ilmlariga koʻpchilik ulamolar yuksak baho bergan, jumladan, ulugʻ mutafakkir Abdurahmon Jomiy “Nafahot ul-Uns” asarida Alisher Navoiy esa “Nasoyim ul-muhabbat” asarida eng ulugʻ shayxlar qatorida zikr qilib, mutasavviflarning ikkinchi boʻgʻiniga kiritganlar. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr at-Termiziy, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan hadis ilmini oʻrgangani haqida manbalarda aniq maʼlumotlar keltirilgan. Alloma Farididdin Attorning yozishicha, yoshi yigirma yettiga yetganda Al-Hakim at-Termiziy ikki oʻrtogʻi bilan oʻsha paytda butun sharqda ilm-u maʼrifatning eng yirik markazlaridan biri sanalgan Bagʻdodga borib, ilm olishni niyat qilganda birdan onasi betob boʻlib qoladi va unga: “Ey oʻgʻlim, men bir mushtipar, zaifa ayol boʻlsam, menga sendan boʻlak boshpanoh boʻlib yordam beradigan biror kimsa boʻlmasa, mening butun borligʻim faqat sen bilan bogʻliq boʻlsa. Sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?” – deb unga iltijo qiladi. Volidasining bu soʻzlari al-Hakim at-Termiziyga qattiq taʼsir qilib, u ilm talabidagi ushbu safaridan voz kechadi. Ikki oʻrtogʻi esa oʻz safarlariga otlanib yoʻlga tushadi. Ushbu voqeadan keyin talay vaqt oʻtgach, Al-Hakim at-Termiziy Bagʻdodga borolmagani uchun gʻoyatda afsuslanib, maqbaralardan birining yonida xafa boʻlib turganida uning yonida yuzidan nur yogʻilib turgan bir shayx paydo boʻlib, undan yigʻlashining sababini soʻraydi. U esa yuz bergan voqeani birma-bir aytib beradi. Shunda shayx: 

“Istasang, men senga har kuni turli ilmlardan saboq berib, seni oʻqitaman deydi. Al-Hakim uning bu soʻziga darhol rozi boʻladi. Bu hol bir necha yil davom etadi. Soʻngra u bilsa, bu kishi Xizr alayhissalom ekanlar. Uning bu saodatli marhamatga erishishi volidayi mushfiqasining duosi barаkotidan boʻlgan edi. Ayni shu voqea boshqa manbalarda biroz boshqacharoq tarzda hikoya qilinadi. Bu hikoya haqiqatmi yoki afsonaviy rivoyatmi, qanday boʻlmasin, uning oilasi haqida muayyan darajada tasavvur beradi. Hikoyadan maʼlum boʻlishicha, u ota-onasining yakka-yu yagona farzandi boʻlgan, onasining iltijosiga qaraganda ularning oilasida Al-Hakimdan boshqa unga boshpanoh boʻlib, qaraydigan kimsa boʻlmagan. Oʻz onasiga mehribon, uni boquvchisiz tashlab ketishga jurʼat qilmagan – oilaparvar, qanchalik ilm olishga ishtiyoqi kuchli boʻlgani bilan volidasining soʻziga quloq solib, uning duosini olgani bois oxir-oqibatda ilm olishda ham oʻz matlabiga erishadi. Shuningdek, manbalarda uning oilaviy ahvoli, rafiqasining soliha, taqvodor, pokiza ayol ekani, oilada oltita farzandi boʻlgani haqida ham baʼzi maʼlumotlar keltirilgan. U ulugʻ zotning birinchi ustozlari otalari Ali ibn Hasan Termiziy boʻlgan. Bu xususda Hakim Termiziy kitoblarining birida shunday hikoya qiladi: “Alloh taolo meni ustozim – otamdan judo qilganda 8 yoshda edim. Ilm olishga shunday berilib ketgan edimki, kitob mutolaa qilish men uchun asosiy mashgʻulot boʻlib qolgan edi. Vaholanki, tengqurlarim oʻyinlar bilan band boʻlardilar. Otamning harakatlari tufayli shu yoshimda “Ilm ul-osor” (hadis ilmi) va “Ilmur-ray” (hanafiy mazhabi fiqhi) bilimlarini toʻliq egallab olgan edim...”. Keyingi ustozlari esa “Sihohi sitta” nomi bilan tanilgan olti moʻtabar hadis toʻplami mualliflarining barchasiga ustozlik qilgan 9 shayxning biri Qutayba ibn Said Saqafiy Balxiy, soʻngra Solih ibn Abdulloh Termiziy, Utba Ibn Abdulloh Marvaziy, Yahyo ibn Muso, Sufyon ibn Vakiʼ, Abbod ibn Yaʼqub Ravajniy, Hasan ibn Umar ibn Shafiq Balxiy, Yaʼqub ibn Abu Shayba, Jarud ibn Maoz Sulamiy Termiziy, Iso ibn Ahmad Asqaloniy va boshqalar. Al-Hakim at-Termiziy oʻzining uzoq umri davomida bir qancha bosqichni bosib oʻtgan. Binobarin, yozma manbalarda uning avtobiografik tusdagi “Badʼu shan Abu Abdulloh” nomli asariga tayangan holda muhaddisning hayotini quyidagi bosqichlarga boʻlish mumkin: Birinchi bosqich-al-Hakimning sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalik davri. Afsuski, biz uning mana shu davrdagi hayoti haqida aniq maʼlumotlarga ega boʻlmasak-da, lekin taxmin qilish mumkinki, uning bolalik yillari koʻpchilik tengqurlariniki kabi odatdagiday har xil oʻyinlaru koʻngilochar mashgʻulotlarga toʻliq boʻlmagan. Tasavvur qilish mumkinki, agar shu alfozda boʻlganda uning yaqin kelajakda ilmu irfon bilan jiddiy shugʻullanishi uchun (bu oʻyinqaroqliklar) imkon bermagan boʻlardi.

Xurshida Sattorova,

Termiz davlat muzey-qoʻriqxonasi katta ilmiy xodimi

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
  2. Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar. – Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
  3. Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. 8-jild.
  4. U.Uvatov. O, Joʻ֥rayev. Hakim at-Termiziy. – Toshkent: Tafakkur, 2019.
  5. Ubaydulla Uvatov. Ikki buyuk donishmand. – Toshkent:  “Sharq” NMAK, 2005.
  6. Z. Choriev, T.Annayev, B Murtozoyev, J.Annaev. Al-Hakim at-Termiziy. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008.

Izoh qoldirish