YOSHLARNING INTERNETDAN FOYDALANISH MADANIYATINI SHAKLLANTIRISH
Tabiiyki, bugungi kunimizni internet tarmoqlarisiz tasavvur qilish amri maholdir. Fan va texnikaning rivojlanishi axborot texnologiyalarining misli ko’rilmagan darajada taraqqiy etishini tezlashtirib yubordi. Bu hayotimizni yengillashtirishga benihoya tasir ko’rsatishiga qaramasdan, shu bilan birgalikda u orqali turli salbiy oqibatlarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi globallashuv davrida yoshlarning ma’naviyatini asrash, yosh avlodning ongini turli zararli va yod g’oyalar ta’siridan himoya qilish hamda mafkuraviy immunitetini shakllantirish, mustahkamlash singari masalalar alohida e’tiborga molik hisoblanadi.
Darhaqiqat, yoshlarni turli buzg’unchi g’oyalar ta’siriga olishni xohlaydigan kuchlar juda ko’p. Shu boisdan, yoshlarni yomon ko’zlardan asrash, ularning buzuq g’oyalar bilan zaharlanishining oldini olish har doim e’tiborda bo’lishi zarur. Sababi yoshlar katta hal qiluvchi kuch va Ona Vatanning kelajagi hisoblanadi.
Hozirgi globallashuv davrida buzg’unchi shaxslar internet orqali dunyoning turli joylaridan turib, yoshlarga o’z g’oyalarini singdirishga urunishmoqda va afsuski, ayrim yoshlar ularning bu kabi tuzoqlariga tushib qolishyabdi. Masalan, ISHID qisqa vaqt ichida 80 dan ortiq mamlakatdan kelgan kimsalarni o’z safiga og’dira oldi.
Qolaversa, din ortiga berkinib, dinni niqob qilib “xalifalik” yo “islom davlati” qurish kabi turli buzg’unchi g’oyalarni internet orqali butun dunyoda tarqatishmoqda. Jang maydonlaridagi ta’sirli lavhalarni internetda tarqatib, odamlar ongiga bosim o’tkazib, o’z saflarini kengaytirmoqda. Shuning uchun butun dunyo islom ulamolari nazdida bu kabi da’volarga ergashish botil ekanligini yoshlar tushunib olishlari zarur. Bunday fitnalar ortida turgan, jangarilar va ularni to’daboshisini ham boshqarayotdan o’rtadagi uchinchi shaxslar ham mavjudligini yodda tutishimiz kerak. Ular har ikki tomonni nizo va kurashlar ummoniga tashlab, o’zlari bundan ustalik bilan g’arazli maqsadi yo’lida foydalanayotgan uchinchi qo’l haqida Prezidentimiz: “Bunday nozik damlarda uchinchi qo‘lning makkorona, pinhoniy harakatini unutmaylik! Ularning tegirmoniga suv quymaylik”, deya ogohlantirgan edilar.
Turli ixtiloflar, insonlar bir-birlarining qonini to’kishlari, sof Islom tarixini, muqaddas tushunchalarini o’zgartirib, buzib talqin qilish hamda buni ortidan islom dini va musulmonlarni yomon otliq qilib ko’rsatish faqatgina ana shu uchinchi qo’lning manfaatlari asosida qurilganini hamma, ayniqsa, yoshlar zinhor unutmasligi zarur.
Internet orqali turli ijtimoiy tarmoqlarda barchani tashvishga solayotgan bu kabi xatarlarga qarshi turish, to’g’ri yo’ldan sobit bora olish, qolaversa, bunday xurujlarga munosib javob qaytara olish, nafaqat yoshlarimiz, balki barchamiz uchun e’tiborga molik dolzarb vazifadir.
Butun dunyo tan olgan yurtimiz ulamolari Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino singari ko’plab buyuk bobokalonlarimiz davrlarida faqat sham yorug’ida dunyo tamaddunida o’chmas iz qoldirgan asarlar yozilgan. Bugungi yoshlarimiz esa eng so’nggi axborot texnologiyalaridan foydalanish mumkin bo’lgan davrda yashamoqda. Shu bois, yoshlar internetdan to’g’ri va oqilona maqsadlarda foydalanishi yurtimizdan ilmli, yuksak salohiyatli mutaxassislar yetishib chiqishiga muhim vositalardan biri bo’la oladi.
Muxlisa Ergashova – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish