02.02.2024

HADISLARNING OʻRNI VA AHAMIYATI

Yurtimiz butun islom olami uchun bir necha asrlar davomida muhaddislar olimu-ulamolar unib oʻsgan muqaddas diyor sifatida dunyoda shuhrat qozonib kelmoqda. Islom dini garchi arablar diyorida arab tilida qaror topgan boʻlsa-da, u oʻzbek zaminida sayqallanganligini dunyo musulmonlari eʼtirof etishadi. Qadimdan Samarqand, Buxoro, Termiz, Xorazm, Nasaf singari yurtimiz diyorlari muhaddis va ulamolarimiz dunyoga tanilgan. Hadis ilmining oʻz atamalari va ifodalari bor.

Hadis (arab. — xabar, gap, yangilik) — Muhammad (s.a.v) aytgan soʻzlari, qilgan ishlari, iqrorlari toʻgʻrisidagi rivoyat. Islom dinida Qurʼon karimdan keyin ikkinchi manba hisoblanadi. Hadis 2 qismdan iborat boʻladi: matn va isnod. Hadis 2 turga — Hadisi qudsiy (maʼnosi Alloh taoloniki, aytilishi rasululloh tomonidan boʻlgan hadislar) va Hadisi nabaviyga boʻlinadi. Hadislar eʼtiborga olinishi jihatidan 3 qismga boʻlinadi: 1) sahih (ishonchli); 2) hasan (yaxshi); 3) zaif.

Muhaddislarning, xususan, keyingi olimlarning fikricha, “hadis” va “sunnat” bir maʼnodagi ikki soʻzdir. Hadis yoki sunnat paygʻambar (s.a.v) soʻzlari, feʼl atvorlari yoki biror taqrirlari (biror masaladagi roziliklari) yoxud biror sifatlarining ifodasidir, yaʼni sharʼiy hukmlaridir.[1]

Ammo bu ikki soʻzning qoʻllanilish jihatidan nozik farqlar borligini kuzatishimiz mumkin.

Hadis-soʻzlashuv va xabar berish maʼnosida kelgan naqlning (bayon va ifodaning) nomidir. Keyin paygʻambar (s.a.v.) soʻzlari yoki feʼllari yoxud taqrirlari (biror masaladagi toʻxtamlari) hadis deyilgan, ayrim olimlar, “hadis” tushunchasida “yangilik” degan maʼno bor deb, bu soʻzni “qadim” soʻzining muqobili sifatida qoʻllashgan. “Qadim” deganda Alloh taoloning Kitobi Qurʼoni karimni, “hadis” deganda esa paygʻambar (s.a.v) ning soʻzlarini nazarda tutishgan. Shu sababli ulamolarning koʻpchiligi Alloh taolining kalomini hadis deb atashdan saqlanganlar[2].

“Sunnat” esa asli eʼtibori bilan “hadis” lafziga barobar emas. “Sunnat” nima? Paygʻambar (s.a.v) keltirgan diniy yoʻl “sunnat” deb atalar edi. Chunki “sunnat”ning lugʻaviy maʼnosi “yoʻl” deganidir. Bu jihatdan, “hadis” paygʻambar (s.a.v.) ning soʻzlari va feʼllarini ifoda etsa, “sunnat” esa faqatgina u zotning feʼllariga xosdir. Bu ikki lafz tushuncha orasidagi ana shu farq tufayli baʼzan muhaddislar: “Bu hadis qiyosga, sunnatga va ijmoga ziddir” yoki “hadisda imomdir” kabi iboralarni qoʻllashgan[3].

Bu ikki soʻzning farqini shunday farqlash mumkin.

  1. SAHIH.

Sahih hadis – toʻgʻri va aql-idrokli kishidan rivoyat qilgan, sanadi boshidan oxirigacha uzilmay muttasil boʻlgan, shoz(z) va muallal boʻlmagan (uzilmagan va nuqsonsiz) musnad hadisdir.[4]

Sanad Paygʻambar (s.a.v.) ga borib toʻxtaydi. Eng ishonchli hadislar sahih hadislar hisoblanadi. Shu boisdan ham muhaddislar asosan sahih hadislarni toʻplashga intilishgan. Shu munosabat bilan baʼzi toʻplamlar Sahih deb atalgan.

Abu Hanifa, Ahmad ibn Hanbalning hadis kitoblari shu yoʻnalishga mansub. Bu yoʻnalishga Imom Buxoriy asos solgan.

2. HASAN.

Hasan hadis – odil, sidq va omonatda mashhur, ammo qamrovda sahih talabi darajasiga koʻtarilmagan roviy rivoyat qilgan, sanadi muttasil boʻlib, tobeindan Rasululloh (s.a.v) gacha yetib borgan, shuzuzdan va illatdan salomat boʻlgan hadisdir.[5]

Sahih hadis bilan hasan hadis oʻrtasidagi farq faqtgina qamrov: sahihda toʻliq, hasanda biroz pastroq martaba bilan farq qiladi.

3.ZAIF

Zaif – tarkibida “sahih” va “hasan” hadislarning sifati boʻlmagan hadis. Uchinchi tur hisoblangan zaif hadisning eng muvofiq taʼrifi ana shu.

Zaif hadisning bir qancha turlari bor. Ular oʻziga xos nomlar bilan ataladi.

Zaif hadisning turlari:

Mursal – sanadidan sahoba tushirib qoldirilgan hadis. Masalan, tobiyndan boʻlmish Nofi: «Rasululloh (s.a.v) bunday dedilar» yoki «Bunday qildilar» yoxud «U zotning huzurida bunday qilindi» deydi yoki shunga oʻxshash bir taʼbirni qoʻllaydi, deylik: bu oʻrinda hadis ittisolni (bogʻliqlikni) yoʻqotgani uchun — zaif; roviysi tomonidan sahoba tushirib qoldirilgani uchun — mursal boʻladi. Mursal hadis din bobida hujjat hisoblanmaydi. Muhaddislarning qarori ana shu. Lekin koʻpchilik ulamolar bir sahoba mursal tarzida rivoyat qilgan hadisni hujjat deb qabul qilishadi va bunday hadislarni zaif deb hisoblashmaydi. Chunki oʻsha sahoba mursal tarzida rivoyat qilgan shu hadisni mutlaq boshqa bir sahobadan eshitganki, u sahoba ahvolining noaniqligi hadisni zaif deb hisoblashga asos boʻlolmaydi. Suyutiy «Sahihayn»da bu tur hadislar jiddiy bir sanoqni tashkil etishini aytadi.

Munqoti — sanadida bir roviy tushirib qoldirilgan yoki sanadida mubham (nomaʼlum) bir kishiga oʻrin berilgan hadis. Munqoti hadis ham xuddi mursal hadisdek sanadida ittisolni (bogʻliqlikni) yoʻqotgani tufayli zaifdir. Hofiz Al-xatiyb al-Bagʻdodiy, «Al-kifoya fiy ilmir-rivoya» nomli asarida bunday deydi:

«Munqoti mursal kabidir. Faqat bu istiloh koʻpincha sanadida tobein tushirib qoldirilgan rivoyat haqida qoʻllaniladi». Hofiz Al-Xatiybning «koʻpincha» degan taʼkidi bilan munqoti borasida biz keltirgan taʼrif orasida hamma jihatdan mutanosiblik yoʻqligi ayon. Al-Xatiybning soʻzi, munqoti hadislarda koʻpincha namoyon boʻladigan bir sifatga nisbatan alohida istilohdir. Haqiqiy taʼrif yuqorida biz taqdim etgan taʼrifdir. 

Muʼdal — sanadidan ikki yoki koʻproq roviysi tushirib qoldirilgan hadis. Muʼdal maxsus vajh asosida munqotining bir qismi hisoblanadi. Bu oʻrinda ham zaʼfning sababi, xuddi mursal va munqotida boʻlganidek, sanadida ittisolni (bogʻliqlikni) yoʻqotganligidir. Agar bu uch istiloh orasida bir oʻlchov-daraja qoʻyadigan boʻlsak, muʼdalning ahvoli munqotidan koʻra yomonroq, munqotining ahvoli esa mursaldan koʻra yomonroq deb aytishimiz mumkin. Demak, muʼdalning munqotiʼdan koʻra yomonroq ekanligi — inqitoʻ, yaʼni uzilish sanadining bir joyida boʻlgani uchundir. Mabodo inqitoʻ, yaʼni uzilish sanadining ikki joyida yoki yanada koʻproq joyida boʻlsa, unda muʼdalning ahvolidan farqi qolmaydi.

Mudallas — aybi yashiringan hadis. Shu maʼnoni bildiradigan mudallas ikkiga boʻlinadi: 

a) Isnod tadlisi. Bir roviyning, oʻzi bilan bir davrda yashagan va oʻzi bilan uchrashgan kishidan eshitmagan holda undan hadis rivoyat etmogʻi yoki bir davrda yashagan, lekin oʻzi bilan uchrashmagan bir kishidan, xuddi uning ogʻzidan eshitgandek qilib hadis rivoyat qilmogʻi isnod tadlisi deyiladi. Ibnu Saloh mudallas hadisni ana shunday taʼriflaydi. Tadlis borasida boshqa taʼriflar ham zikr qilingan. Bu taʼriflarning hammasi, bir shayxdan eshitmagan hadisni xuddi undan eshitgandek qilib rivoyat qilish holatiga asoslangan. 

b) Shayxlar tadlisi. Bir shayxdan eshitgan hadisni undan rivoyat qilganda, oʻsha shayxning tanilmasligi uchun uni taniqsiz bir ismi yoki kunyasi (taxallusi) bilan atalmogʻi yoki shayxini yoxud shayxining shayxini taniqsiz bir sifat bilan sifatlantirmogʻi — shayxlar tadlisidir. Ayrim muhaddislar tadlisni kengroq qilib, atf tadlisi, qatʼ tadlisi, tasviya tadlisi, sukut tadlisi, tavriya tadlisi, istidroq tadlisi va shu kabi boshqa atamalar bilan turli xillarga ajratishgan. Bu xillarning hammasi «isnod tadlisi» qismiga tegishli.

Muallal — zohiran illatsiz koʻrinsa ham sahihligiga jarohat yetkazadigan bir illati yuzaga chiqarilgan hadis. Imom al-Buxoriy, Imom At-Termiziy va Al-Hokim iboralarida qoʻllanganidek, bu hadis «maʼlul» ham deyiladi. «Muoll» deb atalsa, yanada yaxshiroq. 

Muztarib — boshqa-boshqa (beqaror) va bir-biriga yaqin sabablar bilan rivoyat qilingan hadis. Imom an-Navaviyning fikricha, taʼrif shu. Bordi-yu, rivoyatlardan birontasini boshqasidan ustun qoʻyish mumkin boʻlsa, unda bu hadis «muztarib»lik holatidan chiqadi. Iztirob (beqarorlik) koʻp marta sanadda va baʼzan matnda yuz beradi, agar iztirob faqat matnda yuz bersa, u hadis kamdan-kam «muztarib» deb nomlanadi. Iztirob ham sanadda, ham matnda uchrashi mumkin. Biz tarjimada «chalkashlik» iborasini «iztirob»ning muqobili tarzida qoʻllayotirmiz. Bu soʻz lugʻaviy jihatdan asosan «beqarorlik» maʼnosini bildiradi. 

Maqlub — roviylardan birontasi matnda biror soʻz oʻrnini yoki sanadda biror roviy nomini yoki nasabini aniq tutmasdan, orqaga olinishi lozim boʻlgan soʻz, nom yoki nasabni oldinga oʻtkazishi, nom yoki nasabni orqaga olishi yoxud bir narsani boshqa bir narsaning oʻrniga qoʻyishi tarzida rivoyat qilgan hadis. (Qisqasi, maqlub — matnda biror soʻz oʻrni yoki sanadda biror roviy nomi yoki nasabi oʻrni almashib qolgan hadis). Maqlub — oʻzgartirmoq maʼnosida keladigan «qalb» soʻzidan yasalgan ismi mafʼuldir. (feʼldan yasalgan ot). (Masalan, biror narsa oʻzgartirilganda yoki soxtalashtirilganda qalbaki deb ataladi). Taʼrifdan anglashilgan sababga koʻra, «qalb» (oʻzgarish) isnodda ham, matnda ham boʻlishi mumkin.

XULOSA. Qurʼonda barcha huquqiy va axloqiy masalalar umumiy tarzda bayon etilgan boʻlib ushbu masalarga yanada aniqlik kiritish va izohlash uchun Muhammad (s.a.v.) oʻz hadislarini aytardilar. Bu hadislarni Muhammad (s.a.v.)ning sahobalari yodda saqlardilar. Paygʻambar vafotidan soʻng hadislarni naql qilish odat tusiga kirdi. Hadislarni keyingi avlod musulmonlarga yetkazish maqsadida bir qator musulmonlar tomonidan yozila boshlandi. Birinchi hadis kitobini Ibn Shihob az-Zuhriy yozdi.

Isnod deb hadisning tarkibiy qismiga aytiladi. Hadisning boshlanishida uni birinchi boʻlib aytgan va eshitgan kishidan boshlab, hadislarni toʻplovchiga qadar barcha shaxslarning ismlari birma-bir koʻrsatib chiqiladi va bu hadisning asosi, dalili hisoblanadi. Hadisning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini ulamolar rivoyat qilgan kishilarga qarab aniqlab olishadi. Hadisning haqiqiy yoki soxta ekanligini ulamolar shu ismlarni taqqoslash yoʻli bilan tekshirganlar. Hadisni naql qiluvchi kishilarning yashagan yillari va ijobiy sifatlari shartga toʻgʻri kelgan hadis toʻgʻri deb hisoblangan. Movarounnahrda birinchi boʻlib Imom Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy hadis toʻplamini yigʻgan. Bundan tashqari Ahmad ibn Hanbal al-Marvaziy, Ishoq ibn Rohavayh al-Marvaziy, Haysam ibn Kulayb ashshoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad al-Barakotiy, Ibrohim ibn Maʼqul an-Nasafiy va boshqalar hadis toʻplamlarini yigʻgan.

Hadisi qudsiy. “Quds” soʻzi arab tilidan olingan boʻlib, muqaddas degan maʼnoni anglatadi. Hadisi qudsiy Muhammad (s.a.v.)ga Alloh taolo ilhom bergan yoki uyqularida yuborgan xabarlari boʻlib va "Alloh aytdi","Alloh xabar berdi", degan lafzlar bilan boshlanadi. Ularning maʼnosi Allohdan boʻlib iborasi Muhammad (s.a.v.)nikidir. Qurʼoni Karimning lafzi ham, maʼnosi ham Allohnikidir.Qurʼon moʻjiza boʻlib Jabroil (a.s). vositasi ila yuborilgan boʻlsa, hadisi qudsiy moʻjiza emas va vositasiz yuborilgan. Hadisi sharifning esa lafzi ham, maʼnosi ham Muhammad (s.a.v)nikidir.

Hadisi Nabaviy – bu Muhammad (s.a.v.) ning Qurʼonga tayangan holda aytgan soʻzlari, qilgan ishlari, koʻrsatmalari toʻgʻrisidagi rivoyatlardir.

Hadislar eʼtiborga olinishi jihatidan 3 qismga boʻlinadi: 1) sahih (ishonchli); 2) hasan (yaxshi); 3) zaif.

Sahih (ishonchli) hadislar. “Sahih” soʻzi arab tilidan olingan boʻlib, sogʻlom, asl degan maʼnoni anglatadi. Sahih hadislarning sahih (sogʻlom, asl) deyilishining boisi roviylari adolatli, zabtli hamda muttasil boʻlishligidadir.

Hasan (yaxshi) hadislar. Hasan hadis — odil, sidq va omonatda mashhur, ammo qamrovda sahih talabi darajasiga koʻtarilmagan roviy rivoyat qilgan, sanadi muttasil boʻlib, tobeindan Muhammad (s.a.v.) gacha yetib borgan, illatdan salomat boʻlgan hadisdir. Sahih hadisdan bir pogʻona quyida turadigan hadis hisoblanadi. 

Zaif hadislar — tarkibida «sahih» va «hasan» hadislarning sifati boʻlmagan hadis. Zaif hadislar hasanlik martabasiga yetmagan hadis hisoblanadi. Zaif hadisning zaifligi tafovutligidadir. Zaif hadislari roviylarining zaifligi tafovutli boʻladi. Baʼzilari zaif va baʼzilari juda zaif ham deyiladi. Undan ham oʻtib ketgani “vohiy” va undan ham pastdagisi “munkar” deyiladi. Bu navlarning eng yomoni “mavzu” (toʻqima rivoyat) boʻladi.

 

Ali Hamzayev, 

TerDU Pedagogika instituti 1-kurs magistranti 

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. “Sunani Termiziy” hadis toʻplami tarjimasi. Tarjimon Mirzo Kenjabek. – Toshkent Adolat, 1999. 1-jild

2. Choʻtmatov J. Imom Abu Iso Termiziy hayoti va ijodiy sahifalari.. – Toshkent: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyoti.

3. Choʻtmatov J. Ilal kitobi. – Toshkent: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi nashriyoti.


 

[1] “Sunani Termiziy” hadis toʻplami tarjimasi..Tarjimon Mirzo Kenjabek. – Toshkent: Adolat, 1999. 1-jild

[2] “Sunani Termiziy” hadis toʻplami tarjimasi..Tarjimon Mirzo Kenjabek. – Toshkent: Adolat, 1999. 1-jild

[3] “Sunani Termiziy” hadis toʻplami tarjimasi..Tarjimon Mirzo Kenjabek. – Toshkent: Adolat, 1999. 1-jild

[4] “Sunani Termiziy” hadis toʻplami tarjimasi. Tarjimon Mirzo Kenjabek. – Toshkent: Adolat, 1999. 1-jild

[5]“Сунан” йўналишидаёзилган ҳадис асарларида ҳадислар таҳорат, намоз, рўза, закот каби фиқҳий бобларга кўра тартибланган ҳолда жамланган бўлади.

Izoh qoldirish