“SUNANI TERMIZIY” ASARINING TARKIBIY TUZILISHI VA YOZILISH USLUBI
Imom al-Buxoriyning zamondoshi va yetuk shogirdi boʻlmish Abu Iso Muhammad at-Termiziyning «Sunani Termiziy» nomi bilan mashhur boʻlgan hadislar toʻplami butun dunyodagi «Kutubi sitta», yaʼni eng mashhur olti hadis kitobidan biri ekanligidan faxrlanamiz Darhaqiqat, bu asar yosh avlod tarbiyasida alohida eʼtiborga molikdir. Hofiz Abul Fazl Al-maqdisiy, Termiziyning kitobini oʻta tanqidiy nazar bilan tadqiq etganidan keyin, bunday deydi: «Abu Iso (Termiziy)ning kitobida toʻrt qism hadislar oʻrin olgan;
- Sahih ekanligi qatʼiyan qabul qilingan hadislar qismi; bu qismdan Buxoriy va Muslimga muvofaqat qilingan hadislar oʻrin olgan;
- Uchlik shartiga asoslangan hadislar qismi; Bu qismdagi hadislar toliy (ikkinchi) darajadadir;
- Ziddiyat qismi, bu qismdagi hadislarning illatlari ochilgan va bu borada qattiq talabchanlik namoyon qilingan;
- Bu toʻrtinchi qism hadislar borasida Imom Termiziy «Ushbu kitobimda fakatgina faqihlar (olimlar) amal qilgan hadislarni taxrij qildim», – deydi.
Bu shartning hududi keng. Shu asosga tayanib, Imom Termiziy, bir olim kishi hujjat sifatida qabul qilgan yoki kerak boʻlganda amal qilgan hadisni uning sanadi xoh sahih boʻlsin, xoh boʻlmasin, lekin oʻzi haqida soʻz yuritilishiga imkon qoldirmaganini kuzatamiz. Yaʼni taxrij etilgan har bir hadis haqida kerakli izohni berib, koʻngillarni xotirjam qiladi».
Termiziyning oʻzlari oʻz kitobi haqida bunday deydilar: «Ushbu kitobni tasnif qilganimdan keyin uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular rozilik bildirib, qabul qildilar. Kimning uyida bu kitobdan boʻlsa, oʻsha xonadonda xuddi Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam gapirayotgandek boʻlur...»
«Sunani Termiziy» kitobida hadislarning darajalarini belgilashda ikki ibora qoʻllangan.
birinchisi —Bu hadis hasan-sahih degan ibora.
ikkinchisi —Bu hadis hasan-sahih-gʻarib degan ibora.
Termiziy ayrim hadislarni «hasan-sahih» yoki «hasan-gʻarib» deb, yoki «sahih-gʻarib» va yoxud «hasan-sahih-gʻarib» deb ataydilar. Lekin bu birikmalarni taʼriflamaydilar. Masalan, bir hadisni faqatgina «sahih» deb yoki «gʻarib» deb ataganlarida buning taʼrifini keltirmaganlar. Balki bular hadischilar nazdida tushunarli boʻlgani uchun taʼrifni lozim koʻrmagandirlar.
Ammo ajabki, faqatgina «hasan»ning taʼrifini keltiradilar. Bu nomaʼlum bir ifoda yoki yangi bir istiloh boʻlgani uchun taʼrifga ehtiyoj his etgan boʻlsalar kerak, degan fikrlar mavjud.
Hadisni uch qismga boʻlish Termiziyning ijodi ekanligini yuqorida taʼkidlagan edik. Termiziydan oldingi muhaddislarning asarlarida «hasan» iborasiga duch kelgan boʻlsak-da, ammo hadisni «hasan, sahih va zaif» deb uch qismga boʻlgan va «hasan» iborasini ilk marotaba ilmiy istiloh sifatida qoʻllagan zot Termiziyning oʻzlaridir.
Termiziy «hasan» ibarasini oʻz kitobida bunday taʼriflaydilar: «Ushbu kitobimizda «Bu hadis hasan» degan paytimizda biz sanadining hasan ekanligini nazarda tutganmiz. Chunki roviysi yolgʻonchi deb taxmin qilinmagan har bir hadis, deyarli boshqa sababdan rivoyat qilinsa va shoz boʻlmasa, u hadis, bizning fikrimizcha, hasandir».
Ibn Saloh «Bu hadis hasan-sahih» degan ibora haqida bunday deydi:
«Termiziy va boshqalar (Yahyo ibn Moʻin, Ibn Abi Shayba, Abu Ali at-Tusiy va shular singari boshqa muhaddislarni nazarda tutmoqda) qoʻllagan «bu hadis hasan» degan iborada ishkal (chalkashlik) bor. Chunki «hasan»ning martabasi maʼlum sababga koʻra «sahih»ning martabasidan pastdir.
Bir hadisda bu ikki istilohni jam qilmoq oʻsha qusurning (ayb-nuqsonning) ham nafyi, ham isboti (rad va isboti) demakdir».
Shundan keyin bu ishkol borasida bunday javob qaytaradi: «Ushbu iboraning qoʻllanishi sanadga tegishlidir. Hadis ikki isnod bilan rivoyat qilinadi. Agar isnodlarning bittasi hasan, ikkinchisi sahih boʻlsa, bu hadisni «hasan-sahih» deb aytish toʻgʻri boʻladi. Yaʼni hadis bir isnodga koʻra hasan, ikkinchi isnodga koʻra sahihdir.
Bu oʻrinda «hasan» soʻzining lugʻaviy maʼnosini koʻzda tutgan boʻlishini ham inkor etib boʻlmaydi. Koʻngil moyil boʻlgan va qalb qabul qilgan narsa hasan deyiladi. Bu taqdirda «hasan» iborasi istilohiy maʼnosidan boshqa maʼnoda qoʻllangan boʻladi». Ibnus-Saloh javobining birinchi qismiga eʼtiroz bildirilgan.
Chunki Termiziy faqat bittagina isnodi boʻlgan hadisga nisbatan ham «hasan-sahih» taʼbirini qoʻllaganlar. Demak, «hasan» soʻzi bu oʻrinda lugʻaviy maʼnosida qoʻllanganini taʼkidlash ishkalning oldini olish uchun eng muvofiq yoʻldir. Bu orada «sahih-hasan» iborasi «hasan» bilan «sahih» ordsidagi bir martaba ekanligini iddao qilganlar ham bor. «Hasan-sahih- gʻarib» iborasiga kelsak, hasan hadis bir sababdan rivoyat etilsa, gʻarib boʻladi.
Imom Termiziy har bir bobning hadisini zikr qilganidan keyin xuddi shu bobga tegishli hadis rivoyat qilgan sahobai kiromlarning ismlarini sanab oʻtadi (Alloh hammalaridan rozi boʻlsin). Xoh ular rivoyat qilgan hadislar Termiziy keltirgan hadis maʼno siga mos boʻlsin, xoh boshqa maʼnoda boʻlsin, xoh unga zid maʼnoda boʻlsin har holda, Termiziyning hadisiga yaqindan yoki uzoqdan aloqador boʻlsa, kifoya! Ana shu xususiyat Termiziy kitobining sharhini kuchaytirib yuborgan juda muhim unsurdir. Ayniqsa, hadis olimlari kibriti ahmardek — mis va qalayni tillo qiladigan unsurdek nodir boʻlib qolgan keyingi davrlar uchun bu oʻta muhim xususiyatdir.
Keyin esa Termiziy ishorat etgan barcha hadislarni sanadlari va matnlari bilan taxrij qilmoq, yaʼni asoslab yuzaga chiqarmoq bir umrni talab qiladigan ishdir. Shayx Muborakfuriy Termiziy kitobini sharhlaganda bu ishni bajarmoqchi boʻldi, ammo barcha hadislarni taxrij etishga muvaffaq boʻla olmadi, oʻz taxrijlarida esa boshqa allomalarga ergashish bilan kifoyalandi.
Termiziy fiqhiy masalalarda faqixlarning qavllarini — fikr- qarashlarini koʻp bor zikr qiladi, dalillarga ishorat etib, xuddi oʻsha masalada bir-biriga zid hadislarni sharhlaydi.
Bu xususiyat qay darajada ahamiyatli, muhim va ulugʻ bir maqsadga muvofiq ekanligi ochiq-ravshandir. Asosan, hadis ilmlarining haqiqiy gʻoyasi va maqsadi istiqlol, yaʼni dalil keltirish hamda bekam-u koʻst ittiboʻ etish — ergashish va amal qilish uchun asos boʻladigan hadislarni aniqlab tayin etishdir.
Termiziy hadislar taʼliliga juda kuchli eʼtibor beradi. Har bir hadisning sihhat va zaʼf — sogʻlomlik va zaiflik darajasini aniqlaydi. Hadisning illatlari haqida, roviylar borasida batafsil va ahamiyatli izohlar beradi. Termiziyning bu yoʻnalishi bilan hadis ilmi qoidalarining, ayniqsa, taʼlil ilmining amaliy bir tadbiqi namoyon boʻladi.
Termiziy esa uz kitobi haqida bunday deydi: «Bu kitobni tasnif qilganimdan keyin uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim; ular rozilik bildirib, qabul qildilar.
Xullas, bu olimlar va mutaallimlar uchun eng foydali bir kitob ekanligini iddao qilishimiz mumkin. Chunonchi, Hofiz Abul-Fazl Muhammad ibn Tohir Al-maqdisiy, Imom Termiziy haqida bunday deydi: «Hirotda Imom Abu Ismoil Abdullah ibn Muhammad Al-Ansoriydan eshitdim. U oʻz majlisida Termiziy va uning kitobidan gap ketganida aytdiki: «Mening uchun uning (Termiziyning) kitobi, Buxoriy va Muslim kitoblaridan kura foydaliroq. Chunki Buxoriy va Muslim kitoblaridan faqat mutaxassis olimlargina istifoda etadi. Abu Iso (Termiziy)ning kitobidan esa har kim foydalanishi mumkin».
Erqulov Xalilillo,
Koʻkaldosh” oʻrta maxsus Islom taʼlım mussasası oʻqıtuvchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi I-kurs magistranti
Izoh qoldirish