19.02.2024

IMOM TERMIZIYNING ILMIY MEROSI VA UNING AHAMIYATI

Oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati davrida Termiziy bir qancha asarlarni yozdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bagʻishlangan. Islom ulamolari oʻrtasida ilk davrdan boshlab hadislarning toʻgʻriligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta eʼtibor berilgan. Chunonchi, oʻsha davrning oʻzidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan. Natijada islom ulamolari orasida ishonchli manbalar asosida toʻplangan va tartibga keltirilgan oltita hadislar toʻplami (Sihohi sitta) mualliflari eng nufuzli va moʻtabar muhaddislar deb tan olingan. Mana shu etirof etilgan mashhur muhaddislardan biri – Imom Termiziydir. Keling, muhaddis bobomizning asarlari bilan qisqacha tanishib oʻtamiz:

“Al-jomeʼ as-sahih”. Imom Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida “al-jomeʼ as-sahih” (Ishonchli toʻplam) eng asosiy oʻrinni egallaydi. Ushbu asar, yuqorida qayd qilganimizdek, “Al-jomeʼul kabir”, (Katta toʻplam), “Sahih Imom Termiziy”, “Sunani Imom Termiziy” kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Hajar Asqaloniyning yozishicha, Imom Termiziy ushbu asarini 270-hijriy (884-milodiy) yilda, yaʼni qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan. Ushbu asar qoʻlyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, oʻzimizda, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida “al-Jomeʼ as-sahih” bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866)-yili Mitohda, 1292 (1875)-yili Qohirada, shuningdek, 1980-yili Bayrutda nashr etilganligini koʻrsatish kifoya[1].

Imom Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan boʻlib, ulardan ibn Arabiy nomi bilan mashhur boʻlgan Imom Hofiz Abu Bakr Muhammad Ashbiliyning “Oridatul Ahvaziy ala kitob Imom Termiziy” nomli 13 juzʼ (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh dastlab 1931-yilda Qohirada nashr qilingan. Imom  Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurahim Muborakfuriy qalamiga mansub yana bir sharh ham “Tuhfatul-Ahvaziy bisharhi Imom Termiziy” deb ataladi. Toʻrt juzʼdan iborat boʻlgan bu asar 1979-yilda Bayrutda nashr qilingan (Hindiston nashri ham mavjud). Misrlik olim va adib Jamoliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr Suyutiyning (1445—1505) Imom Termiziy asariga yozgan sharhi “Qutul mugʻtaziy ala Jomeʼ Imom Termiziy” (undan ikki qismi nashr qilingan) deb atalgan. Bulardan tashqari, Muhammad ibn Abduqodir Abu Toyyib Madaniyning “Sharhu Sunani Imom Termiziy”, Ahmad Muhammad Shokirning “Tahqiq va sharhu Jomeʼ Imom  Termiziy” (oʻndan ikki qismi 1937-yilda Mustafaul Bobiyul Halabiy tomonidan nashr qilingan), Muhammad Yusuf Bannuriyning “Maorif sunani sharh sunani Imom Termiziy” (uning birinchi qismi 1963-yilda Pokistonda nashr qilingan), Siroj Ahmad Sarhandiyning “Sharh Sunani Imom Termiziy” nomli forscha sharhi, shuningdek, Rashib Ahmadul Kanuhiyning “Al-kavkab ad-durriy ala Imom Termiziy” (Hindistonda chop etilgan), Muhammad Anvar Shoh Kashmiriyning ikki juzʼdan iborat “Al-aʼrf ash-shaziy ala Jomeʼ Imom Termiziy” (bu asar ham Hindistonda chop etilgan) va nihoyat Abul Hasan Muhammad ibn Abdulhodiy Sanadiyning (u 1138-yilda vafot etgan) “Hoshiya ala Sunani Imom Termiziy” kabi sharhlarini koʻrsatish mumkin.

Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy aytganlar: “Imom  Termiziy: “Men “Sunani Termiziy”ni yozib, uni Hijoz, Iroq, Xuroson olimlariga koʻrsatdim. Barchalari bu kitobdan mamnun boʻldilar va: “Kimning uyida shu kitobdan boʻlsa, goʻyo uning uyida Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam gapirib turgandek boʻladilar”, – dedilar”, – deganlar”[2].

“Al-jomeʼ”da manfaatli ilm, toʻla-toʻkis foyda va ulkan masalalar mujassam. U islom asoslaridan biridir.

Abu Nasr Abdurahim ibn Abdul Xoliq aytganlar: “Termiziyning “Al-Jomeʼ”laridagi hadislar toʻrt qismdan iborat:

1. Sahihligi aniq hadislar.

2. Abu Dovud va Nasaiyning shartlariga javob beradigan hadislar.

3. Yuqoridagi hadislarga zid hadislar va uning sabablarining bayoni.

4. Sahih boʻlmagan hadislar va ularning illatlari bayoni.

Termiziy: “Men ushbu kitobimda rivoyat qilgan hadislarga fuqaholar amal qilganlar. Faqat bir-ikkita hadis borki, ularga amal qilishmagan. Ular: “Kimki uch martagacha tavba qilib, aroq ichsa, uringlar. Toʻrtinchi martasida oʻldiringlar”, hamda “Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam peshin va asrni Madinada jam qildilar. Xavf ham yoʻq edi, safarda ham emasdilar” hadislaridir”, – deganlar.

“Sunani Termiziy” u kishining imom, quvvayi hofiza va fiqh sohibi ekanliklarining yorqin dalilidir. Lekin hadislarni qabul qilishda koʻp ham qattiq turmaganlar va roviylarga baho berishda ham koʻngilchan boʻlganlar.

Ibn Tohirning “Al-Mansur” kitoblarida bitilgan: “Shayxul islom Abu Ismoilning: “Termiziyning “Al-jomeʼ Imom Termiziy” asarlari Buxoriy va Muslimning kitoblaridan koʻra manfaatliroqdir. Chunki Buxoriy va Muslimning kitoblaridan olimlargina, Termiziyning kitoblaridan esa barcha foydalana biladilar”, – deganlarini eshitdim”[3].

“Shamoil-un-nabaviyya”. Abu Iso Imom Termiziyning boshqa bir yirik asari “Shamoil-un-nabaviyya” (Paygʻambarning alohida fazilatlari) deb ataladi. Bu asar baʼzi manbalarda “Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sollallohu alayhi vasallam”, “Ash-shamoilul Muhammadiya” nomlari bilan ham keltirilgan. Asar Paygʻambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid toʻrt yuzu sakkiz hadisi sharifni oʻziga jamlagan qimmatli manbadir. 

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, ushbu mavzu, yaʼni Paygʻambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni toʻplash bilan juda koʻp olimlar, muhaddislar shugʻullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan oʻrin olgan. Lekin Imom Termiziy asarining boshqalardan afzalligi va farqi shundaki, muallif imkoni boricha Paygʻambar alayhissalom fazilatlariga doir barcha hadislarni muntazam ravishda toʻplab, mantiqan izchil bir holatda tartibga keltirgan va oʻziga xos mustaqil, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan. “Shamoil-un-nabaviyya” azaldan islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga jalb qilib keladi. 

Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar va hoshiyalar ham yozilgan. Ulardan Abdurauful Munoviyul Misriyning (vafoti 1003-hijriy yili) “Sharhush-shamoil”, Ali ibn Sultonul Haraviy Qoriyning (vafoti 1192-hijriy yili) “Jamʼul-vasoil fi sharhi-shamoil”, Sulaymon ibn Umar ibn Mansurul Jumalning “Al-mavohibul Muhammadiyya bi sharhi-shamoil Imom Termiziyya” kabilarni keltirish mumkin. Bu asarning bir qoʻlyozmasi Qohiradagi Azhar kutubxonasida 144-hadis ilmi raqami ostida saqlanmoqda, Muhammad ibn Jasusul Molikiyning (vafoti 1182-hijriy yili) “Al-favoidul jaliylatul bahiyya ala ash-shamoilul Muhammadiyya (bu asar 1927-yilda nashr qilingan) va nihoyat Azhar universitetining sobiq Shayxi Ibrohim Bojuriyning “Al-mavohibul laduniyya ala shamoil Imom Termiziyya” kabi sharhlarini koʻrsatish mumkin.

Buyuk bobomizning yana “Kitobut-tarix”, “Kitobul ilal as-sagʻir va ilalul kabir”, “Kitobuz-zuhd” (Taqvo haqida kitob), “Kitobul asmo val kuna” (Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob), “Al-ilal fil hadis” (Hadislardagi illatlar yoki ogʻishlar haqida), “Risola fil xilof val jadal” (Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola), “Asmous-sahoba” (Paygʻambar sahobalarining ismlari) degan asarlari ham mavjud[4].

U kishining shogirdlaridan boʻlgan Abu Saʼd Idrisiy ustozlarini sifatlab, yodlashlari, zehnlari toʻgʻrisida, zarbulmasallar bitilganini aytadilar. Shogirdlaridan yana birlari: “Imom Buxoriy vafotlaridan keyin Xurosonda Abu Iso Imom Termiziydek ilmda, zehnda, taqvoda, zohidlikda biror kishi topilmas edi”, – deb aytadi. Imom Termiziy koʻp yigʻlaganlaridan hayotlarining oxirgi ikki yilida koʻzlari ojiz boʻlib qolgan.

Ibn Atiyya: “Mening huzurimda Imom Buxoriy va Muslimning kitoblariga qaraganda Imom Termiziyning kitoblari nurliroq va tushinarliroq”, – deb aytadi. “Nima uchun?” – deb soʻralganda, Atiyya: “Chunki ikkita imomning kitoblaridan faqatgina ilm va maʼrifat ahllarigina foydalana olishadi xolos” – deb aytgan ekan. Shayxlardan biri Imom Termiziyga 40 ta gʻarib hadisni aytib, imtihon qilishlik uchun soʻraganda birorta harfda ham xato qilmasdan avvalidan oxirigacha oʻqib berganlarini koʻrib: “sening mislingdagi kishini koʻrmaganman”, – deb aytdi. Imom Termiziy koʻp kitoblarning muallifidir. Ayniqsa, “Sunan” kitoblari kitoblarining chiroylisi, foydasi koʻp boʻlib, takror soʻzlari oz, chiroyli tartibda yozilgandir.

Abu Ali Mansur ibn Abdulloh Xolidiy Imom Termiziyning “Jomeʼ as-sahih” kitoblarini sifatlab: “Kimning uyida mana shu kitob boʻlsa, goʻyoki uyida Paygʻambarimiz gapirayotgandek boʻladilar”, deb aytadi[5].

Abu Iso Termiziy asarlari hozirda ham oʻz qimmatini yoʻqotgan emas. Uning “Al-jomeʼ as-sahih”, “Ash-shamoil an-nabaviyya” kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlib insonlarni halol, adolatli, iymon-eʼtiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-eʼtiborli boʻlishga chorlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Sherobod tumanidagi Abu Iso Termiziy maqbarasi obod qilingan boʻlsa, 2017-yil 14-fevralda davlatimiz rahbarining Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisida qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror asosida Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qurildi. Ilovalarda 2-rasmda koʻrsatilgan. Unda islom dini, jumladan, hadis ilmi, Abu Iso Termiziy hamda Termiziy allomalar merosi chuqur oʻrganiladi. Diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanishga qaratilgan darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlanadi. 

Davlatimiz rahbari markazga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Buyuk muhaddis Imom Termiziy hayoti va asarlarini chuqur oʻrganish, yosh avlodga yetkazish, xalqimizga tushunarli tilda kitoblar chop etish boʻyicha tavsiyalar berdi. Bu yerda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun munosib sharoitlar yaratish, olimlarning xalqaro ilmiy konferensiyalarda ishtirokini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

 

Jumaboyev Avaz,

Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom

taʼlim muassasi oʻqituvchisi

 

Фойдаланилган адабиётлар:

  1. Inoyatov A. Termiziy mаqolаsi. 2016. // www.minbar.uz
  2. Kenjabek M. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq, 2012.
  3. Toʻrаqulov M. Imom Termiziy mаqolаsi. 2015. // www.muslimun.uz.


 

[1]  Kenjabek M. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq, 2012. – B. 28.

[2] Inoyatov A. Termiziy mаqolаsi. 2016. – B. 2. // www.minbar.uz

[3] Kenjabek M. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq, 2012. – B. 28. 

[4] Kenjabek M. Sunani Termiziy. – Toshkent: Sharq, 2012. – B. 29.

[5] https://kun.uz/uz/82723093

Izoh qoldirish