IMOM TERMIZIY – BUYUK MUHADDIS VA YETUK ALLOMA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2774-sonli “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”[1]gi qaroriga muvofiq Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi hamda Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 14-martda davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar bergan edi.
Markazning asosiy maqsad va vazifalari Islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur oʻrganishga, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulugʻ allomalar, aziz-avliyolar vatani boʻlib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilishga, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirishga, shu asosda yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalashga, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini yanada kuchaytirishga qoʻmaklashishga qaratilgan edi.
Chindan ham, bularning barchasi oʻsib kelayotgan kelajak avlod uchun ajdodlar merosini oʻrganish, tadqiq etish, xalqimiz hamda keng jamoatchilikka yetkazish uchun ulkan imkoniyat. Buyuk muhaddis haqida soʻz yuritar ekanmiz, avvalo, uning hayoti haqida maʼlumotga oz boʻlsa-da ega boʻlishimiz darkor. Allomaning toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy Az-zariyr Al-bugʻiy at-Termiziy boʻlib, hijriy 209 (milodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bugʻ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlogʻida oʻrta hol bir oilada tavallud topgan[2]. Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Samʼoniy (1113-1167) at-Termiziy Bugʻ qishlogʻida vafot etganligi uchun al-Bugʻiy taxallusi bilan ham atalganini, olimning koʻp yigʻlaganidan umrining oxirlarida koʻzi ojiz boʻlib qolganligidan Az-zariyr (koʻzi ojiz) taxallusini olganligini ham qayd qiladi[3].
Lekin el orasida at-Termiziy nomi bilan mashhur boʻlishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bogʻliq boʻlganligidan, shuningdek, olim tugʻilgan Bugʻ qishlogʻi Termiz shahriga yaqin boʻlib, maʼmuriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin. At-termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq maʼlumotlar keltirilmagan. Tarixchilar uning «Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, soʻng u yerdan Termizga koʻchib kelgan»[4], — degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, At-Termiziyning koʻzi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman maʼlumotlar keltirilgan. Baʼzi mualliflar uni tugʻma koʻzi ojiz boʻlgan desa, koʻpchilik mualliflar olimning keyinchalik, umrining oxirlarida koʻzi ojiz boʻlib qolganligini yozadilar.
Imom Termiziy yoshligidan oʻta tirishqoq, idrokli, aql-zakovatli boʻlganligi bois oʻz tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga oʻta qiziqishi tufayli oʻsha davrning koʻpgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan oʻrgangan. Qoʻshni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar oʻrnatilishiga munosib hissa qoʻshgan yetuk olimlardan biridir. Yoshligidan ilm-u fanga tashna Imom Termiziy 850 yildan, yaʼni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safarlar qiladi. Jumladan, u Hijozda — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida koʻplab muhaddis, faqih, va ulamolar bilan uchrashib, muloqotda boʻlib, ulardan taʼlim oladi, qizgʻin ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Shu bilan bir qatorda, Iso Termiziy Paygʻambar alayhissalom hadislarini toʻplashga alohida eʼtibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U oʻzi oʻqigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qogʻozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab, toʻgʻriligiga toʻliq ishonch hosil qilsagina, maxsus qogʻozlarga qayd etardi. Hadislarning toʻgʻriligiga shubha boʻlganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (toʻgʻri, ishonchli), hasan (yaxshi, maʼqul), zaif (boʻsh, ishonchsiz), gʻariyb (gʻalati) kabi turlarga ajratilgan.
Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom Termiziy oʻz davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. U oʻsha davrning yetuk muhaddisi sifatida koʻpgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Alloma zehnining oʻtkirligi hamda quvvai hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda koʻplab misol va rivoyatlar keltiriladi. Muhaddis bobokalonimiz Imom Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuqori baholagan. Ulardan biri Imom Termiziyni “Hadis ilmida iqtido qilinadigan yagona olim” deb yozsa, boshqa biri esa uning “Birinchilardan boʻlib hadislarni sahih, hasan, zaifga taqsim qilganiga guvohlik beradi”. Ayniqsa, muhaddis olimning asarlaridagi ravonlik faqat ziyoli kishilar uchun emas, balki har bir inson tushunishi mumkin boʻlishiga sabab ekanini alohida taʼkidlash joiz. Dunyo ulamolari buyuk ilm sohibi boʻlgan hamda yuksak eʼtirofga munosib koʻrilgan bobokalonimizning ibratli hayot yoʻllari va boy maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish biz yoshlar uchun ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega.
At-Termiziy koʻplab xorijiy mamlakatlarga qilgan safar chogʻida hadislarni toʻplab, kitoblar taʼlif qilishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olim-u fuzalolar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, koʻplab shogirdlarga ustozlik qiladi. Ayniqsa, mashhur muhaddis alloma al-Buxoriy bilan koʻplab ilmiy bahslar yuritib undan istifoda qiladiki, bu haqda at-Termiziy oʻzining «Al-ilal» kitobida ham yozadi. At-Termiziyning koʻpchilik tasniflari, jumladan, uning mashhur asari «Al-Jomiʼ» ham oʻz vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bugʻ qishlogʻida vafot etgan va shu joyda dafn qilingan.
Oʻz ijodiy faoliyati davrida at-Termiziy oʻndan ortiq asarlar yaratdi. Uning madaniy merosida, shubhasiz, «Al-Jomiʼ» asari katta ahamiyatga egadir. Bu asar «Al-jomiʼ as-sahiyh» («Ishonchli toʻplam»), «Al-jomiʼ al-kabiyr» («Katta toʻplam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») nomlari bilan ham yuritiladi[5].
Mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziyning shaxsiy hayoti va barkamol ijodining har tomonlama oʻrganilishi tufayli buyuk bobokalonimizning hozirgi davrimiz uchun ham oʻrnak boʻladigan koʻp ibratomuz fazilatlarining guvohi boʻlamiz. Eng avvalo, At-Termiziyning yoshligidan ilm-fanga gʻoyatda chanqoqligi va zoʻr havas bilan qiziqishi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga ham bardosh berib oʻz maqsadi, yaʼni oʻz bilimini oshirish yoʻlidagi jiddu jahdi katta tahsinga sazovordir. Xulosa qilib aytganda, buyuk bobokalonimizning shaxsiy hayoti va uning boy maʼnaviy merosini chuqur va har tomonlama oʻrganish ham ilmiy, ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga egadir.
Ismoilova GULHAYO,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik fakulteti Islom huquqi yoʻnalishi 3-kurs talabasi
Foydalanilgan adabiyotlar:
- https://kun.uz/uz/82723093
- Kitob al-Ansob, 2-jild, – B. 335.
- Nuriddin Atar. Al-Imom at-Termiziy, – B. 21-22.
- Sharh ash-Shamoil, Sovet Sharqi musulmonlari, 1990 yil, 3-son.
[1] Nuriddin Atar. Al-Imom at-Termiziy, – B. 21-22.
[2] Kitob al-Ansob, 2-jild, – B. 335.
[3] Sharh ash-Shamoil, 1-jild, – B. 8; Sovet Sharqi musulmonlari, 1990 yil, 3-son, – B. 1.
[4] Ibn Kasiyr. Al-Bois al-hasiys, – B. 22.
[5] Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 31.07.2018 й., 06/18/5483/1594-сон; 11.12.2019 й., 06/19/5892/4134-сон; 17.03.2021 й., 06/21/6188/0216-сон, 01.05.2021 й., 06/21/6217/0409-сон
Izoh qoldirish