DUNYONING IMOMI, ULUGʻ MUHADDIS ABU ISO MUHAMMAD AT-TERMIZIY HAYOT YOʻLIGA IBRATLI NAZAR
Buyuk vatandoshimiz huquqshunoslik, tabiatshunoslik, tabobat, ilmi nujum, tilshunoslik, axloq va boshqa koʻplab sohalarda asarlar yaratgan. Musulmon olamida buyuk muhaddislaridan biri sifatida mashhur boʻlgan ulugʻ ajdodimizning bebaho merosi bugungi kunda ham keng oʻrganilmoqda.
2016-yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyev mazkur ziyoratgohga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishib, quruvchilarga tegishli koʻrsatmalar bergan edi.
Ne baxtkim, Islom olamida eng mashhur boʻlgan, eng sahih hadislarni toʻplagan, hadis ilmiga eng katta hissa qoʻshgan muhaddislarning koʻpchiligi aynan bizning buyuk ajdodlarimizdir, diyorimizda tugʻilib-oʻsgan ulugʻ zotlardir.
Yurtimiz Islom nuri ila munavvar boʻlgan asr insoniyat tarixida Sharq uygʻonishi davri deb ataladi. Oʻsha asrdan boshlab diyorimizda butun dunyoga mudarris boʻlgan, butun Islom olamida eʼtirof qilingan buyuk allomalar yetishib chiqa boshlagan. Xususan, Islom ummatiga Quroni Karimni tafsir qilish hamda sahih hadisi shariflarni yetkazish va sharhlash borasida buyuk vatandoshlarimizning xizmati beqiyos boʻlgan.
Buyuk muhaddislardan biri – buyuk vatandoshimiz imom Termiziy rohmatullohi alayh. U zotning toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bugʻiy at-Termiziy boʻlib, hijriy 209 (milodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bugʻ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlogʻida oʻrtahol bir oilada tavallud topgan. Markaziy siyolik mashhur tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Samʼoniy (1113–1167) At-Termiziy Bugʻ qishlogʻida vafot etganligi uchun al-Bugʻiy taxallusi bilan ham atalganini, olimning koʻp yigʻlaganidan umrining oxirlarida koʻzi ojiz boʻlib qolganligidan Az-Zariyr (koʻzi ojiz) taxallusini olganligini ham qayd qiladi.
Lekin el orasida At-Termiziy nomi bilan mashhur boʻlishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshlikdan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bogʻliq boʻlganligidan, shuningdek, olim tugʻilgan Bugʻ qishlogʻi Termiz shahriga yaqin boʻlib, maʼmuriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin.
Imom at-Termiziy oʻz davrining yetuk muhaddisi sifatida koʻpgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, uzoq oʻtmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va maʼrifat urugʻlarini tarqatish borasida turli oʻlkalarning vakillari yakdil boʻlib faoliyat koʻrsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yoʻlida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud boʻlganligi hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.
Termiziy Imom Buxoriy bilan uchrashganida (bu uchrashuv Nishopurda boʻlgan va ikki alloma 5 yil birgalikda yashashgan) hadisning matninigina emas, uning hikmati va falsafasini tushunib yetganini eʼtirof etadi. Oʻz navbatida Imom Buxoriy oʻz shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan: "Sen mendan bahra topganingdan koʻra men sendan koʻproq bahra topdim", degan. Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi.
Termiziy yoʻlda, safarda boʻlganda ham, yoki bir joyda muqim turganda ham ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni yozib olar, ularni tartibli ravishda alohida-alohida qayd qilib borardi. 868-yil xorij safaridan oʻz yurtiga qaytgan Termiziy ilmiy-ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashgʻul boʻldi va yirik muhaddis olim, imom sifatida shuhrat qozondi. Taqvodorlik, islom dini va oʻz obroʻsiga gard yuqtirmaslikka intilish, dunyo mol-matosi va boylikka beparvo qarash, oxiratning gʻamini yeyish Termiziyning hayoti tarzi edi. Termiziyning shogirdlari uning ishlarini davom ettirdi. Ular ichida Makhul ibn Al-fadl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hamod ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va boshqalarni koʻrsatish mumkin.
At-Termiziy yoshligidan oʻta tirishqoq, idrokli va zakovatli boʻlganligi bois oʻz tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga oʻta qiziqishi tufayli oʻsha davrning koʻpgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan oʻrgangan, qoʻshni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar oʻrnatilishiga munosib hissa qoʻshgan olimlardan biridir. Yoshligidan ilm-fanga tashna at-Termiziy 850-yildan, yaʼni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijoz, Makka, Madina, Iroq va Xurosonning qator shaharlarida koʻplab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda boʻlib, ulardan taʼlim oladi, qizgʻin ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning taʼkidlashicha, at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chogʻida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda koʻplab ustozlardan saboq oladi.
Shu bilan bir qatorda At-Termiziy Paygʻambar alayhissalom hadislarini toʻplashga alohida eʼtibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U oʻzi oʻqigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qogʻozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab toʻgʻriligiga toʻliq ishonch hosil qilsagina maxsus qogʻozlarga qayd etardi. Hadislarning toʻgʻriligiga shubha boʻlganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahih (toʻgʻri, ishonchli), hasan (yaxshi, maʼqul), zaif (boʻsh, ishonchsiz), gʻariyb (gʻalati) kabi xillarga ajratilgan.
Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom at-Termiziy oʻz davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. Uning ustozlaridan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn Al-Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Saʼid, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻiylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniy, Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqi va qator taniqli muhaddislarni koʻrsatish mumkin.
At-Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, uzoq oʻtmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va maʼrifat urugʻlarini tarqatish borasida turli oʻlkalarning vakillari yakdil boʻlib faoliyat koʻrsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yoʻlida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud boʻlganligi hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.
At-Termiziy zehnining oʻtkirligi hamda quvvai hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda koʻplab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274–1347) «Tazkirat ul-huffoz» («Hofizlar haqida tazkira») nomli asarida quyidagi hikoya keltiriladi: “Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yoʻlda mashhur muhaddislar bilan muloqotda boʻladi va ularning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: «Boʻlmasa qogʻoz-qalam ol», degan. Aksiga olib shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim roʻparasida oʻtirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qogʻoz ustida qoʻlini harakat qildiravergan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qogʻozga qarab unda hech qanday yozuv yoʻqligini koʻrgan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. At-Termiziy shunda bamaylixotir «Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?”, — degani hozirgina olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin takror aytib bergan. At-Termiziyning xotirasi kuchliligidan oʻsha olim hayratga tushib qoyil qolganligini bildirgan.
Oʻz ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom Аt-Termiziy chuqur masʼuliyat va katta idrok bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qoʻshib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga koʻtarildi. Abu Iso Аt-Termiziyning shoh asari boʻlmish «Al-jomiʼ as-sahiyh» olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Eng avvalo shuni aytish kerakki, muallif oʻz asarini alohida-alohida boblarga boʻladi, imkoni boricha har hadis roviylarini keltiradi. Har bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlik darajasini aniqlab alohida koʻrsatadi. Oldinroq biz asarini «As-sunan» («Sunnatlar») nomi bilan («Sunan At-Termiziy») atalishini ham eslatib oʻtgandik. Bu nom bilan atalishiga asosiy sabablardan biri — unda fiqh masalasiga doir ahkom hadislar juda koʻp keltirilgan. Shular bilan bir qatorda asarda pand-nasihat, axloq-odob, goʻzal xulqu fazilatlar xususida ham juda koʻp hadisi shariflar keltirilganki, bu darajadagi hadislar hech bir muallif asarida uchramaydi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Tarkibiy jihatdan asar bir qancha boblarga boʻlinadi. Unda tahorat, salot (namoz), zakot, roʻza, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon toʻlash, meʼyor, sayd, qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruji fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn soʻrash, odob va axloq, masallar, Qurʼon fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan.
Mana shu boblar asarda sarlavha tarzida boʻlingan boʻlib, bobga doir hadislar boʻlim mazmunini toʻla-toʻkis ifodalaydi. Ushbu bobga doir masala boʻyicha muallif bir qancha hadislarni keltiradi, soʻng bu masala yuzasidan boshqa ulamoyu faqihlarning fikrlarini ham batartib bayon etadi. Undan keyin rivoyat qilingan hadisning sahiyh, hasan, zaif yoki gʻaribligi darajasiga oʻz munosabatini bildiradi. Shundan soʻng hadis roviylari, sanadlari va sanadning oʻz ichiga olgan illatlari xususida oʻz fikrini bildiradi.
At-Termiziy kitoblarida bu xildagi hadislarning birmuncha koʻpligi uning benazir izlanishlaridan dalolatdir
Mashhur olim Toshkoʻprilizoda Imom at-Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: «Imom at-Termiziyning hadis ilmi sohasida koʻplab tasnifotlari bor. Uning «As-sahiyh» asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va gʻoyat foydalisidir. Bu kitobda «sahiyh», «hasan», «gʻariyb» kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning «Kitob al-ilal» qismi illatli hadislarga bagʻishlangan holda foydali mulohazalarni oʻz ichiga olgan. Ushbu asarni mutolaa qilgan har bir kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi».
At-Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad al-idrisiy «At-Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir» – deb yozsa, Taqiuddin ibn Taymiya «Abu Iso at-Termiziy birinchi boʻlib hadislarni sahiyh, hasan, zaifga taqsim qilgan olimdir», – deb guvohlik beradi.
Mehriniso Abdisalim qizi Xolmamatova,
TerDU, Pedagogika va psixologiya taʼlim yoʻnalishi 2-bosqich talabasi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar. – Тoshkent: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashryoti, 2017.
2. Mamadaliyev Saidazam. Mutafakkirlar Imom Termiziy. – Тoshkent: Tafakkur, 2009.
3. Choʻtmatov J. “Imom Abu Iso Termiziy” hayoti va ijodi sahifalari. – Тoshkent: Oʻzbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi nashriyot-manba birlashmasi, 2019.
Izoh qoldirish