04.04.2024

RAMAZON XAYR-EHSON OYIDIR

Yangi O‘zbekiston shiori ostida Uchinchi Renessans tomon harakat qilayotgan mustaqil mamlakatimizda oxirgi yillarda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida xalqimizning har bir a’zosini ham ma’nan, ham moddiy nuqtai nazardan qo‘llab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Zero, muqaddas dinimizda, Qur’oni karim va hadisi shariflarda inson qadri eng yuksak martabaga qo‘yiladi. 

Dinimizda insonga, uning qadr-qimmatiga qaratilgan mana shunday go‘zal e’tibor zamirida insonni nafaqat ruhiy-ma’naviy jihatdan, balki ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi yotadi. Bu ezgu g‘oyalar ayniqsa muborak Ramazon oylarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Zero, Ramazon rahmat, mehr-muhabbat, muruvvat oyidir. Bu oyda qilinadigan savob amallarning ajru mukofoti beqiyosdir. Bu oyda qilingan xayr va ehsonlarning mukofoti ham ulug‘roq darajadadir. Shu nuqtai nazardan Ramazon oyi savob ishlar umidida bo‘lgan saxovatpesha insonlar uchun eng qulay imkoniyatdir. 

Ramazon oyining fazilatlari borasida Abu Hurayra raziyallohu anhudan qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz shunday deganlar: “Ramazon oyi boshlanganda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi”. Ushbu hadisda keltirilgan ta’rif orqali ham Ramazon oyining mo‘min-musulmonlar uchun naqadar fazilatli oy ekanligi ravshanlashadi.

Yurtboshimiz tomonidan har yili mamlakatimizda Ramazon oyini munosib kutib olish maqsadida maxsus qaror qabul qilinib, ushbu qaror asosida Ramazon oyida dinimizga xos bo‘lgan odamiylik, do‘stlik, mehr-oqibat, saxovat va muruvvat g‘oyalari namoyon bo‘ladi. O‘tganlar yod etilib, ularning ortlarida qolgan oila-a’zolariga moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi.

Joriy yil 8-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ham ona zaminimizda ushbu muborak oyni har tomonlama ko‘tarinki ruhda o‘tkazish borasida huquqiy asos vazifasini bajarmoqda. Har yili mamlakatimizda ushbu muborak oyda Ramazonning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson qadrini ulug‘lash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi. Moddiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan yurtdoshlarimizning xonadonlarida, mahallalarda iftorlik dasturxonlari tashkil etilib, bemorlarning holidan xabar olinadi, masjidlarimizda Qur’oni karim xatmlari amalga oshiriladi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun duolar qilinadi. 

Kuni kecha yurtboshimiz ishtirokida butun mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan iftorlik dasturxoni ham Ramazon oyining mohiyatida aks etgan bahamjihatlik, birodarlik, bag‘rikenglik g‘oyalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladigan tadbirlardan biri bo‘ldi. Tadbirda har bir vatandoshimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishi, uni mustahkamlash uchun sidqidildan harakat qilishi lozimligi, ehtiyojmand insonlarga nisbatan mehr-muruvvatli, saxovatli bo‘lishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi. Alloh taolo mukarram qilgan insonni moddiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar xalqimiz ongu shuurida dinimiz belgilab bergan go‘zal fazilatlarning mustahkamlanishiga, bahamjihatlik g‘oyalarining rivojiga, Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy-ma’rifiy poydevorga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i 

 

 

Izoh qoldirish