30.04.2024

ULUGʻ NEʼMATLARDAN BIRI

Insonlar tomonidan eng koʻp oʻylamasdan sarflanadigan neʼmatlardan biri vaqtdir. Vaqt har birimizga cheklangan bebaho neʼmatdir, uni munosib oʻrinlarga sarflash shart. Har bir inson bor imkoniyatini har bir soniyalardan unumli foydalanib qolish uchun sarflashga butun gʻayratini va diqqat-eʼtiborini qaratishi lozim. Eng bebaho sarmoyani bekorchi va befoyda narsalar uchun sovurish, oxirat hayotini xavf ostida qoldirishdan boshqa narsa emas. Shu sababdan gʻaflat pardalarini yirta olganlar uchun vaqt qiyoslab boʻlmaydigan neʼmatdir. Nafsini tozalamoqchi va qalbini poklamoqchi boʻlgan moʻmin, ajal soati nomaʼlum ekanligi sababidan har lahzasidan unumli foydalanib qolishni xohlab oʻzini hisob-kitob qiladi. Farididdin Attor aytganlaridek qoʻldan ketgan toʻrtta narsani qaytarib boʻlmaydi: bexosdan ogʻizdan chiqib ketgan soʻzni, kamondan otilib chiqqan oʻqni, sodir boʻlgan qazoni va behuda sarflangan umrni. Vaqtni munosib qadrlab, hushyor qalb ila foydalanish zarurdir. Quyidagi hadisda ham ushbu maʼno taʼkidlangan. Ibn Abbos roziyallohuanhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam: “Ikkita neʼmat borki, odamlarning koʻpi ulardan (foydalanishda) aldanib qolganlar: sogʻliq va boʻsh vaqt”, dedilar”. Shuningdek Muoviya ibn Qurra rahmatullohialayh esa: “Qiyomat kunida eng ogʻir hisob boʻsh vaqt uchun beriladigan hisobdir”, deganlar.

Hayot suv kabi oqib tez oʻtmoqda. Inson har lahzasini hisobga olib yashashi, nimani ustida jon topshirishni xohlasa oʻsha amalni koʻproq qilishi kerak. Har lahzada oʻlim farishtasi bilan uchrashishi mumkinligini hisobga olsa, vaqtini behuda isrof qilmay, balki ezgu amallar bilan mashgʻul boʻladi. Moʻmin kuchsiz boʻlmasligi, balki irodali boʻlishi va hikmat bilan ish qilishi lozim.

Berilgan neʼmatlar insondan uch narsani talab qiladi: uni yetarlicha qadrlashni, shukrini ado etishni, munosib tarzda goʻzal foydalanishni. Ortga surish shaytonning nayranglaridan hisoblanadi. Chunki shayton moʻminni dindan voz kechtira olmasligini yaxshi biladi va keyinga surish kabi xatarli uslubini ishlatadi. Ulamolardan birlari aytadilar: “Xayolga kelgan biror yaxshi amalga vorid (keluvchi) deyiladi. Agar qalbingiz eshigini biror vorid qoqsa va siz uni yaxshi kutib olib hurmat izhor etsangiz, xohishiga mos amal bilan iltifot koʻrsatsangiz, u yana qayta kelaveradi. Kelib, sizni boshqa yaxshi amallarga ham daʼvat etadi. Ammo aksi boʻlsa-chi? U juda oriyatli mehmon. Ortga qaytib ketadi-da, hargiz kelmaydi. Keyin esa qalbingizga solih va yaxshi amallar xayoli yaqinlashmaydigan boʻlib qoladi”.

Vaqtdan unumli foydalanish uchun tongdan to kechgacha boʻlgan fursatni rejalab chiqish, ishlarni muhimlaridan taqsimlash, rejadagi ishlarni bitkazib olgandan soʻnggina vaqt ortib qolsa, bekorchi narsalarga chalgʻimay zikrlar bilan mashgʻul boʻlish afzal amallardandir. Ortga surmaslik uchun esa turli uslublar bor: eng yengillaridan boshlash, 2 daqiqada qilib qoʻyish mumkin boʻlgan ishlarni joyida qilib keting, ishlarni yigʻmaslik. Keyin koʻrib olaman, keyin qilib olaman, jamlab qilaman degan xatarli oʻylardan yiroq boʻlish, har narsani oʻz vaqtida bajarish va boshqalar.

Darhaqiqat, boshlagan paytlarimizda nafsimizga malol va ogʻir kelishi mumkin. Irodali boʻlib, 20 kun tartibga amal qilsak, keyin u odatga aylanadi. Biz nafsimizni boshqarmasak, u bizni boshqaradi. Safar xaltamizni boʻsh holatda ketishiga imkon bermasligimiz lozim.

 

Muxlisa Ergashova Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ARM boʻlimi mutaxassisi

 

Izoh qoldirish