24.06.2024

ABDULLOH IBN MUQAFFANING “RISOLA AS-SAHOBA” ASARI – ISLOM TARIXIGA OID MUHIM MANBA

THE WORK OF ABDULLAH IBN MUQAFFA “RISALA AS-SAHABA” –  AN IMPORTANT SOURCE FOR THE HISTORY OF ISLAM

Annotatsiya: Ushbu maqolada VIII asrda yashab ijod qilgan mutafakkir, kotib va tarjimon Abdulloh ibn Muqaffaning “Risola as-sahoba” asarining manbashunoslik tadqiqi amalga oshirilgan. Islom siyosiy tafakkur tarixidagi islohotchilik ruhida yozilgan ilk asarlardan bir hisoblangan Ibn Muqaffaning ushbu risolasining mazmun-mohiyatini toʻliqroq tushunish uchun muallif yashagan muhitning siyosiy, ijtimoiy va ilmiy sharoitlarini yaxshiroq tushunish, siyosiy, ilmiy va madaniy oʻzgarishlarga eʼtibor qaratish lozim. Maqolada ushbu jihatlarga ahamiyat qaratilib, asar yozilishiga sabab bo‘lgan omillar va sabablar ochib berilgan.

Annotation: In this article, is carried out.the source studies of the work “Risala as-sahaba” by the thinker, writer and translator Abdullah ibn Muqaffa, who lived and created in the 8th century. In order to make the content of Ibn Muqaffa’s treatise more complete, which is considered one of the first works in the spirit of reformism in the history of Islamic political thought, it is necessary to further improve the social, social and scientific conditions of the environment in which the author lived, and pay attention to political, scientific and cultural changes. The article focuses on these aspects and reveals the factors and reasons that led to the writing of the work.

Tayanch so‘zlar: Abdulloh ibn Muqaffa, Risola as-sahoba, xalifa, qo‘shin, soliq siyosati, fiqh, din va aql.

Key words: Abdullah ibn Muqaffa, Risala as-sahaba, caliph, army, tax policy, jurisprudence, religion and intellect.

VIII asr islom tarixidagi ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-madaniy o‘zgarishlarga boy davr hisoblanadi. Ushbu asrda yashagan alloma, kotib va mashhur tarjimon Abdulloh ibn Muqaffa (724-759-y.) o‘zining qisqa umri davomida adab va siyosat ilmlariga doir “al-Adab al-kabir”, “al-Adab as-sag‘ir”, “Risola as-sahoba” kabi asarlar yozdi. Alloma asarlari orasida hajman kichik, ammo ko‘plab tadqiqotlar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan asari “Risola as-sahoba” risolasi bo‘lib, unda ilk Abbosiylar davridagi diniy, harbiy, siyosiy, ijtimoiy va moliyaviy jarayonlarning tahlili, mavjud kamchiliklar haqidagi mulohazalar bilan bir qatorda, oʻsha davr haqida ham boy tarixiy maʼlumotlar berilgan. Bu maʼlumotlar xurosoniylardan tashkil topgan qoʻshinning xususiyatlari, qoʻshin aʼzolarining maoshlari va soliq yigʻish usullari, huquqiy sohadagi ixtiloflar kabi turli sohalarni qamrab oladi. Ibn Muqaffa oʻlimining sabablaridan biri sifatida koʻrsatilgan ushbu risolada siyosiy, maʼmuriy, harbiy, moliyaviy, ijtimoiy va huquqiy muammolar va ularni hal qilish boʻyicha uning tavsiyalari, saroyning ichki muammolari, xalifaning vazir, hokim va amaldorlarni tanlashda eʼtibor berishi kerak boʻlgan masalalar borasida nasihatlar keltirilgan. Islom tarixiga oid boʻlgan koʻpgina manbalarda ushbu risola xalifa Mansur hokimiyat tepasiga kelgan 754-yildan Ibn Muqaffa vafot etgan 759-yilgacha boʻlgan davr oraligʻida yozilganligi taxmin qilinadi  [10: 153-b.].

Bugungi kunga qadar koʻp sonli tadqiqotchilarning qiziqishlariga sabab boʻlib kelayotgan ushbu risolani tahlil etilgan masalalar nuqtayi nazaridan quyidagi qismlarga ajratish maqsadga muvofiq:

  1. Amir al-moʻmininga maqtovlar aytish bilan boshlanuvchi muqaddima;
  2. Xuroson qoʻshini hamda uni toʻgʻri taʼlim-tarbiya berish orqali samarali nazorat qilishning zarurati;
  3. Harbiy xizmatdan foydalanish va undagi suisteʼmolliklar, qoʻshinga ish haqini muntazam toʻlab borishning ahamiyati;
  4. Iroqning ikkita yirik shahri – Kufa va Basra shaharlariga taalluqli masalalar va ularning xalifa amaldorlari bilan aloqasi;
  5. Huquqiy qarorlarning xilma-xilligi, uning salbiy oqibatlari va qonunlarni kodifikatsiya qilishning ahamiyati;
  6. Suriyani samarali nazorat qilish va uning fuqarolarini boshqaruv ishlariga jalb qilish;
  7. Xalifaning mulozimlarni oqilona tanlashi zarurati;
  8. Abbosiylar xonadoni masalalari va ularning muhim vazifalarni bajarish qobiliyati;
  9. Yerni boshqarish va davlatning soliq siyosati;
  10. Arabiston va uning turli mintaqalariga doir masalalar.

Ibn Muqaffa risola muqaddimasida xalifaga “Amir al-moʻminin” (“أمير المؤمنين” – “moʻminlar amiri”) deb murojaat qiladi va uni ulugʻlab, solihlikka, hashamatdan qochishga, adolatni saqlashga daʼvat etadi [4: 309-b.].  Muqaddima Qurʼoni karimning Yusuf surasi 101 oyatida keltirilgan Yusuf paygʻambarning hikoyasini keltirish bilan yakunlanadi: 

رَبِّ قَدْ آتَيْتَنِي مِنَ الْمُلْكِ وَعَلَّمْتَنِي مِن تَأْوِيلِ الأَحَادِيثِ فَاطِرَ السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ أَنتَ وَلِيِّي فِي الدُّنُيَا}{وَالآخِرَةِ تَوَفَّنِي مُسْلِمًا وَأَلْحِقْنِي بِالصَّالِحِينَ

- Parvardigorim, menga podshohlikni ato etding, yana (barcha) tushlarning taʼvil-taʼbirlaridan taʼlim berding. Ey osmonlar va Yerni yaratgan Zot, dunyoyu oxiratda Oʻzing Xojamdirsan. (Umrim bitib, sen Oʻzing belgilab qoʻygan ajalim yetganida) musulmon holimda jonimni olgin va meni ham solih bandalaring qatoriga qoʻshgin [1: 247-b.].

Shunga koʻra, Yusuf alayhissalom unga podshohlik bergani va tushlarni taʼbir qilishni oʻrgatgani uchun Alloh taoloning inoyatini tan olar ekan, Allohdan uning musulmon holida vafot etishini va oxiratda solihlar safiga qoʻshilishini soʻraydi. Ibn Muqaffa Qurʼon motividan foydalanish orqali bir tomondan xalifani solihlarga xos boʻlgan fazilatlarni egallashga daʼvat etgan boʻlsa, ikkinchi tomondan bu xalifaning eʼtiborini muhim masalalarga jalb qilishning maqsadga muvofiq yoʻli sifatida taʼriflanadi. 

Muqaddimadan soʻng Abbosiylar davlatining barqarorligi va davomiyligini taʼminlash maqsadida xalifaga beshta asosiy masala yuzasidan tavsiyalar keltiriladi:

 1.Xurosonliklardan iborat inqilobiy qoʻshinni davlatga qaram muntazam qoʻshinga aylantirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilash;

2. Diniy-siyosiy guruhlar va davlat oʻrtasidagi sogʻlom munosabatlarni taʼminlash maqsadida din-aql va din-davlat munosabatlariga sharhlar; 

3. Huquqiy sohadagi tartibsizliklarga barham berish uchun davlat tomonidan qonunlar chiqarish zarurati; 

4. Kuchli markaziy boshqaruvga ega Abbosiylar sulolasiga boshqaruvda yordam beradigan isteʼdodli shaxslarni aniqlash;

5. Buzilgan iqtisodiy tuzilmani tuzatish uchun soliq va yer islohotini amalga oshirish.

Alloma bu masalalarning barchasini koʻrib chiqishda avvalo muammolarni ochib beradi, soʻngra amaliy yechimlarni tizimli ravishda sanab oʻtadi. Ibn Muqaffa kotiblar tabaqasi vakili sifatida risolani yangi kuch – Abbosiylarning ijtimoiy-siyosiy ahvolini tahlil qilishdan boshlaydi.

Risolada birinchi boʻlib eʼtibor qaratilgan masala Abbosiylarning hokimiyat tepasiga kelishiga yordam bergan Xuroson qoʻshini masalasidir. Ahli Xuroson atamasi Umaviylarga qarshi siyosiy guruhga ham ishora qilgani bois, ular Abbosiylar davlati tashkil topgan yillarda Abbosiylarning asosiy tayanchi sifatida maydonga chiqdilar va tabiiyki, Abbosiylar davlati vujudga kelgach, harbiy va maʼmuriy sohalarda muhim mavqega ega boʻldilar [3: 98-b.]. Xurosoniylar abbosiy xalifalari tomonidan yuqori tabaqa vakillari kabi hurmatga sazovor boʻlib, koʻplab harbiy yurishlarga qoʻmondonlik qilganlar. Abbosiylar xalifaligining xurosoniylar bilan boʻlgan aloqalari boshidanoq shu qadar mustahkam boʻlganki, ular Abbosiylar boshqaruvi davridagi siyosiy voqealarning eng muhim unsurlariga aylangan. Ahli Xuroson Abbosiylarning inqilobiy qudratini ifodalash uchun Umaviylarning asosiy tayanchi boʻlgan ahli Shomga qarama-qarshi tushuncha sifatida ishlatilganligi sababli, bu risolada Umaviy-Abbosiy muxolifati ahli Xuroson va ahli Shom sifatida koʻrsatilgan. 

750-yilda hokimiyat abbosiylar sulolasi qoʻliga oʻtgach, qoʻshin masalasiga ahamiyat oʻzgardi. Ibn Muqaffaning qoʻshin haqidagi fikrlari turli qabila vakillari va qullardan tashkil topgan qoʻshinni muntazam qoʻshinga aylantirish, ularni tezda inqilob muhitidan chiqarib tashlash masalasiga qaratilgan. Inqilobdan keyin birinchi navbatda inqilobiy kuchlarni nazorat qilish va davlatni bu kuchlardan himoya qilish kerak. Ana shu tanqidiy ahamiyati tufayli Ibn Muqaffa qoʻshin va davlat munosabatlarini “sher ustidagi odam”ga oʻxshatadi. Chunki arslon nazorat qilinmasa, u davlatni parchalab tashlaydi [4: 311-b.]. Ushbu xavfni yengish uchun Ibn Muqaffa hukmdor armiyasining zobitlari va askarlarining vazifalarini aniq belgilab beruvchi va ushbu vazifalarni qoʻllab-quvvatlovchi dalillarni oʻz ichiga olgan qisqa, ammo toʻliq mexanizmni ishlab chiqishni taklif qiladi. Qoʻshin Qurʼoni karimda va ogʻzaki anʼanalarda, shuningdek asosiy diniy qoidalarda koʻrsatilgan va xalifa koʻrsatgan shaxsiy namunaga asosan qatʼiy hayot kechirishi shart. Shu sababdan risolada qoʻshin masalasi asosiy oʻrin tutadi. Yechim takliflariga oʻtishdan oldin, mavjud harbiy tizimning notoʻgʻri jihatlari keltiriladi. Bular:

- askarlarning bilimsizligi;

- qoʻshin va mahalliy boshqaruv organlari oʻrtasidagi vakolat va huquqlarning noaniqligi;

- qoʻmondonlarning qobiliyatsizligi;

- askarlarning moliyaviy ishlarga aralashishi va qoʻshinga maosh berish tizimining toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi.

Bu masalalar oʻz oqibatlari nuqtayi nazaridan dolzarbdir. Shu sababli, risolada davlat uchun oʻqitilgan va davlatga bogʻliq qoʻshin zarurligi taʼkidlanadi. Xalifalik uchun harbiy holat asosiy oʻrinda boʻlib, qoʻshinni isloh qilish va uning moddiy taʼminotini yaxshilash muhim masalalardan edi. Barkamol va tartibli qoʻshin tuzish uchun birinchi navbatda askarlarni din, adab va ilm vositasida tarbiyalash zarur. Buning uchun xalifa tomonidan qisqa, ixcham va tushunarli qoʻllanma tayyorlanishi va askarlarga uni oʻqitish kerak. Ushbu kitobda askarlar va ularning qoʻmondonlari amal qilishi lozim boʻlgan qoidalarni aniq belgilab berish, askarlar qilishlari mumkin boʻlgan va taʼqiqlangan masalalar tushuntirilishi darkor. Qoʻmondonlarni solihlar orasidan tanlab olish orqali ham qoʻshinda tartib taʼminlanishi, ham xalq orasidagi obroʻ-eʼtibori oshishi mumkin. Harbiy tizim ana shu qoidalarga muvofiq harakat qilmasa jazolanadi. Bu tarbiyaning asosi Qurʼon va hadislardan kelib chiqqan diniy tamoyillar boʻlishi kerak. Shu bilan birga, bu oʻquv mashgʻulotlari askarlarga dinning mazmun-mohiyatini toʻgʻri anglash uchun yetarlicha maʼlumot berib, ularni ishonchli, pokiza va kuchli feʼl-atvorga ega boʻlishlarini taʼminlashi lozim. Qoʻshin va xalifa oʻrtasidagi eng mustahkam rishta boʻlgan dinning toʻgʻri talqinini askarlar ongiga singdirish orqali ularning ongi ravshanlashib, toʻliq itoatkorligi taʼminlanadi  [5: 51-b.]. Abbosiylar hukmron boʻlgan yillarda koʻplab diniy va siyosiy oqimlar mavjud boʻlganligini inobatga olsak, tizimda bunday asosning mavjudligi inqilobiy kuchlar va qoʻshin aʼzolarining turli oqimlarga tushib qolmasligi uchun ham himoya vazifasini bajaradi. Ibn Muqaffa tomonidan qoʻshinga diniy tarbiya berish borasidagi takliflar xalifa Mansur tomonidan qanchalik darajada qabul qilinganligi maʼlum boʻlmasa-da, ammo keyinchalik Nizomulmulkning (vaf. 485/1092-y.) “Siyosatnoma” asarida keltirilgan ushbu masala taʼsirida Somoniylar, Misr mamluklari va Usmoniylar davlati qoʻshinga sogʻlom eʼtiqodni shakllantirish, toʻgʻri diniy tarbiya berish masalasiga katta ahamiyat qaratdilar [10: 150-b.].

Ibn Muqaffa askarlarni maosh tizimiga biriktirib, moliyaviy ishlardan ozod etishni, keyin esa qoʻshinni moliyaviy va ijtimoiy ishlardan chetlatishni, yer soligʻini undirish bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻymaslikni qatʼiy tavsiya qiladi. Qoʻshinning soliq yigʻish ishlariga jalb etilishi harbiy kasbning qadr-qimmatiga mos kelmaydi va fuqarolik xavfsizligi uchun xatarli holat hisoblanadi. Chunki harbiylarning xalqdan pul yigʻishga aralashib, odamlar bilan yuzma-yuz boʻlib turishi, tovlamachilik kabi ishlar ularning shaʼniga soya soladi. Qolaversa, askarlar har qanday nohaqliklarni qilishsa ham, harbiy taʼsiri tufayli ularga toʻsqinlik qiladigan, adolatsizliklariga chek qoʻyadigan boshqa kuch yoʻq. Shuning uchun qoʻshin faqat urush va harbiy xizmat bilan shugʻullanishi, maoshlari esa xazina hisobidan berilishi kerak [4: 313-b.]. Shundan kelib chiqib, risolada davlatga biriktirilgan mukammal qoʻshin loyihasi taklif qilinadi. 

Risolada keltirilgan qoʻshin, uning tarbiyasi kabi masalalar negizida nafaqat harbiy muammolarga bagʻishlangan istiqbol, balki bir qator diniy sabablar ham yotadi. Shu nuqtayi nazardan, Ibn Muqaffaning “Risola as-sahoba” asarini qurolli kuch va eʼtiqod tizimi oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlikni koʻrsatib bergan dastlabki risolalardan biri sifatida ham koʻrish mumkin [7: 138-b.].

“Risola as-sahoba” asarida tahlil qilingan masalalardan yana biri din va aql oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlardir. Risolada bildirilgan fikrlar islom tafakkuri tarixi davomida keng bahs-munozaralarga sabab boʻlganligi va shu maʼnoda aql-din munosabatlarini tizimli ravishda koʻrib chiquvchi eng qadimgi manbalardan biri boʻlgani uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Unga koʻra, din ham, aql ham bir-birini toʻldirish va inson hayotini yaxshilash uchun Alloh tomonidan yaratilgan va ularning tabiati shunga qarab belgilab berilgan. Shuning uchun aql va din oʻrtasida hech qanday ziddiyat boʻlishi mumkin emas. Din oʻz tabiatiga koʻra eʼtiqod masalasi boʻlib, u shu jihati bilan shaxsiy tafakkurdan farq qiladi. Boshqa tomondan, shaxsiy fikrlar munozara va muzokaralar uchun ochiqdir, chunki ularda hech qanday aniqlik yoʻq. Ikkinchi tomondan, aql asosida barcha haqiqatlarni bilib boʻlmaydi. Bu xulosaga kelishda Ibn Muqaffa ishlatgan eng muhim asos aqlning cheklanishiga asoslanadi:

 “Alloh azza va jalla ato etgan buyuk neʼmat – aql boshqaruv sanʼatini mukammal bilmaguncha, Alloh roziligiga erishmaguncha va uni boshqa bir neʼmat – din bilan mukammal qilmaguncha, insonga hech bir manfaat keltirmaydi” [4: 313-b.].

Ibn Muqaffa islom ilmlari taraqqiyotida aqlning ahamiyatiga alohida urgʻu bergan allomalardan biridir. Islom tamoyillariga koʻra, aql va din insoniyatni qoʻllab-quvvatlovchi, dunyoviy ishlarni tartibga soluvchi va oxiratda saodatga erishtiruvchi ikki muhim qadriyatdir. Aql insonga berilgan buyuk neʼmat va fazilat boʻlsa ham, hidoyatga erishish va Allohning roziligiga erishish uchun yetarli emas. Buning uchun u din orqali qoʻllab-quvvatlanishi lozim. Aqlning ana shu xususiyatidan kelib chiqqan holda, Ibn Muqaffa aqlni ham din kabi kelib chiqishi ilohiy ekanligini va uning quvvati chegaralanganligini taʼkidlaydi.

Bu tahlillardan soʻng Ibn Muqaffa tuzumning barqarorligini taʼminlash uchun diniy-siyosiy guruhlar va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda tamal toshi sifatida haqiqiy eʼtiqod tushunchasini qoʻyadi. Aynan shuning uchun ham aytish mumkinki, toʻgʻri eʼtiqod davlat barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Islom diniga koʻra, boshqaruv tizimining asosiy tamoyillari adab va eʼtiqoddan mustaqil emas, balki oʻzaro aloqadordir. Shu sababdan islomda diniy eʼtiqodlar, ijtimoiy-siyosiy masalalar va axloqiy tamoyillarning aloqadorligi masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi. Dinning maqsadi insonlarni toʻgʻri bilim bilan qurollantirish, ularni sogʻlom eʼtiqod, solih amal va goʻzal axloqqa yoʻnaltirish orqali sogʻlom jamiyat yaratishdir. Shaxsning eʼtiqod tamoyillari, ijtimoiy muhit va shaxs axloqi oʻrtasida muhim taʼsir mavjud boʻlganligi sababli, din shaxs va jamiyat hayotiga chuqur taʼsir koʻrsatadigan hodisa sifatida qabul qilingan.

Bu haqiqatni Ibn Muqaffa oʻz siyosiy dasturining asosiy manbaiga aylantirgan holda, davlat va turli guruhlar oʻrtasidagi buzuq gʻoyalarni ulamolar vositasida oldini olish mumkinligini va bular orqali odamlarga toʻgʻri islomiy eʼtiqodni oʻrgatish, ijtimoiy axloqni yoyish lozimligini taʼkidlaydi. Buning natijasida umuman hukumatdan uzoqda boʻlgan ulamolar davlatdan maosh oluvchi davlat xizmatchilariga aylantiriladi [6: 269-b.].

Risoladagi eng diqqatga sazovor masalalardan biri huquq sohasidagi takliflar boʻlib, Ibn Muqaffa ushbu jarayondagi muammolarni tahlil qiladi, ularni hal qilish uchun oʻz takliflarini ilgari suradi. Soʻz yuritilayotgan davrda xalifalikning turli shaharlarida hali ham yagona qonunchilik tizimi amal qilmaganligi sababli nafaqat bir necha shaharlar orasida, balki bir shaharning ichida ham oʻzaro kelishmovchiliklar, xilma-xilliklar mavjud edi. 

Risolada huquq sohasidagi chalkashliklarga yechim sifatida xalifalikdagi barcha qozilar tomonidan chiqarilgan qarorlarni markazga toʻplash, soʻngra ularning ichidan eng munosiblarini tanlab, ularni kitob holiga keltirish va ushbu kitobni barcha qozilarga namuna sifatida yuborgan holda, unga binoan faoliyat olib borish majburiyatini yuklash taklif qilinadi [4: 317-b.]. Davlat rahbarini qonun majmuasi ustida ishlash, ayniqsa maʼmuriy, harbiy va moliyaviy sohalardagi beqaror vaziyatdan chiqish uchun tashabbus koʻrsatishga chaqiriladi. Bu takliflar davlat va uning turli muassasalarida mujassamlangan va ular tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan qonun tushunchasini himoya qiladi. Zero, qonunni bir xil va izchil talqin qilish va ijro etish orqali oʻzboshimchalik va qonun sohasidagi xilma-xillikning oldi olinadi  [8: 21-b.].

Ibn Muqaffaning ushbu taklifi xilma-xil qonunlarni bir xilda qoʻllashni taʼminlash orqali markaziy hukumatning obroʻsini himoya qiladi, bu esa oʻzboshimchalik bilan boshqaruvni cheklaydi. Natijada, uning taklifi devon tizimini davlat hokimiyati organi sifatida kuchaytirishda muhim rol oʻynaydi.

Ibn Muqaffaning qonunchilik tizimini isloh qilish borasidagi chaqiriqlari eʼtibordan chetda qolmadi. Jumladan, xalifa Mansurning tavsiyasi bilan huquqiy sohadagi ixtiloflarni bartaraf etish maqsadida mashhur faqih Molik ibn Anas (vaf. 179/795-y.) tomonidan “Muvatto” asarining yozilganligi, allomaning xiroj siyosatini isloh qilish borasidagi chaqiriqlariga javoban keyinchalik xalifa Horun ar-Rashid diniy ulamo, islom tarixida “Qozi al-quzzot” (قاضي القضاة – Bosh qozi) unvoni berilgan ilk faqih Abu Yusufga (731-798-y.) xiroj toʻgʻrisida bir kitob yozishni buyurganligi fikrimizning yaqqol isbotidir [11: 363-b.].  Abu Yusufning xalifa buyrugʻiga koʻra yozilgan “Kitob al-xiroj” asarida Ibn Muqaffaning xiroj yigʻish va yer islohoti borasidagi takliflari yanada rivojlantiriladi [9: 244-b.].  Shuningdek, islom tarixidagi mashhur siyosatchi va fiqh olimlaridan hisoblangan Abulhasan Ali ibn Muhammad al-Movardiyning (974-1058-y.) taxminan 1045-1058-yillar oraligʻida yozilgan “al-Ahkom as-sultoniyya” (الأحكام السلطانية), “Adab al-vazir” (أدب الوزير) kabi asarlaridagi qoʻshin va uning boshqaruvi, xiroj va yer siyosati, qonunchilikdagi islohotlar kabi masalalarda Ibn Muqaffaning “Risola as-sahoba” asarining taʼsiri namoyon boʻladi  [2: 430-b.]. Umuman olganda mutafakkirning mazkur risolasi tadqiqotchilarga islom tarixidagi siyosiy boshqaruvga oid muhim muammo va masalalarni chuqur oʻrganishida va keng tahlil qilishida qimmatli manba boʻlib xizmat qiladi.

 

Sarvar SAIDOV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi 

Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va izohlar muallifi Abdulaziz Mansur. – Toshkent: Sano-standart, 2019. – 624 b.
  2. Abulhasan Ali ibn Muhammad al-Movardiy. Al-Ahkom as-sultoniyya. – Quvayt: Dor Ibn Qutayba, 1989. – 430 b.
  3. Amikam Elad. Aspects of the Transition from Umayyad to the Abbasids Caliphate. JSAI (Jerusalim studies in Arabic and islam). 19. 1995. – 135 p.
  4. Ibn Muqaffa Abdulloh. Asar Ibn Muqaffa. (Risola as-sahoba) – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1989. – 340 b.
  5. Lambton A. State and Government in Medieval Islam. An introduction to the Study Islamic political theory: the jurists. Oxford: Oxford University Press, 1981. – 392 p.
  6. Melhem Chokr. İslamʼın Hicri İkinci Asrında Zındıklık ve Zındıklar. Istanbul: 2002. – 475 s.
  7. Mustafa Demirci. “Emevîlerden Abbâsîlere Geçiş Sürecinin Bir Tanığı: Abdullah İbnüʼl-Mukaffâ ve “Risaletuʼs-Sahabesi” Dokuz Eylül Üniversitesi İlahiyat Fakültesi Dergisi. Sayi: XXI, — İzmir: 2005. – ss. 120-148.
  8. Najm ad-din Yousefi. Islam without Fuqaha: Ibn al-Muqaffa and his Perso-Islamic Solution to the Caliphateʼs Crisis of Legitimacy (70-142 AH/690-760 CE). Iranian Studies. 2015. – P. 37.
  9. Qozi Abu Yusuf Yaʼqub ibn Ibrohim. Kitob al-xiroj. – Bayrut: Dor al-maʼrifa, 1979. – 244 b.
  10. Shelomo Dov Goitein. Studies in Islamic history and institutions. – Leiden: Koninklijke Brill NV incorporates the imprints Brill. Hotei Publishing, 2010. – 415 p.
  11. Ханна ал-Фахури. История арабской литературы. – Москва: Издательство иностранной литературы, 1959. – 366 с.

 

Izoh qoldirish