05.07.2024

YANGI OʻZBEKISTONDA MAʼNAVIY QADRIYATLAR TAKOMILLASHUV JARAYONI

Maʼlumki, insoniyat uchun barcha eʼzozda boʻlgan omillar qadriyat sanalib kelinadi. Uning tarkibida millatning maʼnaviy boyliklari hisoblanmish axloqiy qoidalar, anʼana-yu bayramlar, udumlar bilan bir qatorda moddiy qadriyatlari ham hurmatga musharraf hisoblanadi. Ammo davr, tuzum nuqtai nazaridan ularga doim ham bir xil munosabat bildirilmaydi. Ajdodlarimizdan meʼros qolgan tarixiy inshootlar: madrasa-yu maqbaralar, masjidlar ham asrlar davomida turli sinovlardan oʻtdi. 

Mustamlakachilik yillarida xalqning maʼnaviy qadriyatlari bilan barobar ushbu moddiy qadriyatlarning qimmati bir muncha tushirildi. Noloyiq munosabatlar sabab ularning baʼzilari yarim xaroba holatiga kelib qoldi, baʼzilari esa umuman yoʻqolib ketdi. Xalqning madaniy qadriyatlari, maʼnaviy merosi ming yillar davomida sharq xalqlari uchun qudratli maʼnaviyat manbai boʻlib xizmat qildi. Uzoq vaqt davom etgan qattiq mafkuraviy tazyiqqa qaramay, Oʻzbekiston xalqi avloddan avlodga oʻtib kelgan oʻz tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda oʻziga xos anʼanalarini saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Biroq, shuni ham taʼkidlash kerakki, maʼnaviy qadriyatlarni hamda xalq uchun muqaddas boʻlgan diniy qadriyatlar va anʼanalarni qaytadan tiklash, oʻzligimizni anglash ancha murakkab sharoitda eski imperiya tuzumi barbod boʻlgan va yangi ijtimoiy munosabatlar qaror topayotgan sharoitda yuz berdi.

Mustaqillikni mustahkamlash sharoitida maʼnaviy qadriyatlar takomillashuviga alohida eʼtibor berilmoqda. Bunday vaziyatni hisobga olgan mustaqil Oʻzbekiston davlati, maʼnaviy tiklanishning ijobiy bunyodkorlik mohiyatini kuchaytirishga qaratilgan, bir-birini toʻldiradigan siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy dasturlarni ishlab chiqdi va amalga oshirdi. Ushbu dasturda oʻtmish qadriyatlarimizni tiklashda umuminsoniy qadriyatlarni boyitadigan hamda jamiyatimizni demokratiyalash va yangilash talablariga javob beradigan, axloq jihatdan ahamiyatli anʼanalarni, urf-odatlarni tanlab olishga asoslandi. Xalqimiz adolat, milliy iftixor, tenglik, ahil qoʻshnichilik, doʻstlik, insonparvarlikning nozik kurtaklarini asrlar osha avaylab-asrab kelmoqda. Oʻzbekistonni yangilashning oliy maqsadi ana shu anʼanalarni qayta tiklash, ularga yangi mazmun bagʻishlash, zaminimizda tinchlik va demokratiyani, farovonlik, madaniyat, vijdon erkinligi va har bir kishini kamol toptirishga erishish uchun shart-sharoitlar yaratishdir. Maʼnaviy qadriyatlarni tiklash va takomillashuv jarayonida xalqimiz istiqlol tufayli, siyosiy davlat mustaqilligini qoʻlga kiritdi, oʻz taqdirini oʻzi belgilashning chinakam egasi boʻldi, oʻzining maʼnaviy tarixiy ildizlarini oʻrganish imkoniyatiga muyassar boʻldi. Xalqning, oʻlkaning, davlatimizning, hududining xolisona tarixini tiklash oʻzlikni anglashda, milliy iftixorni tiklashda gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻldi. Tarix millatning haqiqiy tarbiyachisiga aylanib bormoqda. Buyuk ajdodlarimizning ishlari va tajribalari tarixiy xotiramizni jonlantirib, yangi fuqarolik ongini shakllantirmoqda, axloqiy tarbiya va ibrat manbaiga aylanmoqda. Milliy qadriyatimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning madaniy meroslariga eʼtibor qaratildi. 

Inson uchun qadrli tushunchaning nechogʻlik ulugʻvorligi haqida istiqlol yillarida muhaddis olim Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning ilm, din yoʻlida qilgan ulkan ishlari munosib baholandi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 29-apreldagi «Imom al-Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim boʻyicha 1225 yilligini nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori asosida maqbara oʻrnida maxsus yodgorlik majmui barpo etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida yaratilgan loyiha asosida yodgorlik majmui Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Andijon, Namangan, Qoʻqon, Shahrisabz xalq ustalari tomonidan 1998-yilda qurildi. Maqbara markazida oniks toshdan ishlangan sagʻana oʻrnatildi. Hozirda ushbu qadamjoni kuniga yuzlab mahalliy aholi va sayyohlar ziyorat qiladi, majmua masjidida juma va hayit namozlari oʻqiladi.

XVI asr inshootlari durdonasi hisoblanmish, Shamsiddin Muhammad Kurtiy, Xoja Yusuf Qoshgʻariylar singari oʻz zamonasining еtuk olimlari dars bergan Toshkentdagi “Koʻkaldosh” madrasasi ham turli zilzilalar, urushlar oqibatida oʻz jilosini yoʻqotgan edi. Rus hukumati davrida madrasa taʼmiri jarayonida yoʻl qoʻyilgan loqaydliklar sabab bino dastlabki koʻrinishini yoʻqotdi. Hujralar esa omborxona va ustaxonalarga aylantirildi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va madrasaga tushgan xayr-ehsonlar, shahar hokimiyati koʻmagi bilan katta taʼmirlash ishlari olib borildi. Madrasa faoliyat boshlanganidan to 1999-yilga qadar “Koʻkaldosh madrasa masjidi” deb nomlangan edi. 1999-yilda esa Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yangi Nizom tasdiqlanib, 1999-yil 18-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida rasmiy roʻyxatdan oʻtgandan soʻng “Koʻkaldosh Toshkent islom oʻrta maxsus bilim yurti” deb nomlandi. Bilim yurti 1999-yil 10-oktabrda maxsus ruxsatnoma olib, 1-noyabrdan rasmiy faoliyat koʻrsata boshladi. 

XV asrga oid Shayx Xovandi Tohur maqbarasi va uning shimoli-gʻarbiy tarafida joylashgan 1487-1502-yillarda qurilgan Toshkent hokimi va Zahiriddin Muhammad Bobur bobosi Yunusxon maqbarasi ham mustaqillik yillarida yana obod etildi. Ushbu maqbaralar joylashgan hududda 1999-yil Oʻrta Osiyoda yagona hisoblanmish Toshkent islom universiteti tashkil etildi. “Zangi ota” majmuasi ham toʻliq taʼmirdan chiqarilib, eng soʻlim goʻshalardan biriga aylantirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 26-yanvaridagi farmoyishiga asosan qayta tiklangan va 1998-yil 16-iyulda roʻyxatdan oʻtkazilib foydalanishga topshirilgan “Xoja Ahror Valiy” jomeʼ masjidi, 1995-1997-yillarda butunlay qayta qurilgan “Shayx Zayniddin buva” masjidi bugun mamlakatda diniy erkinlik timsollari sifatida shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda.

Bunday bunyodkorlik ishlariga, qadimiy meʼmoriy yodgorliklarni asrab-avaylashga yoʻnaltirilgan loyihalarga koʻplab misollar keltirish mumkin. Ana shunday saʼy-harakatlar evaziga 1991-yilda Xivadagi Ichanqalʼa qoʻriqxonasidagi, 1993-yilda Buxoro shahri markazidagi, 2000-yilda Shahrisabz shahri markazidagi yodgorliklar YUNESKOning “Umumjahon madaniy merosi” roʻyxatiga kiritildi. Yana shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, mustaqillik sharofati bilan nafaqat koʻhna obidalar tiklanyapti, balki ular safiga yangidan yangi maqtasa arzigulik inshootlar ham qoʻshilyapti. Muhtasham “Bunyodkor” stadioni, Oʻzbekiston boʻyicha musulmon dinining eng yirik markazlaridan biriga aylangan, anʼanaviy sharq uslubida qurilgan “Minor” masjidi, “Yangi Oʻzbekiston bogʻi” shular jumlasidandir!

Xalqimizning etnik madaniy va diniy qadriyatlarini tiklanishi, maʼnaviy uygʻonishining yana bir bitmas tugamas manbai boʻldi. Ming yillar davomida Markaziy Osiyo gʻoyat xilma-xil dinlar, madaniyatlar va turmush tarzlari va tinch-totuv yashagan markaz boʻlib kelgan. Oʻzbek xalqi ruhining tiklanishi, millatning maʼnaviy-axloqiy gʻoyalarining shakllanishi chuqur milliylik bilan umuminsoniylik chambarchas boʻlgan hodisadir. Maʼnaviy qadriyatlarning tiklanishida oila va qarindoshlik munosabatlari odobini yangilash, qayta tiklash muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoda yashagan ajdodlarimiz merosiy anʼanalariga gʻamxoʻrlik qilish mustaqillik davrining asosiy axloqiy qoidasi boʻlib qoldi. Oila qadriyatlari va qon-qarindoshlik munosabatlarini qayta tiklanishi har bir oilaning iqtisodiy-madaniy va kasb jihatdan erkin boʻlishi imkoniyatini anglatadi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari borasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha asosiy gʻoya va qoidalarini oʻz ichiga singdirgan. Oʻzbekistonda yashovchi har bir inson fuqarolik huquqiga ega hech kim fuqarolikdan yoki fuqarolikni oʻzgartirish huquqidan mahrum etilishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega boʻlganidan qatʼiy nazar hamma uchun tengdir. Fuqarolik har bir insonga respublikaning iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy turmushida mumkin qadar toʻlaroq ishtirok etish imkonini beradi. 

Maʼnaviy qadriyatlarning dunyoviy mazmuni shundaki, jahon hamjamiyatining mustaqil Oʻzbekistonni tan olishi oʻzbek xalqining maʼnaviy qadriyatlarini tiklanishiga, oʻzini boshqa xalqlar orasidagi toʻla huquqli millat sifatida anglay olishiga kuch bagʻishladi. Agar biror mamlakat haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlishni istasangiz, uning maʼnaviy qadriyatlari haqida maʼlumotga ega boʻling. Har qanday yuksak maʼdaniyat shakllangan jamiyatda didi yuksak shaxslar mavjud boʻladi. Jamiyatning nechogʻlik maʼdaniyatlashgani maʼnaviy qadriyatga ega boʻlganligi bilan emas, Milliy qadriyatimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning madaniy meroslariga eʼtibor qaratilganligi bilan baholanmogʻi lozim, deb oʻylayman. Millat va jamiyat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan illatlarning barchasi fikrsizlikdan paydo boʻladi. Qayerdaki maʼrifat-u maʼnaviyat haqida faqat ogʻizda aytilsa, faqatgina kitoblarda aks etsa, oʻsha еrda fikrsizlik urchiydi. Oʻzbek xalqining didi yuksak maʼnaviyatga asoslangan. Jahon hamjamiyati mamlakatlari bilan mustaqil Oʻzbekistonning oʻzaro aloqalari oʻzbek xalqi xususan yoshlar salohiyatiga ularning ilm-fan sirlarini oʻrganishida yangi imkoniyatlar ochdi. Shuning uchun ham hozirgi kunda xorijiy xalqlarning madaniy qadriyatlaridan tanlab foydalanishga ehtiyoj kuchaymoqda. Maʼnaviy qadriyat maʼrifatli xalqimizning koʻp asrlik tarixi davomida doimo uning eng kuchli oʻziga xos xususiyati boʻlib kelgan. Oʻzbek xalqining kelajagi, eng avvalo, oʻzining maʼnaviy qadriyatiga va milliy ongining ijodiy kuchiga bogʻliq. Shu uchun ham moddiy farovonlikka tabiiy intilish millatning maʼnaviy va axloqiy oʻsish ehtiyojiga toʻsqinlik qilmasligi lozim. Mustaqillik mamlakatimiz aholisining bilim doirasini kengaytiruvchi maʼnaviy tiklanish, fikrlash tarzini mustaqillik ruhi belgilaydigan yangi avlodga mansub ijobiy ziyolilarning paydo boʻlishiga olib keldi. Demokratik taraqqiyotni hozirgi sharoitda yoshlarni maʼnaviy tarbiyalashda milliy va jahon bilimining eng yaxshi tomonlarini keng targʻib qilish va ommalashtirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Xalqning maʼnaviy tiklanishi yangicha tafakkur tarzi maʼnaviy qudrati va milliy ongining ijodiy kuchi mustaqillikning istiqbolini belgilab bermoqda, jamiyatning jahon hamjamiyatiga qoʻshilib borishini taʼminlamoqda. 

Hozirgi kunda oʻzbek xalqi insoniyat tarixida oʻxshash andozasi boʻlmagan murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yaʼni nafaqat iqtisodiy hayotimizda, balki, ong-tafakkurimizda ham yangilanish, oʻzgarish jarayonlari kechmoqda. Milliy mustaqillik ozodlik yoʻli erkin hayot uchun kurash aslida mana shunday mashaqqatli boʻladi. 

Kishilik jamiyati paydo boʻlgandan boshlab insonlar oʻzlarining yashash sharoitlarini yaxshilashga, uni adolat qoidalari asosida tashkil qilishga intilganlar. Uning yoʻllari, usullari izlab kelingan. Ular oʻzlarining bu urinishlarini muayyan gʻoyalar orqali ifoda etishga intilishgan. Binobarin, toki hayot mavjud ekan mamlakatlar, xalqlar va ulaning mafkuralari bor ekan, ular oʻz taraqqiyoti yoʻlini ertangi kun ufqlarini oʻzining milliy gʻoyasi, milliy mafkurasi orqali belgilab olishga intiladi. 

Xulosa oʻrnida aytganda, tarixiy yodgorliklarning davlat nazorati ostiga olinganligi, ajdodlar meʼrosiga chuqur hurmat bildirilishi va moddiy qadriyatlarga nisbatan yosh avlod qalbiga mehr urugʻining sepilishi mamlakat mustaqilligini yanada mustahkam boʻlishiga katta hissa qoʻshadi. Shu bilan bir qatorda ular nafaqat oʻzbek millatining, balki butun bashariyatning ulkan boyligi sifatida kelajakka yuz tutadi. Ular oʻzga davlatlar nigohida oʻzbek millatining kim boʻlgani va kim ekanligi haqida shohidlik berib turadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar mehr-oqibat, hamjihatlik, bagʻrikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlaydi, yosh avlodni milliy anʼanalarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Temirov Sheroz Toʻrayevich,

BMTI “Arxitektura-qurilish” fakulteti YoM va MMIB dekan oʻrinbosari

 

Izoh qoldirish