DO‘STING BO‘LSA, BOG‘ING CHAMANDIR
Inson borku, bu yorug‘ olamda doimo do‘st va birodarlarga ehtiyoj sezib keladi. Zero, do‘stu birodarlar dunyoning foydali, xayrli insonlaridir, ular farovonlik ziynati, kuch-quvvat manbai, dunyo va oxiratda saodatga erishishga ko‘makchilardir. Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarini o‘zaro do‘st-birodar bo‘lib yashashga da’vat etib, shunday deb marhamat qiladi: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar” (Tavba surasi, 71).
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning bir qancha hadisi shariflarida ham o‘z do‘stiga go‘zal munosabatda bo‘luvchilar Alloh taoloning nazdida eng sevimli bandalar qatorida ekanligi ta’kidlanadi. Rasululloh agar do‘stlar o‘rtasida qandaydir janjal bo‘lsa, o‘zaro munosabatlarga putur yetkazmaslik uchun gina-kudurat uch kundan ortiq davom etmasligi kerakligini aytib, yarashuv sari birinchi qadam qo‘ygan kishini ham olqishlaganlar.
Darhaqiqat, bu dunyoda do‘stlar suhbatiga teng kela oladigan xursandchilik, ularni yo‘qotishga teng kela oladigan g‘am-qayg‘u yo‘qdir. Xursandchilikka, yaxshi hayotga va chiroyli maqtovga eng munosib bo‘lgan inson uyi doimo solih do‘stlarga to‘la bo‘lgan, birodarlariga xursandchilik ulashadigan va bu orqali o‘zi ham xursand bo‘ladigan, do‘stlarining hojatlarini chiqaradigan insondir. Zero, fil botqoqlikka botib qolganda, uni botqoqlikdan faqatgina fillar chiqarganidek, inson ham baxtsizlikka duch kelsa, unga faqatgina haqiqiy do‘stlar yordam beradi. Ammo shuni ham yodda tutmoq kerakki, yaxshi do‘st inson umrining kamoliga xizmat qilsa, yomon do‘st inson hayotining zavoliga aylanadi. Zotan, buyuk Sharq mutafakkiri Abu Muhammad Abdulloh ibn al-Muqaffa o‘zining “Al-adab al-kabir” asarining “Do‘stlik” deb nomlangan bobida ta’kidlaganidek: “Yomon do‘stlar manfur dushmanlardan ham ko‘ra zararliroqdir”.
Aql sohibi faqatgina ilm, din va axloq borasida o‘zidan ustun turuvchilar yoki bu borada u bilan bir xil darajada bo‘lgan, o‘zini isloh qilishni maqsad qilib olgan insonlar bilan do‘st-birodarlik rishtalarini o‘rnatmog‘i lozim. Bunday do‘stlik natijasida inson o‘zidagi kamchiliklarni tuzatadi, fazilatlarini yanada mustahkamlaydi. Olijanoblikning ezgu sifatlari yagona maqsad yo‘lida birlashganlar va bir-birini qo‘llab-quvvatlovchilarning ishtirokisiz vujudga kelmaydi hamda rivojlanmaydi. Ezgu fazilat sohibi uchun solih xislatlarini o‘zaro baham ko‘radigan, uni rivojlantirib, mustahkamlaydigan insondan ko‘ra yaqinroq do‘st va qarindosh yo‘qdir. Shu sababli qadimgi donishmandlar johillar orasida o‘sgan aqlli insondan ko‘ra, oriflar orasida o‘sgan aqli noqis inson bilan do‘stlashish afzalroq deb hisoblaganlar.
Do‘stlarsiz hayot - bu qo‘llab-quvvatlashsiz va ishonchsiz hayot demakdir. Uy sotib olishdan oldin qo‘shnichilik, yo‘lga chiqishdan oldin do‘stlik munosabatlariga ahamiyat qaratgan kishi hayotda duch keladigan salbiy holatlar oldida yolg‘iz bo‘lishdan xalos bo‘ladi. Boshqa tomondan, hayotni mazmunli va go‘zal qiladigan do‘stlik munosabatlarini saqlab qolish yangi do‘stlik munosabatlarini o‘rnatishdan ko‘ra muhimroqdir. Hech qanday kuch sarflanmagan holda o‘rnatilgan do‘stona munosabatlar, garchi do‘stlik sifatida ko‘rilsa-da, doimiy do‘stlikka aylanish imkoniga ega emas. Aksincha, chin do‘stlik munosabatlari hamjihatlik, fidoyilik va sadoqat kabi fazilatlarni o‘z ichiga qamrab oladi.
Demak, birodarlik — qalblarning xursandchiligi, rohati, yolg‘izlik esa do‘stlik uchun xavf-xatardir, qalblar faqatgina ularga nisbatan bo‘lgan do‘stona, muloyim munosabatga suyanadi. Kimki do‘stlik o‘rniga yolg‘izlikni o‘ziga qabul qilsa, u o‘ziga zahmat va mashaqqat manbaini tilab olgan bo‘ladi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Izoh qoldirish