ILK OʻRTA ASRLAR DAVRI SHAHARLARINING PAYDO BOʻLISH TARIXI
Tarix faniga oʼrta asr tushunchasi uygʼonish davri mutafakkirlari tomonidan kiritilgan boʻlib, madaniyat yuksak taraqqiy etgan antik davr bilan uygʼonish davr oʼrtasidagi davrga nisbatan ishlatilgan. Oʼrta asrlar feodal еr egaligi munosabatlari davri boʼlib uch bosqichdan iborat: 1) ilk oʼrta asrlar (V–ІX asrlar); 2) rivojlangan oʼrta asrlar (ІX–XVasrlar); 3) soʼnggi oʼrta asrlar (XVІ–XVІІ asrning oʼrtalari) ni oʼz ichiga oladi.
Oʼrta Osiyoda oʼrta asrlar davrining dastlabki bosqichi yirik davlatlar–Kushonlar saltanati va Qangʼ davlati konfederatsiyasining inqirozi va ular ustiga xionitlar, kidaritlar va eftalitlar kabi koʼchmanchi qabilalarning ommaviy ravishda bostirib kirishi bilan boshlandi. Bu ikki davlatning tanazzuli Oʼrta Osiyo hududlariga Eron sosoniylarining istilochilik harakatini faollashtirdi. Ammo koʼchmanchi qabilalar, ayniqsa eftalitlar bunga yo’l qoʼymadi. VI asrning ikkinchi yarmida sosoniylar Oʼrta Osiyoda Turk xoqonligi bilan toʼqnashishga toʼgʼri keldi. Hokimiyatni oʼz qoʼliga olgan Gʼarbiy Turk xoqonligi 100 yil davomida butun Oʼrta Osiyo ustidan nazoratini oʼrnata oldi.
VII asrda Oʼrta Osiyo ijtimoiy va siyosiy hayotida yuz bergan feodallashish jarayonining rivojlanishi xoqonlikda ichki qarama-qarshiliklarning chuqurlashishiga olib keldi. Natijada, nomigagina hoqonlik hukmronligini tan olgan mahalliy sulolalar boshchiligidagi katta va kichik еr egaligi jadal rivojlandi. Jamiyatning ijtimoiy tarkibida oʼzgarishlar, katta еr egalari boʼlgan dehqonlar, badavlat savdogar va hunarmandlar tabaqasi paydo boʼldi. Ular oʼz navbatida shaharlarning vujudga kelishiga, koʼp tarmoqli hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishiga taʼsir oʼtkazdi.
Maʼlumki, Gʼarb bilan Sharqni bogʼlovchi muhim savdo yoʼli bilan Buyuk Ipak yoʼli («Gʼarbiy meridianal yoʼl») ining qadimgi Fargʼonadan oʼtgan yoʼnalishi ilk oʼrta asrlarga kelib, Oʼrta Osiyo shimoliy hududlarining ichki rayonlariga kirib bordi. Natijada Oʼrta Osiyoning chorvador qabilalari va oʼtroq aholisi oʼrtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar kuchaydi.
Savdo-sotiqni pul asosida rivojlanishiga keng imkoniyatlar yaratildi, tanga pul zarb qilishga boʼlgan ehtiyoj kuchayib, pul zarbxonalarining yangi markazlari paydo boʼldi. Oʼrta Osiyo bozorlarida Tohariston, Soʼgʼd, Ustrushona va Shosh tangalari keng muomalada boʼldi.
Ilk oʼrta asrlarda Oʼrta Osiyoda shahar hunarmandchiligi keng tarmoq otib rivojlanishda davom etdi. Samarqand, Buxoro, Poykent va boshqa shaharlar yirik savdo-sotiq markazlari sifatidagi oʼrnini saqlab qoldi. Hatto Shosh-Iloq vohasidagi shaharlar juda jadal rivojlanish yoʼliga tushib oldi. Bu shaharlarda hunarmandchilikning kulolchilik, shishasozlik, metallurgiya, toʼqimachilik sohalari yuksak professional darajada rivojlanib ular koʻp hollarda tashqi savdo uchun mahsulot chiqarar edilar.
Ilk oʼrta asrlarda toʻqimachilik Oʻrta Osiyo hunarmandchiligining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Ayniqsa, ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish keng yoʼlga qoʻyilgan. Arxeologik materiallarning guvohlik berishicha ipak qurtini boqish Qadimgi Baqtriyada bronza davridan maʼlum boʼlgan. Antik davr va ilk oʼrta asrlarga kelib, ipakchilik bilan shugʼullanish Soʼgʼdiyona va Fargʼona vodiysiga ham keng yoyildi. Ipakchilikning jahonga mashhur markazlari paydo boʼldi. Masalan, VI–VII asrlarda shakllangan Buxoroning «zandanachi» ipak mahsulotlariga boʼlgan talab hatto ipakchilikning ilk vatani Xitoyda ham katta edi. Zandanachi ipak mahsulotlarining namunalari hatto Afrosiyob devoriy suʼratlarida yaxshi saqlangan.
Ilk oʼrta asrlar davrida Oʼrta Osiyo tarixida muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar boʼlib oʼtdi va keying tarixiy taraqqiyotga ijobiy taʼsir koʼrsatdi. Albatta, feodal еr egaligi munosabatlari dunyoningturli xalqlari va mamlakatlarida bir vaqtda sodir boʼlmagan. Ilk oʼrta asrlar OʼrtaOsiyo tarixida V–ІX asrlarni oʼz ichiga olib, muhim tarixiy voqealarga boyligi bilan ajralib turadi.
Milodiy ІІІ–ІV asrlarda yirik imperiya–Kushon davlati inqirozga yuz tutdi va parchalanib ketdi. ІV asrda Oʼrta Osiyo hududiga xioniylarkirib keldilar. Xioniylar etnik jihatdan kelibchiqishi kushonlarning avlodlari hisoblanib, ayrim tarixiy manbalarda toxarlar deb ham yuritiladi. Mazkur xalq OʼrtaOsiyoda 120 yilga yaqin hukmronlik qildi. Xioniylar birinchi marta Ammian Martsellinning 356 yilga oid hikoyasida ularning podshosi Grumbat va oʼgʼlining Amida (Suriya) shahrini qamal qilganligi yoziladi. Xioniylar Amudaryo havzasini egallab olgach, gʼarbga yurish qiladilar.
V asr boshlarida tarix sahnasiga kidariylar chiqdi. Ularning poytaxti Balx boʻlib, podshosi Kidar nomi bilan bogʻlik tangalar Amudaryoning janubidagi еrlardan topilgan.
V asr oʼrtalarida Oʼrta Osiyo tarixida yangi siyosiy kuch-eftalitlar paydo boʼldi. Eftalitlar etnik jihatdan S.P. Tolstov fikricha massagetlar avlodidir. Eftalitlar tarixiga oid yozma manbalar — xitoy, arman, Vizantiya, arab manbalaridir. Mazkur davlat Oʼrta Osiyoda V asr oʼrtalaridan VI asr 60-yillargacha hukmronlik qildi. U hududiy jihatdan Kushon imperiyasidan 2 barobar katta boʼlib, hokimi mutlaq boshqargan. Ushbu davlat oʼzlarigacha mavjud boʼlgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni oʼzgartirmadilar.
Eftalitlar davrida hozirgi Oʼzbekiston hududida dehqonlarning qasr-qoʼrgʻonlaridan bir qancha shaharlar paydo boʼladi. Bunday shaharlar jumlasiga Bolaliktepa, Varaxsha kabilarni kiritish mumkin. Ilk oʼrta asrlarga oid yirik shaharlar jumlasiga qadimdan mavjud boʻlgan Afrosiyob, Buxoro, Poykand, Toshkent, Termiz va boshqlarni kiritish mumkin.
Shuningdek, mazkur davrga oid devoriy suratlar Bolaliktepa, Varaxsha, Toshkentdan topib oʼrganilgan. Eron sosoniylariga mansub koʼplab tangalar topilgan.
Oʼzbekiston hududidagi ilk oʼrta asrlarga mansub shaharlarning maydoni uncha katta boʻlmaganligini taʼkidlash lozim. Bu vaqtda Samarqandning aylanasi 3,5 km, Poykandniki 1,8 km, Fargʼonadagi Koson shahriniki 2 km ni tashkil etgan. Mazkur davrga oid arxeologik topilmalarni hududlar boʼyicha koʼrilganda quyidagi manzara hosil boʼladi.
Ilk oʼrta asr Soʼgʼ yodgorliklari jumlasiga Afrosiyob, Varaxsha, Poykand, Panjikent, Tallu Barzu, Tohariston yodgorliklariga Bolaliktepa, Kofirqalʼa, Fargona yodgorliklariga Quva, Axsikat, Koson, Toshkent vohasida Binkat, Yunusobod, Mingoʼrik, Xorazm hududida Fir qalʼasi, Baraktom, Kuyukqalʼa, Teshikqalʼa va boshqalar mavjud boʼlgan. Mazkur davrda aholining oʻrtoqlashuvi natijasida sunʼiy sugʻorish inshootlari quriladi. Bular jumlasiga Boʼzsuv, Zogʼariq, Dargʼom kanallarini kiritish mumkin.
1948-yilda arxeolog A.Terenojkin Afrosiyobning ilk oʼrta asrlarga oid qatlamlarini tekshiradi. 1958-yildan buyon Afrosiyobni oʼrganilish davom etmoqda va hozirgacha turli davrlarga oid bir qancha boshqa yodgorliklar ham oʼrganildi. VІ asrga mansub Tallu Barzu yodgorligidagi qazuv ishlari jarayonida VІІІ asrga oid sopol idishlar majmui, sosoniylar tangalari, quyi qatlamidan esa antik va Kushon davriga oid temirchilik charxi, sopol idishlar, haykalcha topildi. 1956–57 yillarda Kofirqalʼa oʼrganila boshlanadi.
Olib borilgan qazuv ishlari natijasida ІV–V asrlarda Samarqand tushkunlikka uchraganligi aniqlandi. Uning rivojlanishidagi yangi davr VІ asrdan boshlanadi. Ark yangi devor bilan oʼrab olinadi VІ asrda uzunligi 1,5 km toʼrtinchi devor quriladi. Shahar janubga qarab kengayib boradi va uzunligi 3 km ichki devor quriladi. ІІІ–ІV asrlarga oid kulollar va miskarlar mahallalari topilgan.
VІІ asrlarda Afrosiyobda maxsus saroy devori quriladi va shaharning toʻrtinchi tashqi devori butunlay qayta quriladi. Saroy devorining ichida yirik inshootlar alohida binolar qurilgan.
Ilk oʼrta asrlarga xos Samarqandning quyidagi binolari mavjud boʼlganligi aniqlangan:
A) oʼrtahol shaharliklarning turar joylari devorlari qalinligi 1,1 m, uy maydoni 11,8x6,45 m, koʼpchilik hollarda 2,6x2,5 m boʻlgan.
B) shahar kiborlari turar joylari devorlariga rasmlar ishlangan.
V) jamoat binolari.
G) ibodatxona.
D) saroy bir necha xonalardan iborat boʻlgan.
Shahar aholisi kasb-korlari boʼyicha mahallalarga boʼlingan. Shunday qilib VІ–VІІ asrlarda Soʼgʼd poytaxti boʼlgan Samarqand koʼp asrlik tarixida oʼz taraqqiyotining yuqori darajasiga koʼtarildi.
Varaxsha shahar xarobasida oʼtkazilgan arxeologik qazishlar tufayli eftalitlar davrida shaharni tubdan qayta qurilish ishlari olib borilganligi aniqlandi. Varaxsha Buxoro hukmdorlari (buxorxudotlar) ning qarorgohi boʼlib, bu еrdan saroy qoldiqlari bilan bir qatorda devorga ishlangan rasmlar ham topildi.
Mazkur yodgorlik 1938–1953 yillarda tekshirildi. Varaxsha devorlariga loy suvoqdan soʼng еlimli rang bilan suratlar solingan. Ularda podsho saroyi hayoti tasvirlangan. Shuningdek, Varaxshadan ganchdan ishlangan haykallar ham topilgan.
Qashqadaryo vohasida ham ilk oʼrta asrlarga oid yodgorliklar roʼyxatga olingan. Ayniqsa, S.K. Kabanov tomonida Qarshi vohasida joylashgan 300 dan ortiq tepaliklar roʻyxatga olinib xaritasi tuziladi. 1946-yildan boshlab ilk oʻrta asrlarga oid yodgorliklari tadqiq etila boshlandi va bu borada katta yutuqlarga erishildi. 70-yillardan boshlab Gʼuzor va Dehqonobod tumanlaridagi, shuningdek, Yuqori Qashqadaryo vohasidagi ilk oʼrta asrlarga oid yodgorliklar KATE aʼzolari tomonidan oʻrganildi.
Panjikent xarobasini tekshirish 1946-yildan buyon olib borilmoqda. Tadqiqotlar natijasida V, VІ, VІІ asrlarga oid boʼlgan turar joylar tekshirildi. Turar joylar jumlasiga Divashtich saroyi, boy va oddiy shahar aholisi uylari kiradi. Boy xonadon uylari murakkab reja asosida qurilgan. Bu еrda ham ijtimoiy uylar 2 ta ibodatxona ochib oʼrganildi. Saroy va yirik binolarning devorlariga hayotiy va diniy mavzudagi rasmlar solingan. Samarqand, Varaxsha, Panjikent rasmlari ilk oʼrta asrlarda Oʼrta Osiyoda tasviriy sanʼat yuqori darajada boʼlganligini koʼrsatadi.
1953–1954-yillarda Surxondaryoda qazib oʼrganilgan Bolaliktepa qalʼasi eftalitlar davrining diqqatga sazovor yodgorliklaridan biridir. Bolaliktepa baland poydevor ustiga qurilgan bino boʻlib, uning ichki devorlariga turli rasmlar ishlangan.
Fargʻonadan topilgan Quva budda ibodatxonasi ikki binodan iborat boʼlib, ularning eshiklari alohida boʼlgan. Ayvonga kiraverishda otlarning, soqolli maʼbudning katta haykali boʼlib, uning peshonasida odamning bosh suyagi tasvirlangan. Bu еrdan turli haykalchalar ham topilgan.
Xitoy manbalarida Ishtixon shahri ibodatxonalarida Buddaning oltindan yasalgan katta haykali boʼlganligi haqida maʼlumot beriladi.Toshkent vohasidan ilk oʼrta asrlarga mansub Mingoʼrik, Yunusobod Oqtepasi yodgorliklari topilgan. V–VІІ asrlarda Toshkent vohasida shahar markazi sifatida Mingoʼrik muhim ahamiyat kasb etgan. Koʼchmanchi aholi bilan munosabatlar bu еrning hayotiga oʼz taʼsirini koʼrsatgan. Turar joylar katta-kichikligiga qarab farqlanadi. Feodallarning turar joylaridan hokim qarorgohlaridan kichikroq Oqtepadagi uylar qurilishi jihatdan boshqa еrlardagi uylarga oʼxshash. Mingoʼrik arki va shahristoni 18 ga egallaydi. 200 m kv maydondan VІІ–VІІІ asrlariga oid saroy va ibodatxona qoldiqlari topilgan. Devorlar paxsa va xom gʼishtdan qurilgan. Shosh Oʼrta Osiyoning boshqa еrlari bilan savdo aloqalarini olib borgan.
Milodiy V–VІІІ asrlarda Shosh vohasida Yunusobod ham muhim rol oʼynagan. Maydoni 100 ga boʼlgan mazkur yodgorlik koʼrilayotgan davrida Shosh vohasining eng muhim markazlaridan biri boʼlgan.
Xorazm hududidan ilk oʼrta asrlar davriga oid shahar va mustahkamlangan qoʼrgʼoncha qoldiqlari topib oʼrganilgan. Fir saroyi, Burgutqalʼa, Teshikqalʼa, Kuyukqalʼa, Mizdakhon va boshqalar oʼrganilgan.
Burgutqalʼa, Teshikqalʼa qasr-istehkomlari VІ-–ІІІ asrlarga mansubdir. Mazkur davrda qalʼalar balandligi 4-8 m boʼlgan mustahkam tagkursi (platforma) ustiga qurilgan. Teshikqalʼa maydoni 1 ga egallaydi. Qalʼa mudofaa inshootlariga ega boʼlgan, unga faqat koʻtarma yoʼl orqali kirilgan. Bu еrdan devorlarga ishlangan rasmlar, gilam parchalari, tangalar topilgan. Qalʼa VІІ–VІІІ asrlarda qurilgan.
V–VІ asrlarda qurilgan Kuyukqalʼa 41 ga maydonni egallagan. Uning ichki qismida ikkita qasr boʼlganligi aniqlandi. Ilk oʼrta asrlar devorida Xorazmda ham xoʼjalik va madaniy hayot yuksak boʼlganligini moddiy ashyolar tasdiqlaydi. Bu еrning yodgorliklari arablar istilosi arafasida tushkunlik boʼlganini koʼrsatadi.
VІ–VІІ asrlarda yangi koʼrinishdagi qishloqlar katta-katta oilalar yashaydigan mustahkamlangan qasr-qoʼrgʼonlar paydo boʼla boshladi. Bunday qasr-qoʼrgʼonlar Xorazmda yaxshi oʼrganilgan.
Dehqonchilik bilan shugʼullangan erkin aholi mustahkamlangan mayda qoʻrgʻonchalarda yashaganlar. Xorazmda ana shunday qoʼrgʼonlarning 200 dan ortigʼi topildi. Ular bir-biridan 200 m masofada joylashgan va 34 km kv maydonni egallagan. Har bir qoʼrgʼonning atrofi devor bilan oʻrab olingan. Arab tarixchisi Al-maqdisiyning maʼlumotiga koʼra Mizdakhon atrofida X asrda 12 mingta qoʼrgʼonlar boʼlgan.Ilk oʼrta asrlarda haykaltaroshlik sanʼati keng qoʼllanilgan. U dumaloq va boʻrtma tasvir shaklida meʼmorchilik komplekslarida ishlatilgan. Bu haykallarda diniy va afsonaviy obrazlar bilan bir qatorda real hayotni aks ettiruvchi obrazlar ham uchraydiy. Haykallar maxsus tayyorlangan loydan, yogʼoch, albaster va toshdan ishlangan.
Amaliy haykaltaroshlik sanʼatining yorqin namunalari IV–V asrlarga oid Toharistonning Kuyovqoʼrgʼon qalʼaqoʼrgʼonidan topiladi. Kuyovqoʼrgʼon haykallari ziynatli bezaklarga boy еngil kiyimlardagi erkak va ayol personajlaridan iborat boʼlgan.
Maʼlumki, ilk oʼrta asrlarda ijtimoiy munosabatlarning oʼzgarishi yaʼni feodallashish jarayonining rivojlanishi meʼmorchilikning xarakteri va mazmuniga taʼsir etadi. Bu hol dastlab qoʼrgʼon-qasrlar, koʼshklar qurilishida koʼzga tashlanadi. Keyinchalik podsholarning saroylari, shaharlardan tashqaridagi hashamatli va ulugʼvor qarorgohlari keng tarqaladi. Bu binolar koʼp hollarda sunʼiy tepaliklar ustiga qurilib, ularning meʼmoriy еchimlari mahobatli boʻlishiga katta eʼtibor beradi. Binolar ham gʼishtdan va paxsadan qurilgan. Devorlari ganch bilan pardozlangan, xona devorlari devoriy surat va naqshlar bilan bezatilgan.
Ilk oʼrta asrlar davri monumental memorchiligida noyob ganch naqshinkorligi keng qoʼllanilgan. Darhaqiqat, ilk oʼrta asrlarda ganch oʼymakorlik sanʼati oʼzining yuqori darajasiga koʼtarilgan edi. Uning hatto dastlabki namunalarida oʼz zamonasiga xos yangi uslubiy yoʼnalish shakllangan edi. Buni Afrasiyob, Varaxsha va Dumaloqtepa qasr bezaklarida uchratish mumkin.
Ilk oʼrta asrlarda amaliy sanʼatning barcha yoʼnalishlari rivojlanadi. Ular shaharlarning oʼsishi va shahar hunarmandchiligining taraqqiyoti bilan uzviy bogʼlangan edi. Oltin va kumushdan har xil idishlar yasash koʼlami kengayadi. Ayniqsa, bu masalada Xorazm va Soʼgʼdda katta yutuqlarga erishiladi.
Oʼrta Osiyoda ilk oʼrta asrlar davrida yagona din boʼlmagan. Arablar hukmronligi bilan bogʼliq holda islom dini keng tarqalgani maʼlum. Fargʼona vodiysida, yaʼni Quvadan topilgan ibodatxona xarobasi buddaviylik dini bilan bogʼliq boʼlib, u 2 xonali, old xonasi ayvon shaklida qurilgan. Xorazmda ham koʼmish marosimlari bilan bogʼliq boʻlgan ossuariylar yoki ostadon deb nomlangan toʼrtburchak shaklidagi tobutchalar otashparastlik eʼtiqodi bilan bogʻliq boʻlgan. Ostadonlar Soʼgʼd, Shosh hududlaridan ham topilgan. Zardushtiylik dini bilan bogʼliq boʼlgan ibodatxonalar tepalikka qurilib, old tomoni esa quyosh chiqish tomonga qaratilgan.
Ilk oʼrta asrlarda Oʼrta Osiyoda soʼgʼd, xorazm, eftalit, turk bitiklari paydo boʼldi. Mazkur yozuvlar tarixiy manba boʼlishi bilan birga noyob ilmiy manba hisoblanadi.
Aholining diniy eʼtiqodi turlicha boʼlgan: Tohariston va Sharqiy Turkiston aholisi buddizm, Soʼgʼd va Xorazm aholisi otashparastlik diniga eʼtiqod qilganlar. Shu davrda Oʼrta Osiyoga moniylik va nestarian-xristian dini ham tarqala boshlagan. Urgut yaqinida topilgan xristian dini ibodatxonasi shu oʼtmishni tasdiqlaydi.
Gavxar Berdiyeva,
Termiz davlat muzey-qoʻriqxonasi
arxeologiya boʻlim mudiri
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Annayev T, Tilovov B. Xudoyberdiyev Sh. Boysun arxeologik yodgorliklari. – Toshkent, 1999.
- Annayev Т, Shaydullayev Sh. Surxondaryo tarixidan lavhalar. – Тoshkent, 1997.
- Buryakov Yu.F. Toshkent vohasining qadimgi karvon yoʻllari. – Toshkent: Fan, 1978.
- Isomiddinov M.H. Sopolga bitilgan tarix. – Toshkent, 1993.
- Karimov I.A. Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq. – Toshkent, 1998.
- Karimov I.A. Yuksak maʼnaviyat – еngilmas kuch. – Toshkent, 2008.
- Альбаум Л.И. Живопись Афрасиаба. – Тoshkent, 1975.
- Аннаев Т.Д. Раннесреневековые поселения Северного Тохаристана. – Тoshkent: Фан, 1988.
- Беленицкий A.M., Бентович И.Б., Большаков О.Б. Средневековый город Средней Азии. – Л, 1973.
- Живопись древнего Панджикента / Отв. ред. А.Ю. Якубов-ский и М.М. Дьяконов. – М, 1954.
- Кабанов С.К. В оазисах и степях Кеша и Нахшеба. – Ташкент: Узбекистан, 1988.
- Кабанов С.К. Культура сельских поселений Южного Согда III-VI вв. – Ташкент, 1981.
Izoh qoldirish