RADIKALIZM – JAMIYAT XAVFSIZLIGIGA TAHDID
Radikalizm tushunchasi shaxs yoki guruhning jamiyatdagi mavjud ijtimoiy-siyosiy, diniy-madaniy holatni tubdan va murosasiz o‘zgartirishga bo‘lgan intilishidir. “Radikalizm” so‘zi lotincha so‘z bo‘lib, “ildiz” degan ma’noni bildiradi. Demak, bu tushuncha ijtimoiy-siyosiy va jamiyatdagi boshqa munosabatlarning ildizini butunlay, tubdan o‘zgartirishga intilish bilan tavsiflanadi.
Bu hodisa ko‘pincha mamlakatdagi inqirozli sharoitlarda, o‘tish davrida an’anaviy urf-odatlar va e’tiqod shakllariga tahdid mavjud bo‘lganda tarqaladi. Radikalizmning bir qancha turlari mavjud bo‘lib, bugungi kunda nisbatan keng tarqalgan turi din niqobi ostidagi radikalizm hisoblanadi.
Insoniyat tarixi davomida o‘zaro ziddiyatlar va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqargan radikalizm dogmatik qarashlarni va o‘ziga o‘xshamaydiganlarga nisbatan murosasizlik va zo‘ravonlikni ifodalovchi tushunchadir. Sabablari turlicha bo‘lsa-da, fikrdagi egosentrizm, hissiyotdagi fanatizm va xulq-atvordagi zo‘ravonlik radikalizmning eng yorqin belgilaridir. Ko‘pgina siyosiy, iqtisodiy, diniy va boshqa sohalarda o‘z huquqlari poymol etilayotgani, kamsitilayotgani, o‘z fikrini ifoda eta olmasligiga ishongan jamoalarning radikalizmga yuz tutishi hamisha insoniyatning umumiy muammosi bo‘lib kelgan. Qolaversa, global imperialistik siyosiy tizimlarning radikalizmdan jamiyat va davlatlarni o‘z ta’sir doirasida ushlab turish quroli sifatida foydalanishi uni mustahkamlovchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘tmishdan hozirgi kungacha o‘zlarini asosiy o‘ringa qo‘ygan, ularga o‘xshamaganlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lgan, buzg‘unchilik va tajovuzkorlik bilan shug‘ullanuvchi radikal shaxslar va guruhlar bo‘lganligi haqiqatdir. Masalan, islom geografiyasida o‘tmishda xavorijlar, botiniylar hamda bugungi kundagi turli adashgan oqim va firqalar bu holatga tipik misoldir. Islom dinining eng oddiy tushunchalarini ham o‘zlarining xurofiy maqsadlari uchun ishlatishdan tortinmaydigan bu guruhlar islomning bag‘rikenglik, insonparvarlik g‘oyalarini chetlab o‘tib, musulmon geografiyasida radikal g‘oya va harakatlarni namoyish etib kelgan.
Biz yashayotgan asrda radikalizm global miqyos kasb etib bormoqda. Bugungi kunda radikalizmga qarshi eng to‘g‘ri va oqilona harakat insoniyatni ma’rifiy islomning umuminsoniy qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirishdir. Chunki muqaddas dinimizning asosiy manbalari Qur’oni karim va Payg‘ambarimizning hadisi shariflarida erkinlik, tinchlik, adolat, rahm-shafqat, do‘stlik va go‘zal axloq kabi umuminsoniy tamoyillarga doimiy e’tibor qaratilib, odamlarni begonalashtiradigan har qanday radikal tushunchaga qarshi tura oladigan namunali shaxs tafakkurini shakllantirish maqsad qilingan. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Dinda majburlash yo‘q”, – deb marhamat qiladi. (Baqara, 2/256.).
Qolaversa, Alloh taolo aytadi: “Kim birovni o‘ldirsa, go‘yo barcha odamlarni o‘ldirgandek bo‘ladi. Kimki bir kishining hayotini saqlab qolsa, u barcha odamlarning hayotini saqlab qolgandek bo‘ladi”. (Moida, 5/32.) Bu ham insonga berilgan yashash huquqining muqaddasligi va daxlsizligining yaqqol isboti hisoblanadi.
O‘tmishdan hozirgi kunga qadar shaxslar va guruhlarning radikallashuviga, zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yishiga sabab bo‘lgan ko‘plab omillar mavjud. Biroq, asrning so‘nggi choragida biz radikallashuvni globallashtiradigan yangi hodisaga duch keldik. Shaxslar va jamiyatlarning o‘ziga xosligini kundan-kunga faollashib borayotgan bu hodisa dunyoning va ijtimoiy medianing raqamlanishi fenomenidir. Jismoniy chegaralarni yo‘q qiladigan kibermakon o‘tmishda passiv tinglovchi va tomoshabin bo‘lgan odamlarni bugungi kunda faollashtirdi. Raqamli dunyo va ijtimoiy medianing ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, kibermakon o‘z navbatida aqidaparast va radikal odamlar doimo faol bo‘lib, o‘z shaxsini yashirish va ommani manipulyatsiya qilish hamda ularni zo‘ravonlikka undash uchun tashviqot olib boradigan platforma vazifasini ham bajarayotganini qayd etish lozim. Shuning uchun biz jamiyatning ongli a’zosi sifatida ijtimoiy media va raqamli dunyoning insonlar va jamiyatlarning ongini manipulyatsiya qiladigan kuchi va ta’sirini hisobga olishimiz kerak. Biz yozgan fikrimizdan tortib, o‘zimiz yoqtirgan va baham ko‘rgan axborotlargacha bo‘lgan hamma narsa bizning mo‘tadil qadriyatlarimiz hamda axloqiy tuyg‘ularimizga mos bo‘lishi kerak. Ushbu tavsiyalarga amal qilish orqali kibermakonning ongli va nazoratli foydalanuvchisi bo‘lish bizni raqamli dunyoning radikal a’zolari bo‘lishdan himoya qilibgina qolmay, balki o‘zligimizni saqlab qolishda ham katta yordam beradi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i
Izoh qoldirish