NIYAT - QALBNING SIFATIDIR
Har bir inson boshlamoqchi bo’lgan ishining boshida chiroyli niyat qilishi kerak. Chunki bir amalning Alloh taolo nazdida maqbul bo‘lishi va go’zal ma’no kasb etishi uchun go’zal niyat zarurdir. Niyat qalbning sifatidir. Niyat o‘rta sifatlardan iborat bo‘lib, u nafsni hozirda va kelajakda maqsadga muvofiq rag‘batga va moyillikka yo‘llashdir. Niyat sirdir, uning sirini faqat Alloh biladi, amal esa ko‘rinib turgan narsadir, amalni ham sir qilish fazilatdir. Imom G'azzoliy: «Niyatsiz ish mashaqqatdir», – deganlar. Shuningdek, buyuk alloma, so’fiy va mufassir Umar Termiziy o’zining “Niyat kitobi”da niyatning ahamiyatiga quyidagicha ta’rif beradi: “Niyatsiz amal mashaqqatdir, ixlossiz niyat riyodir, sadoqatsiz ixlos to‘zondir”.
Payg‘ambarimiz aytganlaridek, mo‘minning niyati vaqti va ahamiyati jihatidan amalidan oldin turadi. Inson har bir ishning boshida niyatini yangilashi kerak. Aynan shu xususiyat bizni boshqa mavjudotlardan ajratib turadi. Chunki odamlar o‘z xohish-irodasini tanlash orqali harakat qiladi, ya’ni o‘z harakatlarida ixtiyoriydir. Hayvonlar esa Xudo tomonidan berilgan ilhom tuyg'usi bilan harakat qiladilar. Iroda ortida niyat, niyat ortida esa aql bor. Aql niyatni, niyat irodani paydo qiladi. Irodadan keyin harakat paydo bo'ladi.
Niyat qalbni yaxshi amallarga va uni iroda qilishga undaguvchi vositadir. Niyat insonning axloqini belgilaydi. Masalan, ijtimoiy me'yorlar an'analar bilan, ma’naviy me'yorlar esa axloq bilan belgilanadi. Insonning hayotdan maqsadi ham uning axloqini belgilaydi. Masalan, maqsadi pul bo‘lgan odamning axloqi shunga qarab shakllanadi, hamyoni bilan vijdoni tenglashadi. Inson maqsadi ma’naviy kamolotga erishmoq bo‘lsa, uning axloqi ham shunga yarasha shakllanadi. Axloq shakllanar ekan, bu yerda niyat eng muhim belgidir. Demak, bu yerda amallarning niyatlarga ko‘ra ekanligi namoyon bo’ladi.
Yaxshi niyat fikr va harakat uyg'unligiga ega bo'lishi kerak. Boshqa barcha fazilatlar yaxshi niyatdan kelib chiqadi va ularsiz hech qanday ezgulikka erishib bo'lmaydi
Muxiddin Choriyev – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish