ALISHER NAVOIYNING “ARBA’IN” ASARIDA “SUNANI TERMIZIY”DAGI HADISLAR TALQINI
Muhaddis bobokalonimiz Imom Abu Iso Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuqori baholagan. Ulardan biri Imom Termiziyni hadis ilmida iqtido qilinadigan yagona olim deb yozsa, boshqa biri esa uni birinchilardan bo'lib hadislarni sahih, hasan, zaifga taqsim qilganiga guvohlik beradi. Ayniqsa, muhaddis olimning asarlaridagi ravonlik faqat ziyoli kishilar uchun emas, balki har bir inson tushunishi mumkin bo'lishiga sabab ekanini alohida takidlash joiz. Dunyo ulamolari buyuk ilm sohibi bo'lgan hamda yuksak e’tirofga munosib ko'rilgan bobokalonimizning ibratli hayot yo'llari va boy ma’naviy merosini har tomonlama o'rganish biz yoshlar uchun ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Xususan, Arbain asarida Navoiy hazratlari Termiziy hadislarining ayrimlaridan mahorat bilan foydalangan va biz asarni o'rganish jarayonida bevosita muhaddis asariga murojaat qilamiz.
4-hadis
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "خِصْلَتَانِ لَا يَجْتَمِعَانِ فِي مُؤْمِنٍ؛ الْبُخْلُ وَسُوءُ الْخُلُقِ". رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَالْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki xislat mo'minda jam bo'lmaydi: baxillik va badxulqlik”, – dedilar”.
“Mo`min ersang qilib durringni nisor,
El bila ravshan o`l nechukkim sham.
Negakim, Tengri hech mo`minda,
Buxlu badxo`yliqni qilmadi jam” [1,2-b].
Hadis mazmunida faqat ikki xislat tilga olinadi: baxillik va yomon xulqlik. To'rtlikda Navoiy hadis mazmuniga mos badiiy vosita tanlaydi. O'zini musulmon deb atovchi kishi, xuddi shamdek, xalq manfaatlari yo'lida nur sochmog'i kerak. Zero, Tangri taolo ham kishilarda shu ikki xislatni mujassam qilgan emas. Hadisda baxillik va yomon xulqlik alohida ko'rsatiladi. Bunga sabab, agar kishida shu ikki xislat birgalikda bo'lsa, u ma'lum darajada insoniylik qiyofasidan chiqadi. Demak, hadis mazmuni kishining ana shu ikki xislatini tark etishga undaydi. Shuningdek, quyidagi hadis mazmuni Sunani Termiziy (3-juz, 511-bet. Abvabul bir va sila)da baxillik haqidagi bobining 1962-hadisida (hukmi: zaif ) zikr etilgan.
6-hadis
َنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ لَمْ يَشْكُرِ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ". رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmabdi”, – dedilar.
“Ulki xoliqg'a shukr der, avval
Shokir o'lmoq kerak xaloyiqdin.
Kimki, maxluq shukrini demagay,
Demagay dag'i shukr xoliqdin” [1,2-b].
Hayoti dunyoda nimaiki mavjud bo'lsa, insonning rizq-ro'zi, sihat-salomatligi, baxti-saodati va zurriyoti uchun berilgandir. Qur'on oyatlari va Muhammad alayhissalomning sunnatlaridan muxtasar xulosalar qilsak, yuqoridagi fikrimizga chuqur ishonch hosil qilamiz. Bu borada, Qur'onda “Inson” surasi borligi ham inson mavqei bosh o'rinda ekanligiga dalil.
إِنَّا هَدَيْنَاهُ السَّبِيلَ إِمَّا شَاكِرًا وَإِمَّا كَفُورًا
“Haqiqatda, biz uni (insonni) to'g'ri yo'lga boshqardik, u goh shukr, goh noshukurlik qiladi, shuningdek, ko'plab boshqa oyatlarning mazmuni ham avvalo insonlar shukrining qadriga еtish lozimligini ko'rsatadi. Demak, har bir kishi yaratilgan narsalarning shukrini qilishi, ne'matlarning qadriga еtishi lozim, har bir narsaning qadr-qimmatiga еtish insonning burchi; hattoki taom tanovuli, suv ichgandan keyin aytiladigan “Alhamdulillahi”, ya'ni “Allohga shukr” iborasi tabiiy mavohib-ne'matlarning qadrini anglash, uni olib kelgan va еtishtirgan kishilar mehnati hurmatiga, e'zozlash uchun aytilgan madh so'zidir. Demak, kishilar,avvalo bir-birlarining qadr-qimmatlariga еtishlari kerak. Kimki ushbu xislatdan mustasno bo'lsa, demak yaratganga ham shukr qilmagan bo'ladi. Ushbu hadis talqini Imom Termiziyning Sunani Termiziy asari 1955-hadisida, Imom Tabaroniyning “Al-mo'jamul avsat” ( 4-juz) asari 51-hadisida, Haysamiyning Majmauz zavoid (8-juz) kitobi 184-hadisida, Suyutiyning “Al-jamius sag'ir” asari 9009-hadisida, Imom Ahmadning “Musnadi Ahmad” (13-juz) kitobi 246-hadisida, Abu Dovudning “Sunani Abu Dovud” asari 4811-hadisida uchraydi.
8-hadis
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: "أَلَا إِنَّ الدُّنْيَا مَلْعُونَةٌ مَلْعُونٌ مَا فِيهَا إِلَّا ذِكْرَ اللهِ". رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَالدَّارَمِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ogoh bo'linglar! Albatta, dunyo mal'undir, undagi bor narsa mal'undir, faqat Allohning zikri mustasno”, – deyayotganlarini eshitdim”.
“Dunyovu har ne andadur mavjud,
Bo`ldi haq la`nati giriftori.
G`ayri haq zikrikim, erur zokir
Tengrining rahmati sazovori” [1,3-b].
Termiziy, Ibn Moja, Dorimiylar rivoyat qilgan. Muallif bu еrda hadisning qisqaroq shaklini tanlagan. Aslida hadisning to'liq shakli quyidagicha: Ogoh bo'linglar! Albatta, dunyo mal'undir, undagi bor narsa mal'undir, faqat Allohning zikri va unga yaqin bo'lgan narsalar hamda olim va tolibi ilm mustasno.
Bayhaqiyning rivoyatida: “Allohning zikri va unga olib boradigan narsalar mustasno”, – deyilgan bo'lsa, Abu Shaybaning rivoyatida “Yaxshilikni o'rganuvchi va o'rgatuvchi mustasno”, – deyilgan. Bazzorning rivoyatida esa “Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish mustasno”, – degan jumla qo'shimcha qilingan. Yanikim, bu dunyodagi ko`p narsalar o'tkinchi, ularga mehr qo'yish ham nomunosib ishdir. Alloh zikridan bo'lak bu dunyodagi har narsa la’natlangan. Zeroki, talim oluvchilar hamda olimlar buyuk kishilar sifatida bundan mustasno qilingan. Quyidagi hadis mazmuni Termiziyning Sunani Termiziy (4-juz,151-bet. Abvabuz zuhd)da Rasulimiz alayhissalomning zuhdlari bobida 2322-hadisda (hukmi: hasan hadis), Sunani Ibn Mojja (5-juz,558-bet.Zuhd kitobi) da Dunyo misoli bobi 4112-hadisda (hukmi: hasan hadis), Sunani Dorimiy (1-juz,350-bet.Muqaddima)da Ilm va olimning fazli bobida 331-hadisda ( hukmi:hasan hadis) ham o'z ifodasini topgan.
9-hadis
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لُعِنَ عَبْدُ الدِّينَارِ لُعِنَ عَبْدُ الدِّرْهَمِ". رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Dinorning quliga la'nat bo'lsin! Dirhamning quliga la'nat bo'lsin, – dedilar.
“Rahmat ozodag'aki, ul olmas
Dinoru dirhamin jave qo'lga.
Lek la'nat angaki, qul bo'lg'ay:
Xoh dinor-u xoh dirhamg'a” [1,3-b].
Ma'lumki, dinor va dirham arab pul birliklari. Hadisning asosiy maqsadi boylikka, mol-dunyo orttirishga mukkasidan ketuvchi xasis, baxil, sudxo'r va poraxo'r kishilar Tangri taoloning la'natiga giriftor bo'lishi muqarrarligini ko'rsatishdan iborat. Darhaqiqat, mol-dunyoga hirs qo'ygan, mukkasidan ketgan kishilarning oxirati qanday bo'lishi ma'lum. Ularning to'plagan mol-dunyosidan na xalqqa, na o'z ahli baytlariga foyda bor. Bunday kishilar o'z qadriyatlariga, sihat-salomatligiga ziyon qiladilar, bola-chaqalari va zurriyotlariga katta zarar keltiradilar. Ular aslo-aslo huzur-halovat, osoyishtalik, xotirjamlik nima ekanligini tasavvur qila olmaydilar. Lekin oxiratda mol-dunyo foyda berarmikin? Hadis mazmunidan har qanday boy-badavlat kishi Tangrining la'natiga sazovor bo'lar ekan, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Chunki umr bo'yi halol va pokiza mehnat ilinjida orttirilgan boylik albatta, halol hisoblanadi. Hadisda esa, faqat yuqorida aytganimizdek, mol-dunyo, boylikka, harom yo'llar bilan erishuvchi kishi la'natlanadi. Darvoqe', boshqa bir hadisda xuddi shunday kishilarga ta'rif beriladi: “Kimki nafs xohishi bilan dunyoni mukkasidan ketib egallasa, qiyomat kunida do'zaxdan boshqa narsaga erishmaydi”. Lekin, ming afsuski, bunday kishilar jamiyatimizda istagancha topiladi. Menga pul va yaxshi taom bo'lsa еtarli, deyuvchilar juda ham ko'p. Axir dunyoda bundan ham muazzamroq, ulug' ishlar ko'p-ku! Hadis yashash mohiyatini mol-dunyodan iborat deb bilgan kimsalarga muxtasar javobdir. Ushbu baytlarda mazmuni ifodalangan hadis bir necha manbalarda zikr etilgan. Jumladan, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asari (4-juz,185-bet.Abvabuz zuhd) 2375-hadisida (hukmi: zaif hadis), Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari 2887-hadisida, Imom Zahabiyning “Siyari A'lomun nubalo” (8-jild) kitobi 301- hadisida, Suyutiyning “Al-jamius sag'ir” asari 7266-hadisida qayd etilgan.
13-hadis
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "الْمَجَالِسُ بِالْأَمَانَةِ". رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَأَحْمَدُ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Majlislar omonatdorlikdir”, – dedilar”.
“Qaysi majlisdakim eshitsang so`z,
Bilgil ul so`z sanga omonatdur.
Gar ani o`zga еrda naql etsang,
Ul amonatga bu xiyonatdur” [1,3-b].
Hazrat Navoiy bu еrda ham o'z odatiga ko'ra uzun bir hadisning ma'lum qismini keltirgan. Hadisning to'liq shakli quyidagicha: Majlislar omonatdorlikdir. Faqat uchta masjlis mustasno: harom qon to'kish yoki harom farj yoxud nohaq mol o'zlashtirish. Demak, nohaq qon to'kish, zino va o'g'irlik kabi jinoyatlarga guvoh bo'lgan kishi ko'rganini omonat deb bilib yashirib yurmasligi kerak, balki uni kerakli kishilarga еtkazishi lozim. Hadis va Navoiy to'rtligi mazmunidan shu ma'no kelib chiqadi: Biror majlis va kengashda ishtirok qilib, eshitgan har so'z va fikrni boshqalarga yolg'on, qo'shib, bo'rttirib еtkazish omonatga xiyonat qilish bilan barobar, zero o'sha majlisda aytilgan har bir so'z eshituvchiga omonatdir. Ulug' Navoiyning har bir asarida bu xususida fikrlar mavjud. “Befoyda so'zni ko'p aytma, foydali so'zni ko'p eshiturdin qaytma, Oz degan - oz yanglishar” kabi hikmatli so'zlari ham hadis mazmunini teranroq anglashga xizmat qiladi. Hadis, avvalo majlis va kengashlarda eshitilgan so'z va xabarlarni omonatda saqlashni yoki to'g'ri, buzmasdan, qo'shmasdan еtkazishni ta'kidlaydi va shunga da'vat qiladi. Bu hadis Sunani Termiziy (3-juz,509-bet.)da “Majlislar omonatdir” bobida 2322-hadis, “Sunani Abu Dovud” (5-juz,121-bet.Odob kitobi) da Gap ko`tarish yurish bobida 4869-hadis, “Musnadi Ahmad” (23-juz,45-bet. Musnadi Jobir ibn Abdullo) da 14693-hadis, “Musnadi Ahmad” (23-juz,105-bet. Musnadi Jobir ibn Abdullo) da 14792-hadis, “Musnadi Ahmad” (23-juz,297-bet. Musnadi Jobir ibn Abdullo) da 15062-hadisda ham zikr etilgan.
Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, “Arba`in” singari axloqiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan asarlarni mutolaa qilish, Termiziy singari ulug' insonlar hadislaridan bahramand bo'lish va unga amal qilish bugungi kun yoshlari uchun har tomonlama ma’naviy zaruratdir. Hazrat Navoiy ham shuni anglab o`z davri ma’naviyati rivojiga salmoqli hissa qo'shgan. Chunki mazkur asar komil inson tarbiyasi uchun beminnat xizmat qilishi, shubhasizdir.
Jambilov Mansur Rasuljonovich, Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi oʻqituvchisi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Alisher Navoiy. Arba’in asari. Nashrga tayyorlovchi – Suyima G`aniyeva. – Toshkent: Fan, 2000.
2. Абул Ҳасан Муслим ибн ал-Ҳажжож. Саҳиҳи Муслим. – Риёз: Дору Тоййиба, 2008.
3. Абу Исо ат-Термизий. Сунан ат-Термизий. . – Байрут: Дору кутубул-илмийя, 2008.
4. Муҳаммад ибн Исмоил ал-Бухорий. Ал-aдаб aл-муфрад. Мактабат ул-маориф. – Риёз, 2011.
5. Муҳаммад ибн Абдурраҳмон ибн Абдурроҳим Муборакфурий. Туҳфат ул-аҳвазий шарҳи Жомеъут-Термизий. Дор ул-кутубул илмийя. – Байрут, 2008.
6. Муҳаммад Шамсул-Ҳақ ал-Азим Ободий. Авн ул-маъбуд ала шарҳи Сунани Абу Довуд. – Байрут: Дор ибн Ҳазм, 2010.
7. Нуриддин Мулла Али ибн Султон Муҳаммад Ал-Ҳарвий ал-Қори. Мирқот Ал-мафаатиҳ шарҳи Мишкат ал-Масобиҳ. – Байрут Дор ул-Фикр, 2002.
Izoh qoldirish