01.08.2024

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA DIN SOHASIDA OLIB BORILAYOTGAN ISLOHOTLAR (Surxondaryo misolida)

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelishmoqda[1]. Turli millat va din vakillarining har qanday tajovuzdan bexavotir o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari jamiyat barqarorligining muhim ko‘rsatkichlaridan sanaladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘plab sohalarda o‘zgarish bo‘lgani kabi din sohasida ham bir qator o‘zgarishlar bo‘ldi.

O‘zbekistonda islom ma’rifatini tarqatish, o‘tmish ajdodlarning boy ma’naviy merosini yanada chuqur o‘rganish olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan sanaladi. Bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi (oldingi nomi Toshkent davlat islom universiteti) va Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmoni[2], 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni[3] hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yildagi “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida Malaka oshirish markazi faoliyatini tashkil etish hamda qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etadi. Unda belgilangan ustuvor vazifalar mazmunidan kelib chiqqan holda, zamonaviy talablar asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarining mazmunini takomillashtirish hamda imom-xatiblar va noiblarning kasbiy mahoratini muntazam oshirib borishni maqsad qiladi. 

Bugungi kunda ushbu Malaka oshirish markazining hududlar bo‘ylab 4 ta, ya’ni Surxondaryo, Samarqand, Namangan va Qoraqalpog‘iston mintaqaviy filiallari faoliyat yuritib kelmoqda.

Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali oxirgi ikki yil ichida ko‘plab ko‘zga ko‘rinarli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, shu vaqtga qadar Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining 443 ta imom-xatiblar va noiblar, Surxondaryo viloyatining 248 ta otinoylarning kasbiy mahorat malakasi oshirildi.

Ushbu malaka oshirish kursida Malaka oshirish filiali o’qituvchilaridan tashqari Imom Termiziy xalqaro ilimiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Termiz davlat universiteti va Termiz davlat pedagogika inistituti professor-o‘qituvchilari tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning mohiyati, diniy ta’limning normativ-huquqiy asoslari va qonunchilik normalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, maxsus fanlar negizida Qur’onshunoslik va hadisshunoslik, Zamonaviy fiqhiy fatvolar va aqida ilmi modullaridan bilim va ko‘nikmalar berilib malakalari oshirilmoqda. 

Shuningdek, ekstremistik oqimlar faoliyati va targ‘ibotiga qarshi kurashishda mutafakkirlar ilmiy merosi hamda zamonaviy uslublar bo‘yicha so‘nggi yutuqlar, diniy soha vakilining yangi bilim, ko‘nikma va malakalari shakllantirilmoqda.

Malaka oshirish kursida o‘tilayotgan modullarni o‘zlashtirish orqali tinglovchilar jamiyatni yuksaltirish va diniy-ma’rifiy sohaga doir konseptual g‘oyalarining siyosiy hamda huquqiy asoslarini o‘rganish, ularni tahlil etish, amalda qo‘llash va baholashga doir kasbiy malakaga ega bo‘lmoqdalar.

Shu maqsadda o‘tilayotgan mavzular diniy soha vakillarining malakasini oshirish mazmuni, sifati va ularning tayyorgarligiga qo‘yiladigan umumiy malaka talablari va o‘quv rejalari asosida shakllantirilgan bo‘lib, bu orqali imom-xatiblar va noiblarning sohaga oid zamonaviy ta’lim va innovatsiya texnologiyalari, ilg‘or xorijiy tajribalardan samarali foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini mehnat faoliyatiga keng tatbiq etish hisobiga ularning kasb mahoratini muntazam yuksaltirish, shuningdek, muammoli vaziyatlarda optimal qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq malakalarga ega bo‘lmoqdalar.

Har yili O‘zbekistonda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali xodimlari va imom-xatiblar tomonidan mahallalar, maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borilmoqda. Mazkur ma’naviyat soatlarida o‘quvchi va talabalar, professor-o‘qituvchilar va imom xatiblar ishtirokida bugungi kunning dolzarb mavzulari yoritilib, savollarga javoblar berilmoqda.

Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda respublikamizda 16 ta konfessiyaga tegishli 2 298 ta diniy tashkilotlar faoliyat yuritib kelmoqda. Ulardan 2107 tasi islomiy hamda 191 tasi noislomiy tashkilotlardir. Shu jumladan, 15 ta diniy o‘quv yurtlari (13 ta islomiy diniy o‘quv yurtlari – shundan 3 tasi oliy va 10 tasi o‘rta maxsus islom bilim yurtlari hamda 2 ta noislomiy oliy o‘quv yurtlari) keng faoliyat yuritib kelmoqda[4].

Ahamiyatlisi, birgina 2020-yil mobaynida adliya organlari tomonidan jami 23 ta diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularning 8 tasi cherkovlar, 14 tasi masjidlar va 1 tasi islomiy diniy o‘quv yurtini tashkil etadi[5].

Diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan huquqiy normalar mamlakatda din va e’tiqod erkinligini ta’minlashga asos bo‘lmoqda. Mamlakatimizda bu sohada olib borilayotgan islohotlar dunyo miqyosida ham munosib e’tirof etilib, diniy bag‘rikenglikning namunali modeli sifatida baholanmoqda. Xususan, O‘zbekistonning diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarilganligi, BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan 2017-yil 19-sentabrda taklif etilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasining qabul qilingan[6]ligi bunga yaqqol misoldir.

Biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotgan davlatlardan biri hisoblanib, xalqaro tashkilotlar va AQSh hukumati tomonidan bu borada ijobiy baho berilayotganligi barchamizni birdek mamnun etadi.

Jamiyatda konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan din sohasidagi olib borilayotgan O‘zbekiston siyosati barqarorlik va xavfsizlikning muhim omilidir.

 

Jo‘raev Akram Namozovich, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

huzuridagi Malaka oshirish markazi

Surxondaryo viloyati mintaqaviy filiali o‘qituvchisi

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmoni, 2017-yil 7-fevral.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni, 2018-yil, 16-aprel.
  3. https://religions.uz
  4. https://lex.uz
  5. www.gazeta.uz

 

[1] https://religions.uz

[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmoni, 2017-yil 7-fevral.

[3] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-son Farmoni, 2018-yil, 16-aprel.

[4] https://religions.uz

[5] https://lex.uz

[6] www.gazeta.uz

Izoh qoldirish