01.11.2024

“AL-JOME’ AS-SAHIH” ASARI STRUKTURASI VA UNING BOSHQA HADIS TOʻPLAMLARIDAN FARQI

Rezyume

“Al-Jomeʼ as-sahih” asari yozilish tarixi bilan oddiy kitobxonlar tanish boʻlmasalar-da, uning tarixi tadqiqotchilar, hadis ilmi bilan shugʻullanuvchilarga yaxshi maʼlum. Hijriy III (milodiy IX) asrga qadar yozilgan hadis toʻplamlari sahih hadislar bilan birga hasan va zaif hadislarni ham oʻz ichiga olgandi. Imom Buxoriyning ustozi Isʼhoq ibn Rohavayh faqatgina sahih hadislarni oʻz ichiga olgan muxtasar bir kitobga ehtiyoj tugʻilayotganini aytgan edi. Mana shuning uchun Buxoriy “al-Jomeʼ as-sahih” ni toʻplangan 600.000 hadisdan tanlagan holda yozgan.

Resume

Although ordinary readers are not familiar with the history of writing "Al-Jome' al-sahih", its history is well known to researchers and scholars of hadith. Hadith collections written before the 3rd Hijri (9th AD) century included authentic and weak hadiths. Imam Bukhari's teacher Ishaq ibn Rohawayh said that there is a need for a concise book containing only sahih hadiths. This is why Bukhari wrote "al-Jami' as-sahih" from the collected 600,000 hadiths.

Резюме

Хотя рядовые читатели не знакомы с историей написания «Аль-джоме ас-Сахих», ее история хорошо известна исследователям и знатокам хадисов. Сборники хадисов, написанные до 3-го века хиджры (9-го века нашей эры), включали достоверные и слабые хадисы. Учитель имама Бухари Исхак ибн Рохавайх сказал, что существует необходимость в краткой книге, содержащей только достоверные хадисы. Вот почему Бухари написал «Аль-джами ас-сахих» на основе собранных 600 000 хадисов.

 

Kalit so‘zlar: Imom Buxoriy, al-jome’ as-sahih, hadis, asar, Firabiy, Is’hoq ibn Rohavayh, fathul boriy, Imom Muslim, Sihohi sitta, Qur’oni karim, Abu zar Hiraviy, Sunan, Koloboziy.

“Al-Jomeʼ as-sahih” asari yozilish tarixi bilan oddiy kitobxonlar tanish boʻlmasalar-da, uning tarixi tadqiqotchilar, hadis ilmi bilan shugʻullanuvchilarga yaxshi maʼlum. Hijriy III (milodiy IX) asrga qadar yozilgan hadis toʻplamlari sahih hadislar bilan birga, hasan va zaif hadislarni ham oʻz ichiga olgandi. Imom Buxoriyning ustozi Isʼhoq ibn Rohavayh faqatgina sahih hadislari oʻz ichiga olgan muxtasar bir kitobga ehtiyoj tugʻilayotganini aytgan edi. Mana shuning uchun Buxoriy “al-Jomiʼ as-sahih” ni toʻplangan 600.000 hadisdan tanlagan holda yozgan. Asar hajmini kattalashtirmaslik tushunchasi bilan sahih hadislarning barchasini kitob tarkibiga kiritmadi. Ibn Qaysaroniy “al-Jomiʼ as-sahih”ni keng hajmdagi bir asarning xulosasi ekanini, Buxoriyning qoʻlidagi barcha hadislarni avvalo “al-Mabsut” nomli asarda boblarga koʻra tasnif etganini, ulardan eng sahih rivoyatlarni bir joyga jamlab ushbu mashhur asarini yuzaga keltirganini aytadi[1]

Imom Buxoriy asarini bir ibodat tarzida ado qilgan. Har bir hadisni avvalo tahorat olib yoki gʻusl qilgan holda ikki rakat namoz oʻqigan holda yozgan[2]. Baʼzi manbalarda esa “Al-jome’ as-sahih” asarining har bir bobini Paygʻambar alayhissalomning qabrlari bilan minbarlari orasida va har bir bob uchun ikki rakat namoz oʻqigandan soʻng yozilgani haqida rivoyatlar bor[3].

Imom Buxoriyning ilm va amalidagi basirat (qalb koʻzi) qanday ham goʻzal boʻlgan?! Ilmi borasida “Sahihul Buxoriy” va asarlari maʼlum. Lekin amali haqida Hofiz Ibn Hajar rohimahulloh “Hady as-soriy muqaddima fath al-Boriy” kitobida quyidagilarni yozgan: “Muhammad ibn Mansur aytadi:

“Biz Abu Abdulloh Buxoriy bilan majlisda edik. Bir kishi soqolidan iflos narsani olib masjidning yeriga tashladi. Buxoriyning haligi narsaga va odamlarga qarab turganini koʻrdim. Odamlar sezmay turganlarida qoʻlini uzatib, yerdan haligi iflos narsani olib, yengiga solganini koʻrdim. Masjiddan chiqqach esa uni olib yerga uloqtirganiga guvoh boʻldim”[4].

Ibn Qaysaroniy Buxoriyning “Al-jome’ as-sahih” asari Buxoroda, baʼzilari esa Makkada yozilganini aytadi. Asar taʼlifi 16 yil davom etgani va Buxoriyning Makkada buncha vaqt boʻlmaganini eʼtiborga olinsa, asarni Makkada yozishni boshlab, keyinchalik Buxoroga va uzoq vaqt qolgan Madina va Basrada yozib tugatgani tushuniladi. Asarning bob nomlari Paygʻambarimizning qabrlari va minbarlari orasida yozilganiga doir rivoyatlar ham shunday izohlanadi.

Imom Buxoriy “Al-jome’ as-sahih” asarining boshqa hadis toʻplamlaridan farqi hadislarni qabul qilishdagi shartlari bilan yaqqol koʻzga tashlanadi. Imom Buxoriy ustozidan sahoba roviyga qadar soʻnggi daraja ishonchli muhaddislar tomonidan muttasil bir isnod bilan naql qilingan rivoyatlarni oʻz kitobiga olishni prinsip etib tanlagan. Baʼzilarning aytgani kabi har tabaqada birdan ortiq roviyning topilishini zarur deb topmagan. Yolgʻiz sanaddagi har bir ustoz bilan talabaning uzoq vaqt koʻrishgan boʻlishi asos qilib olingan. Anʼana yoʻli bilan kelgan rivoyatlarda talabalardan birining ustozidan hadisni eshitmagan holda eshitgan kabi rivoyat qilishi ehtimoli xotirga kelishi mumkin. Bu kabi holatlarda Buxoriyga koʻra sanaddagi roviylarning eng oz bir marta bir-birlari bilan koʻrishgan boʻlishlari lozim. Buni lozim topmagan Imom Muslim esa roviylarning ayni asrda yashagan boʻlishi va koʻrishganlari imkon darajasida boʻlishi yetarli asos deb topilgan. Bu borada Imom Buxoriy Imom Muslimdan koʻra ehtiyotkorroqdir. Hadisni Imom Buxoriy tomonidan anʼana yoʻli bilan rivoyat qilgan roviyning ustozi bilan koʻrishmaganini daʼvosi boʻlsa, Buxoriy bu shaxsning hadisini rivoyat etgan oʻrinda, mavzuga aloqador boʻlmasa-da, oʻsha roviyning ustozi bilan koʻrishganini bildiruvchi boshqa bir hadisni naql qilgan boʻlishi ham mumkin. Bu mavzu ichidagi maʼno birligini buzilgani bahonasida Buxoriyning rivoyat texnikasini oldingi planda tutganini koʻrsatadi.

“Kutubi sitta” imomlari kabi Imom Buxoriy ham asariga olgan hadislarni qaysi shartlarga koʻra tanlaganini zikr qilmagan. Unga nisbat berilgan shartlar asarni tadqiq qilish asnosida aytilgan boʻlib, ular ham bir xil emas.

Imom Buxoriyning rostgoʻylikka boʻlgan munosabati haqidagi ushbu voqea juda ham mashhur. Imom Buxoriy hadis oʻrganish uchun bir kishining oldiga bordi. Uning oti qochib ketgan edi. U etagini goʻyo ichida arpa bordek koʻrsatib unga ishora qildi, kelganida uni tutib oldi. Imom Buxoriy: “Sizda arpa bormidi?”, - deb soʻradi. U kishi: “Yoʻq, lekin uni aldadim (bordek qilib koʻrsatdim)”, - dedi. Shunda Imom Buxoriy oʻzlarining mashhur soʻzlarini aytdilar: “Hayvonlarni aldaydigan kishidan hadis olmayman (oʻrganmayman)”[5].

Asarning rivoyat qilinishiga kelsak, “Al-jome’ as-sahih” ni Imom Buxoriydan 90.000 kishi tinglagan boʻlsa-da, uni keyingi avlodlarga yetkazgan roviylar soni juda ozchilikni tashkil qiladi. Bularning boshida Abu Abdulloh Muhammad ibn Yusuf Firabriy turadi. Boshqalari asarning oxirgi qismidan bir boʻlimini Buxoriydan tinglash imkonini topa olmagan Hammod ibn Shokir Nasaviy, “Kitob ul-ahkom” dan keyingi qismini bevosita eshitmagani uchun bu qismlarni Imom Buxoriydan ijozat yoʻli bilan olgan. Ibrohim ibn Maʼqil Nasafiy va Buxoriydan “Al-jome’ as-sahih” ni eng oxirgi rivoyat qilgan Abu Talha Mansur ibn Muhammad Pazdaviydir. Husayn ibn Ismoil Mahomiliyning rivoyati esa asarni eshitish yoʻli bilan olmagan, Buxoriyning Bagʻdoddagi imlo majlislarida yozganlari bilan koʻplab xatosi bor nusxaning maydonga kelishiga sabab boʻlgan, shuning uchun ushbu nusxa eʼtibor qozonmagan. Firabriy nusxasidan boshqa uch nusxaning davr oʻtishi bilan oʻz shuhratini yoʻqotgani va oʻrniga bugun qoʻlimizdagi Buxoriy matnining yagona rivoyati hisoblangan Firabriy nusxasi egallagani uning ishonchli ekanidan darak beradi.

Buxoriyning mashhur talabasi Firabriydan “Al-jome’ as-sahih” ni rivoyat etganlarning eng mashhurlari quyidagilar: Ibn Sakan, Abu Zayd Muhammad ibn Ahmad Marvaziy, Abu Ahmad Jurjoniy, Abu Isʼhoq Ibrohim Mustamliy, Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad Hamaviy, Abu Ali Shabbusiy, Abu Haysam Qushmiyhaniylardir. Firabriydan “Al-jome’ as-sahih” ni eng oxirgi boʻlib tinglagan shaxs Abu Ali Ismoil Kushoniy bilan Abu Nasr Ahmad Axsikasiydirlar. Firabriy nusxasini uchinchi darajada davom ettirganlar orasidan oʻrin olgan Abu Zarr Haraviy bilan hayotini hadisga bagʻishlagan ayol muhaddis Karima bint Ahmad mudarrislik faoliyatini Makkada davom ettirganlari uchun asarning islom dunyosida yoyilishiga katta xizmat qilganlar[6].

Abu Zar Haraviy nusxasining shuhrat topishining muhim sababi, Firabriyning uch mashhur shogirdi – Mustamliy, Hamaviy va Qushmiyhaniyning nusxalariga tayangani boʻlgan. Uning bu nusxasiga katta baho bergan Ibn Hajar “Fathul-boriy” ni, Kirmoniy esa “al-Kavokib ud-daroriy” ni uning ushbu rivoyatiga tayangan holda bitganlar. Magʻribda ham eng yoyilgan rivoyat shu hisoblanadi.

Bu bosqichdan keyin asarni rivoyat qiluvchilar soni ortib bordi va keyingi asrlarda “Al-jome’ as-sahih” ning koʻplab nusxasi maydonga kela boshladi. Mavjud nusxalardan sahih bir matnni taʼsis etmoq zaruratini tuygan Ali ibn Muhammad Yuvniniy[7] ning yuzaga keltirgan nusxasi alohida oʻrin tutadi. Qastaloniy “Irshod us-soriy” deb nomlangan sharhida aynan shu nusxani asos qilib olgan.

Firabriyning peshqadam oʻnta shogirdlari bilan “Al-Jomeʼ as-sahih” ni bulardan rivoyat qilgan oʻn ikki mashhur roviy va Yuvniniyning rivoyat zanjirlari mavjud[8].

Asar Islom dunyosida Qurʼoni Karimdan soʻng birinchi manba hisoblanadi. Hadislarning izchillik bilan tanlangani, mukammal tartibga egaligi, qamrab olgan maydonining kengligi unga mazkur bahoni berilishiga sabab boʻlgan. “Al-Jomeʼ as-sahih” asari savob niyatidagi kabi moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarni qondirish, xastalik va balolardan qutulish uchun ham oʻqilgan[9].

Misr tarixchisi Ibn Ilyos 1505-yilda Misr sultonining bogʻida tikilgan chodirda “Al-jome’ as-sahih” xatmi oʻtkazilganini aytib, keyinchalik uning xatmlari saroylarda oʻtkazilganini, bu asnoda qozilar, olimlarga sarpolar qiydirilib sovgʻalar ulashilganini haqidagi xabarlarni keltiradi[10]. Shuningdek, islom tarixida dushman ustidan qozonilgan gʻalaba sharafiga oʻtkazilgan marosimlarda Qurʼoni Karim bilan birga “Al-Jomeʼ as-sahih” ham xatm qilingan. Hatto qasam ichirilganda “Al-jome’ as-sahih” ustida ichirilgani haqidagi xabarlar ham bor[11].

Shuningdek, muhim ishlarni boshlashdan oldin ham “Al-Jomeʼ as-sahih” ga murojaat qilingan. Magʻribda oʻtkazilgan xatm marosimlari uchun rajab oyining ilk kuni “Al-jome’ as-sahih” oʻqishga kirishilgan, Ramazonning 27-kechasi tamomlangan. Asarning “Subhanallohi va bihamdihi subhanallohil ʼazim” tasbehi tavsiya etilgan soʻnggi hadisga kelinganda har kim oyoqda turib, bu hadisni 101 marta takror qilgan.

Asarning mashhur nashrlariga kelsak, “Al-jome’ as-sahih” Istanbul, Qohira, Buloq, Hindiston, shuningdek, Yevropada ham nashr etilgan. Bularning ichida eng mukammali Yuvniniy nusxasi asos qilib olinib, hoshiyada boshqa nusxadagi farqlar koʻrsatilgan holda Sulton Abdulhamid II buyrugʻi bilan qilingan nashr hisoblanadi. L. Krehl (I-III, Leiden 1862 – 1868 yillar) va Teodor Yeynbolning (I-IV, Leiden 1908) nashrlari xususida yaxshi fikrlar aytilmagan.

Baʼzi sharqshunoslar asarning turli boʻlimlarini gʻarb tillariga tarjima qilgan holda nashr qilganlar[12].

Asarga juda koʻplab sharhlar yozilgan. Ibn Xaldun “Al-jome’ as-sahih” ni sharhlash islom ummati uchun qarz ekanini aytib, asarning oʻquvchilarga tushunilishi va butun muammolarining yechimiga sabab boʻlishi uchun turli ishlanmalarni amalga oshirgan. Kotib Chalabiy asar ustida 80 dan ortiq sharhlar yozilganini aytadi. Keyingi yozilgan sharhlar ham eʼtiborga olinsa, bu raqam sezilarli darajada ortishi, shubhasiz. Asarga yozilgan sharhlarning eng mashhurlari quyidagilar:

1. Aʼlomus-sunan. “Al-jome’ as-sahih” ning ilk sharhi sifatida maʼlum boʻlgan mazkur asar Xattobiy tomonidan yozilgan. U ushbu asarini Abu Dovudning “Sunan” ini sharhi hisoblangan “Maʼolim us-sunan” ni yozib boʻlgandan keyin bitgan. Ushbu sharhning bir qoʻlyozma nusxasi Sulaymoniya kutubxonasining Aya Sofiya fondida 687-raqam ostida saqlanadi.

2. Qurtubiyning nomi maʼlum boʻlmagan sharhi. Sharh keyingi sharhlar uchun muhim manba vazifasini oʻtagan. Bu sharh hadis masalalarida Molikiy mazhabiga yon bosgani uchun tanqidga uchragan.

3. “Al-Badr ul-munir is-soriy fil-kalom al-Buxoriy”. Qutbiddin Halabiyga tegishli mazkur sharh oʻn jilddan iborat boʻlib, unda asarning yarmi o‘z ifodasini topgan.

4. “At-Talvih sharhul-Jamiʼ us-sahih”. Turk olimi Moʻgʻultoy ibn Qilichga mansub 20 jilddan iborat sharh.

5. “Al-Kavokib ud-daroriy”. Shamsiddin muhammad al-Kirmoniy qalamiga mansub.

6. “At-Tanqih li alfoz il-Jamiʼ us-sahih”. Zarkashiy qalamiga mansub mazkur sharh asardagi gʻarib kalimalarni, mushkul eʼroblar, notoʻgʻri oʻqilishi mumkin boʻlgan ism va nisbalarni yengil oʻqilishini taʼminlash hamda asarning tushunilishida baʼzi oʻrinlarni izohlagan holda yozilgani bilan ahamiyatlidir.

7. “At-tavzih li sharhil-Jamiʼ us-sahih”. Asarning nomi “Shavohid ut-tavzih” deb ham shuhrat topgan[13]. Sharhda Mugʻultoy ibn Qilichning asaridan keng istifoda etilgan.

8. “Al-Lavomiʼ us-sabih ʼalal-Jamiʼus-sahih”. Muhammad al-Birmaviyning 4 jilddan iborat mazkur asari Istanbulda saqlanmoqda[14].

9. “Majmaʼ ul-bahrayn va javohir ul-xabrayn”. Ibn Kirmoniy nomi bilan mashhur Yahyo ibn Muhammad ibn Yusufning mazkur asari otasi Kirmoniy va Ibn al-Mulaqqinning “Sahih ul-Buxoriy” ga yozgan sharhlarining toʻplamidir.

10. “Fath ul-boriy bi sharhi Sahihil-Buxoriy”. Ibn Hajar Asqaloniyning ushbu asari Buxoriy asari yozilgan shahrlarning eng mukammal hisoblanadi. Ibn Hajar “Sahih ul-Buxoriy” ustidagi izlanishlarini avval besh jildlik “Tagʻliq ut-taʼliq” da boshlagan (1401-y.). Keyinchalik yuqorida tilga olingan sharhiga muqaddima boʻlgan mustaqil jild holidagi “Hadyus-soriy” asarini yozgan (1410-y.). “Sahih ul-Buxoriy” haqida bilinishi zarur maʼlumotlarni qamrab olgan “Hadyus-sariy” “Sahih ul-Buxoriy” da hadislar nima sababdan boʻlingan holda (taqtiʼ), muxtasar qilinib va turli baxslarda takrorlanib berilganini, tarjimalardagi hadislarning nima sababdan sanadsiz keltirilganini (taʼliq), asardagi nodir (gʻariyb) kalimalar bilan yozilishi bir, oʻqilishi boshqa boʻlgan ism, kunya, laqab va nisbalarning qaysilari ekani, ajratib koʻrsatuvchi bir sifatni keltirmasdan Buxoriyning mubham tarzda zikr qilgan ismlar bilan kimlarni qasd qilgani, Doraqutniy bilan boshqa munaqqidlarning Imom Buxoriyni tanqid qilish maqsadida ilgari surgan barcha qarashlarining mohiyati haqida qimmatli maʼlumotlarni keltiradi. Asar soʻnggida “Sahih ul-Buxoriy” ning boshqa xususiyatlarini keltirib, Imom Buxoriyning hayotini ham batafsil yoritib oʻtgan. Inb Hajar “Fath ul-boriy” ni 1414-yilda yozishni boshlab, hadis matnlarida aksariyat “Al-Jomiʼ as-sahih” ning Abu Zar nusxasiga suyangan. Asarni yangi boshlagan chogʻlarida hadislarni yetarlicha kengroq sharhlagan boʻlsa, keyinchalik oʻrta yoʻlni tutgan. Asarni 1438-yilda yozib tugatgan boʻlsa-da, vafotigacha turli ilovalar bilan boyitib borgan. Asarning turli nusxalari orasidagi farqlarning eng muhim sabablaridan biri shu hisoblanadi. Ibn Hajar izohlanishi lozim topilgan kalimalarning lugʻat maʼnosini, eʼrobini, hadisdagi balogʻat, fiqhiy hukmlar va bu mavzularda olimlar orasida mavjud boʻlgan qarashlarni oʻz asarini keltiradi. “Fath ul-boriy” keyinchalik yozilgan barcha asarlarga manba vazifasini oʻtagan. Shavkoniydan “Sahih ul-Buxoriy” ga sharh yozishi soʻralganda “La hijrata baʼdal-fath” hadisiga qiyosan Ibn Hajarning qimmatli asaridan keyin “Sahih ul-Buxoriy” ga sharh yozishga ehtiyoj qolmaganini aytgan.

11. “Umdat ul-qoriy fi sharhi Sahihil-Buxoriy”. Badriddin Ayniy qalamiga mansub mazkur asar “Fath ul-boriy” bilan birga “Sahih ul-Buxoriy”ga yozilgan sharhlar ichida eng moʻtabar asarlardan hisoblanadi. Badriddin Ayniy oʻz sharhini 1418-yilda yozishni boshlagan va 1443-yilda tamomlagan[15].

Asarning muxtasarlari ham uni oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. “Sahih ul-Buxoriy” dan saylanmalar tarzda yuzaga kelgan izlanishlar orasida quyidagilar asarlarni zikr qilish mumkin:

1. “Jamʼ un-nihoya”. Muallifi – Ibn Abu Jamra (vaf. 699 h.y.);

2. “At-Tajrid us-sarih”. Muallifi – Ahmad ibn Ahmad az-Zabidiy (vaf. 893 h.y.). Asar Komil Miros tomonidan turk tiliga tarjima qilingan;

3. “Zubdat ul-Buxoriy”. Muallifi – Umar Ziyouddin Dogʻistoniy (vaf. 1920 y.). Ushbu asarda Paygʻambar (s.a.v.) buyruqlarining (qavliy hadislar) barchasini qamrab olinishi eʼtiborga olingan va 1524 ta hadis jamlangan. Asar uch jild shaklda Istanbulda hijriy 1341-yilda nashr qilingan;

4. “Javohir ul-Buxoriy”. Muallifi – Muhammad Imora. Asarda Rasululloh (s.a.v.) ning 850 ta hadisi shariflari qamrab olingan.

Asardagi baʼzi chigal kalimalarga doir kitoblar ham yozilgan. “Al-Alfiyya” muallifi Ibn Molik Yuvniniy bilan birgalikda “Sahih ul-Buxoriy” dagi 71 ta kalimani izohlovchi “Shavohid ut-tavzih vat-tasʼhih li mushkilatil-jamiʼ is-Sahih” nomli asari hijriy 1319-yilda Hindistonda, keyinchalik muhammad Fuod Abdulboqiyning yangi tahqiqi ostida 1957-yilda Qohirada nashr etilgan. Zarkashiyning ham ushbu mavzuda yozilgan “At-Tanqih li alfozil-Jamiʼis-sahih” nomli asari mavjud.

Bulqiniyning baʼzi manbalarda “Sharhul-Buxoriy” nomi bilan ataluvchi “Al-Ifhom lima fil-Buxoriy minal-ibhom” nomli asari mavjud boʻlib, mazkur asarning bir qoʻlyozma nusxasi hozirda Turkiyada saqlanmoqda[16].

Buxoriy asarining bob nomlari ham mustaqil asarlar uchun mavzu boʻlgan. Bularning eng mashhurlari quyidalilardir:

1. “Kitob ul-mutavoriy ʼala tarojimil-Buxoriy”. Muallifi – Ibn Munayyir (vaf. 683 h.y.) Asar Salohiddin Maqbul Ahmad tomnidan nashr ettirilgan.

2. “Tagʻliq ut-taʼliq”. Ibn Hajar Asqaloniy tomonidan yozilgan.

3. “Al-Favoid ul-mutaʼalliqa bi Sahihil-Buxoriy”. Muhammad ibn Abdulhodiy Sindiy (vaf. 1138 h.y.) tomnidan yozilgan. Asarning qoʻyozma nusxasi Qohirada saqlanishi haqida Fuod Sezgin maʼlumot bergan[17].

4. “Sharhu tarojimi abvobi Sahihil-Buxoriy”. Muallifi - Valiyyulloh Dehlaviy (vaf. 1176 h.y.).

5. “Fiqh ul-Imomil-Buxoriy”. Asarda “Sahih ul-Buxoriy” dagi 1290 bob nomi Muhammad Abu Foris tomonidan Omonda 1989-yilda ikki jildda nashr ettirilgan.

“Sahih ul-Buxoriy” ning roviylariga oid ham turli asarlar yozilgan. Bularning avvalida Ahmad bin Muhammad Kaloboziyning “Rijolu Sahihil-Buxoriy” nomli asari turadi. Asar Abdulloh Laysiy tomonidan Bayrutda 1987-yilda nashr ettirilgan. Shuningdek, Abulvalid al-Bojiyning “At-Taʼdil vat-tajrih li man xarraja lahul-Buhoriy fil-Jamiʼis-sahih” asarini Abu Luboba Husayn Riyodda 1986-yilda nashr ettirgan.

SHODIYEV YUSUP XUSANOVICH,

Namangan shahar “Hidoya” o‘rta

 maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

 


 

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va boshqalar. Oltin silsila: Sahihul Buxoriy, 1-juz. – T.: “Hilol-nashr”, 2021. – B. 81–82.

[2]  Ibn Hajar Аsqaloniy. Hady as-soriy. – Qohira, 1986. – B. 6.

[3] Shamsuddin Zahabiy. Siyar aʼlomin nubalo. – Bayrut, 1984. XII, – B. 40.

[4] Horis Muhosibiy. Risolatul mustarshididn ( Abdulfattoh Abu G‘udda tahqiqi). – Halab: Dorus salom , 1983. – B. 155.

[5] Muhammadiev O. Rabboniy ulamolar. – T.: “O‘zbekiston”, 2022. – B. 249.

[6] Turkiye Diyanet vakfi Islam ansiklopedisi. . – İstanbul: 1993. III. – S. 119–120.

[7] Hijriy 701, milodiy 1301 yilda vafot etgan yirik olim.

[8] Qarang: Ilova № 2.

[9] Kirmoniyning aytishicha, Islom oʼlkalarining birida sulton shifo umidida “al-Jomiʼ as-sahih” asarini oʼqishni orzu qilgan. Yana qarang: Kirmoniy. al-Kavokib ad-daroriy. – Bayrut: Dor ihyo at-turos al-arabiy, 1981. J: 1. – B. 5.

[10] Ibn Iyos. Badoyiʼ az-zuhur. – Qohira: Аl-Hayʼa al-misriyya al-omma li-l-kitob, 1984. – J: 4. – B. 88.

[11] Ifroniy. Nuzha al-hodiy bi-axbar muluk al-qorn al-hodiy. – Rabot: Matbaa an-najoh al-jadida, 1998. – B. 72.

[12] Carl Brockelmann. Geschichte der arabischen Litteratur Supplementband. I, – Leiden: 1937-42. 261-бет.

[13] Hoji Xalifa. Kashf az-zunun. – Istanbul: Kilishli muallim, 1941. – J: 1. – B. 547.

[14] Fuod Sezgin. Geschichte des arabischen Schrifttums. – Leiden: 1967. – Ж: 1. – Б. 121.

[15] Turkiye Diyanet vakfi Islam ansiklopedisi. – İstanbul: 1993. III. – S. 121–122.

[16] Asar Sulaymon iya  kutibxonasidagi  Aya Sofiya fondida 679-inv. raqam ostida saqlanadi.

[17] Sezgin. Geschichte des arabischen Schrifttums. 1-jild. 129-bet.

Izoh qoldirish