22.01.2025

XALQARO ILMIY-TADQIQOT MARKAZLARI MUSHTARAK MAQSAD YOʻLIDA

Yurtimizda musulmon dunyosi buyuk mutafakkirlarining boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi va ilm-fan taraqqiyotida tutgan oʻrnini chuqur tadqiq etish va keng targʻib qilish, bu borada xalqaro miqyosdagi hamkorlik va oʻzaro muloqotni mustahkamlash maqsadida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi oʻtgan yillar davomida Imom Buxoriy va islom tamaddunining beshigi hisoblangan Movarounnahrdan еtishib chiqqan mutafakkir va allomalarning ilmiy merosini tadqiq etib, xalqimizga еtkazib bermoqda.

Alloma va mutafakkirlar qalamiga mansub boʻlgan Imom Buxoriyning “Xolq afʼolil ʼibod”, Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriyning “Shamoili Buxoriy”, “Sahihi Buxoriy sharhi” kitobining 1-jildi, Imom Dorimiyning “Sunani Dorimiy”, “Musnadi Keshiydan durdonalar”, “Sahihi Buxoriy sharhi”, “Sunani Dorimiydan durdona hadislar” kabi kitob va risolalar nashr etildi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Imom Moturidiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi alloma va mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlangan risolalar chop etildi. “Oʻnta haqiqat” rukni ostida ularning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi stendlar tayyorlandi. Imom Buxoriyning “Tarixus sagʻir”, Imom Termiziyning “Imom Termiziyning aqidaviy qarashlari” tarjima qilindi.

Bugungi kunda Imom Buxoriyning “Kitobul kuna”, “Birrul volidayn”, “Al-Qiroatu xalfal imom”, “Kitobul ashriba”, “Kitobuz zuafo”, “At-Tarixul kabir”, “Sahihi Buxoriy sharhi” (5-6-jildi) kabi asarlar tarjima qilinmoqda.

Ilmiy xodimlari bu ishlar bilan cheklanib qolgan emas. Markaz rasmiy sayti (bukhari.uz) hamda ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida hadis, aqida, odob-axloq, botil firqalarga raddiyalar, hadis maʼrifati va boshqa yoʻnalishlarga doir videodars va ilmiy maqolalar eʼlon qilmoqda. Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, Markaz rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoq sahifalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga oid farmon va qarorlari, Musulmonlar idorasining fatvolari, eʼtiroflar, hadis, hikmatlar, eʼlonlar, xabar va yangiliklar hamda ziyoratgohlar toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan toʻldirib borilmoqda. Shuningdek, Markaz jurnali – “Imom Buxoriy saboqlari” ham muntazam nashr etilmoqda.

Markaz ilmiy-tadqiqotlar borasida xorijdagi ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qilishga ham alohida eʼtibor qaratgan. Bugungi kunga qadar 40 ga yaqin nufuzli xorijiy tashkilot, ilmiy markazlar hamda muassasalar bilan oʻzaro hamkorlikka oid anglashuv memorandumlari imzolandi. 110 dan ortiq Xalqaro darajadagi tashriflar amalga oshirilgani, Markaz ilmiy jamoasi vakillarining 32 marotaba xorijga ilmiy safar uyushtirgani, yillar kesimida olib qaralganda, ilmiy-tadqiqot borasida xalqaro hamkorlik koʻlamining yil sayin kengayib borayotgani dalilidir.

Markaz tashabbusi bilan Shveysariyaning Bazel universiteti, Turkiya ilmiy-tadqiqot markazlari, Italiya va Birlashgan Arab Amirliklarida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom sanʼati koʻrgazmasi”, “Islom xattotligi”, “Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari” kabi mavzularda xalqaro koʻrgazma hamda “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha festival va savdo yarmarkasi, Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti hamkorligida “Musulmon olimlarining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi”, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi, Islom olamining taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti hamkorligida “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi”, Turkiyaning Marmara universiteti, AQSHning Michigan universiteti, Misrning Al-Azhar universiteti hamkorligida “Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy merosi va uning ilk Sharq Renessansi va islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslari yaratishdagi oʻrni va ahamiyati”, “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon”, Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” kabi mavzularda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman, Buyuk Britaniyaning London islom madaniyati markazida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr qilingan kitoblar taqdimoti, “Al-Furqon” Islom merosi fondida “Qoʻlyozmalarni tadqiq etish va kataloglashtirishning ahamiyati mavzusida” davra suhbati tashkil qilindi.

Germaniyaning Frayburg universitetida Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan 29 va 30-juzlari, “Sahihul Buxoriy sharhi” kitoblarining taqdimotlari oʻtkazildi.

Bu kabi xalqaro aloqalar nafaqat Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining, balki maqsadlarimiz mushtarak boʻlgan Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining ham yutugʻidir. Aytish joizki, Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy kabi muhaddislarimiz yashagan davr muhiti, ularning ilmiy merosini oʻrganishda mazkur markazlarning oʻzaro aloqalari ham eʼtiborga molikdir. Ilmiy hamkorliklar bois yurtimizdagi kitob fondlarida saqlanayotgan islom taʼlimoti, tarixi va madaniyatiga oid qoʻlyozma asarlarni dolzarbligi boʻyicha tasniflash va ularni oʻrganish, Oʻrta Osiyodan еtishib chiqqan mutafakkir va allomalarning mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asarlarini jamlash va tadqiq etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, shu davrga qadar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga jismoniy va yuridik shaxslardan 322 ta qoʻlyozma va 795 ta toshbosma asarlar hadya sifatida qabul qilib olindi. Shuningdek, jismoniy shaxslardan 285 dona noyob qoʻlyozma kitob va 114 ta tarixiy hujjat sotib olindi.

Misr Arab Respublikasining sobiq muftiysi, Ali Jumaʼ oʻzining shaxsiy fondida saqlanayotgan dunyo kutubxona va fondlaridan toʻplagan islom diniga oid 130 000 dan ortiq qoʻlyozma va toshbosma kitoblarning elektron nusxalari olib kelindi. Ular asosida 15131 ta asarning roʻyxati shakllantirildi.

2022-yil 10-fevraldagi PQ-126-son qarorning 10-bandining ijrosi yuzasidan 2022-2023-yillarda 6 nafar ilmiy xodim Turkiya qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasida “Qoʻlyozma asarlarni restavratsiya va konservatsiya” qilish boʻyicha stajirovka va amaliyot oʻtab keldi. Maxsus amaliyotni oʻtab qaytgan ilmiy xodimlar Markaz fondida saqlanayotgan noyob qoʻlyozma kitoblarni restavratsiyadan oldin quruq tozalash ishlarini olib boryapti. 50 ga yaqin qoʻlyozma kitob quruq (chang-gʻuborlardan) tozalandi. 309 ta (661 ta asar) qoʻlyozma kitoblarning 135458 varagʻi skaner qilinib, PDF va JPG nusxalari tayyorlandi.

Shuningdek, Imom Buxoriy asarlarining dunyo kutubxona fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma nusxalarini aniqlash va reestrini tuzish boʻyicha tadqiqot ishlari olib borilib, 41 mamlakatdagi 256 kutubxona fondida 21 nomdagi 3301 ta qoʻlyozma nusxaning mavjudligi aniqlandi va ularning davlatlar kesimidagi reestri tuzildi. Mana shundan ham anglashimiz mumkinki, Imom Buxoriy nafaqat Movarounnahr, balki butun islom olamidagi muhaddislar maktabining tengi yoʻq ustozidir.

Umrini shunday sharafli ishga bagʻishlagan Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Termiziy kabi muhaddislar, Movarounnahrdan еtishib chiqqan olim va mutafakkirlar merosini oʻrganish, jahonga targʻib qilish ushbu sohaga daxldor har bir muassasaning dolzarb vazifalaridan biri boʻlib qolaveradi.

 

SHOVOSIL ZIYODOV,

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

Izoh qoldirish