IBN MUQAFFANING “ADAB UL-VAJIZ LI-L-VALADI-S-SAGʻIR” RISOLASI
“Adab ul-vajiz li-l-valadi-s-sag‘ir” risolasi mashhur forsiyzabon mutafakkir va tarjimon Abdulloh ibn Muqaffa qalamiga mansub bo‘lib, ushbu risolaning asl arabcha nusxasi, afsuski boshqa ko‘plab nodir asarlar singari bizgacha yetib kelmagan. Risolaning Nosiruddin Tusiy tomonidan fors tiliga qilingan tarjimasi uning bugungi kunga yetib kelishiga sababchi bo‘lgan.
“Adab ul-vajiz” risolasi ota tilidan o‘z farzandiga qilingan pand-nasihatlarni o‘zida jamlagan risola bo‘lib, mazkur nasihatlar hayotning barcha jabhalarini qamrab olganligi bilan ham ahamiyatlidir. Risolaning har bir bandi “Ey farzand” xitobi bilan boshlanib, har bir qism alohida bir masala xususidagi nasihatlardan tashkil topgan. Risolani ibn Muqaffa farzandiga nisbatan shunday nasihat bilan boshlaydi:
Ey farzand: Alloh taolo meni sening vujudga kelishing uchun omonatdor qilib qo‘ydi va seni ato etish orqali menga buyuk bir tuhfa berdi. Seni bardavom hunar va odob namunalarini qabul qila oladigan yoshga, martaba va darajaga yetkazgani uchun buyuk Yaratguvchiga shukrona keltirish menga vojibdir. Yaratganning “Va Robbingiz sizga: "Qasamki, agar sizlar (Mening bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta sizga (ularni yanada) ziyoda qilurman” ("Ibrohim" surasi, 7-oyat) degan kalomi bilan men shukrona keltirishni yanada ziyoda qilib, Allohdan senga manfaat va najot so‘rayman. Men senga aytgan odob durdonalarini o‘zlashtirib, undan imkoning boricha manfaatdor bo‘lgin.
Garchand, aksariyat ishonchli manbalarda ushbu risolaning ibn Muqaffa tomonidan yozilganligi borasida ma’lumotlar mavjud bo‘lsada, ammo bir qancha zamonaviy tadqiqotchilar ushbu risolaning ibn Muqaffaga nisbat berilishiga nisbatan shubha bilan qaraydilar. Jumladan, zamonaviy eronlik sharqshunoslardan biri Abbos Iqbol ushbu risolaning ibn Muqaffaga nisbat berilishini xato fikr sifatida baholaydi.
“Adab ul-vajiz li-l-valadi-s-sag‘ir” risolasining mazmuniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, uning mazmun jihatidan ibn Muqaffaning “Adab ul-kabir” va “Adab us-sag‘ir” kabi risolalariga juda o‘xshash ekanligini ko‘ramiz. Shuningdek, ushbu risolalarda ba’zi fikrlarning aynan takrorlanganligini ham ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu risolaning ma’naviy-axloqiy qiymati nihoyatda ulkan bo‘lib, undan yosh avlodni ma’nan barkamol, axloqan yetuk shaxs qilib tarbiyalashda foydalanish maqsadga muvofiqdir.
✍️ Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish