VATANNI ASRASH – INSONIY BURCH
Yer yuzidagi har bir jonzot tinch va osoyishta yashashi uchun unga eng avvalo bir boshpana va uy-joyga ega boʻlmogʻi lozim. Odam bolasining ham huzur halovatda yashashi uchun unga eng avvalo bir boshpana lozim, xalq uchun esa vatan. Vatansiz xalq yashay olmaydi. Xalqning borligi, uning yashab qolishi oʻz vataniga ega boʻlsagina mumkin boʻladi.
Mehribon ona misoli bizni oʻz bagʻriga olgan Oʻzbekiston atalmish yurtimizni oyoq osti qilinmasligi, bayrogʻimiz har zamon osmonimiz uzra sarbaland hilpirashi, duogoʻylarimiz rizoligining bardavom boʻlishi, ibodatlarimiz halovati, koʻhna tuproqlarimiz ostida yotgan aziz avliyolarimiz ruhining shodligi, xalqimizning huzuri uchun jonajon Vatanimizga xizmat qilish, uni koʻz qorachigʻimizdek asrashimiz barchamizning boʻynimizdagi qarzimizdir.
Shu jihatdan moʻmin oʻz vatanini sevadigan, unga qalban bogʻlangan, zarur boʻlganda joni va molini ham vatan uchun fido qilishdan tortinmaydigan insondir. Vatanparvarlik eng ezgu va oliy tuygʻulardan biridir. Kerak boʻlganda vatan uchun kurashish, uni himoya qilish bu bizga suyukli Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qolgan qutlugʻ merosdir. Kishi oʻz yurtidan uzoqlashganda, uni qumsaydi va sogʻinadi. Bu qumsash biz ummatga Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan merosdir. Islom tarixidan maʼlumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻz vatanlari Makkai mukarramada 53 yoshlarigacha yashadilar. Bu davr mobaynida Makka mushriklari tomonidan u zotga bir qancha zulm, dushmanchilik va kamsitishlar boʻldi. Shunday boʻlsa-da vatanlarini tark qilib boshqa joyga ketmadilar. Ammo Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasulullohning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan keyin Allohning buyrugʻiga binoan Makkadan chiqib ketdilar. Chiqish vaqti kelganida koʻzga yosh oldilar, koʻngillari boʻshab, Makkaga qarab shunday dedilar: “(Ey Makka) sendan koʻra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yoʻq! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga boʻlgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning koʻngillarini koʻtarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qurʼoni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:
“(Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qurʼonni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir...” (Qasos surasi 85-oyat).
Insonning oʻz xalqiga boʻlgan sadoqati va fidoiyligi Vatanini himoya qilishi taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli boʻlishi hamda xalqining tinch va farovon hayot kechirishiga imkoniyati darajasida hissa qoʻshish bilan oʻlchanadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Ikki koʻz borki ular doʻzaxda kuymaydi. Biri Alloh taolodan qoʻrqib yigʻlagan boʻlsa, ikkinchisi Allohning yoʻlida Vatanini qoʻriqlab (poylab) mijja qoqmay chiqqan boʻlsa” (“Riyozus solihin”dan).
Bugun bizni bir-birimiz bilan bogʻlab turgan eng muhim rishtalar vatan va din rishtalaridir. Biz bu ikki masalada befarq boʻlmasligimiz kerak. Aks holda kelajagimiz xavf ostida. Musulmonlar imoratning gʻishtlaridek boʻlib, bir-birlarining kamchiliklarini toʻldirishlari kerak. Xalqimizning birligi va hamjihatligi tufayli Vatanimiz yuksalib, davlatimiz quvvat topmoqda. Vatanga, millatga, azaliy eʼtiqodimiz va milliy birligimizga putur yetkazuvchi buzgʻunchilarning soʻzlariga quloq solmaslik, vatanimizni maʼnan va jismonan ulardan himoya qilmoqlik bugungi Oʻzbekiston farzandining eng oliy burchidir.
Musulmon har qanday sharoitda ham avvalo oʻz yurtini, yashayotgan jamiyatini, keyin esa oʻzini oʻylashi bu bizga ajdodlarimizdan merosdir. Duogoʻylarimizning duolariga bir eʼtibor bering: “Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin”. Albatta bu duoning zaminida tariximizdagi ogʻir va musibatli kunlarning ogʻriqlari, vatan, din, millat yoʻlida qurbon boʻlgan ulugʻ ajdodlarimizning orzulari mujassam. Bu yurt boricha bizniki ekanligini barchamiz yaxshi bilishimiz kerak. Moddiy va maʼnaviy muammolarimizni bartaraf etish, xalqimizni bir-biriga yaxshi va yomon kunlarda ham iymon eʼtiqodida sobit qadam boʻlib jipslashtirish yoʻlida qalbimiz va aqlimiz bilan, Vatanimizni ichki va tashqi xavflardan asrashimiz kerak.
✍️ Muzaffarxon Joniyev-
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Hadisshunoslik boʻlimi boshligʻi, (PhD).
Izoh qoldirish