08.02.2022

Rajab oyi tarixi va undagi muhim voqealar

Arab tilida "qo‘rqish", "hurmat qilmoq", "ta’zim qilmoq" maʼnolarini anglatuvchi "rajaba" fe’lidan olingan “rajab” soʻzi urush harom hisoblangan toʻrt oydan birining nomi boʻlib, Islomda muhim oʻrin tutgan uch oyning (rajab, sha’bon. ramazon) birinchisidir.

Johiliyat davrida rajab oyida urush va bosqinlardan uzoqlashilar, ayniqsa, birinchi o‘n kunlikda ro‘za tutilgan, umra ziyoratlari qilinib, butlardan tashkil topgan xudolarga “otira” va “rajabiyya” deb atalgan qurbonliklar qilingan. Ammo, Rajab oyining tarixi juda uzoq zamonlarga borib taqaladi. Tarixchilar arablarni uch davrga bo’lga. Bular:

1. Arab-i boida - Od va Samud davri, ya’ni arablarning eng eski qabilalaridan Ismoil (a.s) dan ancha oldin yo’q bo’lib ketishgan davri. U davrda Rajab oyini “Havbar” (qoplon, ser yungli hayvon), deb nomlashgan.

2. Arab-i oriba - Arablarning asl qabilalarini bir joyga jamlagan Bani Qahton qabilasidir. U Yamanda bo’lgan. U davrda Rajab oyini “As’amm” (kar) deb atalgan, chunki bu oyda qon to‘kish, mulk va iffatga tegish man qilinganligi, urush-janjal, o‘q otish va noxush chaqiriqlar eshitilmagani uchun ham shu nom bilan atalgan, degan rivoyatlar bor.

3. Arabi Musta’raba (arablashgan arab)- Bani Ismoil, ya’ni, Ismoil alayhissalom o’g’illarining Hijozga joylashgan avlodlaridir. Bu davrga kelib oyning nomi “Rajab”, deb nomlana boshlagan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida zikr qilinganidek, bu oy “Rajab-i Mudor” deb nomlangan. Harom oylarning uchtasi (zulqada, zulhijja, muharram) birin-ketin kelgani uchun “sard” (bir birini taqib qilgan) deyilsa, rajab oyi bir bo‘lgani uchun “fard” (yolg’iz) deb nomlangan.

Rajab oyi kirgach, Payg‘ambarimiz: “Allohim, bizlarga Rajab va Sha’bon oylarida barakot ber va Ramazonga yetkazgin!” deganlar. (Imom Ahmad va Abu Nuaymlar rivoyat qilishgan). Ushbu hadis zaif hadislar qatoriga kirsada, bu oyning fazilati haqida eng ishonchli rivoyatlardan biri sifatida qabul qilingan.

Rajab oyiga xos ibodatlar ichida eng ko‘p muhokama qilinadigan masala bu oyda ro‘za tutishdir. Darhaqiqat, ma’lum kunlardan tashqari hamma vaqtda ro‘za tutish mumkinligi qabul qilingan va bu harom oylardan biri sifatida Rajab oyining ham xususiyatidir. Harom oylarda ro'za tutishga da'vat etuvchi hadislar bor (Abu Dovud, “Savm”, 55; Ibn Moja, “Siyam”, 43).

Ibn Umar va Hasan Basriy kabi sahoba va tobeinlar harom oylarning hammasida ro‘za tutganlari rivoyat qilinadi. Payg‘ambar alayhissalomning rajab oyida ro‘za tutishni man qilgani haqidagi hadislarning zaifligi (Ibn Moja, “Siyam”, 43) bois bu umumiy hukmni xoslashga muvofiq emas. Shuning uchun ham ba’zi ulamolar bu boradagi zaif rivoyatlar bir-birini qo‘llab-quvvatlab, nafl ibodatlarda bunday hadislarga tayanish joizligini ta’kidlab, rajab oyida ro‘za tutishni tavsiya qiladilar. Yana ba'zi ulamolar johiliyat davridagi kabi Rajab oyiga ham o'ziga xos muqaddaslik qo'yilganligi va bu oy Ramazon oyiga soya solishi mumkinligidan xavotirlanib, bu oyda ro'za tutishni nojoiz deb hisoblashgan. Chunki, ba’zi odamlar buni farz ibodat deb bilishgan. Buni Abu Bakr, Umar, Ibn Abbos kabi ulug’ sahobalarning so‘zlari va amallari bilan asoslashgan. Ba'zi ulamolar, rajab oyi to'liq ro'za tutishni ma'qullamaganlar va bu oyning ro'zasini tanaffus qilib, ya’ni kunora ro'za tutishni tavsiya qilganlar.

Rajab oyining birinchi juma kechasi musulmonlarning diniy madaniyatida Rag’oib kechasi sifatida nishonlanadi. Hadis ulamolari bu kechaning rag‘oib deb nomlanishi va bu kechada o‘qilishi odat bo‘lib qolgan rag‘oib namozi haqidagi rivoyatlarning to’qima ekanligiga ittifoq qilganlar. Shunga qaramay, Ibnu-s-Saloh va Ali Qoriy kabi olimlar bu kechani vasila qilib, ibodat, namoz, zikr va xayrli ishlar bilan shug'ullanishni foydali deb bilganlar. Rajab oyidagi yana bir e’tiborli kechalardan biri Me'roj kechasidir. Me’roj voqeasi haqida, uni sodir bo’lgan vaqti haqida bir qancha farqli rivoyatlar bo’lsada, musulmonlarning aksariyati me’rojni rajab oyining 27-kechasi deb e’tiqod qiladilar.

Xulosa qlib shuni ta’kidlash joizki, Rajab oyi Alloh taolo harom qilgan to’rt oyning biri. Unda rag’oib va Me’roj kechasi kabi voqealar sodir bo’lgan. Bu oy islomdan avval johilayat zamonida ham harom hisoblanib, ba’zi qurbonlik va ro’za tutish kabi amallarni bajarishgan.

✍️ Sa'dulla Boboxo'jayev-
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy  xodimi


 

Izoh qoldirish