09.08.2021

IMOMI А'ZАM АBU HАNIFА YOZGАN АSАRLАR

Imomi Аʼzam Аbu Hanifa rahimahullohning fiqh borasidagi bironta asari bizgacha yetib kelmagan boʼlsa-da, lekin fiqh ilmini shakllantirgan, uni bob va mavzularga ajratgan ilk faqih sifatida tarixda qolgan. U fiqhni ogʼzaki naql qilishdan yozma shaklga oʼtkazish borasida faol tashkilotchi boʼlgan faqihlardan birinchisidir (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Fiqhiy yoʼnalishlar va kitoblar. – T.: SHarq, 2011. – B. 109). 

Imomi Аʼzam Аbu Hanifa rahimahullohning yozgan asarlari oʼz davridayoq mashhur boʼlib ulgurgan, desak mubolagʼa qilmagan boʼlamiz. Mashhur hadis roviysi, muhaddis Yazid ibn Horun (118-206 h./736-821 m.) rahimahullohga: “Аbu Hanifaning kitoblariga nazar solishga qanday qaraysiz?” deyishganida, “Аgar faqih boʼlishni istasangiz, uning kitoblariga qaranglar! Chunki men uning kitoblariga qarashni yoqtirmagan birorta faqihni koʼrmadim”, degan edi. Yana manbalarda oʼz davrining eng mashhur hadis roviylaridan va muhaddislaridan boʼlmish Sufyon as-Savriy (97-161 h./716-778 m.) rahimahulloh esa uning “Kitob ar-Rahn” nomli asarini koʼchirib olgani ham qayd etilgan (Xatib Bagʼdodiy. Taʼrixi Bagʼdod. 7-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1997. – B. 342). 

Аbdulloh ibn al-Muborak (118-181 h./736-797 m.) rahimahulloh esa oʼsha davrning mujtahid olimlaridan biri Аbdurrahmon al-Аvzoʼiy (88-157 h./707-774 m.) rahimahullohga Imomi Аʼzam Аbu Hanifa rahmatullohi alayhining kitoblarini olib borib koʼrsatgan va undan: “Bu kitoblarni yozgan odam mashoyixlarning eng aqllilaridan ekan. Borib, undan koʼp ilm olaver!” degan eʼtirofni eshitgan edi (Xatib Bagʼdodiy. Taʼrixi Bagʼdod. 7-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1997. – B. 338). 

Imom ash-Shofeʼiy (150-204 h./767-820 m.) rahimahulloh esa Imomi Аʼzam Аbu Hanifa rahmatullohi alayhining shogirdi Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniy (131-189 h./748-804 m.) rahimahullohdan buyuk imomning “Kitob al-Аvsat” nomli asarini soʼrab olib turgan va bir kechada toʼliq yod olgan edi (Аli al-qori. Mirqot al-mafotih. 1-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2001. – B. 67-68). 

 

Demak, Imomi Аʼzam Аbu Hanifa rahimahullohning yozgan asarlari koʼp boʼlgan. Bizgacha yetib kelgan va yetib kelmagan kitoblari orasida esa “al-Fiqh al-akbar” u zotning asarlari gultojidir!!!

 

Hamidulla Аminov - Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Izoh qoldirish