“AL-FIQH AL-AKBAR”NING MUALLIFI IMOM ABU HANIFA
Ayrim zamonaviy tadqiqotlarda “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al-Ko‘fiy (80-150 h./699-767 m.) tomonidan yozilmagan, degan fikr uchrab turadi. Bu fikr, asosan, A.J.Wensinck hamda Givony Jozeph, Joseph Schacht, Brannon M. Wheeler, Ulrich Rudolph va ularga ergashgan musulmon tadqiqotchilar tomonidan ilgari surilgan. Ushbu fikrlarga umumiy nazar solinsa, ular “al-Fiqh al-akbar”da ko‘tarilgan ayrim masalalar Imomi A’zam Abu Hanifa davrida ommalashmagan bo‘lgani sababidan aytilgan. Biroq, ommalashmagan deyilgan mazkur masalalar o‘sha davr mutakallim va mualliflari tomonidan ham ko‘tarilganiga, shuningdek, Imomi A’zam Abu Hanifa o‘z davrida mo‘‘taziliy, xavorij kabi oqim vakillari bilan bahs-munozaralar olib borganiga kam e’tibor qaratilgan.
Ibn Qutayba (213-276 h./828-889 m.) tomonidan bitilgan “al-Ixtilof fi-l-lafz” asari hamda Abu Ja’far Ahmad at-Tahoviy (239-321 h./853-933 m.) tomonidan bitilgan “al-Aqidat at-tahoviya” degan nom bilan shuhrat qozongan “Bayon as-sunnat” asari kabilarga qaralsa, shuningdek, Imomi A’zam Abu Hanifa davrida yashagan mutkallimlarning ilmiy faoliyati va merosiga nazar solinsa, “al-Fiqh al-akbar”da ko‘tarilgan mavzular bularda ham ko‘tarilganini va unda ishlatilgan atama va istilohlar bularda ham qo‘llanilganini ko‘rish mumkin.
“Al-Fiqh al-akbar” asari Imomi A’zam Abu Hanifa qalamiga mansub ekaniga bir qancha dalillar mavjud. Mazkur mujtahid olimning “al-Fiqh al-akbar” nomli asari bo‘lganiga Musulmon Sharqi shak-shubha bildirgan emas. Uni hanafiy olimlari ham, boshqa mazhab vakillari ham Imomi A’zam Abu Hanifaning o‘zi yozgan asar sifatida qayd qilib kelganlar:
Abu Mansur Abdulqohir al-Bag‘dodiy (vaf. 429 h./1037 m.) “al-Farq bayn al-firaq” hamda “Usul ad-din” nomli kitoblarida olimning “ar-Radd ‘ala-l-Qadariya” asarining nomi ayni “al-Fiqh al-akbar” ekanini aytib o‘tgan [Abdulqohir al-Bag‘dodiy ash-Shofe’iy. Al-Farq bayn al-firaq. – Qohira: Maktaba Ibn Sino, 1988.: 314; Abdulqohir al-Bag‘dodiy ash-Shofe’iy. Usul ad-din. – Istanbul: Matbaa ad-Davla, 1928.: 308].
Hoji Xalifa (1017-1067 h./1609-1657 m.) “Kashf az-zunun”da bu asarning roviysi sifatida Ismoil ibn Hammod ibn Abu Hanifa (vaf. 212 h./827 m.) ga tegishli ekanini aytadi [Kotib Chalabiy. Kashf az-zunun. 1-jild. – Istanbul: “Maorif” matbaasi, 1941.: 410].
Taniqli adib Ibn an-Nadim (vaf. 438 h./1047 m.) o‘zining aynan bio-bibliografik kitobi – “al-Fehrist”da uning mazkur “al-Fiqh al-akbar” asari hamda “ar-Risola ila-l-Battiy”, “al-Olim va-l-mutaallim”, “ar-Radd ‘ala-l-Qadariya” asarlari borligini qayd qilgan [Ibn an-Nadim. Al-Fehrist / Tahqiq: Rizo Tajaddud. – Tehron, 1971.: 256].
Sadrulislom Abulyusr Muhammad al-Bazdaviy (421-493 h./1030-1100 m.) “Usul ad-din” asarida: “Bizgacha Imomi A’zam Abu Hanifaning “al-Olim va-l-mutaallim” va “al-Fiqh al-akbar” kitoblari yetib kelgan”, deb yozgan edi [Abulyusr Muhammad al-Bazdaviy. Usul ad-din. – Qohira: Maktaba al-Azhariya, 2003.: 15].
“Fehrist” asarida Imomi A’zam Abu Hanifaning faqat “al-Fiqh al-akbar” asari tilga olingan, “al-Fiqh al-absat”ning nomi esa zikr qilinmagan. Biroq, undan oldin yozilgan “al-Farq bayn al-firaq”da “al-Fiqh al-akbar” bilan birga yana bir risola tilga olingan. Uni: “Imomi A’zam Abu Hanifaning ahli sunnatning: “Istitoat (kuch-qudrat) fe’l bilan birga bo‘ladi”, degan gapini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imlo qildirgan yana bir risolasi bor”, deb ta’riflangan [Abdulqohir al-Bag‘dodiy ash-Shofe’iy. Al-Farq bayn al-firaq. – Qohira: Maktaba Ibn Sino, 1988.: 314].
“Istitoat (kuch-qudrat) fe’l bilan birga bo‘ladi”, degan masala “al-Fiqh al-akbar”da ko‘rib chiqilmagan, balki u haqida “al-Fiqh al-absat”da batafsil so‘z yuritilgan. “Demak, “al-Farq bayn al-firaq” yozilgan davrlarda hanafiy olimlardan boshqalarga ham Imomi A’zam Abu Hanifaning garchi nomi ma’lum bo‘lmasa-da “al-Fiqh al-absat” asarining mazmuni ma’lum bo‘lgan va u “al-Fiqh al-akbar”dan boshqa bir risolasi ekani ham ayon bo‘lgan. Mazkur “al-Fiqh al-absat” asari “Imomi A’zam Abu Hanifadan fiqhi akbar haqida so‘radim”, deb boshlangani uchun “Ikkinchi “al-Fiqh al-akbar” ham deyiladi. Shuning uchun, tabaqot va tarjimai holga bag‘ishlangan asarlarda Abu Mute’ al-Balxiyni “al-Fiqh al-akbar”ning roviysi sifatida ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Aytganimizdek, u zot aynan “al-Fiqh al-akbar”ning roviysi emas, balki uning ikkinchi varianti deb qaralayotgan “al-Fiqh al-absat”ning roviysidir.
Imomi A’zam Abu Hanifa aqidaviy manbalari orasida eng ishonchlisi “al-Fiqh al-akbar” bo‘lib, unda hanafiylik va moturidiylikning eng asosiy aqidalari yoritilgan. Shuning uchun, hanafiylar va moturidiylar ko‘proq yashaydigan qadim Movarounnahr, Onado‘li, Hind-Sind o‘lkalarida, Suriya tomonlardagi hanafiylar orasida hozirgacha mazkur asar to‘lig‘icha mukammal va mufassal ravishda o‘qitiladi, madrasalarning asosiy o‘quv qo‘llanmalari qatorida turadi, talabalar uni boshidan oxirigacha to‘liq yod oladilar. Biroq, bu yurtlarda Imomi A’zam Abu Hanifaning boshqa aqidaviy asarlari ommalashmagan, hatto ayrim ahli ilmlar ularning borligi haqida ma’lumotlarga ham ega emaslar. U zotning vasiyatnomalari to‘g‘risida bilganlar ham, uning “al-Fiqh al-absat” asari borligini aytmaydilar. Mazkur “al-Fiqh al-absat” asarining birorta, birgina ham qo‘lyozma nusxasining O’zbekistonda, va aytish o‘rinliki, butun Markaziy Osiyo qo‘lyozmalar jamg‘armalarida yo‘qligi ham buni tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, asrlar davomida “al-Fiqh al-akbar” o‘nlab sharhlar bitilgani holda “al-Fiqh al-absat”ga faqat bitta sharh yozilgani ma’lum. Uning ham bo‘lsa, asl muallifi bahsli hisoblanadi. Chunki mazkur “al-Fiqh al-absat”ga bitilgan sharh Abu Mansur al-Moturidiyga yanglish ravishda nisbat qilinib, Haydarobodda 1325, 1365 h. sanalarda va Bayrutda 1983 yillarda nashr qilingan. Biroq, keyinchalik mazkur sharh bir qancha tadqiqotchilar tomonidan Abullays as-Samarqandiyga nisbat qilingan va 1995 yili Tokioda Hans Daiber tomonidan nashr ham qilingan. Sharh ayrim qo‘lyozma nusxalarida Ismoil ibn Ishoq al-Hatiriyga nisbat qilingan. Biroq, uning Ato ibn Ali al-Juzjoniyga mansubligi to‘g‘riroq ekani o‘z isbotini topdi [Züleyha Birinci. Abû Mutî’ Rivâyetli el-Fɪkhü’l-ekber Şerhi’nin Müellifi meselesi // M.Ü. İlâhiyat Fakültesi Dergisi. 35 (2008/2). İstanbul, 2008.: 57-72].
“Al-Fiqh al-akbar” asarining ishonchli roviylar tomonidan rivoyat qilingan silsilasi Turkiye Diyanet Vakfi Islam ansiklopedisi va Muhammad Zohid al-Kavsariy (1296-1371 h./1878-1952 m.) ma’lumotiga ko‘ra, Nusayr ibn Yahyo → Ibn Muqotil → Isom ibn Yusuf → Hammod ibn Abu Hanifa → Imomi A’zam Abu Hanifa hisoblanadi. Sanad silsilasi bir qancha qo‘lyozmada, shu jumladan, Madinai munavvaradagi Orif Hikmat kutubxonasida saqlanayotgan 226, 234 tartib raqamli qo‘lyozma majmuasi tarkibida uchraydi. Roviylarning barchasi taniqli hanafiy olimlari bo‘lib, bu holat asarning ishonchlilik va muallifga mansublik jihatini yana bir bor quvvatlaydi [Şerafettin Göljük, Adil Bebek. el-Fikhü’l-ekber // Turkiye Diyanet Vakfi Islam ansiklopedisi. 12 cilt. – Turkiye: Turkiye Diyanet Vakfi Yayinlari, 1995.: 544; Al-Olim va-l-mutaallim. Rivoyati Abi Muqotil ‘an Abi Hanifa / Tahqiq: Muhammad Zohid al-Kavsariy. – Qohira: Matbaa al-Anvor, 1949.: 6-7].
Hammod ibn Abu Hanifadan rivoyat qilingan “al-Fiqh al-akbar”ning yana bir rivoyat silsilasi mavjud. Uni Istanbuldagi “Muhammad Fotih” universiteti professori Muhammad Abu Bakr Abdulloh Bozib o‘zining mazkur asarning savol-javobli qilib qayta ishlagan variantida keltirib o‘tgan [Muhammad Abu Bakr Abdulloh Bozib. Tabsit matn al-Fiqh al-akbar ‘ala tariqat as-suol va-l-javob. – Qohira: Dor as-Solih, 2016.: 7].
U Shayx Muhammad Amin Siroj (1348-1442 h./1929-2021 m.) ning shogirdi bo‘lib, u esa Shayxulislom Muhammad Zohid Kavsariyning oxirgi shogirdlaridan hisoblanadi. Rivoyat silsilasi “Sahihi Buxoriy”ning “Fath al-Boriy” nomli eng mashhur sharhini bitgan Ibn Hajar al-Asqaloniy (773-852 h./1372-1449 m.) ga yetkazilgan. Ibn Hajar al-Asqaloniy esa o‘zining “al-Mo‘‘jam al-mufahras” asarida aynan Hammod ibn Abu Hanifagacha yetgan rivoyat silsilasini to‘liq keltirib o‘tgan [Ibn Hajar al-Asqaloniy. Al-Mo‘‘jam al-mufahras. – Bayrut: Muassasa ar-Risola, 1998.: 269]. Unda Ibn Hajar al-Asqaloniydan to Hammod ibn Abu Hanifagacha 10 nafar olimning nomi zikr qilingan.
Roviylar silsilasidagi birinchi olim Nusayr ibn Yahyo al-Balxiy (vaf. 268 h./882 m.) qo‘lyozmalarda Nasr ibn Yahyo shaklida ham uchraydi, aslida ular bir shaxs hisoblanadi. U Abu Sulaymon al-Juzjoniy (vaf. 200 h./815 m.) va Muhammad ibn Muqotil (vaf. 248 h./862 m.) shogirdlaridan bo‘ladi. Buyuk muhaddis va faqih Ahmad ibn Hanbal (164-241 h./780-855 m.) bilan uchrashgan, ilmiy bahslar olib borgan, Muhammad ibn Muhammad ibn Sallom (vaf. 305 h./918 m.) undan rivoyat olgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 546]. Nusayr ibn Yahyo buyuk mutakallim Abu Mansur al-Moturidiy (256-333 h./870-944 m.) ning ham bevosita ustozlaridan biri hisoblanadi.
Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy (vaf. 248 h./862 m.) hanafiy faqihi va olimlaridan biri. Rayda qozilik qilgan. Muhammad ash-Shayboniy shogirdlaridan hisoblanadi. Sufyon ibn Uyayna (107-198 h./725-814 m.) va Vake’ ibn al-Jarroh (129-197 h./746-812 m.) kabi muhaddislardan hadis rivoyat qilgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 372].
Abu Ismat Isom ibn Yusuf al-Balxiy (vaf. 215 h./830 m.) hanafiy faqihlari Abu Yusuf va Muhammad ash-Shayboniy shogirdi hisoblanadi. Sufyon as-Savriy (97-161 h./716-778 m.) va Sho‘‘ba ibn al-Hajjoj (82-160 h./701-776 m.) kabi muhaddislardan hadis rivoyat qilgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 527-528].
Hammod ibn Abu Hanifa (vaf. 176 h./792 m.) o‘z otasidan ilm olib, faqih sifatida tanilgan, parhezkor olim bo‘lgani naql qilingan. Ko‘fa va Basrada bir muddat qozi bo‘lgan [Mahmud al-Kafaviy. Katoib a’lom al-axyor. 2-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2019.: 256].
Shu tariqa, asosan, Balx orqali “al-Fiqh al-akbar” Movarounnahrga kirib kelgan va moturidiylik ta’limotiga asos qilib olingan. Ilmiy izlanish natijalari shuni ko‘rsatadiki, hanafiylik mazhabi mujtahidi Imomi A’zam Abu Hanifa bir qancha asarlarni o‘zi yozgan bo‘lib, ulardan biri aynan “al-Fiqh al-akbar”deb ataladi. “al-Fiqh al-akbar” ilk bor muallifning o‘g‘li Hammod ibn Abu Hanifa tomonidan rivoyat qilib tarqatilgan. “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifaning keyinchalik “al-Fiqh al-akbar” deb atalgan asaridan boshqa bo‘lgan. “al-Fiqh al-akbar” asrlar davomida musulmon o‘quv yurtlari va madrasalarida kalom va aqida ilmidan o‘quv darcligi sifatida xizmat qilib kelgan. Bu esa asarning aynan mujtahid olimga tegishli ekanining bir isbotidir.
Ayrim sharqshunoslar va tadqiqotchilar orasida “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishliligi borasida gap-so‘z qo‘zg‘alib, ularning ba’zi birovlari mansublikni inkor qilishgacha va shubha ostiga olishgacha borganlar. Jumladan, A.J.Wensinck ilk bor “al-Fiqh al-akbar”ni muallif o‘zi yozmagan, degan fikrlarni ilgari surgan. U “al-Fiqh al-akbar”ning ikki varianti borligini, muallifning shogirdi Abu Mute’ Hakam ibn Abdulloh al-Balxiy (117-199 h./735-814 m.) rivoyatini “al-Fiqh al-akbar”I, muallifning o‘g‘li Hammod ibn Abu Hanifa (vaf. 176 h./792 m.) tomonidan rivoyat qilinganini esa “al-Fiqh al-akbar”II shaklida berib, birinchisi muallifning vafotidan keyinoq qalamga olinganini, ikkinchisi esa ancha kech, taqriban X asrlarda yaratilganini aytadi [Wensinck A.J. The Muslim Creed. Its genesis and histirical development. – London: Cambridge at the University Press, 1932.: 102-124, 188-247, 264]. U “al-Fiqh al-akbar”I deganda islom olamida “al-Fiqh al-absat” nomi bilan shuhrat qozongan asarni, “al-Fiqh al-akbar”II deganda esa, bizning hozirgi qo‘limizdagi, asrlar davomida madrasalarda kalom bo‘yicha o‘qitilib kelingan aqidaviy matnni nazarda tutgan. Givony Jozeph, Joseph Schacht, Brannon M. Wheeler, Ulrich Rudolph va boshqa sharqshunoslar esa uning fikrini takrorlaganlar, xolos.
Sharq olimlaridan Ahmad Amin, Shibliy No‘‘moniy, Muhammad Abu Zahra, Ali Samiy Nashshor kabilarning ham ayrim e’tirozlari mavjud. Sharqshunoslar fikriga ko‘ra, “al-Fiqh al-akbar”da keltirilgan ayrim kalom ilmiga oid mavzular va javhar (modda, materiya, atom, essensiya) yoki araz (aksidensiya, simptom) singari yunon va arab bo‘lmagan boshqa faylasuflar asarlaridan o‘tib kelgan falsafiy istilohlar Imomi A’zam Abu Hanifaning davrida keng tarqalmagani uning muallif tomonidan yozilganligini shubha ostiga qo‘yadi. Biroq, Imomi A’zam Abu Hanifani mazkur atamalarni bilmagan, deyish asosli emas. Chunki, yunon va arab bo‘lmagan faylasuflarning asarlarini tarjima qilish uning zamonida hali keng ommaviy tus olmagan bo‘lsa-da, lekin, bir qancha falsafiy asarlar to‘liq tarjima qilish va ular bilan tanishish boshlangan edi. Bu borada bir qancha alohida tadqiqot ishlari yaratilgan.
Shu bilan birga, Hazrati Umar raziyallohu anhu davridan beri islom sarhadlari fathlar hisobiga kengayib borardi. Arablar ajamlarning ilmi bilan tanishar, islom ulamolari boshqa din olimlari bilan tez-tez bahs-munozara qilib turishardi. Ana shunday bahs-munozaralarda bu xildagi atama va istilohlar ishlatilar, ulardan keng omma xalq xabardor bo‘lmasa ham, lekin islom ulamolari xabardor edilar [Hammod Rizo Nuriy. Kitobi Fiqhi akbar. Tahqiq va tadqiq. – Lohur: Zoviya, 2013.: 50]. Aynan falsafiy atamalar bo‘lmish javhar, jism va araz kabilar Imom A’zam Abu Hanifagacha bo‘lgan islom olimlari tomonidan ham qo‘llanilgani bir qancha manbalardan ma’lum. Jumladan, mo‘‘taziliylar raislaridan biri Amr ibn Ubayd (80-144 h./699-761 m.) ham o‘z asarlarida bu atamalarni ishlatgan [Adilbayev A., Adilbayeva Sh. Abu Xanifa i xanafitskiy mazxab. – Almatы: Kokjiyek, 2014.: 409].
Shuningdek, ayrim sharqshunoslar imonning tasdiq va iqrordan iborat ekani, mo‘‘minlarning ma’rifatda tengligi-yu, boshqa jihatlardan farqli bo‘lishi, mo‘‘min kimsaning har qanday gunohi sababli takfir qilinmasligi haqidagi fikrlarni ham Imom A’zam Abu Hanifaga tegishli emas, deb topishgan [Şerafettin Göljük, Adil Bebek. el-Fikhü’l-ekber // Turkiye Diyanet Vakfi Islam ansiklopedisi. 12 cilt. – Turkiye: Turkiye Diyanet Vakfi Yayinlari, 1995.: 545].
Aqidalar mavzusi bilan shug‘ullanuvchi, “al-Fiqh al-akbar”ni batafsil sharh qilgan soxta salafiylarning mutaxassisi Muhammad ibn Abdurrahmon Xumayyis esa Allohning Muso alayhissalomga til va harflar vositasisiz gapirgani, “Qur’on”ni talaffuz qilish masalasi, jannatda Allohni jihat (biror tomon) va masofasiz ko‘rish haqidagi mavzular Imom A’zam Abu Hanifa davridan keyin vujudga kelgani haqida yozadi [Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Al-Fiqh al-akbar li-l-Imom Abi Hanifa / Sharhan va dirosatan, 2 jild. – Riyoz: Maktaba ar-rushd, 2015.: 8; Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Ash-sharh al-muyassar ‘ala al-fiqhayn al-Absat va-l-Akbar al-mansubayn li-Abi Hanifa. Ajmon: Maktaba al-Furqon, 2000.: 3; Muhammad ibn Abdurrahmon al-Xumayyis. Usul ad-din inda al-Imom Abi Hanifa. – Riyoz: Dor as-Sumay’iy, 1996.: 142].
Shu bilan birga, Muhammad ibn Abdurahmon al-Xumayyis Imomi A’zam Abu Hanifaning o‘g‘li Hammod tomonidan rivoyat qilingan “al-Fiqh al-akbar”ni muallifning eng ishonchli asari deb biladi. Chunki, uning shuhrati dong taratgani, hanafiy ulamolari ham, boshqa mazhab ulamolari ham uni muallifning asari sifatida e’tirof qilganlari, muhaqqiq olimlar esa uning mazkur asaridan ko‘plab iqtiboslar keltirganlari, shu bilan birga undagi aqidaviy masalalar Imom at-Tahoviy qaror qilgan aqidalar majmuiga mutlaqo muvofiqligi bunga sabab, deb ko‘rsatadi.
Abu Ja’far Ahmad at-Tahoviy (239-321 h./853-933 m.) hanafiy mazhabi olimi bo‘lib, u o‘zining “al-Aqidat at-tahoviya” degan nom bilan shuhrat qozongan “Bayon as-sunnat” asarida Imomi A’zam Abu Hanifa hamda uning ikki shogirdi Abu Yusuf (113-182 h./731-798 m.) va Muhammad ash-Shayboniy (131-189 h./748-804 m.) aqidaviy qarashlarini aks etirgan va buni shu asarining o‘zida alohida qayd qilgan [Abu Ja’far at-Tahoviy. Bayon as-Sunnat. – Qozon: Maorif kutubxonasi, 1910.: 2].
Aslini olganda, mazkur mavzular ko‘tarilgani va bahs-munozaralarga sabab bo‘lgani uning davrida va undan oldingi bitilgan manbalarda, shu jumladan, oyat va hadislarda ham mavjudligi “al-Fiqh al-akbar”ga ushbu mavzular ham kiritilganini asoslab bera oladi. Imom A’zam Abu Hanifaga bag‘ishlangan qariyb barcha manoqibiy asarlarda u zotning o‘z davridagi xavorijlar, mo‘‘taziliylar, qadariylar va murjiiylar singari bir qancha oqimlar bilan bahslar olib borgani birma-bir qayd qilingan. Jumladan, imonning tasdiq va iqrordan iborat ekanligi haqidagi fikr Imomi A’zam Abu Hanifa mo‘‘taziliylar rahnamolaridan Jahm ibn Safvon (78-128 h./696-746 m.) bilan uchrashganida aytilgan edi. Shunda, u zot insonning qalbi bilan Allohni tanib qo‘yaverishi to shuni tilga olmaguncha mo‘‘minlikka kifoya qilmasligini aytganlar [So’id al-Ustuvoiy an-Naysoburiy. Kitob al-E’tiqod. Aqida marviyya ‘an al-Imom al-A’zam Abi Hanifa. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2005.: 102]. Bu ma’lumot esa “al-Fiqh al-akbar” unga mansubligini ham tasdiqlaydi.
Mo‘‘min kimsaning har qanday gunohi sababli kofirga chiqarilmasligi haqidagi masala esa sahobalar davridan beri bor edi. Imomi A’zam Abu Hanifa “al-Fiqh al-akbar”dagi bu boradagi qat’iy qoidalarga esa xavorijlar bilan olib borgan bir nechta bahs-munozaralar natijasida kelgani aniq.
“Qur’on”ning “maxluq” (“yaratilgan”) ekani va uni talaffuz qilish masalasi esa Imomi A’zam Abu Hanifa davrida ko‘tarilgani borasida manoqiblarda bir qancha dalillar keltirilgan. Ibn Abdurahmon al-Xumayyisning “Qur’on”ni talaffuz qilish masalasi Imomi A’zam Abu Hanifa davridan keyin vujudga kelgan, degan gapi noto‘g‘ri. Bu aqida Imom A’zam Abu Hanifa davrida ham ko‘tarilgan, lekin u zotning qat’iy sa’y-harakatlari tufayli bu masala ommaviylashmasdan yopiqligicha qolgan edi. Ibn Qutayba (213-276 h./828-889 m.) “al-Ixtilof fi-l-lafz” asarida u zotning bu ishini minnatdorchilik bilan eslagan [Ibn Qutayba ad-Dinavariy. Al-Ixtilof fil-l-lafz. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1985.: 47-50].
Mo‘‘taziliylardan chiqqan ushbu aqida sababli Imom A’zam Abu Hanifa raddiya sifatida ilk bor “al-Fiqh al-akbar” asarida bu masalaga qayta-qayta to‘xtab o‘tishga majbur bo‘lganlar. Mo‘‘jiza, karomat va istidroj borasidagi mavzularni ham “al-Fiqh al-akbar” yozilgan davrida ommalashmagani, tasavvuf Imomi A’zam Abu Hanifadan keyin keng tus olgani sababli asarni muallifga nisbatini shubhaga qo‘yuvchilarga buyuk olimning zuhd va ruhiy tarbiya bilan hayot kechirganini aytish o‘rinlidir. Uning davrida Ja’fari Sodiq (80-148 h./699-765 m.) va ayni Ko‘fada yashagan Abu Hoshim as-So‘fiy (vaf. 150 h./767 m.) kabilar tasavvuf bilan hayot kechirgani ma’lum. U zot Ja’fari Sodiq bilan uchrashib, suhbatlashgan, umrining oxirgi ikki yilini tasavvuf hayoti bilan yashaganiga ishora qilib, لَوْ لَا السَّنَتَانِ لَهَلَكَ النُّعْمَانُ – “Agar ikki yil bo‘lmaganda, No‘‘mon halok bo‘lardi!” degan mashhur gaplari mo‘‘jiza, karomat va istidroj haqida so‘z yuritishiga kifoya qilsa kerak [Ramazan Altintaş. Ebû Hanîfe’nin Kelam Metodu ve “el-Fıkhu’l-Ekber” adlı Eserine Yöneltilen Bazı İtirazlar // “İslâmî Araştırmalar” Dergisi. Cilt: 15. Sayi: 1-2. – Ankara: Türkiye Ekonomik ve Kültürel Dayanışma Vakfı (TEK-DAV), 2002.: 197].
Umuman olganda, “al-Fiqh al-akbar”ga kiritilgan mavzularning barchasi davr taqozosi bilan yozilganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Shu bilan birga kalom ilmining mukammal shakllanishida Imom A’zam Abu Hanifaning alohida xizmatlari borki, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Binobarin, u o‘zidan keyingi davrlarda ommalashgan aqidaviy mavzular bo‘yicha ancha ilgari yozib ketgan bo‘lsalar, bu uning buyuk olim bo‘lganini tasdiqlaydi, xolos.
Aslida, “al-Fiqh al-akbar” Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishli emas, degan shubha o‘rta asrlardayoq tarqalgan edi. Uning kelib-chiqishiga mo‘‘taziliylar sababchi bo‘lishgan. Mo‘‘taziliylar “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaniki emas, balki Abu Hanifa Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy degan shaxsga mansub, deb chiqishgan edi. Bu borada Burhoniddin al-Marg‘inoniy (511-593 h./1117-1197 m.)ning shogirdi Shams al-aimma al-Kardariy (559-642 h./1164-1244 m.) xabar berib, bu mo‘‘taziliylardan chiqqan asossiz gap, degan va shu paytgacha ahli sunnat va jamoatning barcha mashoyixlari “al-Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifaga tegishli ekanligini aytib kelishganini yozgan [Ali al-qori. Al-Asmor al-janiya. – Patna: Xudobaxsh, 2002.: 53-54]. Najmulg‘ani Rompuriy (1276-1351 h./1860-1932 m.) esa “Ta’lim al-imon” sharhida bu mavzuga to‘xtalib, “al-Fiqh al-akbar” bizlargacha ochiq-oydin va mashhur sanadlar bilan yetib kelgan. Uni Imomi A’zam Abu Hanifa yozganligi aniq. Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy yozgan degan gap esa aniq xato va sharmandali tuhmatdir”, degan gapni keltirib o‘tadi [Najmulg‘ani Rompuriy. Ta’lim al-imon. – Karochi: Orombog‘, 1970.: 4-5].
Muftiy Azizurrahmon Imomi A’zam Abu Hanifa hayoti va ijodi haqida yozgan kitobida Shibliy No‘‘moniyning “Siyrati No‘‘mon” asaridagi “al-Fiqh al-akbar” umuman buyuk imomga tegishli emas, degan gapiga taajjublanadi va uning asossiz gap ekanini qayd qiladi. Shu bilan birga, uning shubhalariga birma-bir to‘xtalib, qoniqarli javoblar taqdim qiladi. Biroq, Muftiy Azizurrahmon ham Abu Mute’ al-Balxiy rivoyatidagi “al-Fiqh al-akbar”ning “al-Fiqh al-absat” deb atalayotgan asarini muallifga tegishli deb biladi. “al-Fiqh al-akbar”ning Hammod ibn Abu Hanifa rivoyatidagi mashhur variantini esa Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy yozgan, degan gumonga keladi [Mahmud al-Kafaviy. Katoib a’lom al-axyor. 2-jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 2019.: 360-368].
“Abu Hanifa” kuniyasiga ega Muhammad ibn Yusuf al-Buxoriy “Fiqh al-akbar”ni yozgan, degan gap quruq gumondan boshqa narsa emas. Hanafiylar tabaqotiga oid “al-Javohir al-muziya”da aytilishicha, “Abu Hanifa” kuniyasi bilan tanilgan Muhammad ibn Yusuf karomatni inkor qilgan [Abdulqodir al-Qurashiy. Al-Javohir al-muziya. 2-3-jild. – Hajar: Dor at-Tibo’a va-n-nashr, 1993.: 412]. “al-Fiqh al-akbar”ning o‘zida esa “Avliyolar uchun karomatlar haqdir”, deb keltirilgan. Shu birgina dalilning o‘zi ham “Fiqh al-akbar”ni u yozmaganligini tasdiqlay oladi.
Mo‘‘taziliylar “Fiqh al-akbar”ni Imomi A’zam Abu Hanifa yozmagan, degan gapni tarqatishlarining sababi esa ushbu asarda ularga bir qancha raddiya fikrlar mavjud. Jumladan, Allohning sifatlari va ularning qadimiy va azaliy deb berilishi, “mutashobeh” deb atalgan sifatlarni ta’vil qilmaslik masalasi, qiyomatda Allohni ko‘rish masalasi, qabr azobining haqligi, jannat va do‘zaxning hozirda ham mavjudligi, avliyolarning karomati kabilar mo‘‘taziliylarga raddiya hisoblanadi. Shuning uchun, mo‘‘taziliylar mazkur kitob ularga buyuk imom, ulug‘ mazhabboshi tomonidan raddiya o‘laroq yozilmagan, deyishdan tap tortishmagan.
Umuman olganda, “al-Fiqh al-akbar” va uning muallifligi masalasida bildirilgan e’tirozlarning ko‘pchiligi quruq shubha va gumondangina iboratdir. Ular biror bir ishonchli va mantiqli dalil-hujjatga suyanilmagani bois e’tiborga arzimaydi, deya olamiz. “al-Fiqh al-akbar” hanafiy mazhabi muassisi Imomi A’zam Abu Hanifa tomonidan bitilgan ilk aqidaviy matnlardan biri hisoblanadi.
Hamidulla Аminov - Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish