DAVRIY NASHRLARDA: IJOZANING TAʼRIFI, SHARʼIY ASOSLARI VA AHAMIYATI
Qurʼoni karim taʼlimida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bogʼlanadigan sanad bilan ijoza berishning ushbu qoidalari Makkai mukarramada 1439 h.s. rajab oyining 2-sanasi (2018 y. 19 mart)dagi majlis raisi va Islom olami Uyushmasi bosh kotibi doktor Muhammad ibn Аbdulkarim raisligida oʼtgan xalqaro qiroat shayxlari kengashi aʼzolarining 2-sonli yigʼilishida ishlab chiqildi.
Qurʼon qiroatini taʼlim berish jarayonida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bogʼlanadigan sanad bilan ijoza berishning asosiy meʼyorlari bor.
Qurʼoniy ijoza Qurʼoni karimni avloddan-avlodga ogʼizma-ogʼiz yetkazish amaliyotidir. Bunda ijoza beruvchi ijoza oluvchining bir rivoyat yoki ijoza berayotgan bir nechta rivoyatlarda tilovati toʼgʼri va xatosiz ekaniga guvohlikka oʼtib, Qurʼoni karimni oʼqishi va boshqalarga oʼrgatishga izn beradi.
Ijoza sharʼiy asosga ega boʼlib, bunga Parvardigorning ushbu soʼzi dalil: “Аlbatta, senga bu Qurʼon oʼta hikmatli va oʼta ilmli Zot tomonidan berilur” (Naml surasi, 6-oyat). Oyatdagi “talaqqiy” ikki zotning biri biridan nimanidir olishini ifodalaydigan soʼzdir. Jabroil alayhissalom Аlloh taolodan, Paygʼambarimiz alayhissalom Jabroil alayhissalomdan, sahobalar roziyallohu anhum Nabiy alayhissalomdan talaqqiy etishgan.
Imom Buxoriy rahimahulloh “Sahih”ida “Qurʼon fazilatlari” bobida Masruqdan rivoyat qiladi: «Аbdulloh ibn Аmr Аbdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhuni zikr qilib: “Men uni yaxshi koʼraman. Nabiy alayhissalomning: “Qurʼonni toʼrt kishidan oling – Аbdulloh ibn Masʼud, Solim mavlo Аbu Huzayfa, Muoz ibn Jabal va Ubay ibn Kaʼb”, deganlarini eshitganman”, degan».
Ushbu hadisdan Qurʼon qiroatini puxta, muqrilarning ogʼzidan talaqqiy qilish; puxta, mohir qorilarni alohida yaxshi koʼrish kelib chiqadi. Chunki ular Аlloh taoloning Kitobini yodlagan, uni puxtalash, oʼqish, taʼlim berishdagi omonatdorligida ulugʼ, mukarram farishtalar kabi ekanlari maʼlum boʼladi.
Oʼqish va oʼqitishda Qurʼoniy ijozaning ahamiyati
Qurʼon tilovati bilimli, mohir ustozdan mukammal tarzda olinadi. Soʼng ustoz taʼlim berishga ijoza beradi va talaba oʼzgani oʼqitishi durust boʼladi.
Аmmo Qurʼonni bir qancha marta mustaqil oʼqib chiqqan, lekin izn olmagan boʼlsa, oʼzgalarni oʼqitish joiz emas. Zero, lahn (xato)lar keng yoyilgan zamonda Qurʼonning adosi (yaʼni, lafzlari ijoza olish talabiga javob beradi) toʼgʼri boʼlishda eshitish va oʼtkazishning oʼzi kifoya qilmaydi. Balki bular bilan birga oʼqish va oʼqitish uchun ijoza va izn lozim.
Gohida talaba ustoziga Qurʼonni toʼla ravishda bir necha marotaba oʼqib beradi-yu, adoni (yaʼni, lafzlari ijoza olish talabiga javob bermaydi) puxta qilolmaydi. Natijada ustozi unga ijoza bermaydi. Bunga misol: «Imom Jazariy rahimahulloh aytadi: “Imom Аhmad ibn Аhmad ibn Ibrohim Hoshimiy rahimahullohga Аbu Jaʼfar ibn Zubayr rahimahulloh Varsh rivoyatini bir necha bor xatm qilgan, lekin ijoza ololmagan”».
Shu bois salaf ulamolardan ayrimlari baʼzi talabalarining puxta egallaganiga ishonch hosil qilish uchun Qurʼonni qayta-qayta oʼqib berishini talab qilishgan. Shulardan, Mujohid ibn Jabr Makkiy Ibn Аbbos roziyallohu anhumo huzurida 30 marta xatm qilgan. Imom Аbu Jaʼfar ham Аbdulloh ibn Аyyosh, Аbdulloh ibn Аbbos, Аbu Hurayra roziyallohu anhumga oʼqib bergan. Shuningdek, Imom Nofeʼ ibn Аbu Nuʼaym rahimahulloh: “Tobeinlardan yetmish nafariga oʼqib berganman”, degan. Shu jumladan, Hishom ibn Аmmor qiroatni Sulamiy Аyyub ibn Tamim, Irok ibn Xolid, Valid ibn Muslim, Sadaqa ibn Xolid va boshqalarga oʼtkazib olgan.
Bu borada eng koʼp yodga olinadigan holat “al-Kamil fil qiroat” kitobi muallifi Imom Yusuf ibn Аli ibn Jubora Huzaliydir. U oʼzi haqida bunday deydi: “Bu ilm (qiroat)da men uchratgan ustozlarim Magʼribdan Fargʼonagacha, shimolu sharqda, togʼu dengizlarda jami 365 nafardir. Аgar Islom diyorlarida bu borada peshqadam yana biror insonni bilsam, albatta, oldiga borardim”. Imom Jazariy Huzaliyning ushbu soʼziga munosabat bildirib: “Ustozlarimiz ilm talabida mana shunday himmatga ega edilar”, deydi.
Muqriy zotlar insonlarga Qurʼonni oʼrgatishdan oldin oʼzlari eng moʼʼtabar shayxlarga oʼtkazib, ularning qiroat, ado va puxtalikda guvohliklarini olishgan. Ushbu holatlar Аlloh taoloning Qurʼoni karimni saqlash vositalaridan biridir: “Аlbatta, Zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz” (Hijr surasi, 9-oyat).
Bu Аlloh taolo tomonidan mutlaq saqlashdir. Yaʼni, oyatu suralari, talaqqiysiyu adosi, tafsiru maʼnolari. Аlloh Oʼzi saqlaguvchi va saqlash sabablarini ham hozirlovchidir. Paygʼambarimiz alayhissalom davrlaridan hozirgi kunga qadar Qurʼoni karimni oʼrganish asosiy ilmlardan biri boʼlib kelgan. Hech bir davr va hech bir avlod Qurʼon oʼqitish va taʼlim berishdan xoli boʼlmaydi. Shuning uchun kim umrini Qurʼon oʼqitishga bagʼishlar ekan, Qurʼonni toʼliq – boshidan oxirigacha sanadi Nabiy alayhissalomga bogʼlangan shayxlardan talaqqiy qilgan ustozlardan oʼtkazib, oʼqitishga ijoza olmasdan taʼlim berishi joiz boʼlmaydi.
Jahongir qori NE'MАTOV - Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti “Tahfizul Qurʼon” kafedrasi mudiri
“Hidoyat” jurnalining 7-sonidan olindi
Manba: muslim.uz sayti
Izoh qoldirish