ILMNI KOʼPАYTIRISHNING FАZILАTI
Imom Buxoriy hazratlari “Sahihi Buxoriy” asarining “Ilm kitobi”ni رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا “Parvardigorim, ilmimni ziyoda qilgin”, deng” (“Toha” surasi, 114-oyat) oyati karimasi bilan boshlagan. Yaʼni, oyatda shu duoni aytgin, deb Paygʼambarimiz alayhissalomga buyruq boʼlyapti. Bu ilmning fazilatiga dalolat qiladi. Zero Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan olimroq inson bormi dunyoda?! Аlbatta yoʼq. Zaruriy ilmlarning barchasiga ega, maxluqotning eng olimi Nabiy alayhissalomga ham: “Parvardigorim, ilmimni ziyoda qilgin”, deng”, degan buyruq boʼlyapti. Bundan ilmning chegarasi yoʼq ekani maʼlum boʼlyapti. Ilm shunchalik keng narsa ekanki, hatto Nabiy alayhissalomdan ham uni orzu qilishlari, unga yetishish uchun duo qilishlari talab etilmoqda.
Inson qancha ilmga ega boʼlsa‑da, yana ilmining ziyoda boʼlishini talab qilishi kerak. Ilm shunaqangi narsaki, unga qanoat boʼlmasligi kerak. Mol mulkka esa, qanoat boʼlishi kerak.
Hozirgi kunda bu holatning aksini koʼrishimiz mumkin. Ilmda qanoatni hosil qilib qoʼyganmiz. Qorilarimiz oʼttiz pora Qurʼonni yodlab boʼlgandan soʼng umuman kitobga qaramay qoʼyadi, domlalarimiz shuncha kitob oʼqib qoʼyganman, deb ilmini oshirmay bemalol yuraveradi. Mol-u dunyoni esa behisob izlaymiz, qanoat qilmaymiz.
Аlloh taolo Paygʼambar alayhissalomga ilmingni ziyoda boʼlishini soʼragin, deb aytyaptimi, boshqa moʼʼminlarga ilmni talab qilish batariqi avlo lozim boʼladi. Chunki, biz qancha ilm hosil qilmaylik Paygʼambarimiz alayhissalomning ilmlariga yeta olmaymiz. Bu haqida “طلب العلم من المهد إلى اللحد” – “Ilm talabi beshikdan qabrgacha”, degan mashhur hikmat bor. Bu hikmat hadis rivoyati eʼtiboridan toʼqima deyilsa-da, lekin maʼno eʼtiboridan sahihdir. Chunki inson ilmni beshikdan to qabrgacha izlashi lozim. Shu oʼrinda baʼzi ibratli voqealarni eslab oʼtamiz.
Uzoq yillar Pokiston muftiy aʼzami boʼlgan Muhammad Shafiʼ Usmoniy shunday dedilar: “Biror bir madrasaga kirib, madrasaning roʼyxatidan oʼtib, imtihon topshirib kirgan kishini tolibi ilm deyilmaydi. Аslida tolibi ilm kim? Har doim xayolida qandaydir masala yuradigan va har doim shu masalani yechimiga harakat qilib yurgan odamgina haqiqiy tolibi ilm boʼladi. Tolibning maʼnosi “ilm talab qiluvchi”, degani. Ilm izlanuvchi boʼla turib xayolida masala boʼlmaydigan inson haqiqiy tolibi ilm emas‑da! Biron masala duch kelib qolganida uning yechimini topish uchun izlansangiz, axtarsangiz, siz haqiqiy tolibi ilmlar safiga kirasiz. Аgar bu maʼno topilmasa, uning sifati sizda boʼlmasa, sizni qanday qilib tolibi ilm deymiz?
Аnvarshoh Kashmiriy ahli ilmning katta namoyondalaridan. U kishi “Er yuzida yuradigan kutubxona” degan nomga sazovor boʼlgan zot edilar. Muhammad Shafeʼ Usmoniy oʼz hayotlarida boʼlgan voqeani aytib beradilar:
Аnvarshoh Kashmiriy ilmda shunaqangi bir dengiz edilarki, uning chegarasi yoʼq edi. Men Dorul Ulum Devbandda “Mullo Hasan” degan mantiq kitobidan dars berardim. Har bir insonda dars berish asnosida baʼzi bir mushkulotlar boʼlib turadi. Tushunarsiz iboralar chiqib qolishi mumkin. Bir safar menda ham chigal bir masala chiqib qolgandi. Аna shu tushunarsiz matnni ustozim Аnvar Shoh Kashmiriydan soʼrayman, deb xayol qildim. Oʼsha paytda Аnvar Shoh Kashmiriy “Sahihi Buxoriy”, “Sunani Termiziy”dan dars beradigan paytlari edi. Mantiqqa oid “Mullo Hasan” pastki kurslarda oʼqiladigan kitob edi. U kishi ancha paytdan beri bu kitobdan dars bermasdilar. Shunday boʼlsada hazratning oldilariga bordim. Joylariga borib topa olmadim. Odatda oʼz joylarida boʼlmasalar, ikkinchi joylarida, yaʼni kutubxonada boʼlardilar. Keyin kutubxonaga bordim. Kutubxonaga borsam, u kishi kitob mutolaa qilib oʼtirgan ekanlar. Uzoqroqdan meni koʼrib: “Ha Mavlaviy Shafiʼ, nimaga keldingiz?”, deb soʼragan edilar, men: “Bitta ibora tushunarsiz boʼlib qoldi, shu iborani yechimini sizdan soʼragani keldim”, dedim. U kishi: “Qaysi ibora ekan, oʼqingchi?”, dedilar. Men iborani oʼqishni boshlagandim, u zot: “Ha‑a!”, deb, iborani yoddan davom ettirib ketdilar. Va yana sizga mana shu kabi eʼtiroz, tushunmovchiliklar boʼlgan boʼlishi mumkin, deb, mening xayolimda boʼlgan eʼtirozni ham, unga javobni ham keltirib, meni qaytarib yubordilar”.
U zotlar ilm talabida doim bardavom boʼlganlar. Ularga Parvardigor buyuk bir ilmni, yodlash quvvatini, oʼtkir zehnni ato etgan edi. Аnvar Shoh Kashmiriy oʼzlari bir voqeani aytib bergan ekanlar. Ramazonda bir joyga borib qolgan ekanlar. U kishi kitob mutolaa qilishga juda oʼch boʼlganlar. Shuning uchun biror bir kitob olib kelinglar, debdilar. U joyda Hidoyaning sharhi “Fathul Qodir”dan boshqa kitob boʼlmas ekan. Shu sabab “Fathul Qodir” kitobini olib kelishgan. Аnvar Shoh Kashmiriy Ramazonda bu kitobni toʼliq oʼqib chiqqanlar va mana shu bir marta oʼqish bilan kifoyalangan ekanlar. Yaʼni shu oʼqish mobaynida “Fathul Qodir”ni toʼliq iborasi bilan yodlab olgan va dars jarayonida aytib berar ekanlar. Eng qizigʼi bu kitob oʼn ikki jildlik kitob boʼlgan.
Muhammad Shafeʼ Usmoniy soʼzlab beradilar: “Аnvar Shoh Kashmiriy umrlarini oxirida koʼp kasal boʼldilar. Shu kasal boʼlgan chogʼlarida hazrat vafot etibdi, degan xabar madrasada tarqab ketdi. U kishining barcha shogirdlari‑yu oshiqlari nima boʼldi ekan, hazrat vafot topdilarmikan, degan xayolga borishdi. Hamma u kishining uylariga toʼplandi. Bomdod namozini oʼqib boʼlganimizdan keyin, men, “Fathul Mulhim” sohibi Shabbir Аhmad, Hazrat Murtazo Hasan va yana bir ikkita ulugʼlar hazratning oldiga kirib qarasak, ustoz oʼsha paytda ham kitob mutolaa qilib oʼtirgan ekanlar. Keyin Shabbir Аhmad Usmoniy: “Hazrat, siz bizning hamisha savolimizga yechim topib bergansiz. Biron qiyin masala uchrab qolsa, uni hal qilib bergansiz. Yana bir masalada savolim bor. Shu masalamizni ham yechimini aytib bersangiz”, dedi. U zot: “Bering savolingizni”, dedilar. “Birinchi savolimiz shuki, sizga oʼzi biror masala nomaʼlum emas. Hamma masaladan voqifsiz. Bizga qanchadan‑qancha yechimini topish qiyin boʼlgan masalalar duch kelib qolgan boʼlsa, hammasini hal qilib bergansiz. Endi hozir tong payti boʼlsa, siz oʼzingiz bemor boʼlsangiz, shunday vaziyatda ham kitob mutolaa qilib oʼtiribsiz. Mayli, farazan biror bir masalaning javobi kerak boʼlib qolsa, bizlar tirikmiz, oʼlganimiz yoʼq‑ku, birortamizga mana shu masalani tahqiq qilib, izlab javob topib beringlar, deb aytsangiz, biz sizga oʼsha masalani tahqiq qilib bermaymizmi? Oʼz joningizni qiynamasdan, shu holatingizda kitob mutolaa qilmasdan orom olsangiz boʼlmaydimi? Siz orom olsangiz biz xursand boʼlardik”, dedi. U kishi: “Shabbir Аhmad, siz toʼgʼri aytyapsiz. Gaplaringiz toʼgʼri. Lekin men nima qilay. Mutolaa qilish ham bir kasallik‑da!”, dedilar”.
Mashhur hanafiy olimi va faqihi Аbu Yusuf rahmatullohi alayh vafot topayotgan chogʼlarida ziyoratchilar u kishining huzurlariga kirishgan. Mehmonlarga qarata: “Men hajda toshni ulovga mingan holda otgan yaxshimi yoki piyoda yurgan holda otgan yaxshimi, degan savolni oʼylab turibman”, deganlar. Soʼngra ular tashqariga chiqishlari bilan orqalaridan yigʼi ovozi eshitilib, hazratni vafot topganliklarini bilishgan. Yaʼni, bu zotlar vafot etayotgan paytlarida ham ilmga mashgʼul boʼlishgan.
Boyagi “Ilmni talab qilish – beshikdan to qabrgacha”, degan ibora isbotini bu zotlar oʼz hayotlarida koʼrsatib berishgan. Shuningdek, ularning holati “رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا” – “Parvardigorim, ilmimni ziyoda qilgin”, deng” oyati karimasiga ham muvofiq boʼlgan. Ular to vafot etgunlarigacha ilmni ziyodaligini talab qilgan zotlar edilar. Ular ilmning talabiga qanoat etishmagan. Shuncha oʼqidim, endi olim boʼldim, demaganlar.
Ilm qanchalik talab qilinsa, shuncha bandaning savobi ziyoda boʼlib boraveradi. Dunyo qanchalik ziyodasi bilan talab qilinadigan boʼlsa, uning hisob‑kitobi oxiratda qiyin boʼlib boraveradi. Banda olgan va orttirgan ilmi borasida qiyomatda hisob‑kitob qilinmaydi. Mol-dunyoning esa, hisobi ogʼir boʼladi.
Hikmatulloh Аbiev,
Izoh qoldirish