GLOBALLASHUV JARAYONIDA MAFKURAVIY TAHDIDLAR
“Sayyoramiz ertangi kuni, farovonligi, farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga еtishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamizyoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi”tarqalishining oldini olishdir”
O‘zbekiston Respublika Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning BMTning 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan.
Bugungi globallashuv jarayonida insoniyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi tubdan o‘zgarib ketdi. Bu o‘zgarishlar natijasida bir qator dolzarb ahamiyatli, ta’sir doirasi jahon hamjamiyatini qamrab olgan, bashariyatning kelajakdagi ijtimoiy taraqqiyotini belgilab berayotgan muammolar vujudga keldi. Bu muammolar insoniyatning global muammolari deb ataladi hamda ularning yеchimini topish yo‘lida barcha davlatlarning kuch-qudrati, imkoniyat-harakatlari jamlanishi maqsadga muvofiq. Global muammolardan tinchlikni saqlash va qurolsizlanish muammosi eng universal ahamiyatga ega, chunki bu muammo hal etilmasa, Yer yuzida hayot va sivilizatsiyaning kelajagi o‘ta achinarli ahvolga kelishi muqarrar. Insoniyat tarixida, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, jami 14 mingdan ortiq urushlar ro‘y bergan va ming afsuski, harbiy mojaro va ziddiyatlar sayyoramizning turli hududlarida hanuzgacha yuz bermoqda. Lekin, global darajada bu muammo jami 70 milliondan ziyod kishi qurbon bo‘lgan ikkita jahon urushi bo‘lib o‘tgan XX asrga kelib keskinlashdi. Dunyoning turli mintaqalarida urush va harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Harbiy harakatlar va fuqarolik urushlari tufayli ayrim davlatlar gumanitar falokat vaziyatiga kelib qoldi. Bunga Suriya, Iroq, Liviya, Somali, Afg‘oniston, Janubiy Sudan va boshqa davlatlarni misol tariqasida keltirilishi mumkin. Axborotlashgan jamiyatning shiddat bilan o‘zgarib borishi natijasida «XX asrda globallashuv jarayonining tezlashishi va umumsayyoraviy sivilizatsiyaning shakllana boshlashi jahon mafkuralarining xarakterini o‘zgartirib yubordi. Ularning o‘rnini bosadigan qudratli mafkuraning yo‘qligi, geosiyosiy maqsadlarning o‘zgargani esa bu g‘oyalarning salbiy ta’sirini yanada kuchaytirdi. Bunday sharoitda o‘z maqsadini aniq belgilab olgan, ehtiyoj va manfaatlarini yaxshi anglab yеtgan, o‘z e’tiqodiga ega bo‘lgan, bir so‘z bilan aytganda o‘z milliy g‘oyasini shakllantirgan millatgina kelajagini saqlab qoladi va istiqbolini belgalaydi». Shunday millat sifatida shakllangan o‘zbek xalqi o‘zining asrlar osha yashab kelayotgan milliy g‘oyasi asosida yoshlar dunyoqarashini ilg‘or texologiyalar bilan boyitish, turli ta’sirlar negizida o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarni e’zozlash va estetik madaniyatni kelajakka o‘z holicha еtkazishga doimo tayyordir.
Bugun dunyoning mafkuraviy manzarasida inson qalbi va ongiga ta’sir o‘tkazuvchi, turli xil vositalar bilan kurash olib boruvchi mafkuraviy poligonlar faoliyati tobora yaqqolroq ko‘zga tashlanmoqda. Taraqqiyotning hozirgi bosqichida jahonda g‘oyat murakkab va tahlikali jarayon kechmoqda. Bular dunyoning siyosiy, mafkuraiy manzarasidagi o‘zgarishlar, taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilishi va bu taraqqiyotga g‘ov bo‘ladigan demokratik rivojlanishni izdan chiqaradigan, jamiyat barqarorligiga rahnas oladigan g‘oyaviy-mafkuraviy to‘siqlarning paydo bo‘lishi bilan izohlanadi. Buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy (873-950), “Inson kamolotga yolg‘iz o‘zi erisha olmaydi. U boshqalar bilan aloqada bo‘lishi, ularning ko‘maklashuvi yoki munosabatlariga muhtoj bo‘ladi”, deydi. Ana shu jarayonda insonda fazilatlarni kamol toptirish haqida ta’kidlab quyidagi fikrlarni ilgari suradi, “Inson fazilatlar bilan kamolotga yеtadi va kamolotga yеtgan odam baxtli hisoblanadi”. Mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashda asosiy maqsadimiz jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish ekan, birinchi navbatda, milliy g‘oyani fuqarolar ongi va qalbiga chuqur singdirishga erishishimiz kerak. Aholida, ayniqsa yosh avlodda sog‘lom e’tiqodni shakllantirish, ular orasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyg‘un ravishda targ‘ib etish ham muhim ahamiyatga ega.Umuman, fuqarolarning bilimi va tafakkurini yanada oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish ishlarini izchil amalga oshirib boraversak, har qanday tahdidlar bizga xavf sololmaydi.
Keyingi paytlarda internet bilan bog‘lik buzg‘unchiliklar, global tarmoqdan qabih maqsadda foydalanayotganlar ko‘payib bormoqda. Oqibatda, zalolatga boshlovchi elektron nashrlar va videolavhalar keng yoyilmoqda. G‘alamis kimsalar yoshlarni o‘z tuzoqlariga ilintirishda internetdan ustalik bilan foydalanmoqda. O‘zlarini «yaqin do‘st» yoki «hidoyatga chorlovchi» sifatida tanitib, yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmoqda. Aslida, ularning din va shariat haqida umuman ilmlari yo‘q, faqatgina to‘da boshidan yodlab olganlarini takrorlashdan nariga o‘tmaydilar. Boshqa tomondan qaraganda, ular bu johilligi bilan boshqalarni ham jar yoqasiga tortayotgani va kimningdir nog‘orasiga o‘ynayotganini bilmaydilar. Bundaylar avval dinu diyonat, ibodat, jannat haqida turli jozibali so‘zlarni gapirib, g‘o‘r yoshlarni yo‘ldan urib, oxir-oqibatda, razolat qurboniga aylantirmoqda. Islom ta’limoti buzg‘unchilikni, odamlar qalbiga vahima, dushmanlik va fitna urug‘larini sochishni qattiq qoralaydi. Ma’lumki, so‘nggi yillarda dinni o‘zlariga niqob qilib olgan oqimlar, toifalar paydo bo‘ldi. Ular g‘arazli maqsadlari yo‘lida jamiyatda buzg‘unchilik, begunoh odamlar qonini nohaq to‘kish kabi jinoyatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq orasida nizo chiqarishga harakat qilishmoqda.
Demak, axborot kurashi avj olgan XXI asrda yoshlarni mafkuraviy xurujlardan himoya etishda ma’naviy-marifiy targ‘ibot ishlarining ta’sirchanligini oshirish, hayotimizda sodir bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqidagi chuqur tahliliy ma’lumotlarni yosh avlodga yеtkazish, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda mafkuraviy tahdidlar aholining ma’lum bir qatlami, ayniqsa, yoshlarning qarashlarini o‘zlariga ma’qul bo‘lgan yo‘nalishda o‘zgartirish, diniy ekstremizm, axloqsizlik kabi buzg‘unchi g‘oyalarni singdirishga urinishdek ko‘rinishlarda sodir bo‘lmoqda. Mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lib yashashni o‘rganish, murakkab va tahlikali hayotning shafqatsiz o‘yinlari to‘g‘risida biryoqlama va soxta tasavvurlar shakllanmasligiga alohida e’tibor berish lozim. Buning uchun insonlarda sog‘lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom, o‘z kuchiga va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada kamol toptirish zarur.
Prezident Sh.Mirziyoev ta’kidlaganidek, “Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, axloqiy tarbiya, yoshlarning bilim olish, kamolga yеtishga intilishiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhimdir”.
Umar Bo‘ronov
- Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi matbuot kotibi
Izoh qoldirish