RAMAZON-MEHR-OQIBAT, SHUKRONALIK OYI
Rasulimiz alayhissalom marhamat qilib aytadilarki: “Ramazon oyi kirganda jannat eshiklari ochiladi, jahannamga qulf solinadi va shaytonlar kishanlanadi” (Imom Buxoriy).
Ramazon fazilati haqida Salmon roziyallohu anhu qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat va oxiri doʻzaxdan ozod boʻlish fursati boʻlgan oydir”, deganlar.
Mamlakatimizda muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazishga har yili alohida eʼtibor qaratiladi. Bu sharif oyda xalqimizga xos boʻlgan mehr-oqibat, shukronalik tuygʻulari yana bir bor namoyon boʻladi.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan diniy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy madrasasi va Imom Termiziy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi taʼsis etildi
Taʼkidlash joizki, amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan maqsad — ona Vatanimizni yanada obod etish, xalqimiz farovonligini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash va yoshlarni komil inson etib tarbiyalashdir. Muxtasar aytganda, barcha soha va yoʻnalishlardagi ishlar “Inson qadri uchun” gʻoyasini hayotga tatbiq etishni koʻzda tutadi.
Shu maʼnoda, Ramazon — insonlarga yaxshilik qilish, xayr-saxovat oyidir. Paygʻambarimiz alayhissalom bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq boʻlib ketardilar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ul zotning saxovatlari Ramazon oyida — har kecha Jabroil (alayhissalom) Ul zotga Qurʼonni taʼlim berish uchun huzurlariga tashrif buyuradigan paytlarda — ayniqsa, choʻqqisiga chiqardi. Darhaqiqat, Allohning Rasuli (sollallohu alayhi vasallam) odamlarga yaxshilik bilan muruvvat koʻrsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Imom Buxoriy).
Shuning uchun ham qadimdan musulmonlar Ramazon kirganda avvalgidan saxovatliroq boʻlishga odatlangan. Davlatmand kishilar zakotlarini ham aynan Ramazonda ado etishlari ham shundan.
Ramazon oyida har bir kishi qalbini poklashi, oʻzaro xusumat va ginalarni yoʻqotish, qoʻni-qoʻshnilar va qavmu qarindoshlar orasida yordamga muhtojlarga muruvvat koʻrsatish, qarindoshlarga silai rahm qilish, bemorlarni ziyorat etish, yetimlar boshini silash, yolgʻiz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarning holidan xabar olish kabi savobli ishlarga shoshilishi lozim. Birovning diliga ozor yetkazish, haqqiga tajovuz qilish kabi barcha gunoh ishlardan butunlay forigʻ boʻlishga intiladi.
Ramazon oyida farz qilingan roʻza tutiladi. Alloh taolo Qurʼoni karimda bu haqda shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Roʻza — Alloh bilan banda orasida sir boʻlgan ibodatdir. Hech kimsiz, yolgʻiz oʻzi qolganida ham roʻzador Alloh taolo koʻrib turganini his qilib, biror narsa yemaydi. Ana shular — roʻza Alloh uchun tutilishining belgisidir. Shuning uchun ham yolgʻiz Alloh uchun boʻlgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning Oʻzi berishga vaʼda qilmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladi: “Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali — oʻzi uchun, faqat roʻza — Men uchundir va uning mukofotini Men Oʻzim berurman”, dedi. Roʻza — saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz roʻzador boʻlsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan soʻkishmoqchi boʻlsa, “Men roʻzadorman” desin. Muhammadning joni qoʻlida boʻlgan Zot ila qasamki, albatta, roʻzadorning ogʻzining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushboʻyroqdir. Roʻzadorga ikki marta xursandchilik bor: biri — iftor vaqtida ogʻzini ochganda va ikkinchisi — Qiyomat kunida Robbisiga roʻbaroʻ boʻlganda” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Hazrati paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadisida roʻzadorning sifatlari zikr etilib, roʻzadorning duosi maqbuldir, deyildi. Shuning uchun ham bu qutlugʻ oyda chin qalbdan, ich-ichdan, astoydil dunyo va oxirat saodatini soʻrab duolar qilishimiz kerak.
Ramazoni sharif har bir xonadonga, yurtimizga qut-baraka, sogʻlik-omonlik va baxtu saodat, fayzu baraka olib kelsin!
Barchamizga fazilatli Ramazon oyi va kirib kelayotgan “iyd al-fitr” bayrami muborak boʻlsin!
Farruh Saydullayev - Imom Termiz xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktor o'rinbosari
Izoh qoldirish