Ahmad G’azzoliy
Avliyolik karomatlari zohir bo’lgan buyuk fiqh olim. Uning kunyasi Abul-Fath, ismi Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Ahmad Tusiy G'azzoliy. U buyuk alloma Imom-i G'azzoliyning ukasidir. Ahmad G‘azzoliy ko‘plab mamlakatlarga sayohat qilgan. Tasavvuf bilimdonlarini ziyorat qilib, ularga xizmat qilgan. U doimo tafakkur va ibodat bilan band bo’lgan. Darslaridan tashqari holda zarurat bo’lsagina odamlar bilan uchrashar edi.
Ahmad G‘azzoliy o‘z davrining ko‘plab allomalari bilan uchrashgan, ular bilan suhbatlashgan. U ilm va fazilatda yuksak darajalarga ko‘tarilgan. Iroqqa borganlarida ilmi va fazilati tufayli odamlar uni sevib, suhbatiga oshiqqanlar. Keyinchalik u Bag'dodda va'zxonlik kengashini tuzgan. Odamlar uning ma'ruzasini tinglash uchun to’p-to’p bo’lib kelishgan. Sa'd ibn Foris al-Labbo: “Men uning dars majlislarining sakson uchtasiga qatnashdim”, deb rivoyat qiladi.
Ahmad G‘azzoliyning va’zlari maqbul va ta’sirli edi. U mehribon, tabassumli odam bo’lgan. U fiqh ilmi bilan band bo‘lsa-da, odamlarga nasihatlari bilan ham mashhur bo’lgan. U bir muddat Nizomiyya madrasasida Imom-i G‘azzoliydan vakil sifatida dars bergan.
Hofiz as-Silafi: “Men Hamadondagi va’zxonlik kengashida edim. G’azzoliy bilan oramizda do'stlik va hurmat bor edi. U o‘z davri odamlarining eng aqlli, go‘zal va uslubli notig'i edi. Fiqh va boshqa ilmlarda mashhur edi”, deydi.
Sa'd ibn as-Sam'oniy aytadilar: "Ahmad G'azzoliy shirin so'zli, yoqimli va'zlarga ega, ulug' zot edi. U uzlatni tanlab, tasavvuf ahliga xizmat qilgan. U Iroqqa borib, ko’plab vaz nasihatlarda qatnashdi. U qatnashgan ilm majlislarida ko'plab olimlar bor edi”.
Shuningdek, Ahmad G'azzoliy haqida Ibn Halliqon: "U voiz, va'zi yoqimli, xush surat va karomatli zot edi". Ibn-us-Saloh; “uning mazkur majlislaridagi va’zlaridan tuzilgan, to‘rt jildli asarini ko‘rdim”, deydi.
Ahmad G'azzoliy bir kuni akasi Hujjatu-l-islom Imom-i G'azzoliyning so'zlari haqida shunday deydi: “Men akam Imom-i G'azzoliydan eshitdim: “Mayit (o'lik) tobutga qo'yilgandan boshlab qirq joyda to'xtatiladi. Allohu taolo undan so’raydi.
Biz ham Allohu taolodan qalblarimizni Islom diniga sobit qilishini, uning fazli va muruvvati bilan so‘nggi nafasimizni tinchlik va yaxshilik bilan berishini so‘raymiz”,
Ahmad G'azzoliy bir muammoga duch kelganida tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko'rar, muammosini bayon qilar va shu yo'l bilan ishning asl mohiyatini tushunardi.
Ahmad G‘azzoliy shu qadar kamtar zot bo’lganki, hatto: “Men o‘zimni va’z-u nasihat qilishga qodir emasman. Va'z – ulamolar ilmi nisobining zakotidir. Nisobi bo'lmagan kishi zakotni qanday va qayerdan beradi? Egri daraxtning soyasi to‘g‘ri bo‘ladimi?”, der edi.
Ahmad G’azzoliy 520 (milodiy 1126) yili Qazvinda (Erondagi shaharning nomi) vafot etgan.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi
ilmiy xodimi S. Boboxodjayev
Izoh qoldirish