10.06.2022

BIR HADIS SHARHI

13-Hadis.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ‏الْكَلِمَةُ الْحِكْمَةُ ضَالَّةُ الْمُؤْمِنِ فَحَيْثُ وَجَدَهَا فَهُوَ أَحَقُّ بِهَا ‏

  Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Hikmatli kalima xuddi mo‘minning yo‘qotgan narsasidek, mo‘min uni qayerda topsa ham (olishga) haqliroqdir”, deganlar”.

Hadisi sharifdagi “hikmatli kalima”dan murod foydali ilmdir. Hikmat – foydali ilmdir, shu sababli, o‘sha hikmat bir kalima bo‘lsa ham mo‘min kishi uni olishga urinishi lozim.

Hadisda kelgan “yo‘qolgan narsasi” deb tarjima qilingan so‘z “dolla” “ضَالَّةُ” so‘zi, yo‘qolgan katta va kichik boshli hayvonlarga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda “Dolla” so‘zi yo‘qolgan mol-mulkka o‘xshatilgan, chunki inson yo‘qotgan mol-mulkini shiddat bilan izlashga kirishgani kabi, “hikmatli so‘z” – foydali ilmni ham hammadan ko‘ra ko‘proq, unga intilishi, uni izlashi va topganda ham undan hammadan ko‘ra ko‘proq foyda olishga harakat qilishi kerak. Hikmatli so‘zni o‘rganish bilan birga uni amalda qo‘llashi va ularga amal qilishi lozim bo‘ladi.

“Gapirgan kishiga emas, gapirgan kishining so‘ziga qara” degan hikmatli so‘zga o‘xshab, hadisi sharifda kelgan “qayerda topsa ham” iborasi hikmatli so‘z egasidan kim bo‘lishidan qat’iy nazar, hikmatli so‘zini olish muhimligini ko‘rsatadi.

Mo‘min uchun foydali ilm suv va havodek zarur bo‘ladi. Uni qayerdan topishidan qat’i nazar olishi zarur. Bu hadisi sharifda mo‘min inson ilmga doimo rag‘batli va talabgor bo‘lishi, qayerdan topsa ham uni olishga harakat etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Shuning uchun ham ulamolarimiz aqida va din ilmlaridan boshqa ilmlarni g‘ayridinlardan ham olish mumkinligini qattiq tayinlaydilar.

Ilmni qayerdan olishning farqi yo‘q. Albatta, musulmon yurtida, musulmon kishilardan ilm olish yaxshi. Lekin musulmon inson o‘z aqidasini va dinini mahkam tutgan holida o‘zi uchun, jamiyat va el-yurti uchun foydali ilmlarni g‘ayridin kishilardan, g‘ayridin yurtlarda ham olishi mumkin.

Mo‘min kishi ilm-ma’rifatdan, madaniyatdan va taraqqiyotdan orqada qolmasligi kerak. Doim hamma sohalardagi ilmlarga rag‘bati kuchli bo‘lishi lozim, aks holda buning oqibatida, ilmsiz va amalsiz o‘zgalarga topshirilib qo‘yiladi. Natijada, dindan bexabar bo‘lganlaridan, kimning oldida ilm o‘rgangan bo‘lsalar, o‘shaning e’tiqodi, urf-odati va hayot tarzidan ta’sirlanib, o‘shalar izmiga tushib qoladilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qayerdan bo‘lsa ham ilm olishimiz zarurligini qattiq targ‘ib qilganlar. Agar biz musulmonlar ham haqiqiy taraqqiyotga erishmoqchi va dunyoning peshqadam xalqlari safiga qo‘shilmoqchi bo‘lsak, ilmga bo‘lgan rag‘batimiz va munosabatimizni Islom ta’limotlari asosida tamoman o‘zgartirishimiz lozim bo‘ladi. Foydali bo‘lgan har bir kalima ilmni ham o‘zimiz yo‘qotib qo‘yib, uni izlab yurgan narsamizdek, deb bilishimiz va unga amal qilishga harakat qilish kerak. Uni qayerda topsak ham boshqalardan ko‘ra o‘zimiz haqli ekanimizni bilishimiz kerak. Ana o‘shandagina ushbu hadisda vasf qilingan mo‘minlik sifatiga erishgan bo‘lamiz.

Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:

1. Hadisdagi hikmatli kalimadan murod foydali ilm ekanligi;

2. Hikmatli kalima mo‘minning yo‘qotgan narsasiga o‘xshashligi;

3. Mo‘min kishi hikmatli kalimani qayerda topsa uni olishga harakat qilishligi;

4. Mo‘min kishi hikmatli kalimani qayerda topsa, unga boshqalardan ko‘ra ko‘proq haqli ekanligi;

5. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ilm olishga ko‘p targ‘ib qilganligi;

6. Musulmon inson o‘z aqidasini va dinini mahkam tutgan holida o‘zi uchun, jamiyat va el-yurti uchun foydali ilmlarni hammasini ham olishi mumkinligi;

7. Ilm-fan va taraqqiyotdan orqada qolmaslik uchun ilm o‘rganish lozimligi;

8. Musulmon kishi ilmga vaqtini, kerak bo‘lsa mablag‘ini sarflab bo‘lsa ham o‘rganish lozimligi;

9. Bobolarimiz bizga qoldirgan ilmiy merosni ko‘proq o‘rganish kerakligi;

10.  Ilm tufayli jamiyatning tanazzuldan taraqqiyotga erishishligi.

 

✍️ Olim Jo'rayev- Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

 ilmiy xodimi

Izoh qoldirish