27.06.2022

FARZANDNING OTA-ONA OLDIDAGI VAZIFALARI

Islom dini ota-onalarga yaxshilik qilish, ularga ehtirom ko’rsatish, keksaygan paytlarida ularga g’amxo’rlik ko’rsatishni har bir farzand uchun shart qilib qo’ygan. Alloh taoloning kalomi – Qur’oni karimda mazkur masala xususida bir qancha oyati karimalar keltirilgan. Jumladan, Qur’oni karimda Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi: “Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik bilan xokisorlik qanotingni pastlat va “Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin”, deb ayt”. (Isro surasi 23-24 oyat).

 Allohga ibodat va ota-onaga yaxshilik qilishning yonma-yon zikr etilishi ham ota-ona haqi naqadar ulug‘ va muhim ekanidan dalolat beradi. Payg’ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam hadislarida ham farzandning ota-ona oldidagi majburiyatlari borasida go’zal ibratlar keltirilgan. Bu borada buyuk muhaddis ajdodimiz Imom Buxoriy Kulayb ibn Manfaadan rivoyat qiladi: Kulayb ibn Manfaa aytadilarki, “Mening bobom Rasululloh (s.a.v) dan so‘ragan ekanlar: “Kimga yaxshilik qilay, ey Rasululloh?” Rasululloh (s.a.v) aytdilar: “Avval onangga, so‘ngra, otangga, keyin opa-singlingga, aka-ukangga. Va undan so‘ng navbatdagi qarindoshlaringga yaxshilik qilgin”. Ushbu hadisi sharif orqali ham ota-onaning farzanddagi haqi, farzandning ota-onasi oldidagi burch va vazifalari yaqqol namoyon bo’ladi. Farzand ota-onasiga har doim yaxshi narsalarni ravo ko’rishi, ularning haqlariga duo qilishi, ular vafot etgan bo’lsalar, ularning yaqinlari, do’st-birodarlari bilan aloqalarni davom ettirishi lozim. Ota-ona vafotidan keyin solih farzand ularning do’st-birodarlariga yaxshiliklar qilish orqali o’z ota-onasining ruhini shod qilishi, yomon amallari orqali esa ota-onasining ruhiga ozor yetkazishi mumkin.

Albatta, solih farzandi bo’lishini istagan ota-ona unga go’zal tarbiya bermog’i ham lozim. Zero, islom mutafakkirlari naql qilganlaridek, ota-onalar farzandlariga berishi mumkin bo’lgan eng buyuk mukofot – go’zal tarbiyadir. Buyuk vatandoshimiz, “Shayxur-rais” unvoni bilan shuhrat topgan alloma Ibn Sino o’zining “Tadbirul-manzil” nomli asarida farzand tarbiyasida ota-ona amal qilishi lozim bo’lgan jihatlarga alohida to’xtaladi. Mazkur asarda keltirilishicha ota-ona farzandiga avvalo chiroyli bir ism qo’yishi, unga din, axloq, adab asoslarini o’rgatishi, o’zi qiziqqan kasb-hunarga yo’naltirishi, go’zal xislatlar bilan ziynatlanishini nazorat qilib borishi lozim. Tabiiyki, go’zal axloqiy fazilatlar bilan ziynatlangan farzand ota-onasi uchun eng bebaho xazina bo’lib, ularning keksalik onlarida e’zozda bo’lishlarini ta’minlaydi.

 ✍️ Sarvar SaidovImom  Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqo tmarkazi ilmiy xodimi

Izoh qoldirish