26.08.2021

PORAXO’RLIK INSONNI TUBANLASHTIRUVCHI ILLAT

Alloh taolo aytadi:

«Mol-dunyolaringizni oralaringizda nohaq - harom yo‘llar bilan yemangiz! (Ya'ni, bir-biringizning haqqingizni yemang!) Va (gunoh qilayotganingizni) bilib turib, odamlarning mollaridan bir qismini gunoh - harom yo‘llar bilan yeyish uchun (mollaringizni pora qilib) hokimlarga uzatmang!»(Baqara surasi, 188).

Ya'ni, boshqalarning haqqini sizlarga o‘zlashtirib berishlari uchun hokimlarga pora bermanglar.

Insoniyat tarixida korrupsiyani tugatish yo‘llari va huquqiy asoslari Hindistonda yaratildi. Bundan 2,5 ming yil avval yozilgan “Artxashastra yoxud Siyosat ilmi” kitobi davlatni boshqarish va xo‘jalik yuritish mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, o‘sha davrning siyosiy va iqtisodiy qomusi sifatida dunyoga keldi. Bu asarga davlatni tuzish, boshqarish va uni rivojlantirishning huquqiy asoslari, deb qarash ham mumkin. Kitob muallifi sifatida brahman Kautile nomi (u Chanakya ismi bilan ham mashhur) zikr etiladi. “Artxashastra”ning 26-bo‘limi korrupsiyaga bag‘ishlangan. Bo‘limda korrupsiya “o‘zlashtirish” iborasi orqali izohlanadi: “Shohning shaxsiy yoki boshqa mulklariga qo‘l cho‘zish o‘zlashtirishdir. Bu holatda narxi yuqori bo‘lgan buyumlarni o‘zlashtirganlik uchun o‘lim jazosini qo‘llash, narxi o‘rtacha bo‘lgan buyumlarni o‘zlashtirganlik uchun ularni undirib olish, narxi past bo‘lgan mulklarni o‘zlashtirganlik uchun ularni qaytarib olish jazolarini tayinlamoq lozim”. “Artxashastra”da poraxo‘rlikning qirqta turi tasnif etiladi. Korrupsiyaning oldini olishga javobgar mansabdor shaxs vaqti-vaqti bilan xalq to‘planadigan joylar va bozorlarda quyidagicha murojaat qilib turishi lozimligi aytiladi: “Biron bir boshliqdan zarar ko‘rganlar bo‘lsa, shu haqda bizga xabar bersinlar”.

Islom dinida ham pora harom qilingan, bu borada hadislar ham juda ko‘p. Ulardan biri Payg‘ambarimizning mana bu so’zlaridir: "Pora beruvchiga ham, pora oluvchiga ham Allohning la’nati bo‘lsin!". Yana ul zot aytadilar: "Pora beruvchini ham, pora oluvchini ham, ikkovi orasida yurib porada vositalik qiluvchini ham Alloh la’natlasin!".

Alisher Navoiyning zamondoshi, podshoh Husayn Boyqaroning voizi Husayn Voiz Koshifiy o‘zining “Axloqi muhsiniy” asarida shohzodaga nasihat tariqasida quyidagi pandni bergan edi:

“Ummollardan (ish yurituvchi amaldorlar) pora olishdan ehtiyot bo‘lsin. Bilsinki, to bir kishi boshqalardan pora olmasa, boshqaga pora bermaydi. Agar vazir pora olishga sabab bo‘lsa, pora olishga ruxsat bergan bo‘ladi. Pora berish va pora olish haromdir. Va pora olgan pora bergandan yomonroq bo‘ladi, chunki oluvchi beruvchi oldida zabun bo‘ladi”.

Hozirgi davrdagi “korrupsiya” tushunchasini sharhlaydigan bo‘lsak, u asosan, “shaxsiy foyda olish uchun hokimiyatni suiiste’mol qilish” ma’nosida ishlatiladi..

Prezident Shavkat Mirziyoev - Barcha davlat boshqaruvi organlarining ochiqligini ta’minlash, bu organlarning asosiy yo‘nalish sifatida xalq xizmatini qilish sifatida belgilab qo‘yilishi, sud va huquqni himoya qilish organlarining xalq oldida mas’ulligi va hisob berib borish prinsiplarini o‘rnatilishi, tadbirkorlik rivojlanishidmiz bu jirkanch illatga murosasiz bo‘lmas ekan, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatmas ekan, bu baloga qarshi samarali kurashni tashkil eta olmaymiz. Bu illat bilan nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, balki har bir jamoa jiddiy kurashishi kerak. Shuning uchun har bir davlat idorasida jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadigan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z ichki dasturlari bo‘lishi shart.

Imom Abu Amr Avzo'iy (rahmatullohi alayh) Bayrutda yashayotgan chog‘larida huzurlariga bir nasroniy keldi-da: «Ba'labakka (shahrining) hokimi menga zulm qildi. Unga bir maktub yozib bersangiz», deb bir ko‘za asal uzatdi. Avzo'iy (rahmatullohi alayh): «Xohlasang asalni qaytarib, maktub yozib beraman, xohlasang asalni olaman», dedilar. So‘ngra hokimga: «Bu nasroniyning yer solig‘ini kamaytir», deb maktub yozib berdilar. U asal bilan maktubni olib, hokimga uchrashdi va unga maktubni berdi. Imomning sharofati sababli hokim undan o‘ttiz dirhamni olib tashladi.

Bugungi kunimizda ming afsuslar bo'lsinki, ko'pgina jamiyatlarda insonlar poraxo'rlik balosidan jafo chekmoqdalar. Poraxo'rlik tufayli botil haqning ustidan, nopoklik poklik ustidan, zulm adolat ustidan, xiyonat omonat ustidan, haromxo'rlar pokiza insonlar ustidan g'olib kelmoqdalar.

Allohdan barcha balo-ofatlardan sog‘-salomat saqlashini so‘raymiz.

 

 Umar Bo’ronov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi matbuot kotibi

 

 

Izoh qoldirish