O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro tadbirda ishtirok etdi
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) tomonidan muayyan shaharlarga “Islom madaniyati poytaxti” maqomini berish an’anaga aylangan. Jumladan, 2007 yil Toshkent va 2020 yil Buxoro shaharlari ushbu nufuzli maqomga munosib deb topilgan.
2023 yilda esa bunday maqomga Mavritaniya Islom Respublikasi poytaxti Nuakshot shahri sazovor bo‘ldi. Shu munosabat bilan, Mavritaniyada 2023 yil 6 yanvar kuni mamlakat Prezidenti Muhammad Valad Shayx al-G‘aznavi tashabbusi bilan xalqaro darajadagi tadbir tashkil qilindi.
Mazkur tadbirda Mavritaniya hukumatining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Tadbirda Mavritaniya Prezidenti Muhammad Valad Shayx al-G‘aznavi, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO) Bosh kotibi Solim al-Malik hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, ulamolar ishtirok etdilar. Anjuman doirasida turli madaniy dasturlar, jumladan, qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi, kitoblar taqdimoti, ilmiy seminarlar ham tashkil qilindi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur tadbir madaniy tushunchalarni birlashtirish, islom madaniyatini xalqaro ko‘lamda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati
Izoh qoldirish