Xalqaro aloqalar
#Yangiliklar #Xalqaro_aloqalar
Avval xabar berganimizdek Jazoir Demokratik Xalq Respublikasida boʻlib oʻtayotgan xalqaro festivalda Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining vakillari ishtirok etmoqda.
Bugun Naqshbandiya tariqati va taʼlimoti borasida oʻtkaziladigan xalqaro festivalning ilmiy amaliy tadbiri boʻlib oʻtdi.
Unda Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari boʻyicha (PhD) doktori Shukrullo Umarov “Jazoir va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ilmiy amaliy aloqalar va ularning kelajakdagi ahamiyati” mavzusida hamda xalqaro aloqalar va ziyorat-turizmini rivojlantirish ilmiy boʻlimi boshligʻi Saʼdulla Boboxodjayev “Tasavvuf ilmining mohiyati” haqida maʼruza qildilar. Bu esa ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, allomalarning Movarounnahrda yetishib chiqqanligi, ularning hayoti va faoliyati bilan bogʻliq madaniy meroslar va qadamjolar qayta tiklanib obod qilinayotganligi hamda bugungi Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilgan katta islohotlar olib borilayotganligi toʻgʻrisida berilgan xabarlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi rahbari maʼruzasi oxirida butun festival ishtirokchilarini va mehmonlarni Oʻzbekistonga aynan tasavvuf ahli boʻlgan Abdulxoliq Gʻijdivoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xoja Allouddin Attor, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Zohid Vaxshivoriy, Hoja Isʼhoq, Buxorodagi yetti pir hamda Naqishbandiya tariqatiga mansub barcha murshidlarning maqbaralari obod qilinganligi haqida batafsil maʼlumot berib va ularni ushbu qutlugʻ maskanlarni ziyorat qilishga taklif etdi.
Bizni kuzatishda davom eting, keyingi xabarlarimiz orqali Xalqaro festival kun tartibi va ilmiy safar tafsilotlarini yoritib boramiz.
Imom Termiziy XITM Matbuot xizmati
Izoh qoldirish