Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Oltinsoy tumanida “So‘fi Olloyor” va “Mavlono Muhammad Zohid Vaxshivoriy” ziyoratgohlarida bo‘ldi.
Joriy yilning 5 may kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Oltinsoy tumanida turizm ob’ektlari bilan tanishish va sharoitlarini o‘rganish doirasida “So‘fi Olloyor” va “Mavlono Muhammad Zohid Vaxshivoriy” ziyoratgohlarida bo‘ldi.
Viloyat hokimiga Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Joniev Muzaffarxon hamrohlik qilib ikki buyuk mutasavvif olim hayoti va ilmiy merosi, ularning butun musulmon olamidagi o‘rni va e’tibori, asarlarining bugungi kundagi ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, viloyat hokimiga Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi tomonidan tayyorlangan "Buyuk termiziylar" rukni ostidagi Surxondaryo vohasidan yetishib chiqqan allomalar hayoti haqida ma’lumot beruvchi 20 ta risolalar jamlanmasi taqdim etildi.
Mazkur ziyoratgohlarda ham kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishilib, tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda turizmni rivojlantirish maqsadida xizmat ko‘rsatish nuqtalari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Viloyat rahbari shuningdek, ikki maskanni ham ziyorat qildi. Ziyoratgohda ehson qilinib yurt tinchligi va farovonligi uchun duolar qilindi.
Izoh qoldirish