TIL VA UNDAN YETADIGAN XATAR
Til – Alloh taoloning ulug‘ ne’mati, ajib-u latif san’atidir. Garchi u jisman kichik bo‘lsa ham itoati tufayli topadigan savobi yoxud itoatsizligi tufayli sodir etadigan gunohi juda katta. Chunki, kufr ham, iymon ham faqat til guvohligida ayon bo‘ladi. Kufr va iymon esa toat va isyonning boshlanish hududlaridir.
Shu bilan birga har qanday borlik yoki yo‘qlik, ma’lum yoki noma’lum narsalarning barchasi til vositasida izohlanadi va har qanday holatda o‘sha narsaga til o‘zining isboti yoki inkori bilan ro‘baro‘ keladi.
Tilning faoliyat va ta’sir doirasida chek-chegara yo‘q: yaxshilik sari yursa, oldida keng maydon, ufqlar qadar cho‘zilgan. Yomonlik yo‘liga kirsa, ilon-chayonlar kabi sudralib, tubsiz tubanlikka ketishi mumkin. Kimki tilning jilovini bo‘sh qo‘yib yuborsa, shayton uni minib oladi, jar yoqasiga haydab, halokatga sudraydi. Odamlar tillari “ekkan hosil”lar tufayli jahannamga yuz tuban qulaydi. Faqat shariat bilan jilovlangan tilgina bu ofatdan najot topadi.
Abdulloh ibn Sufyon otasining shunday deganini rivoyat qiladi: “Ey Allohning rasuli! Menga Islomdagi shunday bir ish haqida xabar beringki, bu haqida Sizdan boshqasidan so‘ramayin.
- Allohga iymon keltirdim, degin. So‘ng to‘g‘ri bo‘l, dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
- Nimadan saqlanay, ey Rasululloh? – deb so‘radim.
Shunda Rasululloh qo‘li bilan tillariga ishora qildilar” (Termiziy rivoyati).[1]
Til tufayli juda katta xatarlar yetadi. Bundan saqlanishning yagona yo‘li jim yurishdir. Shuning uchun shariatimiz jim yurishni maqtaydi va jimlikka undaydi.
وَعَنِ ابْنِ عَمْرٍو: مَنْ صَمَتَ نَجَا. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالتِّرْمِذِيُّ
Ibn Amrdan rivoyat qilinadi: “Kim sukut saqlasa, najot topibdi”. [2]
Ahmad va Termiziy rivoyat qilishgan.
مَّا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
Alloh taolo O‘z kalomida deydi: “U (inson) biron so‘z talaffuz qilmas, magar (taffuz qilsa), uning oldida hozir-u nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)” [3] (Qof, 18-oyat).
Insonning og‘zidan chiqqan bitta lafz ham ularning nazarlaridan chetda qolmaydi. Ular hamisha hozir-u nozirdirlar, darrov yozib qo‘yadilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu aytadi:
“Kimning gapi ko‘paysa, xatosi ham ko‘payadi”.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Tildan ko‘ra qamoqda turishga hojatliroq narsa yo‘q”, degan.
Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Kam so‘zla, ko‘p tingla. Oz gapirib, ko‘p eshitishing uchun senga bitta og‘iz, ikkita quloq berilgan”.
Vaqtning qadriga yetgan odam uni foydasiz narsaga sarflamaydi. Chunki Alloh taoloning zikrini qo‘yib, keraksiz gap-so‘zlar bilan mashg‘ul bo‘lgan odam gavharni qo‘yib, tezakni olgan bilan barobardir. Bu esa umrni bekor o‘tkazishdir.
Shunday ekan, til dunyo va oxiratga foydasi bor narsani gapirsin. Hozir yoki kelajakda zarari tegadigan narsani gapirishdan tiyilsin. Nima maqtovga, nima mazammatga sabab bo‘lishini bilganidan so‘ng, garchi og‘ir bo‘lsa ham, bilganiga amal qilisin.
Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi ARM bo‘limi ilmiy xodimi
Muxlisa Ergashova
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
[1] Abu Homid G‘azzoliy; Arab tilidan tarjima va so‘z boshi R. Zohid. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashryoti, 2019. – B. 387.
[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ruhiy tarbiya – Poklanish kitobi. – Toshkent: “HILOL-NASHR” nashryoti, 2021. – B. 239.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol. – Toshkent: “HILOL-NASHR” nashryoti, 2008. – B. 572.
Izoh qoldirish