24.10.2023

VAQTDAGI BARAKA

Insonga berilgan ulkan ne’matlardan biri bu – vaqtdir. Alloh taolo Qur’oni karimning ko‘plab o‘rinlarida zamonlar bilan qasam ichganligi ham vaqtning qanchalik muhim ahamiyatga egaligining isbotidir.

Jumladan, “Asr” surasida shunday xabar qiladi:

وَالْعَصْرؚ

“Asr bilan qasam” (Asr surai 1-oyat).

“Asr” kalimasi – zamon, yuz yil, umr, asr namozi, o‘sha namozning vaqti kabi ma’nolarni anglatadi [1]. Abdulloh ibn Abbos roziyollohu anhu ushbu oyat tafsirida: “Asr bu vaqtdir”, – deganlar.

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ :قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "نِعْمَتَانِ مَغْبُونٌ فِيهِمَا كَثِيرٌ مِنْ النَّاسِ الصِّحَّةُ وَالْفَرَاغُ". رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki ne’mat borki, ko‘p insonlar undan bebahra qolishgan. (Ular): Sog‘lik va bo‘sh vaqtdir”, – dedilar” (Buxoriy rivoyati) [2].

“Alloh do‘stlarining vaqtlari barakali bo‘ladi”, degan gap juda mashhur bo‘lib, mushohada, ya’ni ko‘z bilan ham ko‘rilgandir. Ular qisqagina vaqtda juda katta-katta ishlarga ulguradilar. Imom G‘azzoliy rohimahullohi alayhning mukammal umrlari u kishi yozgan asarlari bilan hisoblansa, bir kunga o‘n olti juz kitob to‘g‘ri kelgan. Buni inson aqli anglashi qiyindir.

Imom Abdulvahhob Sha’roniy “Al-yavoqiyt val javohir” kitobida: 
“Bu kitobning uch yuzta bobi bo‘lib, uning har bir bobini yozishda Shayx Muhiddin Ibn Arabiyning “Al-futuhot” kitobini to‘liq o‘qib chiqdim”, – deb yozadilar. 
“Al-futuhot” esa bir necha ming sahifalik kitobdir. Demak, u kishi “Al-yavoqiyt val javohir” kitobini yozishda “Al-futuhot” kitobini uch yuz marotaba o‘qib chiqqani kelib chiqadi. Shu bilan birga u kishi: “Al-yavoqiyt val javohir” kitobini o‘ttiz kunda yozdim”, – deydilar. Binobarin, Imom Sha’roniy ikki ming sahifadan kam bo‘lmagan “Al-futuhot” kitobini bir kunda o‘n martadan o‘qigan ekanlar. Solih olimlar hamda ulug‘larning bunday voqealari juda ham ma’ruf va mashhurdir [3].

Shu o‘rinda “Vaqtda bu qadar kenglik qanday qilib hosil bo‘lishi mumkin?” degan savol paydo bo‘ladi. Holbuki, biror kishining soati oltmish daqiqadan, bir kecha-kunduzi esa yigirma to‘rt soatdan oshmaydi.

Hujjatul Islom, hazrat Mavlono Muhammad Qosim Nonutviy rohimahullohning bu to‘g‘ridagi tadqiqlari shuki, vaqtning bir “tuvl”i, ya’ni bo‘yi, uzunligi bo‘ladi. Buni hamma biladi. Soat va daqiqa mana shu tuvlning nomidir. Xuddi shuningdek, vaqtning “arz”, ya’ni eni va kengligi ham bo‘ladiki, bu ommaning nazariga ko‘rinmaydi. Allohning do‘stlari vaqtning mana shu eni va kengligida ulkan ishlarni amalga oshiradilar.

Xulosa qilib aytganda, har bir inson o‘z vaqtini qadrini bilishi va uning hatto biror lahzasini ham behuda o‘tkazmasligi lozim. Afsuski, hozirgi kunda aksar odamlar vaqtning tez o‘tib ketyotganligi, ishlariga ulgurolmayotganligi, go‘yoki vaqt qisqarib ketganligi kabi so‘zlarni ko‘p ishlatishadi. Aslida esa biz vaqtimizni to‘g‘ri taqsimlaganimiz va ortiqcha foydasiz ishlarga sarflaganimiz tufayli, uning qanday o‘tganini sezmaymiz. Ibn Qayyum rahimahulloh aytganlaridek: “Aslida, inson vaqti uning umridir. Vaqt bulutdek o‘tib ketadi”. Yuqorida keltirganimiz singari juda ko‘plab olim-u ulomalarimiz vaqtning qadrini juda yaxshi anglashgan va undan unumli foydalanishganining guvohi bo‘lamiz. Ularning hayot yo‘llarini o‘rganar ekanmiz, ular bilan tanishar ekanmiz, bilganlarimizni hayotimizga tatbiq qilishimiz lozim bo‘ladi.

 

Muxlisa Ergashova Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri hilol. – Toshkent: “HILOL-NASHR” nashriyoti, 2008. – B. 533.

[2] Abdul Fattoh Abu Gudda. Ulamolar nazdida vaqtning qadri. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nashriyoti, 2018. – B. 12.

[3] Muhammad Shafe’ Usmoniy. Majolisi hakimul-umma. – Toshkent: “Qamar-media” nashriyoti, 2021. – B. 228.

 

 

Izoh qoldirish