KSENOFOBIYA – BAG‘RIKENGLIKKA TAHDID
Bugungi kunda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning tub zamirida inson qadri g‘oyasi yotibdi. Ushbu islohotlar jamiyatda har bir insonning qadrini yuksaltirishga, insonlar o‘rtasida birodarlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Zero, islom birodarlikka, bag‘rikenglikka chorlovchi din ekanligi borasida Alloh taoloning kalomi – Qur’oni karim va Payg‘ambarimizning hadisi shariflaridan yetarlicha misollar keltirish mumkin.
Ammo bugungi globallashuv davrida ijtimoiy birdamlikka, bag‘rikenglikka xavf solishga qaratilgan son-sanoqsiz tahdidlar mavjudki, ular haqida ma’lumotga ega bo‘lish bu kabi xatarlarga qarshi kurash yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday illatlardan biri ksenofobiya hisoblanadi.
Ksenofobiya tushunchasi yunon tilidan olingan bo‘lib, begona, notanish, g‘ayrioddiy narsaga nisbatan murosasizlik, boshqa birovni yoqimsiz va xavfli deb bilish kabi ma’nolarda qo‘llaniladi. Bu kabi tushunish mahalliy hamjamiyatdan “begona” deb hisoblangan shaxslar toifalarining ajralib chiqishiga, ularning siyosatda, kundalik hayotda, ishda, ta’limda va ijtimoiy ta’minotda kamsitilishiga olib keladi.
Ksenofobiya, fransuz faylasufi Rene Dekart ta’biri bilan aytganda, “biz” va “ular” o‘rtasidagi farqni keskinlashtirishga sabab bo‘ladi. Bu tushunchaga ko‘ra, “Biz”, ya’ni mahalliy aholi ijobiy sifatlar bilan sifatlansa, “Ular”, ya’ni chet elliklar jinoyatchilar, tahdid va tartibsizliklar sababchilari, tinchlikni buzuvchilar kabi sifatlar bilan ifodalanadi. Ksenofobiyada “biz yaxshimiz, boshqalar yomon” degan subyektiv nuqtai nazar ustunlik qiladi.
Ksenofobiya, odatda, milliy-etnik kelib chiqishi, dini va irqiy xususiyatlari bo‘yicha jamiyatdan farq qiladigan odamlarga qaratilgan. Ksenofobik yondashuvlar turli millatlar, madaniyatlar, etnik elatlar va dinlarga mansub odamlar bilan muloqot qilishni ma’qullamaydi.
Xalqaro terrorizm qo‘rquvi va xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar ildiz otgan muhitda ksenofobiya yanada kengroq ildiz ota boshlaydi.
Bugungi kunda ksenofobiyaga qarshi samarali kurashish uchun jamiyatda insonlar o‘rtasidagi o‘zaro farqlarni xolisona tarzda to‘g‘ri qabul qilish hamda o‘zaro hurmatga asoslangan axloqiy tamoyillarni rivojlantirish lozim. Boshqa insonlar begona, raqib yoki dushman sifatida emas, balki do‘st-birodar sifatida qabul qilinishi kerak. Shu bilan bir qatorda, turli konfessiyalar, millatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratish, madaniyatlararo tanishuv jarayonini kuchaytirish, turli ma’naviy-ma’rifiy dasturlarni tashkil etish ham ksenofobiyaning oldini olishda mhim ahamiyat kasb etadi.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i
Izoh qoldirish