JAMIYATDA DINIY MUTAASSIBLIK VUJUDGA KELISHINING AYRIM JIHATLARI XUSUSIDA
Zamonaviy dunyoda sodir boʻlayotgan tarixiy voqealar va ijtimoiy jarayonlar madaniyatlararo chegaralarning buzilishiga, yagona axborot makonining shakllanishiga, qutbli gʻoyalar hamda mafkuralarning keskin toʻqnashuviga, bu esa oʻz navbatida, jamiyatda mutaassiblikning rivojlanishi uchun obyektiv shart-sharoitlarning vujudga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Mutaassiblik zamonaviy ijtimoiy faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini ongli ravishda shakllantirish orqali hokimiyat, boylik, nazorat va boshqa manfaatlarni boshqarishda turli gʻarazli kuchlarning “eng samarali usul”lardan boʻlib qolmoqda.
Bu holat “yopiq” jamiyatlar misolida aniq namoyon boʻlib, ulardagi siyosiy kuchlar oʻz maqsadlariga erishish uchun bugungi kunda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan mutaassib shaxslardan hamda ommaviy fanatizm rivojlanishiga hissa qoʻshadigan har xil mafkuraviy taʼsirlardan keng foydalanmoqda.
Shimoliy Irlandiyadagi va boshqa millatchi terroristik guruhlar, Yaqin Sharqdagi ekstremistik, terroristik va fundamentalistik tashkilotlar, Gitler Germaniyasi, Frankist Ispaniyasi va boshqalar totalitar jamiyatlar hamda Chilida Pinochet boshchiligidagi diktatura boshqaruvi bunga misol sifatida keltirish mumkin.
Shu nuqtaiy nazardan, zamonaviy jamiyatda mutaassiblikning faollashishi, ijtimoiy tabiati, vujudga kelish mexanizmlari va omillarini oʻrganish dolzarblik kasb etmoqda.
Mutaassiblik - (arabcha – التعصب) - maʼlum bir mafkura va qarashlarga, ayniqsa, diniy-falsafiy, milliy va siyosiy sohalarda haddan ziyod, koʻr-koʻrona va hissiyotlarga berilib ergashish va ularga amal qilish, qandaydir tushunchalar, eʼtiqod yoki dunyoqarashga koʻr-koʻrona sodiqlik sifatida taʼriflangan[1].
Fanatizm va fanat atamalari lotincha fanatice (jahl, gʻazab bilan) va yoki fanaticus (gʻayratli, hayajonli; gʻazablangan, aqidaparast, gʻazabli) sifatdoshlaridan kelib chiqqan boʻlib, fanum (xudoga bagʻshlangan joy, muqaddas joy, ibodatxona) sifat otiga asoslanadi[2]. Fanum va fanaticus ismi sifatlari birlashtirganda, mutaassib atamasi, hayajonli, ilhomlangan, quvnoq yoki jazavali va ibodatxonasiga sigʻinuvchi kabi maʼnolar kelib chiqadi[3].
“Fuqarolik jamiyati va mutaassiblik: qoʻshilgan tarix (Civil Society and Fanaticism: Conjoined Histories)” nomli kitob muallifi Dominik Kolasning mazkur asarida mutaassiblik atamasining tarixiy nuqtayi nazardan qoʻllanilishi haqida umumiy maʼlumot bergan.
Jumladan, kitobda Sitseron (miloddan avvalgi 106\43) va Yuvenal (60\140) fÿnÿticusdan gʻazabning sinonimi sifatida foydalangani koʻrsatilgan. XVII asrga kelib kelib mazkur termin Angiliyada diniy xurofot, mutaassib va ishtiyoqli atamalari bilan din hamda siyosatda haddan tashqari tanqidiy ishtiyoq yoki gʻayrat maʼnosida qoʻllana boshlangan[4].
Xristian cherkovi ruhoniylari esa mazkur terminni XIX asrdan diniy ibodat va marosimlarni bajarish bilan chegaralanmagan taqvodor dindorlarga nisbatan asriy anʼanalardan yuz oʻgirgan dinsiz yoki liberal fikrli xristianlar tomonidan faol qoʻllanila boshlanganini taʼkidlashgan[5].
Olib borilgan izlanishlar esa mutaassiblik har doim ham umuminsoniy hodisa sifatida insoniyatning turli jabhalarida oʻz-oʻzidan mavjud boʻlmasligini, u jamiyatda tarixiy, psixologik, falsafiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda diniy omillar natijasida vujudga kelishini koʻrsatdi.
Xususan, diniy mutaassiblik tarixan fanatizmning bir shakli sifatida uning boshqa turlari orasida alohida oʻrin tutadi. U potensial jihatdan har qanday dinlar atrofida mavjud boʻlib, muayyan tarixiy sharoitlarda rivojlanishi hamda turli diniy va siyosiy guruhlarning oʻz maqsadlariga erishish vositasi sifatida foydalanishi mumkin.
Din ijtimoiy va individual xatti-harakatlarning eng muhim maʼnaviy regulyatorlaridan biri hisoblanadi. Diniy sohadagi eng kichik oʻzgarishlar ham mutaassib odamlarning fikrlari, his-tuygʻulari va harakatlariga katta taʼsir koʻrsatadi.
Hozirgi kunda barcha dinlar diorasida diniy mutaassiblik namunalarini topish va uning taʼsiri zoʻravonliksiz ham halokatli boʻlishi mumkinligi maʼlum boʻlmoqda.
Masalan, mutaassib ota-onalar oʻz farzandlarini zamonaviy inson taraqqiyoti va ijtimoiylashuv qonunlariga zid ravishda tarbiyalashlari, zamonaviy oilalarda qiz bolalarga oʻqish va yozishni oʻrgatish notoʻgʻri deb hisoblaydigan mutaassib oila boshliqlarining harakatlari natijasida bolalar savodsiz boʻlib ulgʻayishi mumkin.
Aksariyat dinshunoslar – mutaassiblik din misolida aniq koʻrinishi, diniy mutaassiblik asosan sektalarga xos boʻlishi, dinlarga oid muqaddas manbalarni mafkuralashtirish maqsadiga qasdan notoʻgʻri talqin qilinishi, diniy murosasizlik gʻoyalarini vujudga kelishiga va bu esa oʻz navbatida fanatizmga olib kelishini taʼkidlaydilar.
Ayrim mutaxassislar dindorlardagi dualistik dunyoqarash ham baʼzan jamiyatda mutaassiblik gʻoyalarining vujudga kelishiga xizmat qilishi mumkinligini taʼkidlashadi. Bu holatda mutaassiblikda“biz” va “ular” oʻrtasidagi “moʻtadil” farqdan tashqariga chiqishi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Dualistik dunyoqarash koʻplab dinlar va taʼlimotlarda uchraydi. Yorugʻlik va zulmat, yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi jang kabi tushunchalarni biz Moniylik taʼlimotida kuzatishimiz mumkin boʻlsa, xristianlik bu holat nasroniylar dunyosi va shaytonlar hukmronligi ostidagi dunyoga, islom dinida esa mazkur holat “Dor al-islom” va “Dor al-harb” kabi boʻlinishlarda namoyon boʻladi.
Odatda guruhlar ichidagi “biz” ijobiy nuqtaiy nazardan
va tashqaridagi guruhlar “ular”ga esa shubha bilan qaraladi. Mutaassiblikda bunday farq barcha moʻtadillikdan ustun boʻlib, “ular” eng katta dushman sifatida baholanadi va turli siyosiy kuchlar tomonidan yaratilgan “fitna nazariyalari” orqali “ular” yoʻq qilinishi kerak boʻlgan dushman sifatida gavdalantiriladi[6].
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda musulmonlar oʻrtasida turli mutaassib qarashlarni ilgari suruvchi kontentlar dinlardagi dualistik dunyoqarashdan oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanishga urinib kelmoqda. Ular oʻz daʼvatlarida musulmonlarni islom dinidagi doʻst va dushman (al-valo val-baro), Alloh uchun yaxshi koʻrish va Alloh uchun yomon koʻrish, kofirni kofirlikda ayblash, boshqa din vakillariga munosabat va ular bilan doʻstlashish kabi mavzularni notoʻgʻri talqin qilish orqali islomda boʻlmagan insonlarga dushman va nafrat koʻzi bilan qarash gʻoyasini ilgari surayotgani mazkur holatga misol boʻladi.
Diniy mutaassiblikni jamiyatda vujudga kelishiga oʻrta asr Gʻarb jamiyati mutafakkirlari diniy mafkura monopoliyasi va cherkovning uzoq vaqt davomida hukmron ijtimoiy institut boʻlgani, aholi orasida diniy bilimlarni haddan ortiq koʻp targʻib qilinishi asosiy sabab sifatida koʻrsatilib, jamiyatda ilmiy bilimlarni koʻproq tarqatish diniy mutaassiblikka barham berishining yagona chorasi sifatida baholangan[7].
Biroq, XX-XXI asrlarda aholining oʻrta asrlarga nisbatan yuqori taʼlim darajasiga ega boʻlganligiga qaramay, jamiyatda diniy mutaassiblik va aqidaparastlik yoʻqolib ketmagani, balki turli koʻrinishlarga ega boʻlib, yangi ijtimoiy mavqega koʻtarilgani mazkur nazariya ham toʻliq oʻzini oqlamasligini koʻrsatmoqda.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan xulosa qilish mumkinki, jamiyat hayotida mutaassiblikning vujudga kelishining yagona portretini tuzish juda murakkab boʻlib, u koʻplab ijtimoiy, falsafiy, psixologik, diniy, siyosiy va tarixiy omillar taʼsiri ostida shakllanadi va shu sababli ham fanatizm dunyoning har mintaqasida turlicha tafovutlanadi.
Oʻz navbatida diniy mutaassiblik vujudga kelishining ham umumiy portreti mavjud emas, chunki uning vujudga kelishini biror narsaga aniq bogʻlash yoki fanatizmni shakllantiruvchi asos sifatida belgilash turli ziddiyatli fikrlarni yuzaga kelishiga sabab boʻladi.
Shu sababli, muayyan tarixiy voqea hodisalar natijasida jamiyat hayoti va insonlar ongida vujudga kelgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, psixologik, diniy va falsafiy muammolar mutaassiblikni vujudga keltiruvchi asosiy omillar boʻlib, ular har qanday turdagi fanatizmni shakllanishida asosiy vazifani bajarib beradi.
DAMINOV BAHODIR IBROHIMJONOVICH,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita Aхborot-tahlil
va targʻibot ishlarini tashkil etish
boshqarmasi bosh mutaxassisi
[1] Sovetskaya voyennaya ensiklopediya. — Moskva: Voyenizdat, 1980. — T. 8. — S. 248
[2] Terms and their translations Kleis R, Torpats Ü. Gross L. Freymann H. Ladina-eesti sõnaraamat. Tallinn: Valgus, 2002. – r 442.
[3] Hughes M. Johnson G. Fanaticism and Conflict in the Modern Age. London: Frank Cass, 2005. – R.1
[4] Kalmer M. The many faces of fanaticism. ENDC Proceedings. – Tartu, 2011. №14. – P.31
[5] Chto takoye fanatizm? Kogo mojno nazvat fanatikom? 06.28.2007 g. https://pravoslavie.ru/6950.html.
[6] Kalmer M. The many faces of fanaticism. ENDC Proceedings. – Tartu, 2011. №14. – P.40
[7] Yaxyayev M.Ya. Religioznыy fanatizm kak sotsialno-istoricheskiy fenomen: dok. fil. nauk. dis. avtoref. –Maxachkala.: 2006. – 2 s.
Izoh qoldirish