31.01.2025

MUTAASSIB SHAXSLARNI SOGʻLOM IJTIMOIY MUHITGA QAYTARISHNING JAHON TAJRIBASI

Hozirgi kunda terrorizmning mudhish qiyofasi avvalgilaridan uchta muhim xususiyati bilan farqlanadi. Birinchidan, avval terrorchilik holatlari mahalliy yoki milliy koʻrinishda sodir boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib bu global ahamiyat kasb etdi. Hech bir mamlakat bu tahdiddan oʻzini toʻliq himoyalangan deb ayta olmaydi. Ikkinchidan, terrorchilik harakatlari avvalgidan vahshiy, tajovuzkor va shafqatsizligi bilan ajralib turadi. Qoʻporuvchilikni qayerda, qachon va kim tomonidan amalga oshirilishini oldindan aytib boʻlmaydi. Uning oldini olish va qarshilik koʻrsatish uzoq muddat talab etadi. Uchinchidan, avval terrorizmga sabab boʻlgan omillar millatchilik, separatizm, ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik tufayli vujudga kelgan, hozirgi kunda esa koʻplab yoshlar mafkuraviy manipulyatsiya qurboniga aylanmoqda. 

Bugungi kunda terrorizm mafkurasi diniy omillar bilan qorishtirib tashlandi. Bu еrda din zoʻravonlik xatti-harakatlarini oqlash vositasi boʻlib xizmat qiladi. Shu sababli, globallashuv davrida terrorizmni harbiy usul va vositalar bilan еngib boʻlmaydi, chunki bu radikal fikrlovchilar orasida nafratlanish hissini kuchaytiradi. 

Radikal shaxslarni reabilitatsiya qilish jarayoni dunyo mamlakatlari tomonidan turli yondashuvlar asosida ish olib borilgani kuzatiladi. Shunday boʻlsa-da, ularni umumiy shaklda ikki guruhga ajratish mumkin: 

  1. “Asosiy reabilitatsiya dasturlari”.
  2. “Kengaytirilgan reabilitatsiya dasturlari”.

Hozirgi kunda Singapur, Indoneziya, Malayziya, Iordaniya, Yaman kabi mamlakatlar reabilitatsiya tizimini “Asosiy reabilitatsiya dasturlari” asosida shakllantirgan.

I. “Asosiy reabilitatsiya dasturlari” 3 ta komponentdan iborat boʻlib, bularga diniy, ijtimoiy va psixologik reabilitatsion yondashuvlar kiradi. Mazkur jarayonda mafkuraviy va qonli sinovlarni boshidan kechirgan shaxs uchun moʻljallangan programma, oʻquv, kasbiy koʻnikma va amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi[1]

1. Diniy reabilitatsiya dasturi. Bunda diniy mavzulardagi muloqot, bahs-munozara va suhbat nazarda tutiladi. Statistik maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, aksariyat terrorchilar diniy bilimga mutlaqo ega boʻlmaydi yoki bilim darajasi juda sayoz boʻladi. Shuning uchun terrorchilar ongiga singib qolgan turli talqinlardagi nazariy va mafkuraviy asoslarini obroʻsizlantirish uchun diniy reabilitatsiya qilinishi zarurdir[2]

Radikal shaxslarni diniy reabilitatsiya qilish jarayoni tizimli ishlar hamda professional islomshunos va dinshunos mutaxassislarni talab qiladi. Ular tomonidan olib boriladigan ishlarni quyidagicha tizimlash mumkin: 

a) radikallarning ongiga singdirilgan buzgʻunchi mafkuraning salbiy ekani va buning natijasida oʻzi, oilasi, jamiyat va davlat zarar koʻrishi tushuntiriladi; 

v) obroʻsizlantirilgan salbiy mafkura oʻrni toʻgʻrisi bilan toʻldiriladi. Ushbu jarayonda mutaassib shaxsga ekstremistlar tomonidan tizimli manipulyatsiya texnologiyalari asosida ongi zaharlangani va unda diniy faktorlardan ustalik bilan foydalanilgani koʻrsatib beriladi;

s) islomning muqaddas tushuncha va shiorlari toʻgʻri tushuntiriladi va singdiriladi. Islom bunyodkorlik dini ekani, hijrat, jihod, shahidlik, takfir, halifalik, “al-valo val-baro”[3] va shu kabi tushunchalar ekastremistlar tarafidan oʻzining manfaatlari yoʻlida talqin qilingani imom-xatib, teolog/dinshunos olimlar tomonidan tushuntiriladi.

Koʻplab radikal shaxslar zoʻravonlik harakatlarini oqlash maqsadida notoʻgʻri talqindagi diniy tushunchalarga tayanib ish tutadi. Mazkur jarayonda eʼtiqodga singdirilgan ekstremistik qarash va gʻoya toʻgʻrisi bilan almashtiriladi. Ushbu holatda diniy maslahatchilarning oʻrni beqiyos boʻlib, ular radikal targʻibotchilar tomonidan tarqatilayotgan diniy-mafkuraviy qarashlar, aslida islomga zid ekani dalillar bilan asoslab beradi;

d) koʻp millat va din vakillari istiqomat qiladigan jamiyatda yashashning toʻgʻri ekani oyat va hadislar bilan toʻldiriladi[4]. Mazkur jarayonda aqidaviy, fiqhiy va boshqa diniy mavzulardagi muloqot, bahs-munozara, suhbat va maslahatlar olib boriladi. 

2. Ijtimoiy reabilitatsiya dasturi. Radikal gʻoyalarning qurboniga aylangan shaxslar jamiyatga muammosiz qayta integratsiyalashuvini taʼminlashda ijtimoiy reabilitatsiya dasturlarining oʻrni beqiyosdir. Mazkur jarayon mutaassib shaxsga jamiyat darajasida muloqotga kirishishiga, oila, kelajak va tinchlik oʻrnatish nuqtayi nazaridan fikrlarini rivojlantirishga imkon beradi.

Qayta ijtimoiylashtirish jarayonida bir qator omillar hisobga olinadi:

a) Oilaviy munosabatlar. Hibsga olingan yoki mutaassiblikning taʼsiriga tushgan shaxslarning oilasini saqlab qolish va ularning koʻmagi yordamida taʼsir koʻrsatish ahamiyatlidir. Ushbu jarayonda oilaviy birlikni mustahkamlash uchun koʻproq tashriflarga ruxsat beriladi;

v) Ijtimoiy aloqalarni tiklash. Reabilitatsiya dasturida ishtirok etayotgan shaxs mutaxassislarning koʻmagi va maslahati yordamida davlat, jamiyat va doʻstlar orasidagi munosabatlari tiklanadi;

s) Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash. Bunda shaxsga tibbiy (davolanishi uchun), moddiy (pul, maishiy texnika va boshqalar) va maʼnaviy (taʼlim va mutaxassislar koʻmagi) jihatdan yordam koʻrsatiladi;

Germaniya “Radikalizmdan ogohlantirish tarmogʻi”ning maʼlumotlariga koʻra, reabilitatsiya qilinayotgan obyektning doʻstlik, oila, jamoa va davlat bilan munosabatlari tartibga solinishi, shuningdek, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida uy-joy, ish va sogʻligi masalalariga eʼtibor qaratilishi ijtimoiy integratsiya jarayonlarini tezlashtiradi[5].

Bundan tashqari dasturni oʻtayotgan shaxs oʻziga, oilasiga va yaqinlariga koʻrsatilayotgan yordamlar tufayli davlatga va reabilitolog mutaxassislarga boʻlgan ishonchi ortadi, ijtimoiy muhitga moslashish uning kelajagi ekani borasidagi tasavvurni beradi. Uning oilasi esa, unga yordamchi va maslakdosh boʻlib xizmat qiladi. 

d) Ilmiy va kasbiy koʻnikmalarini oshirishga koʻmaklashish. Ozodlikka chiqqandan keyin ishga joylashish va bandligini taʼminlash muammolari ham ijtimoiy reabilitatsiya dasturi tarkibi hisoblanadi[6].

3. Psixologik reabilitatsiya dasturi. Bunda ryeabilitatsiya qilinayotgan radikal shaxslar bilan psixologlar muntazam ravishda uchrashib, ularga psixologik maslahat beradi va ruhiy holatini oʻrganadi. Ularning stressni еngish qobiliyati, nafrat va zoʻravonlikka moyilligi, radikal gʻoyalar taʼsirga beriluvchanlik darajasi (maxsus test va dasturlar yordamida) aniqlanadi. Shuningdek, psixologlar mahbuslarning reabilitatsiya qilinishining muvaffaqiyat darajasi va kognitiv (shaxsning tashqi maʼlumotni aqliy idrok etish va qayta ishlash qobiliyati) jihatlarini ham oʻrganadilar[7].

Bundan tashqari mahbuslar reabilitatsiya dasturlarida toʻliq ishtirok etishiga xalaqit beradigan jismoniy va psixologik muammolar oldindan aniqlab olinadi hamda ularning holatiga qarab tasniflanadi. Bunda psixologik test, davolash muolajalari hamda malakali psixologlar ishtirok etadigan deradikizatsiya dasturi muhim ahamiyat kasb etadi.

Mahbuslardagi ruhiy salomatlik nuqtayi nazaridan zoʻravon ekstremistik xatti-harakatlarga olib kelgan sabablar oʻrganiladi. Shu yoʻl orqali reabilitatsion vazifalar shakllantiriladi va amalga oshirishga yordam beradigan kognitiv dasturlar ishlab chiqiladi[8]. Baʼzi ekstremistlar psixopatologik muammolarning tashqi belgilarini bildirmasligi mumkin. Ammo tadqiqotlar shundan darak beradiki, koʻpchilik dastur ishtirokchilari hissiy jihatdan zaif va shaxsiyat muammolariga ega. Psixologlar shunga muvofiq zarur tadbirlarni amalga oshirish uchun rejalar ishlab chiqilishlari kerak boʻladi[9].

II. “Kengaytirilgan reabilitatsiya dasturi” har bir mamlakatning ichki siyosati va reabilitatsiya sohasidagi tajribasidan kelib chiqadi. U “Asosiy reabilitatsiya dasturlari”ga qoʻshimcha ravishda kiritilgan koʻnikma va metodlar majmuini qamrab oladi. Dunyodagi ilgʻor mamlakatlar tajribasiga nazar tashlansa, mazkur jarayon diniy, ijtimoiy, psixologik reabilitatsion dasturlarga qoʻshimcha shaklda oilaviy, taʼlim-tarbiya va kasbiy, qoʻllab-quvvatlash, ijodiy art-terapiya va sport, “Onlayn jalb qilish” kabi dasturlarni oʻz ichiga oladi[10]

1. Oilaviy reabilitatsiya dasturi ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari tarkibiga kirsa-da, ammo ayrim mamlakatlar alohida yoʻnalish sifatida oʻrganadi. Jahon tajribasiga koʻra, dunyodagi baʼzi mamlakatlar (Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Shri-Lanka va boshqa) oilaviy reabilitatsiya dasturlari doirasida maxsus tadqiqotlar olib borgan. Sababi radikal toifadagi shaxslarga oilasi orqali taʼsir koʻrsatish reabilitatsiya samaradorligini oshiradi. Boʻlinib ketgan oilaviy rishtalarni tiklash reabilitatsiya jarayonining muhim qismi boʻlib, shaxs radikallashuv jarayonidan chiqishida oilaviy munosabatlarni rivojlantirish yaxshi samara beradi[11].

Dastur doirasida mahbusning otasi, onasi, farzandi yoki ayoli uning buzgʻunchi yoʻldan qaytib, tavba qilishi va yana oilasi davrasiga qaytishi kerakligini tushuntiradi. Shuningdek, mahbuslarning reabilitatsiya jarayonida ishtirok etish istagini bildirgan oila-aʼzolariga farzandlari bilan qanday uslubda gaplashish va muloqot jarayonida oʻzini qanday tutish kerakligi mutaxassislar tomonidan aytiladi. 

2. Taʼlim-tarbiya va kasbiy reabilitatsiya dasturi. Sobiq zoʻravon ekstremistik mahkum jamiyatga muvaffaqiyatli qayta integratsiyalashuvini taʼminlashda ish topishi va oilasini boqish imkoniyatiga ega boʻlishi muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari doimiy ish joyi boʻlishi, sobiq mahkumlar ekstremistik guruhga qayta qoʻshilish zaruratini kamaytirishi mumkin. Mazkur holatda ular reabilitatsion taʼlim-tarbiya va kasbiy dasturlar orqali jamiyatga tayyorlab boriladi. 

Deyarli barcha mahbuslarga kelajakda ishga joylashishlari uchun kasbiy taʼlim beriladi. Malayziya (duradgorlik, novvoychilik, boʻyoqchilik), Singapur (hunarmandchilik, quruvchilik), Saudiya Arabiston (rassomlik, tikuvchilik, pazandalik), Indoneziya (dehqonchilik, tikuvchilik, IT-savodxonlik) kabi mamlakatlar reabilitatsiya dasturlari mamlakat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kasbiy tayyorgarlik amaliyotlari olib boriladi[12]

3. Qoʻllab-quvvatlash dasturi. Koʻpgina diniy reabilitatsiya dasturlari ishtirokchilari ozod etilgandan keyin ijtimoiy masalalarda qoʻshimcha koʻmakka ehtiyoj sezadi. Sababi ularning koʻpchiligi oʻqimagan, ishlamagan, nafaqaga chiqqan yoki hali oʻzining ishini topib ulgurmagan boʻladi. Mazkur dastur doirasida radikal toifalar ijtimoiy, iqtisodiy, oilaviy, kasbiy, tibbiy jihatlardan moʻtadil holatga oʻtgunga qadar qoʻllab-quvvatlanadi.

Mahbuslarning ijtimoiy-iqtisodiy holati bir-biridan keskin farqlanishi mumkin. Masalan, baʼzilari moliyaviy jihatdan yaxshi taʼminlangan boʻlsa, aksariyati kambagʻal oilada voyaga еtgan boʻladi. Mahbuslarning katta qismi oʻzining oilasida asosiy boquvchi hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda farzandlarining taʼlim-tarbiyasi, sogʻligʻi, oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyoji taʼminlanadi. Otalarining xatti-harakati natijasida oila zarar koʻrmasligi kerak. Reabilitatsion dastur doirasida ularning oila aʼzolaridan xabardor boʻlish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan taʼminlab turish juda zarur. Agar bu ish dastur masʼullari tomonidan amalga oshirilmasa, unda mazkur vazifa mahbuslarning terrorchi sheriklari tomonidan qilinishi mumkin[13]. 

4. Ijodiy art-terapiya va sport dasturi. Mazkur jarayon xorijiy adabiyotlarda “turli xil elementlar dasturi” deb ham nomlanadi. Dastur foydali boʻlishi hamda mahbuslarning birdamligini taʼminlash maqsadida adabiyot, sanʼat, sport va dam olish mashgʻulotlari kiritilgan. Mahbuslar oʻzlarini qiziqtirgan kitoblarni mutolaa qilishlari, yoqtirgan sanʼat turlari bilan shugʻullanishlari hamda futbol, voleybol va boshqa sport mashgʻulotlari bilan band boʻlishlari mumkin boʻladi[14]

Ekstremistik reabilitatsiya qilishning eng yangi qoʻshimcha elementi art-terapiya va sport hisoblanadi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, har kuni jismoniy faollik bilan shugʻullanadigan mahbuslar teran fikrlaydi, stress va depressiyaga chidamlilik darajasi ortadi hamda sogʻliqdan aziyat chekmaydi. Reabilitatsiya rejimiga art-terapiya va sport elementini qoʻshish, mahbuslarga ruhan tinchlantirishga va ortiqcha energiyadan xalos boʻlishga yordam beradi[15].

Shuningdek, dastur doirasida tasviriy sanʼat bilan shugʻullanish va ijod qilish imkoniyati yaratiladi. Shu orqali hayot, erkinlik, tinchlik va hamjihatlik istaklarini bildirdilar. Shuningdek, sanʼat turlari orasida musiqa tinglash, sheʼr va hikoyalar yozish kabilar reabilitatsiyani еngillashtiradi, kelajak uchun rejalar tuzishga chaqiradi.

5. “Onlayn jalb qilish” dasturi. Pandemiya davridan boshlab reabilitatsiya jarayonlariga qoʻshimcha shaklda “Onlayn jalb qilish” chora-tadbirlari kiritildi. Sababi karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar bilan ishlashda yangicha yondashuvlarga asoslangan holda ishlar olib borildi. 

Hozirda reabilitatsiya jarayonida onlayn (Internet) muloqot olib borishning turli yoʻllari ishlab chiqilgan. Ular orasida eng ommalashib borayotgani maxsus mobil ilovalar tizimi hisoblanadi. Unga ulangan ijtimoiy himoyaga muhtoj toifa vakillari mutaxassislar bilan onlayn muloqot qilish imkoniga ega boʻladi. 

Bugungi kunda dunyoga mashhur boʻlgan reabilitatsiya markazlarining onlayn jalb qilish dasturi va Internet portallari keng ommalashayotgani kuzatilmoqda. Jumladan, “RRG orfeostory” – Singapur, “Diniy reabilitatsiya guruhi”ning onlayn platformasi, AQSH Milliy kontrterrorizm markazining “aCTknowledge” mobil applikatsiyasi, “Sakinah (سكينة)” – Saudiya Arabistoni reabilitatsiya platformasi shular jumlasidan sanaladi. 

Elektron maslahat dasturlari internet saytlari orqali olib boriladi, ular gʻayritabiiy mafkura va notoʻgʻri tushunchalarni toʻgʻrilash uchun Internetdan foydalangan holda maslahat beradi va kerakli boʻlgan mutaxassislarga murojaat qilish imkonini beradi.

Radikallashuvni oldini olishga qaratilgan hamda ekstremistik gʻoyalar taʼsiriga tushganlarni reabilitatsiya qilish dasturlarining oddiy 
va universal shakli mavjud emas. Chunki turli xil huquqiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy dasturiy tizimlar bir joyda yaxshi samara bersa, boshqa mintaqalarda bu uslublarning taʼsiri boʻlmasligi mumkin. Shuning uchun dastur mexanizmlarini oʻzgartirish va hududga moslashtirish zarur. Toʻgʻridan-toʻgʻri transformatsiya qilish kerak emas. Reabilitatsion dasturlarni amaliyotga tatbiq etishda milliy madaniyat meʼyorlari va qadriyatlarning inobatga olinishi samarali taʼsir koʻrsatadi.

Xulosa oʻrnida shuni qayd etish kerakki, hech kim reabilitatsiyani oson jarayon ekanligini daʼvo qilmaydi. Bu uzluksiz va davomli mexanizmlar birlashmasidan tashkil topadi. Muvaffaqiyatli reabilitatsiya dasturi uchun unga kerakli boʻlgan shart-sharoitlar talab qilinadi. Shuningdek, mazkur dastur diniy, psixologik, ijtimoiy va oilaviy reabilitatsiya amaliyotini qoʻllagan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, mahalliy va milliy sharoitlar ham hisobga olinadi. Ozodlikka chiqarilganidan soʻng esa, ularni qoʻllab-quvvatlash dasturlari ishga tushadi. 

SHOMIRZAYEV NODIR TOIROVICH,

Din ishlari boʻyicha qoʻmita Axborot-tahlil

va targʻibot ishlarini tashkil etish

boshqarmasi bosh mutaxassisi

 

[1] United Nations Asia and Far East Institute (UNAFEI). Rehabilitation and social reintegration of organized crime members and terrorists. – Tokyo, Japan: Mokuseinomori, 2018 - p. 26-38.

[2] Endjell E., Gunaratna R. Reabilitatsiya terrorista: opыt SSHA v Irake. Boka Raton: SRS Press, 2011 g. - Str. 177-258.

[3] Izoh: “Al-valo val-baro” soʻzi arab tilidan olingan boʻlib, al-valo lugʻatda yaqinlik, muhabbat, al-baro esa, uzoqlashish, yomon koʻrish maʼnolarini anglatadi. “Al-Alim va-l-mutaallim” asarida keltirilishicha, Imom Abu Hanifa bu tushunchalarga quyidagicha taʼrif bergan: “Valoyat” (al-valo) – yaxshi ishga rozi boʻlish, “baroat” (al-baro) esa yomon ishdan nafratlanish deganidir.

[4] Rohan Gunaratna. “Terrorist Rehabilitation: A Global Imperative.” Journal of Policing, Intelligence and Counter-Terrorism 6, no. 1: 2011. – pages 70-71.

[5] Radicalisation Awareness Network. Rehabilitation Manual. Rehabilitation of radicalised and terrorist offenders for first‑line practitioners. – German: RAN, 2019. – 104 R.

[6] United Nations Asia and Far East Institute (UNAFEI). Rehabilitation and social reintegration of organized crime members and terrorists. – Tokyo, Japan: Mokuseinomori, 2018 - p. 26-38.

[7] National Security Research Division (RAND). Deradicalizing Islamist Extremists. – Santa Monica: RAND Corporation, 2010. – 244 p. 

[8] Globalnыy kontrterroristicheskiy forum. Rimskiy memorandum o nadlejaщey praktike reabilitatsii i reintegratsii lis, sovershivshix nasilstvennыe prestupleniya ekstremistskogo xaraktera (2012 god).

[9] United Nations Office on Drugs and Crime (UNODC). Handbook on the Management of Violent Extremist Prisoners and the Prevention of Radicalization to Violence in Prisons. - Vienna, Austria: Vienna International Centre, 2017 – 168 r.

[10] Hussin, Sabariah Mohamed. Strategic counterterrorism, terrorist rehabilitation and community engagement: the Singapore experience. – Brasil: Annual report and resource material series; №.104. 2018, pages 27-35.

[11] M.Hettiarachchi. Sri Lankaʻs Rehabilitation Program: The Humanitarian Mission Two. - Sri Lanka: Media Tec Advertising, 2014 – r 52.

[12] United Nations Office on Drugs and Crime. Complex Terrorist Cases for South and South-East Asia: Investigation, prosecution, adjudication, rehabilitation and reintegration. – Vienna: UNODC, 2021. – 140 P.

[13] Rohan Gunaratna, Mohamed Bin Ali. Terrorist rehabilitation: a new frontier in counter-terrorism. – London: Imperial College Press, 2015. – 248 p.

[14] Endjell E., i Gunaratna R. Reabilitatsiya terrorista: opыt SSHA v Irake. Boka Raton: SRS Press, 2011 g. -Str. 177-258.

[15] Gunaratna R. and Angell A. Terrorist rehabilitation: The U.S. Experience in Iraq. – London, New York: “CRC Press”, 2012. – 403 P.

Izoh qoldirish