IYODIY ALLOMALAR ILMIY MEROSI
Samarqandda va Movarounnahrning boshqa ilmiy markazlarida ham – kalom ilmi bilan bogʻliq harakatlar dars halqalari, shogirdlar va ustozlar orasidagi mustahkam ilmiy rishtalar orqali uzoq yillar davomida uzluksiz bardavom boʻlib kelgan. Yaʼni bu harakat Abu Bakr Ahmad ibn Isʼhoq Juzjoniy va uning shogirdlari Abu Nasr Iyodiy, Muhammad ibn Yamon Samarqandiy (vaf. 268/881) va hokazolar kabi buyuk ulamolarning mehnatlari sabab kuchli ilmiy maktabga aylangan. Movarounnahrda hanafiya aqidasining tarqalishida oʻziga xos oʻrin tutgan olim – Abu Nasr Iyodiy iyodiylar oilasining eng katta vakili hisoblangan. Manbalarda Abu Nasr Iyodiy haqida turli maʼlumotlar kelgan. Baʼzi tadqiqotchilar uni oʻsha davrdagi “Dorul Juzjoniya” maktabi vakili sifatida hisoblaganlar. Turk tadqiqotchilari esa, Abu Nasr Iyodiyni “Dorul Iyodiya” vakili ekanini taʼkidlaganlar. Bizning fikrimizcha, Abu Nasrning “Dorul Iyodiya” aqidaviy maktabining vakili sifatida bilish biroz mulohazali holatdir.
Maʼlumki, Abu Hanifaning fiqhiy qarashlari, asosan, uning shogirdi boʻlgan Muhammad ibn Hasan Shayboniy tarbiyalagan shogirdlar tomonidan Xuroson va Movarounnahrga olib kelingan. Bunda ikki yoʻnalishni koʻrsatish mumkin. Birinchisi, Shayboniyning shogirdi boʻlgan Abu Hafs Kabir Buxoriy tomonidan Buxoro shahrida ilmiy markaz tashkil etilib, shu еrda hanafiy fiqhi taʼlim berilgan va shogirdlar tayyorlangan. Keyinchalik bu Buxoro fiqh maktabi sifatida tan olina boshlagan. Ikkinchisi, Shayboniyning shogirdi Abu Sulaymon Juzjoniy Xurosonga kelib, hanafiy mazhabini tarqatadi. Uning qoʻlida tarbiyalangan Abu Bakr Juzjoniy keyinchalik Samarqandga kelib, Dorul Juzjoniyada ushbu mazhab taʼlimotlaridan dars bera boshlaydi. Keyinchalik bu Samarqand fiqh maktabi sifatida eʼtirof etila boshlaydi.
Abu Nasr Iyodiyning katta oʻgʻli Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyodiy ham fiqh ilmida oʻziga xos mavqeda boʻlgan. Manbalarda Ustrushana olimlarining Abu Ahmad Iyodiyni Samarqandning eng koʻzga koʻringan faqihi deb bilishganligi koʻrsatilgan[1]. Bundan tashqari manbalarda har doim Abu Ahmad Iyodiy “Faqih” laqabi bilan zikr etib kelingan.
Abu Nasr Iyodiy Abu Mansur Moturidiyning asosiy ustozlaridan hisoblangan[2]. Abu Nasr Iyodiyning toʻliq ismi Ahmad ibn Abbos ibn Husayn ibn Jabala ibn Gʻolib ibn Jobir ibn Navfal ibn Iyod ibn Yahyo ibn Qays ibn Saʼd ibn Uboda Ansoriy (Saʼd ibn Uboda Ansoriy sahobalardan, Madinadagi hazraj qabilasining peshvosi sanalgan)[3] Faqih Samarqandiy. Abu Nasr Iyodiy fiqh ilmini Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq Juzjoniydan oʻrgangan. Abu Nasrning ikki oʻgʻli – Abu Bakr Iyodiy bilan Abu Ahmad Iyodiy fiqh ilmini otasidan oʻrgangan. Abu Nasr Iyodiy “Dorul Juzjoniya” da Abu Bakr Juzjoniy bilan birga bosh mudarris boʻlib faoliyat olib borgan.
Abu Nasr Iyodiy (vaf. 889) Abu Bakr Juzjoniy vafotidan keyin “Dorul juzjoniya” ning eng kuchli vakili sifatida eʼtirof etilgan. Juda zehnli va sabrli boʻlganidan yigirma yoshidanoq taʼlim ishlarida ulamolar rahbari lavozimida faoliyat olib borgan. Usul va furuʼ ilmida “oʻz davrining imomi” deb eʼtirof etilgan[4]. Samarqandda bir qancha fikriy muxolifat vakillari bilan bahs-munozaralar olib borgan va hanafiya aqidasini muvaffaqiyatli himoya qila olgan[5].
“Dorul Iyodiya” aqida maktabi Abu Nasr Iyodiyning oʻgʻli Abu Ahmad Iyodiy asos solgani sabab aksariyat tadqiqotchilar u X asrda tashkil topgan degan taxminga kelganlar[6], biroq manbalarda Maktabining qanday tashkil topgani jarayonlari haqida maʼlumotlar uchramaydi. Abu Mansur Moturidiy yashagan davrda hanafiylar orasida paydo boʻlgan iyodiya tarafdorlari mutashobih oyatlarni taʼvil qilishga hamda aqlning asosiy hujjat boʻlishiga keskin qarshi chiqqanlar[7].
Abu Nasr Iyodiyning Abu Ahmaddan tashqari yana Abu Bakr Iyodiy nomli oʻgʻli boʻlgan. U ham iyodiylar sulolasining vakili hisoblanib Abu Ahmad Iyodiyning ukasidir[8]. Uning mashhur “Al-Masail al-ashar” (“Oʻnta masala”) nomli asari boʻlgan[9]. Adib davlat tomonidan rasmiy lavozimlarga koʻtarilgan va Moturidiydan soʻng[10], Abu Salama Samarqandiydan avval 971-yil vafot etgan[11].
Ibn Zakariyoning “Sharh jumal usul din” asarida bir rivoyatda keltirilishicha, faqih Abdusamad ibn Ahmad Arbinjoniy Abu Mansur Moturidiy vafot etganda Abu Bakr Iyodiy quyidagi soʻzlarni aytganini keltiradi: “Diniy ilm va hukmlarni oʻrgatishda bu ummatning olimlari, oʻtgan paygʻambarlar kabidir. Oʻtmishda bir paygʻambarning davri tugab, еchilishi kerak boʻlgan masalalar paydo boʻlsa va u masalalarni ochib beruvchi biron olim qolmasa, yangi bir paygʻambar yuborilganidek, bu ummatning ichida ham har asrda vafot etgan faqihlarning oʻrniga yo yangi olimlar keladi, yoki qiyomat boshlanadi. Chunki Alloh oʻz bandalarini yoʻl koʻrsatuvchilardan mahrum qilmaydi”[12].
Boshqa bir olim Muhammad ibn Ibrohim Hosiriyning “Haviy fil fatavo” asarida keltirilgan rivoyatga koʻra, Abu Bakr Iyodiydan bir kishi oʻzining ahli sunna val jamoa mazhabida ekanini qanday anglashi mumkinligi haqida soʻraganida Abu Bakr unga shunday javob bergan: “Kimning ilmi ahli sunna val jamoaning ilmi, Allohning kitobi, Rasulining sunnati va salaf faqihlarning aytgan soʻzlariga muvofiq kelsa, u kishi ahli sunna val jamoa mazhabida boʻladi”[13].
Yuqorida keltirilgan rivoyatlar Abu Bakr Iyodiyning Samarqand hanafiylari orasida yaxshi obroʻga ega boʻlganidan darak beradi. Shuning uchun ham Ibn Zakariyo Abu Bakr Iyodiyni “ahli sunna val jamoaning bayroqdori”[14] deb eʼtirof etgan. Shuningdek, uning Moturidiy taʼziyasida aytgan soʻzlari Samarqand maktabi ichida Abu Bakr Iyodiy va Abu Mansur Moturidiyning alohida mavqelari boʻlganidan dalolat beradi.
Abu Bakr Iyodiy oʻzining ayrim aqidaviy qarashlarini oʻz ichiga olgan “al-masailul asharul iyodiya” asarini vafotiga yaqin yozib tugatgan va mahalliy aholining muʼtaziliylar aqidalaridan uzoq boʻlishlari uchun uni xalq orasida eʼlon qildirgan[15].
Abu Bakr Iyodiy ushbu kitobida quyidagi oʻnta aqidaviy masalani yoritib bergan[16].
- Bandalarning feʼllarini yaratuvchi, shubhasiz, Allohdir. Ularning feʼllari Allohning qazosi va mashiati (xohishi) orqali paydo boʻladi.
- Alloh azaliy Xoliqdir (yaratuvchi). Uning ilmi va sifatlari azaliydir. Bu sifatlar na Allohning oʻzi va boshqasidir.
- Idrok va ihota qilmasdan Allohni oxiratda koʻrib boʻlmaydi. Ammo Alloh (ruiyat) koʻrishni istagan bandasiga istagan shaklda oʻz jamolini lutf qiladi.
- Qurʼon Allohning kalomi boʻlib, u maxluq (yaratilgan) ham emas va muhdas (keyin paydo boʻlgan) ham emas.
- Katta gunoh sodir etgan moʻminlarning holati Allohning mashiatidir (xohishidadir). Alloh istasa, oʻz lutfi bilan ularni kechiradi, xohlasa, adolati bilan ularni oʻz gunohlariga yarasha jazoga tortadi. Oʻz jazosini olgan har qanday moʻmin oxir-oqibat jannatga kiradi.
- Bandalar uchun foydali (aslah) yoki foydasiz boʻlishidan qatʼi nazar, Alloh istagan ishni istagan shaklda qilishga qodirdir. Alloh oʻz ishiga javobgar emas, bandalar esa javobgardir.
- Muhammadning (s.a.v.) katta gunoh qilgan moʻminlarni oʻz shafoatlariga olishlari haqdir.
- Qabr azobi haqdir.
- Alloh, albatta, oʻz bandalarining duolarini qabul qiladi va bandaning duosida hikmat va foyda bordir.
- Har qanday qadar (taqdir), xoh u xayrli boʻlsin, xoh yomon boʻlsin, Allohdandir (yaʼni insonlarning yaxshi yoki yomon boʻlgan barcha feʼllarini taqdir qilgan Allohdir. Moturidiya aqidasiga koʻra, banda feʼlining xoliqi (yaratuvchi) Allohdir, foili (bajaruvchisi) esa bandadir.
Hosiriyning taʼkidlashicha, ushbu oʻnta masala oʻsha davrda Samarqand hanafiylarning asosiy eʼtiqodiy qoidalari sifatida eʼtirof etilgan va ularga ishonmaganlarni “sohib sharr val bidʼat” (“bidʼat va gunoh egalari”) deb hisoblaganlar. Lekin Abu Bakr Iyodiy davrida uning ushbu asari ahli sunna val jamoa ulamolari orasida asosiy manba sifatida ahamiyatini saqlab qola olmagan. Chunki uning zamondoshi Abu Mansur Moturidiy yuqoridagi oʻnta masalalarni kengroq tarzda va boshqa eʼtiqodiy masalalarni ham yoritgan holda oʻzining “Kitob tavhid” asarini yozib qoldirgan edi. Shu tariqa Abu Mansur Moturidiy siymosi va uning asarlari IX-X asrlarda turli oqimlarga qarshi kurashda asosiy omil boʻlib xizmat qilgan. Lekin Moturidiy hayotlik davrida uning taʼlimoti alohida maktab sifatida eʼtirof etilmagan boʻlsa-da, aqidaviy qarashlari hanafiya taʼlimotining bir qismi sifatida tan olinar edi.
Xulosa qilib aytganda, Juzjoniya maktabi Abu Hanifaning fikrlarini va metodini aynan qabul qilgan va uni davom ettirgan hanafiylardan tashkil topgan. Ushbu maktabning eng muhim vakili esa, shubhasiz, Abu Mansur Moturidiydir.
N.A.MAMATAXUNOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
mustaqil tadqiqotchisi
[1] Xasiri, Xavi-2, – L. 61a
[2] Kutlu Sönmes. Turklerin Islamlaşma Suresinde Murçiye ve tesirleri. – Ankara: 2000. – S. 269 (Bundan keyin: Kutlu S. Turklerin Islamlaşma Suresinde Murçiye ve tesirleri.).
[3] Nasafi, Abul Muin Maimun ibn Muhammad. Tabsirat al-adilla fi usul ad-din. II jildli. K. Saloma nashrga tayyorlagan. – Damashq: 1990-1993. – J. I. – B. 356 (Bundan keyin: Tabsira).
[4] Okilov S. Abu Mansur. – B. 42; Ibn Zakariyo. Sharh jumal usul ad-din li Abi Salama as-Samarqandiy. Qoʻlyozma. Turkiya. Sulaymoniya kutubxonasi. Shehid Ali Pasha boʻlimi. Inv. 1648/3. – B. 160b (Bundan keyin: Sharh Jumal).
[5] Tabsira. – J. I. – B. 356-357.
[6] Oqilov S. Abu Mansur. – B. 44; Harbiy. Moturidiya. – B. 108.
[7] Ahmet Ak. Mâturîdî. – S. 108.
[8] Sharh Jumal. – B. 160b-161b.
[9] Hosiriy Muhammad ibn Ibrohim. Al-Haviy fil fatavo. Turkiya. Sulaymoniya kutubxonasi. Hakim oʻgʻli Ali Posha boʻlimi. Inv. 402. – B. 251a-251b (Bundan keyin. Hosiriy. Haviy).
[10] Sharh Jumal. – B. 18b- 19a.
[11]Hosiriy. Haviy. – B. 251b.
[12] Shu joyda: – B. 18b- 19a.
[13] Hosiriy. Haviy. – B. 251b-252a.
[14] Sharh Jumal. – B. 160b.
[15] Tabsira. – J. I. – B. 357.
[16] Hosiriy. Haviy. – B. 251a-251b.
Izoh qoldirish