24.01.2025

"SENDAN BOSHQADA YASHAMASDIM, VATAN"

Inson zotiga berilgan eng buyuk ne'matlardan biri bu uning ona vatan bag'rida umrguzaronlik qilishi, vatan bag'rida kamol topishidir. Zero, vatan kindik ajdodlarimiz mangu qo'nim topgan maskan, avlodlarimiz kamolotga yetadigan diyordir. Vatan ona kabi yakka-yu yagonadir.

Inson dunyoga kelar ekan, unga vatan ham ato etiladi. Shu nuqtayi nazardan aytish mumkinki, dunyoda vatan mudofaasidan, uning har bir qarich tuprog'ini asrab- avaylashdan ko'ra buyukroq burch bo'lmasa kerak.

Payg'ambarimizning hayot yo'llariga nazar tashlaydigan bo'lsak, vatanga bo'lgan muhabbatning oliy namunasini, muqaddas dinimizda vatanga bo'lgan sevgi naqadar yuksak darajada ta'rif etilishini ko'ramiz. Jumladan, Rasululloh (s.a.v.)ning qavmi Makkadan chiqib ketayotganida Makka bilan xayrlashib, unga qarata shunday xitob qilganlar: "Qanday ham yaxshi shaharsan, qanday ham menga suyuklisan! Agar qavmim meni sendan chiqarib yubormaganida sendan boshqada yashamasdim" (Termiziy rivoyati).

Muqaddas zaminimizda azal-azaldan vatanni asrab- avaylash, uni ham ma'naviy, ham harbiy jihatdan mudofaa etish borasida olim va mutafakkirlar, harbiy sarkardalar namuna ko'rsatganlar. Jumladan, yurtimizdan yetishib chiqqan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ibn Sino, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy kabi allomalar o'zlarining bebaho asarlari orqali mamlakat qudratining yuksalishiga, ma'naviy hayot taraqqiyotiga xizmat qilgan bo'lsalar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk sarkardalar esa vatanning harbiy qudratini oshirishga, uni mudofaa qilishga tayyor turganlar. Kubraviya tariqatining asoschisi Shayx Najmiddin Kubro vatan mudofaasi yo'lida namuna ko'rsatgan ulug' ajdodlarimizdan biri sifatida nafaqat o'z ilmlari orqali, balki dushmanga qarshi mardonavor jang qilishi bilan tillarda doston bo'lgan ulug' zotdir.

Eng bebaho ne'mat, albatta, tinchlikdir. Darhaqiqat, islom dini, uning nomidan ham ma'lumki, tinchlikni targ'ib qiluvchi, osoyishtalikka da'vat etuvchi din hisoblanadi. Alloh taolo o'z bandalarini o'zaro bahamjihatlikka, do'stlik va hamkorlikka, tinchlikka da'vat etib: "Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, darhol ular o'rtasini isloh etingiz!" degan. Ushbu muborak kalomdan ham tinchlikning naqadar bebaho, insonning ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy va aqlly rivojida benazir ahamiyatga ega ekanligini bilib olishimiz mumkin.

Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, barcha ilmiy yuksalishlar, Sharqda va G'arbda yuz bergan Uyg'onish davrlarining asosida tinchlik omili turganligini ko'rishimiz mumkin. Jumladan, IX-XII asrlardagi birinchi Sharq Renessansi, Amir Temur va Temuriylar davrida ilm- fan sohasidagi taraqqiyotga mamlakatda o'rnatilgan osoyishtalik asos bo'lib xizmat qildi. Bu ne'matning qadrianmasligi, asrab- avaylanmasligi natijasida esa jamiyatlar, qudratli saltanatlar fanazzulga yuz tutgan, ming-minglab insonlarning hayoti barbod bo'lgan. Birginal XX asrda yuz bergan ikkita jahon urushi oqibatida insoniyat o'z tarixida mutlaqo ko'rmagan azob-uqubatlarga, vayronagarchiliklarga duchor bo'ldi. Qur'oni Karimda tinchlik- osoyishtalikning qadriga yetish, unga shukronalik keltirish borasida shunday marhamat qilinadi: "Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in'om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o'girib, o'z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag'allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo'lur", Bugungi globallashuv davrida, mafkuraviy xurujlar butun dunyo uchun xavfli bo'lib bormoqda, turli vayronkor kuchlar yoshlar ongini nomaqbul g'oyalar bilan zararlashga harakat qilmoqda. Shu nuqtayi nazardan muqaddas Islom dinidagi tinchlikka, yaxshilikka da'vat etuvchi tushunchalarni noto'g'ri talqin qilayotgan, ushbu tushunchalardan o'zlarining g'arazli maqsadlarini amalga oshirish yo'lida foydalanuvchi kuchlarning xatti-harakatlari, dinni obro sizlantirishga qaratilgan g'oyalariga qarshi immunitetni shakllantirish masalasi muhimdir. Bu jarayonda tinchlikni asrab- avaylash, uning mohiyatini butun jamiyat ongiga singdirish yanada dolzarb ahamiyatga egadir. Shu bois, vatan himoyasi o'zini shu yurtning farzandi deb bilgan har bir insonning muqaddas burchidir.

Sarvar SAIDOV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo'limi boshlig'i

Izoh qoldirish