Imom Termiziy XITM direktori Oksford islom tadqiqotlari markaziga ilmiy-amaliy tadqiqot o'tkazish uchun jo'nab ketdi
Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy merosini keng va chuqur o’rganish, ularni bugungi davr talabidan kelib chiqib, ommaga tadbiq etish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Bu borada nafaqat mamlakatimizda, qolaversa Yevropa davlatlarida ham alohida e’tiborga molik ilmiy loyihalar amalga oshirib kelinadi.
Jumladan, Angliyaning Oksford islom tadqiqotlari markazi har yili Imom Buxoriy va Imom Termiziy ilmiy merosi bo’yicha ilmiy-tadqiqot olib borayotgan Osiyo va Afrika mamlakatlari fuqarolari uchun maxsus Grant loyihasini e’lon qiladi. Mazkur loyihadan kelib chiqqan holda Markaz ko'p yillar davomida turli davlatlardan kelgan islomshunoslar uchun har o‘quv yili davomida ma’ruzalar, seminarlar, amaliy mashg‘ulotlar va konferensiyalar, ko‘rgazmalar va boshqa akademik tadbirlarni tashkil etib keladi.
Mazkur xalqaro grant sohibi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, hadisshunoslik ixtisosligi bo’yicha falsafa doktori Shukurillo Umarov ham bugun Oksford islom tadqiqotlari markaziga malaka oshirish uchun jo’nab ketdi.
Aytish mumkin, ushbu ilmiy-amaliy safar davomida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oksford islom tadqiqotlari markazi o’rtasida keng ko’lamdagi xalqaro aloqalar va ilmiy-amaliy hamkorlikni yo’lga qo’yish, simpoziumlar va xalqaro konferensiyalarni tashkil etish masalalari ham ko’zda tutilgan.
Imom Termiziy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati
Izoh qoldirish