15.02.2022

Akademiyada muhim tayinlovlar amalga oshirildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya rahbariyati va jamoasi, diniy-ma’rifiy soha vakillari, ilmiy-tadqiqot markazlari va ta’lim muassasalari rahbar hamda xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov olib bordi.

Kun tartibidan o‘rin olgan masalalar yuzasidan Muzaffar Komilov so‘z yuritar ekan, mas’uliyatli lavozimlarga munosib nomzodlarni tayinlash haqida tegishli buyruq qabul qilinganini bildirdi.

Shunga ko‘ra, bugungi kunga qadar “Islomshunoslik” fakulteti dekani lavozimida faoliyat yuritgan Zokirjon Ro‘ziyev Akademiyaning O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori etib tayinlandi. Zokirjon Ro‘ziyev ayni paytda Akademik litsey direktori vazifasini ham bajaradi. 

Bundan tashqari, Zokirjon Ro‘ziyevning boshqa lavozimga o‘tish munosabati bilan “Islomshunoslik” fakulteti dekani lavozimiga Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining “Zamonaviy islom tadqiqotlari bo‘limi” boshlig‘i Jahongir Tohirov tayinlandi.

Shu bilan birga yig‘ilishda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori lavozimiga shu paytgacha Markaz direktorining ilmiy-tadqiqot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Jamoliddin Karimov tayinlandi. 

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Akademik litseyning ijrochi direktori etib “Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar” fakulteti “Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Feruz Rashidov tayinlandi. 

Tadbirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi “Tarjimalar bo‘limi” boshlig‘i Abdulxodiy Yusupov mazkur tayinlovlar haqida o‘zlarining ijobiy fikr-mulohazalarini bildirib, yangi va yosh rahbarlarning kelgusi ish faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish