“Sunani Termiziy” asarining ko‘p jildli sharhi va “Buyuk termiziylar” risolalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Bugun Imom Termiziy Xalqaro ilmiy tadqiqot markazi hamda Islom tarixi, sanʼati va madaniyati tadqiqot markazi (IRCICA) hamkorligida “Buyuk Termiziy allomalar” rukni ostida chop etilgan o‘n jildlik risolalar hamda Hanafiy mazhabi va Moturidiy ta’limotiga asoslangan O‘zbek tilidagi “Sunan Termiziy sharhi” asarining dastlabki uch jildining akademik tarjimasi va sharhlari taqdimoti onlayn va offlayn tarzda bo'lib o’tdi.
Anjumanda O’zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufidagi tashkilot va muassasalar, xalqaro turdosh tashkilot mas’ullari va ilmiy xodimlari, jumladan Turkiyaning Anqara Sosyal bilim yurti, Fotih Sulton Mehmed universiteti, Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Sakarya universiteti ilmiy xodimlari, Respublikamizdagi diniy ta’lim muassasa va xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari rahbar va ilmiy xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, hadisshunoslik ixtisosligi bo'yicha falsafa doktori (PhD) Shukurillo Umarov kirish so'zi bilan boshlab, mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar, xalqaro doiradagi ilmiy aloqalar haqida so'z yuritar ekan, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi tomonidan ham amalga oshirilayotgan salmoqli ishlar haqida atroflicha ma'lumot berib o'tdi.
Jumladan, bugun taqdimoti o'tkazilayotgan Imom Termiziy qalamiga mansub “Sunani Termiziy” asarining ko‘p jildli sharhi va “Buyuk termiziy allomalar” risolalarining xalqchil tarjima qilinib, nashr etilishi ham markaz ilmiy xodimlarining mashaqqatli mehnati samarasi ekanligi, bu esa, kelgusida amalga oshirilishi kerak bo'lgan ilmiy-tadqiqotlarning debochasi ekanligi alohida qayd etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov o'z nutqida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan tarjima va nashr qilingan “Sunani Termiziy sharhi” va “Buyuk termiziylar” rukni ostida chop etilgan risolalarning keng ommaga taqdim etilishini Islom ilm-ma'rifati yo'lida qilingan ezgu ishlar sifatida yuksak baholadi. Shuningdek, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish IRCICA tashkiloti “Ilmiy tadqiqotlar va nashrlar” bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor, Ashirbek Mo‘minov, Turkiyaning Sakarya universiteti, falsafa fakulteti professori Ender Buyukkuzkara, Anqara Yildirim Boyazid universiteti tadqiqotchisi Ali Askarhon Qosimov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori, doktor, Shovosil Ziyodov va boshqa shu kabi qator xorijiy hamda mahalliy turdosh tashkilot rahbarlari, ilmiy xodim va izlanuvchilari ham o'z ma'ruzalarida bu borada atroflicha fikr-mulohazalarini bildirib o'tishdi.
Ma'lumot o'rnida aytish mumkinki, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tarix fanlari nomzodi, dotsent, Mas’udxon Ismoilov, katta ilmiy xodim, tarix fanlari nomzodi Hamidulloh Aminov, ilmiy xodimlar Hikmatulloh Abiyev va Botirjon Abdullayevlar Imom Termiziyning “Jome’ as-Sunan” nomli to‘plamining o‘n jildlik ilmiy-izohli tarjima va sharhining dastlabki 3 jildini tarjima qilishib, “Sunani Termiziy sharhi” nomi bilan nashr etishdi.
Shuningdek, tarix fanlari doktori (PhD), J.Cho'tmatov, ilmiy xodimlar U.Uljayev, O.Jo‘rayev; K.Jamahmatov, S.Boboxo‘jayev va boshqalar “Buyuk Termiziy allomalar” rukni ostida o‘n jildlik risolalarni xalqchil va ravon tilda tuzib, keng kitobxonlarga taqdim etishdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir, aytish mumkinki, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini o'rganish va tadbiq etish, ularni kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazish yo'lidagi muhim qadamlardan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etish lozim, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan tarjima va nashr etilgan kitob va risolalarning kelgusida Respublika miqyosida keng ko'lamdagi taqdimoti o'tkazilishi belgilangan.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati
Izoh qoldirish