Xalqaro ilmiy- tadqiqot markazlari talabalarga o‘z nashrlarini taqdim etishdi
Imom Termiziy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamkorligida ushbu institut talabalari uchun markazlar tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda markazlar ilmiy xodimlari, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.
Taqdimotda talabalarga Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 32 nomdagi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining jami 15 nomdagi ilmiy-ma’rifiy adabiyot namunalari namoyish etildi.
Tadbirning ochilishida institut kafedra mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Obid Tangirov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Farrux Saydullayev va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Tohir Evadullayevlar so‘z olishib, yurtimizda diniy-ma’rifiy soha uchun yaratilgan imkoniyatlar pirovardida, ajdodlarimizning noyob merosini tadqiq etish va chop etishga bo'lgan ehtiyoj kun sayin ortib borayotganligini ta’kidladilar.
Tadbir davomida so'z olganlar, allomalarimiz hayoti va ilmiy merosini o'rganishdagi yutuqlar haqida fikr bildirishar ekan, Imom Termiziyning shoh asari “Sunan at-Termiziy” asari shu paytgacha to‘liq ravishda o‘zbek tiliga tarjima qilinmaganligi, Imom Termiziy XITM ilmiy xodimlari ushbu asarning o‘n jildlik ilmiy-izohli tarjima va sharhining dastlabki 3 jildini mukammal ravishda ilk bor o'zbek tiliga tarjima qilishganini e'tirof etishdi
Taqdimot yakunida markazlar tomonidan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti kutubxona fondi uchun bir necha adabiyotlar to‘plami hadya qilindi. Institut rahbariyati tomonidan esa markazlarga taqdimot hamda taqdim qilingan kitoblar uchun tashakkurnomalar topshirildi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati
Izoh qoldirish