27.05.2022

“MOTURIDIYLIK TA’LIMOTI VA HOZIRGI ZAMON” mavzusidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium

So‘nggi yillarda Yangi O’zbekistonda yurtimizdan yetishib chiqib, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda keng jamoatchilikka targ‘ib qilish, ularning nomlarini xalq orasida ommalashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda faoliyat olib borayotgan O’zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi muassasalar ushbu vazifani amalga oshirishda muhim o‘rin tutib kelmoqda.

Xususan, buyuk mutafakkir ajdodimiz, mutakallim olim Imom Abu Mansur Moturidiy hamda u asos solgan ta’limotni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadida 2022 yil 26 may kuni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzuidagi II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.

O’zbekiston qadimdan jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga o‘z asarlari, yaratgan umrboqiy ta’limotlari, insoniyat taraqqiyoti uchun xizmat qiluvchi ezgu g‘oyalari hamda kashfiyotlari bilan bebaho hissa qo‘shgan allomalar zamini bo‘lib kelgan. Jumladan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Mahmud Zamaxshariy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Abul Barakot Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Abu Mansur Moturidiy kabi allomalar bugungi kunda jahon ilmiy jamoatchiligining katta qiziqishi va e’tiboriga sazovor bo‘lmoqda.

Ushbu allomalar qatorida kalom va aqida ilmining buyuk namoyandasi, hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining qariyb yarmi e’tiqod qiladigan moturidiylik ta’limoti asoschisi hisoblangan mutakallim olim Abu Mansur Moturidiyning nomi alohida ahamiyatga ega. U yaratgan e’tiqodiy tizim islom diniga yot bo‘lgan turli oqimlar g‘oyalariga naqliy va aqliy dalillar asosida raddiyalar berish orqali musulmonlarning e’tiqodiy birligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan o‘ta muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda allomaning ilmiy merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib qilish dolzarb vazifalardan biri sanaladi. 

Mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Saljuq universiteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi, al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi kabi xorijiy ilmiy muassasalar, O’zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O’zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium o‘tkazildi.     

Xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpoziumda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay’ati a’zolari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O’zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etdilar. 

Shuningdek, simpoziumning "Globallashuv jarayonida mo'tadil islom ta'limotining ahamiyati. Zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari" deb nomlangan 3-sho'basida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Karomiddin Jamahmatov va Farrux Saydullayevlar "Sayyid Muhammad Buxoriy Imom Moturidiyning izdoshi sifatida" hamda "Imom Moturidiy yashagan geografik hudud va siyosiy muhit" mavzusidagi ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Shuningdek, simpoziumda Misr Arab Respublikasi,  Iordaniya,  Turkiya,  Germaniya,  Rossiya,  Malayziya,  Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar ham ishtirok etdilar.

Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati: moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, simpoziumda olimlar moturidiylik ta’limotining o‘ziga xos xususiyatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon qildilar. Xususan, bugungi kundagi dolzarb aqidaviy masalalarga yechim topishda moturidiylik ta’limotining o‘rni va ahamiyati, ushbu ta’limotning mo‘tadilligi ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi. Mazkur simpozium ishi doirasida Imom Moturidiy va moturidiy allomalarining ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Simpoziumda qatnashgan xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan ishtirokchilarning ma’ruzalari hamda boshqa ilmiy natijalar alohida to‘plam shaklida nashr etilishi ma’qullandi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi moturidiylik ta’limotini jahonga tanitish hamda islom olamida mo‘tadil ta’limotni xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Manba. 

Izoh qoldirish