TERMIZIY OLIMLARNING JAHON SIVILIZATSIYASI RIVOJIGA QO‘SHGAN HISSASI
2022 yil 5 iyul kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiya markazi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va tashkilotlar hamkorligida "TERMIZIY OLIMLARNING JAHON SIVILIZATSIYASI RIVOJIGA QO‘SHGAN HISSASI" mavzusidagi xalqaro anjuman bo'lib o'tdi.
Anjumanda Turkiya, AQSH, Hindiston, Pokiston, Rossiya, Iroq, Misr, Afg‘oniston, kabi davlatlardan olimlar hamda O‘zbekistondan 30 ga yaqin taniqli ulamolar, yetuk olimlar, nufuzli universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov anjumanni o'z nutqi bilan ochib berar ekan, avvalo bundan ko'zlangan maqsad – Dunyo islom mamlakatlarida azaldan o‘rganib kelinayotgan Imom Termiziy va boshqa termiziylar ilmiy meroslarining mazmun-mohiyatini batafsil ochib berish, ushbu merosning o‘ziga xos xususiyatlarini bayon etish, afzalliklari va tarbiyaviy ahamiyatini keng yoritish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish hamda buzg‘unchi qarashlardan saqlash, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ijobiy yangilanishlar va o‘zgarishlarni keng targ‘ib qilish ekanligini ta'kidladi.
Ma'lumot o'rnida aytish mumkin, Konferensiya "Termiziy olimlarning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi", "Termiz shahri tarixi va termiziy allomalarining tasavvuf ilmi taraqqiyotidagi tutgan o‘rni", "Fanlar tarixi, madaniy-me’moriy meros, xalq amaliy san’ati va hunarmandchilik, madaniyatlararo aloqalar" kabi shoʻbalarga bo‘lingan holda tashkil etildi.
Anjuman ishida Termizning islom sivilizasiyada tutgan o‘rni, Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziylar allomalar meroslarining o‘ziga xos-xususiyatlari, afzalliklari va moʻtadilligi, ushbu merosning millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlashdagi roli hamda mazhabsizlik va adashgan toifalarga qarshi kurashdagi ahamiyati, hozirgi kunda, xususan, Markaziy Osiyo xalqlarining deyarli barchasi uzoq yillardan beri ushbu hadislarga amal qilib kelishi kabi afzal jihatlar keng muhokama qilindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarida din va e’tiqod erkinligi, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik, diniy va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, ekstremizm va terrorizmning salbiy oqibatlari, ularning tinchlik va barqarorlikka tahdidi hamda ularga qarshi kurashish asoslari ham soha vakillarining diqqat markazida bo‘ldi.
Tadbir so‘nggida xalqaro anjuman yakuniy bayonoti muhokama etildi hamda ishtirokchilar tomonidan qabul qilindi.
Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziylar allomalar ilmiy meroslarining o‘ziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati mavzusidagi xalqaro anjuman oldiga qo‘ygan maqsadlariga ko‘ra xorijlik mehmonlar va mahalliy ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Konferensiya jarayonidan fotolavhalar:
Izoh qoldirish