HASHAR ELGA YARASHAR
Islom dini insoniyatni har doim poklikka, ozodalikka, atrof-muhitni asrab-avaylashga targ’ib qilib kelgan. Islom dinida har bir ish va ibodat eng avvalo poklik orqali amalga oshirilishi lozimligi ham muqaddas dinimizda tozalikka e’tibor qay darajada yuksak ekanligining nishonasidir. Tabiatdagi har bir narsa, hayvonot va nabotot olami inson hayotida beqiyos ahamiyatga ega bo’lib, ularni asrab-avaylash, muhofaza qilish Yaratgan tomonidan berilgan ne’matlarga shukrona keltirish alomatidir. Hadisi sharifda aytilganidek, Alloh go‘zaldir, go‘zallikni yaxshi ko‘radi va O‘z bandasining ustida (unga bergan) ne’matining asarini ko‘rishni yaxshi ko‘radi, nochorlikni va o‘zini nochor tutib yuruvchilarni yomon ko‘radi.
Islom dinida tozalik, ozodalikka e’tibor shu darajada yuksakki, hatto poklik iymonning yarmiga tenglashtiriladi. Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida “poklik (tahorat) iymonning yarmidir” dedilar (Sahihi Muslim, 223-hadis).
Ushbu hadisi shariflardan ham bilish mumkinki, inson eng avvalo o’zini ruhiy-ma’naviy nuqtai nazardan pokiza tutmog’i lozim. Ammo ma’naviy poklik moddiy poklik bilan chambarchas bog’liqdir. Obid inson eng avvalo o’zini pok tutmog’i, keyin esa atrof-muhit pokizaligiga ahamiyat bermog’i kerak. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, inson o’zi istiqomat qilib turgan atrof-muhit tozaligiga e’tiborli bo’lishi, nabotot olamini parvarishlashi, unga nisbatan g’amxo’r va rahmdil bo’lishi muqaddas dinimiz talablaridandir.
Obod vatanning fayzu tarovati ham obod bo‘ladi. Zotan, poklik, saranjom-sarishtalik yurtimizning yanada chiroy ochishiga zamin yaratadi. Bunda xalqimizning yillar davomida shakllangan ezgu qadriyati – hashar muhim o‘rin tutadi. Har yili mamlakatimizda muqaddas qadamjolar, o’tganlar mangu orom topgan qabristonlar, ko’chalar, umuman butun atrof-muhitni obodonlashtirish, tozalash borasida aynan umumxalq hasharlarining o’rni beqiyosdir. Yurtimizda tashkil etilayotgan umumxalq hasharlari mana shu ozodalikni, pokizalikni ta’minlash, tabiatni asrab-avaylash borasidagi go’zal tadbirlardandir. Xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri hisoblangan hashar natijasida nafaqat atrof-muhit pokiza holatga keltiriladi, shuningdek insonlar o’rtasidagi ezgu fazilatlar mustahkamlanadi, o’zaro munosabatlar, aloqalar rivojlanadi. Xalqimiz hayotida barcha xalqlarga ibrat bo’la oladigan, insonlarni obodlikka, ahillik va do’stlikka undaydigan odatlar sanoqsiz. Mana shunday ibratli odatlardan biri, albatta hashardir. Zero, hashar bashariyat a’zolarini birdamlikka, mehr-oqibatga, hamjihatlikka, pokizalikka undaydigan ezgu odatlardandir.
Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Zamonaviy tadqiqotlar bo’limi ilmiy xodimi
Izoh qoldirish